Har qanday madaniyat va uning tarkibiy qismi boʻlgan til ramzlar olami hisoblanadi. Inson hayoti, olam va odamga munosabati, borliq va insonni baholash mezonlari, intilishlarining maʼno-mazmunini ramzlar belgilab beradi. Soʻz va tildan ijtimoiy ongni boshqarishda foydalanish – dolzarb masala. Bu borada rus olimi Aleksandr Bogdanovning fikrlari diqqatga sazovor. U soʻz va uning zamirida shakllantiriladigan mafkurada ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni boshqarishning asosiy qurolini koʻradi. Olim XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Rossiyada gʻarbchilar va slavyanofillar oʻrtasidagi bahs qizigandan qizigan bir davrda ilk bor tilni omma ongini manipulyativ boshqarishning omili sifatida talqin etadi. U soʻzda yangi voqelikni, yangi tafakkur va harakat tarzini dasturlashtirish vositasini koʻradi. Jamiyatda ijtimoiy birlikka erishish uchun tilning yagona qoidasini joriy etish lozimligini qayta-qayta taʼkidlaydi. Til va u orqali ifoda etilgan gʻoya ham tarixni yaratuvchi, ham real voqelikni shakllantiruvchi kuch sifatida namoyon boʻladi. Shuning uchun yangi tilni yaratish ijtimoiy-siyosiy islohotlarning asosiy vositasi sifatida “mafkuralashgan tafakkur”ni shakllantirishga yordam beradi. Uning talqinida til va mafkura boshqaruv madaniyatining eng muhim jihatini tashkil etadi. Zero, til bir madaniyatni bekor qilish va dunyoni butunlay boshqa asosda qayta tashkil etishning qudratli vositasi hisoblanadi (qarang: Богданов А. Всеобщая организационная наука. Текстология. В 2-х кн. Кн. 1. Москва, 1989.Стр.124–131). Bu fikrning ro‘yobini so‘nggi yillarda “ma’nolar kompleksi intervensiyasi” orqali ayrim mamlakatlar milliy ma’naviy-madaniy asoslarini yemirishga urinishda ham kuzatish qiyin emas.

 

Baʼzi olimlar tilning hokimiyatga erishishdagi oʻrni masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Xususan, fransuz tadqiqotchisi Per Burde tilning siyosiy maqsadlarni amalga oshirish vositasiga aylanishini kuzatib, “legitim” (qonuniy) yoki “toʻgʻri” til hodisasiga eʼtibor beradi. Til siyosiy qurolga aylangan ekan, bu “qurol”ni “ishlab chiqaruvchilar” hamda unga egalik qiluvchilar boʻlishi tabiiy. Shu asosda P.Burde “lingvistik bozor”, “lingvistik kapital” va “lingvistik kapital egalari” tushunchalarini kiritadi. Aynan “lingvistik kapital egalari” til bozorida narx-navoni belgilash qoidalarini joriy etadi. Ular, fransuz sotsiologining fikriga koʻra, oʻzi ishlab chiqqan sanksiyalar tizimi orqali “rasmiy til”ni qonunlashtiradi, yaʼni qaysi soʻzlar qadrli va kerakli, uning maʼno koʻlami qanday ekanini belgilaydi (Bourdieu P. Language and Simbolic Power. Harvard University Press, 1991. P. 51). Olim masalaning yana bir jihatiga eʼtibor qaratadi. “Ramziy kapital egalari” mafkuraviy mahsulot buyurtmachilari sifatida ramziy zoʻravonlikning zoʻravonlik tarzida emas, balki butunlay boshqa, aniq belgilangan maʼnoda talqin etilishini nazorat qilib boradi. Shunga muvofiq, “tayyorlangan mafkuraviy mahsulot uning asl maʼnosini ochishga boʻlgan har qanday urinishni axloqsizlik yoki gʻayriqonuniy harakat sifatida qay darajada koʻrsata olsa, shunchalik samaradorligi oshadi” (oʻsha manba, 153-bet).

 

Shunga yaqin fikrlarni amerikalik tadqiqotchi Hyu Dankanda ham uchratamiz. “XX asrning ulkan ijtimoiy inqilobi ayni kommunikatsiya sohasida, yaʼni hokimiyat egalari uchun timsollar (obraz) yoki atamalarni yaratish va nazorat qilish hamda shu yoʻl bilan oʻz hokimiyatlarini qonunlashtirish imkoniyatini beradigan vositalar doirasida amalga oshirildi. Mafkuralar ramziy shakllardir. Ular aslida muayyan atama boʻlib, bularni kim yaratayotgan va nazorat qilayotgan boʻlsa, oʻsha bizning hayotimizni nazorat qiladi. Har qanday “inqilobchi yoʻriqnomasi”da hokimiyatni egallash yoʻlidagi birinchi qadam – hokimiyatning barcha ramzlari va kommunikatsiya vositalari ustidan nazoratni qoʻlga kiritish ekani haqida gap bor. Biz hokimiyatni kuch bilan olishimiz mumkin, ammo xatti-harakatlarimiz aynan kundalik muloqotda ishlatiladigan timsollar bilan belgilanadi va bularni yaratish hamda ommalashtirishni nazorat qilganlar jamiyatni boshqaradi” (Duncan H. Symbols in Society. Oxford University Press, 1968. P. 33).

