Tishi butun odam
Xalqimiz ota-onasi hayot boʻlgan odamni “Falonchining tishi butun” deydi. Bu gapni men ham bir necha marta ishlatganman. Shukur, tishimiz butun deb. Ammo nima uchun aynan tishning tugalligi, sogʻlom ekani ota-onaga nisbat berilishini bilmasdim.
Yaqinda jag‘ tishimning oʻrtasi teshildi. Yemak chaynadim deguncha toʻgʻri oʻsha tishning teshigini topib boradi. Oʻsha joyga zigʻirday narsa kirib qolsa ham odamni betoqat qiladi. Ovqatni bemalol chaynash haqida-ku gap ham boʻlishi mumkin emas. Bu ham yetmaganday, istalgan narsani olib, mazza qilib chaynay olmay qoldim. Moʻrt boʻlib qolgan jag‘ tishim zirqiraydi. Shundan soʻng kemtik tish qanchalik azob ekanini bildim.
Ne tongki, bu hodisa ayni otamni manguga kuzatishimdan bir muddat avval sodir boʻldi. Avval tishim, keyin otam ketdi. Xudo bergan yaxshi kunlardan birida ishga joʻnadim. Yoʻl-yoʻlakay tishim kemtigiga kirib qolgan ushoqni olish bilan andormon edim. Beixtiyor tish butunligi haqidagi ibora yodimga tushdi. Otasiz oʻtayotgan kunlarim haqida oʻyladim. Tish va ota-ona orasidagi bogʻliqlikni topganday boʻldim. Tishi sogʻlom odam istalgan taomini hech oʻylanmay ogʻziga soladi. Shu yoʻsin rizqini toʻliq hazm qiladi. Yemak – quvvat demak. Tish butunligi shu bois ham kuch-qudratni, shijoatni bildiradi. Qalmoq alplari Boychiborning tuyogʻiga gulmix qoqadi. Buni koʻrgan Barchinoy gulmixni tishi bilan sugʻurib oladi. Shu orqali epos uning gʻanimga nafrati qanchalik kuchli ekanini ham, Boychiborga mehrini ham, bu ikkisini izoh etishdagi kuch-qudratini ham ifodalaydi. El yana aytadi: “Falonchi shuncha dardni tishi bilan tishlab, yelkasi bilan sudrab yuribdi”.
Dard ulkan qopga mahkamlangan. Qopning ogʻzini falonchiboy yelkasi osha tortib, tishi bilan berkitgan. Ana shu iztirob qopini yolgʻiz oʻzi sudrab yuribdi. Negaki, uning tishi mahkam, dardini tashga chiqarmagani bilan ogʻrigʻini soʻzsiz tushunadigan ota-onasi bor. Ularni asrash uchun ham odam oʻsha iztirob qopini ochib turishi kerak. Boʻlmasa, muttasil bosim tishga zaxa yetkazadi. Uni suv olishi mumkin...
Ha, elda “tishi suv olgan” degan ibora ham bor. Agar falonchiboy pistonchiboyga yoqmasa, uni xafa qilsa, soʻng pistonchiboy biron gapi, harakati bilan falonchiboyga qarshi borsa, uning bu qasd olishini izohlab, “tishining suvi bor” deydilar.
Tishi suv olgan odamlar ogʻriq yomonligini aytadi. Bu dardning davosi etni teshib, suvni chiqarib yuborish ekan. Dildagi ranj, alam, hasad ham shunday. Faqat hasadni duxtir emas, vaqt, hayot davolaydi. Buni Boyboʻri bilan Boysari misolida ham bilamiz.
Maslahatchilar Boysari ham oʻlpon toʻlasin dedi. Bu boyga ogʻir botdi. “Shuncha molim, elim boʻlsa ham qadrim yoʻq ekan. Taxt baribir akamga berilgan, gapi suvni kesar ekan!” dedi.
Oʻrtaga shayton oraladi. Boysarining tishi suv oldi. Arazlab yurtni tashlab ketdi. Oʻsha zardob, alam qismatning sinoviga tashladi. Unga Qalmoq yurti egalari molboqarday munosabatda boʻldi. Bu darddan qutulish uchun suv toʻplagan etni yorish kerak edi. Shu bois Barchinoy Alpomishni chaqirdi. Hayot majbur qilgach, Boysari ham Alpomishga mushtoqligini bildi. Suv toʻplagan et yorildi. Gina koʻtarildi. Odamning qoʻli baland keldi. Hasad oʻzini oʻzi yoqib, yoʻq qildi. Boysari “Tutoqlashsang ham tutashib oʻtir” degan naql bekorga aytilmaganini bildi.
Kenglikning teskari oʻlchami
“Tutoqlashsang ham tutashib oʻtir” degani joʻn ibora. Lekin ildizi mustahkam. Tutoqlashish – yoqalashishdir. Bu bilan qarindoshlar urishsa ham tutashib, bir-biriga yaqin yashagani maʼqul deydi el. Boysari shuni bilmadi. Dunyo keng dedi. Oʻzim davlat qilaman, qilolmasam akamga oʻlpon bergandan koʻra begonaga choʻri boʻlaman dedi. Boyboʻri ham shu fikrga sherik boʻldi. Ukasini olib qolmadi. Dunyo keng, qayerda boʻlsa ham boshi omon boʻlsin dedi. Ular oʻsha paytda bunday kenglikning teskari oʻlchami borligini bilmasdi. Shuni oʻylab bir voqea esimga tushdi.
Otamning ikki ukasi – Hakimxon va Avazxon akalarim bir qishloqda yashaydi. Ularga bir-birining uyi shundoq koʻrinib turadi. Hakimxon akamning uyi ikki tepalikning oʻrtasi – soyning adogʻida. Avazxon akam ikki chaqirim naridagi kichik tepalik ustiga uy tiklagan. Oʻrtadagi ikki chaqirimlik masofa ochiq maydon. Hali telefon yoʻq paytlarda ikki tomon bir-birini chaqirish uchun oyna tutardi. Quyosh nurida yaltirayotgan oynani koʻrgan odam unga javoban oyna koʻrsatadi. Chaqiriq olgan tomon yoʻlga tushadi. Akamlar bolalariga aytadi: “Chopib akangning uyiga borib kel, oyna tutayapti, nima derkan?”. Yoki “Bobong chaqirayapti, bilib kel, tinchlikmikan?”.
Oʻshanda biz bir qarich jujuqlarga bu ikki uyning orasi bir qadam edi. Hatto akamlarning oʻzi ham erinmasdan piyoda borib-kelaverardi. Bir kuni Avaz akamning uyidan nargi tomon – Hakimxon akamning hovlisiga koʻz tikar ekanman, oʻyladim: “Dunyo shunchalar tor boʻlganmikan?!”.
Ha, hozir dunyo keng! U shunchalar kengki, shaharning bu boshidan narigi uchiga arzon va mazzali yemak izlab borasan-u, ikki uy orasidagi masofa malol keladi – oyna tutib oʻtirguncha oʻzi kelsa boʻlmaydimi?! Oʻrtada ikki chaqirimlik masofa boʻlsa ham tutoqlashib yashash mumkin, lekin tutashib boʻlmaydi... Saraton kunlari bu qishloqni “olov” zabtiga oladi. Soy va huv oʻsha tepalik orasida shayton ogʻzidan chiqqanday garmsel izgʻiydi. Shukur, garmsel oʻtkinchi... kuz kelib, kun tob tashlaydi. Xirmon koʻtarganlar toʻy boshlaydi. Ikki akam telefon oynasida bir-birini koʻrib gaplashadi: “Falonchiboy toʻy boshlabdi”. “Chaqirgan boʻlsa boramiz, tayyor turing, moshin bilan uyingizga oʻtaman”.