 

Bu ikki mutaxassis “ramziy hokimiyat”, “ramziy zoʻravonlik” masalalarini alohida olingan jamiyat va davlat boshqaruvi bilan bogʻliq tarzda tahlil etgan. Ammo hozirgi davrda ularning fikr-xulosalari xalqaro munosabatlarda ham ifoda topayotganini sezish mumkin. Globallashuv sharoitida “global lingvistik bozor” shakllanayotgani ochiq-oydin koʻzga tashlanmoqda. Bu bozorni boshqarayotganlar, yaʼni lingvistik kapital egalari ham ayon. Ayni shular bu bozordagi ob-havo-yu narx-navoni belgilamoqda.

 

Shunga muvofiq, “legitim” (qonunlashgan) atamalarning mazmuni va “ayon haqiqatlar” jamlamasi, avvalo, mazkur guruh manfaatlarini ifodalayotganini anglash qiyin emas. Ochiq-oydin koʻrinib turibdiki, dunyoga yetakchilikni daʼvo qilayotganlar, bir tomondan, bu legitim til doirasiga kirmaydigan tushunchalarni va ular ifodalagan voqea-hodisalarni “notoʻgʻri”, “insonparvarlikka zid”, “dahshatli” deya talqin qilishga intilsa; ikkinchi tomondan, yetakchilik mavqeini saqlab qolishga xizmat qiladigan tegishli soʻz va iboralarni faol muomalaga kiritmoqda. Shu tariqa, masalan, harbiy kampaniyani qonunlashtirish uchun nomaʼqul davlat yoki hudud tizimiga nisbatan “toʻgʻri soʻzlar”ga teskari atamalarni, olaylik, “diktatura”, “inson huquqlarini poymol etuvchi”, “erkin fikrni boʻgʻuvchi” kabilarni qoʻllash kifoya qiladi.

 

Dunyodagi boshqa siyosiy kuchlar ham muayyan ijtimoiy fikrni shakllantirish uchun oʻz legitim tillari lugʻatini faol ishga solmoqda. Ommaviy axborot vositalarida bunday kuchlar, bir tomondan, qonunlashtirilgan tilga, “toʻgʻri soʻz”larga oʻzicha maʼno yuklasa, ikkinchi tomondan, vaziyatga qarab, ularning maʼno koʻlamini oʻzgartiradi.

 

Inson ong-u tafakkurini oʻzgartirish orqali, uni milliy anʼana, urf-odat, loʻnda qilib aytganda, madaniyatidan ajratish gegemon davlat yoki davlatlarning “ochiq jamiyat modellari” haqidagi orzulariga yoʻl ochadi va dunyo ustidan hukmronlik qilishni osonlashtiradi. Tabiiyki, oʻzligini tanigan xalq bunga, qanday boʻlmasin, toʻsiq qoʻyishga, mafkuraviy tazyiqlarga qarshi kurashishga intiladi.

 

Ispan sotsiologi Manuel Kastels soʻzlari bilan aytganda, “Axborotlashgan jamiyatda hokimiyat fundamental pogʻonada madaniy kodlarga kirib boradi... Shu maʼnoda, hokimiyat, u real boʻlganda, nomoddiy boʻladi... Madaniy olishuvlar mohiyatan axborot asridagi hokimiyat uchun kurashdir. Hokimiyat xatti-harakatlar meʼyorlarini belgilash imkoniyatini beradigan axborot tarmoqlari va ular orqali tarqatiladigan ramzlarda yashiringan” (Кастельс М. Информационная эпоха: экономика, общества, культура. Москва, ВШЭ, 2000. Стр. 502–503). Ramzlar esa, avvalambor, soʻzda aks etadi. Soʻzda xalqning ruhiyati mujassam. “Har bir odamning holi soʻzi ortida yashiringandir” deydi kalomda ruhni koʻrgan va unga maʼno yuklab, hushyorlik bilan yondashishga undagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy.

 

Dunyoda hukmronlikka intilayotgan kuchlarning taʼsiridan xoli boʻlishning eng maqbul vositasi – taraqqiyot yoʻlini milliy xususiyatlarga, azaliy shakllangan urf-odat va qadriyatlarga muvofiq tarzda belgilash. Oʻzbekiston ayni shu yoʻlni tanladi, fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishning eng muhim tarkibiy qismi maʼnaviyat va maʼrifat sohasida, shaxsni muntazam kamol toptirish borasida uzluksiz ish olib borishdan iborat, deb belgiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, “Oʻzbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch boʻlib maydonga chiqdi” (Sh. Mirziyoyevning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqidan).

 

Xullas, global hokimiyat global ramzlashtirish orqali amalga oshirilar ekan, davlatchilikni saqlash, jamiyatdagi barqarorlikning asosiy garovi boʻlgan xalqning maʼnaviy quvvatini oshirish – avvalambor, milliy-maʼnaviy ramzlar olamini oʻzida mujassam etgan tilni asrash masalasi bilan chambarchas bogʻliq.

 

Ulugʻbek SAIDOV,

OʻzR Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi

dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Globallashuv: lison va inson” maqolasi