Aka-ukalar toʻyga borib-qaytguncha xirmon, bozor gurungi avj oladi. “Yeryongʻoqni falon soʻmdan soʻrab yuribdi ekan, tortishmasdan berkishmas, savdoni pishitib, berib yubordim, ertaga hashar”.
Tortishish tanish soʻz. “Berkishish” esa mahkam boʻlish, jipslashish degani. Savdoga nisbatan ishlatiladigan bu naql birinchi marta Boyboʻri bilan Boysariga qarata aytilgan boʻlsa ne tong! Axir Boyboʻri oʻlpon toʻlamayman deb yurtdan ketgandi. Bu el-yurtga adolatsizlik ekanini keyin bilgan, qaytgach, oʻz ixtiyori bilan oʻlpon toʻlaganiga shubha qilmayman. Illo, dunyo adolat ustiga qurilgan. Uni adolatsiz demoq xato, nafs izmiga yurishdir. Zero, nafsning qiyofasi koʻp. U qanday koʻrinishda boʻlmasin – balo. Shu bois xalq “Nafsim mening balodur, yongan oʻtga soladur” deydi. Uning bir shakli manmanlik. Shayton adolat qarshisida adolatsizlik deya kibrga berildi va qiyomatgacha hasad oʻtida yonishga mahkum boʻldi.
Dunyo adolati
“Ming qoʻyli boyning eshakliga ishi tushibdi” deydi xalq. Alpomish ming qoʻyli boy edi. U butun boshli mamlakatning egasi boʻlgan. Kamiga jismoniy qudratda ham, aql-zakovatda ham tengsiz edi. Ana shu Alpomishning ishi bitta eshagi bor Kayqubot degan choʻponga tushdi. Choʻpon yoʻqolgan echkisini axtarib, choh boshiga kelib qoldi. Alp uni soʻroqqa tutdi: “Kimsan?”.
Choʻpon oʻzini tanitdi. Murodini aytdi. Alp chohga tushib ketgan echkini hazm qilib boʻlgan edi. Ana shu echkining suyagidan chanqovuz qilib, choʻponga berdi. Choʻpon unga marhamat koʻrsatdi. Chanqovuzni sotib, bozordan non olib keldi. Alp yana bir chanqovuz berib aytdi: “Bozorga borib chanqovuzni chalasan, kim yasaganini hech kimga aytmaysan”.
Bu chanqovuz Alpomishning tili edi. Uning nagʻmasi musofirning nolasi boʻldi, yurakni sel qildi. Shu tariqa Tovkaoyim Alpomishni topib keldi. Ozodlik sari yoʻl topildi. Bunga bir echkining oʻlimi, choʻponning mehribonligi va alpning hunari sabab boʻldi. Xullas, maqoldagi hikmat shu, mingta qoʻyim bor deb kerilma, kun kelib bitta eshagi bor odamning qoʻliga qarab qolishing mumkin.
Endi ana shu maqol, eposdagi holatga bogʻliq yana bir fikr.
Davlat qushi degan gap bor. Kuntugʻmish bor mulkidan – bolalari, xotinidan ayrilib, qalandar boʻlib qoladi. Ana shunda uning boshiga davlat qushi qoʻnadi. Podshoning vafotidan soʻng saroy ahli odatga koʻra qush uchiradi. U kimning boshiga qoʻnsa, oʻsha kishi podsho boʻlishi kerak. Qush uch marta uchiriladi. Ammo u har safar “qalandar”ni tanlaydi. Shu tariqa Kuntugʻmish podsho boʻladi. Yigitning moli yoʻlda. Dunyo ham yoʻl. Qalandar qaytib Kuntugʻmish boʻladi. Yoʻl-yoʻlakay xotini va bolalari topiladi.
Xalqda Kuntugʻmish, Alpomish kabi qalandar ahvoliga tushib qolishning yaxshi izohi bor. Yaʼni “Falonchining davlati koʻtarildi” deydi. Bunday gap odatda oʻlgan odamga nisbatan aytiladi. Kimdir hayotdan koʻz yumgach, uning oilasi qanchalik boy boʻlmasin, moddiyatdan qiynalib qoladi. Vaholanki, oilaning pul topadigan odami hamon tik oyoqda, ishlari ham yaxshi boʻlishi mumkin. Shunday holatni xalq vafot etgan odamning ismini aytib, “Falonchining dunyosi koʻtarildi” deya izohlaydi.
Alpomish chohda yotganida uning ham davlati koʻtarilgan edi. Shu bois hali taxtda oʻtirgan Boyboʻri birdan davlatidan, taxtidan ayrildi, tuyaboqar boʻlib qoldi. Alpomishning onasi, singlisi, xotini va bolasi ham boshqalarning yugurdagiga aylandi. Nega? Chunki Alpomish nafsiga erk berdi, aqli ketdi; aqli ketgach, jismoniy quvvati ham kesildi. U chohga tushdi va oʻlgan odamdan farqi qolmadi – davlati koʻtarildi. Oqibat, oʻgʻli ketayotganda taxt egasi boʻlgan Boyboʻri koʻp oʻtmay tuyaboqar boʻlib qoldi. Alp qaytdi, davlati ham oʻzi bilan birga keldi. Ultontoz dunyoga egalik qilaman deb oʻylagandi, adashdi. Chunki u birovning haqqi boshqa birovda qolib ketmasligi haqidagi hikmatni bilmasdi. Yoki nazarga ilmasdi.
Odamning tabiati shunday. Koʻp hikmatni nazarga ilavermaydi. Oqibat oʻzini baxtsiz hisoblaydi. Oʻsha baxtsiz holida baxtiyor ekanini ham bilmaydi-da. Ultontoz mol boqib yurganida baxtli edi. Yonida onasi bor edi. Koʻrgan, bilgan Alpomishning boʻlasi der edi. Alpomishning bedarak ketishi Ultontoz uchun baxt sinovi boʻldi. U buni udda qila olmadi. Bunday sinovdan oʻtganlar alp boʻlishini epos bot-bot takrorlaydi.
Sinovning dovi
Qorajon tishi kemtik qahramon. Uning onasi bor, otasi aytilmaydi, yoʻq hisobda. U yaxshi bilan yomonni farqlaydi. Qalmoqning sakson toʻqqiz alpida esa faqat jismoniy quvvat bor. Hayot – sinov maydoni. Unga kelgan borki, sinovdan oʻtadi. Unda boshni tik tutib oʻtish hammaga ham nasib qilavermaydi. Ultontozning sinovi Alpomishning bedarak ketishi edi. U Boyboʻriga oʻgʻliday xizmat qilganida izzat topardi. Ammo Ultontoz bu sinovga dosh bera olmadi. Oʻtkinchi dunyoning moliga yopishdi. Oxiri xor boʻldi. Qalmoqning sakson toʻqqiz alpi ham Alpomish orqali sinaldi. Ular gʻirrom yoʻlni tanladi. Boychiborning oyogʻiga gulmix qoqdi. Alpomishni mast qilib, chohga tashladi. Hakimbekning sinovi esa oʻsha choh boʻldi. Muddao shuki, kim qaysi yoʻlni tanlamasin, bari oʻtdi-yu ketdi. Axir donishmand el bekorga dunyoni bozor demagan. U qancha qiziq boʻlmasin, ikki gaz matoni yelkaga tashlab ketish bor. Gap oʻsha matogacha qanday yetib kelishda...
Onam goʻdakligida Haqning huzuriga ketgan opa va akamni eslaganida “Ularni tushimda koʻrganday boʻldim” degan edi. Keyin ukam ham Haqning huzuriga ketdi. Bunga ham sal demasa yigirma yil boʻldi. Hozir oʻtgan umrimga boqib, uni ham tushimda koʻrganday boʻlaman. Ha, dunyo uzoq koʻrilgan tushga oʻxshaydi. Buni Mavlono Jaloliddin Rumiy ham aytgan: “Dunyo hayoti tushga oʻxshaydi. Dunyoda mol-dunyo egasi boʻlish tushda xazina topganday gap. Dunyoning moli nasldan naslga oʻtib, dunyoda qolib ketadi”.
Ana shu tushni toʻgʻri taʼbir qila olish – alplarga berilgan sinovdan mardona oʻtish demak. Qorajon ham tushini toʻgʻri taʼbir qildi. Hakimbek Qalmoq yurtiga kelayotganda bir joyda dam oladi. Shu kecha Alpomish, Barchinoy va Qorajon bir vaqtda tush koʻradi. Avvalgi ikkisining tushi yaxshilikdan soʻzlardi. Ular diydor yaqinligini koʻradi. Ammo Qorajon oʻrnidan kalima aytib turadi. Buni koʻrgan bir kam toʻqson alp “ot tort”, yaʼni “ot minib aylanib kel, koʻngil chigili yoziladi” deb maslahat beradi.
Koʻrinadiki, Qalmoq yurtning kelajagi toʻqson alpning ichidan faqat Qorajonga ayon boʻladi. Sababi, Qorajon boshqa alplardan farqli oʻlaroq, oʻzligini saqlab qolgan, haqiqiy alplik maqomiga yaqin edi.
Hali koʻnglidagi gʻashlik tarqamagan Qorajon Hakimbekka duch keladi. Qorajon Alpomishni taniydi va birdan unga doʻst ekanini biladi. Demak, Qorajonning tushiga Alpomish Qalmoq yurtiga egalik qilishi kirgan. Ayni dam unga haq yoʻlida boʻlgan Hakimbek bilan doʻst tutinish aytilgan (buyurilgan) deb taxmin qilish mumkin. Koʻrinadiki, taqdirning oʻzi Qorajonni yemirilib borayotgan jamiyat – qalmoqlardan uzoqlashib, oʻzligini saqlab qolish uchun qoʻngʻirot eliga qoʻshilishga majbur ekanini koʻrsatgan. Buni filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimov “Etnos va epos” kitobida juda chiroyli tushuntirib bergan.
Doston soʻngida Qorajon Hakimbek bilan koʻrishadi. Dostonning men biladigan variantida u haqida boshqa maʼlumot berilmaydi. Xoʻsh, uning keyingi taqdiri nima boʻldi? Nazarimda, Qorajon bir muddat oʻtib Qalmoq yurtiga qaytgan. Shunga ishongim keladi. Qorajon koʻrgan tush ham shunga ishora qilgan boʻlsa ajab emas. Shunday oʻylar bizni yana Qorajon haqida mulohaza qilishga undaydi. Agar baxshi “Qorajon” degan doston aytganida uni Alpomishning qaytishidan boshlardi. Qorajon tishiga zaxa yetgani, onasidan ham ayrilib, chin yetim boʻlib qolganini koʻnglining bir chekkasidan oʻtkazardi. Bunday oʻy har qanday alpning ham tishini suv oldiradi. Shunda Qorajon oʻylaydi: “Bu doʻst boʻlsa, elimga qayerdagi choʻponni bosh qilarmidi? Mendayin oshnasini, Qalmoqning eng yaxshi alpini taxtga tayin etmasmidi?”.
Shu tariqa Qorajonning tishini suv olardi... Lekin baxshilarda bunday doston yoʻq. Menga oʻxshagan biron xayolparast shunday dostonni toʻqib chiqargan boʻlsa ham ommalashmagan. Nega? Chunki Qorajon doʻst edi. Uni el doʻst deb tanidi. Shunday qabul qildi. El aytadi: “Tugʻishganmas, topishgan yaqin”.
Qorajon tugʻishgan akalari qolib Alpomish bilan topishdi. Ularni yaxshilik, tushning toʻgʻri taʼbir qilinishi topishtirdi. Endi biz oʻtgan-qaytganni qanchalik taftish qilmaylik, ularning tishini suv olmaydi.
Bobo RAVSHAN
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Tish bilan tush orasi” maqolasi