Qadimgi turkiy tilning tilsimlari koʻp. Koʻhna tilning hali oʻrganilmagan jihatlari, ochilmagan qirralari tilshunoslar uchun bitmas-tuganmas xazinadir. Biroq bu xazina aniq bir hududda yoki muayyan bir xalqning tilida toʻla jamlanmagan, aksincha, dunyoning turli hududlariga tarqalgan turkiy xalqlar ularni oʻzlari bilan birga olib ketgan. Tilning ilk jozibasini biz koʻpincha qadimiy toshbitiklardan, yozma yodgorliklardan topamiz. Ammo, shunday til xazinasi ham borki, biz unga koʻpam eʼtibor bermaymiz. Bu xazina – asrlar osha shu tilni saqlab kelayotgan xalqning oʻzidir.
Turkiy xalqlar tillarining oʻrta asrlar va yangi davrdagi rivojlanishi turlicha kechgan. Shu davrdagi tillar rivojlanishida yunon, arab, hind, fors, xitoy, moʻgʻul, rus yoki boshqa tillarning taʼsiri va ulardan soʻzlarning oʻzlashtirilishi natijasida turkiy til oʻz qoliplaridan uzoqlashib borgan. Ammo shimolda boshqa turkiylar dunyosidan esklav tarzda rivojlangan tillar ham borki, ularda bobotilning qoʻhna qoliplari saqlab qolingan. Shunday tillardan biri oltoy tili boʻlib, bu tildagi leksemalarni qiyosan taqqoslash va tahlil qilish katta tadqiqotlarga yoʻl ochib beradi. Oltoy tilini oʻrganish natijalari shuni koʻrsatadiki, qadimgi turkiy tilda leksemalar kichik soʻzlar, boʻgʻinlar yoki harflar orqali ham ifodalangan. Shu kichik leksemalardan ot, sifat, feʼl yasalgan.
Tilshunoslikda, leksema (yun. Lexis – soʻz, ifoda) – til qurilishining leksik maʼnosini anglatuvchi lugʻaviy birligi hisoblanadi. Leksemada anglashilgan maʼno kishi ongida yuzaga keladigan mazmunni shakllantiradi va oʻz oʻrnida leksema oʻzining maʼnosi va grammatik xususiyatlari birligidan iborat boʻladi. Qisqacha aytganda, leksema shakl va maʼno jihatidan bir butun holda tekshiriladigan mustaqil maʼnoli soʻz, til qurilishining leksik maʼno anglatuvchi birligi sanaladi.
Qoʻyida, turkiy tilda mavjud maʼno jihatdan oʻzaro qarama-qarshi ikki leksema haqida kengroq toʻxtalamiz. Ulardan birinchisi “to‘” leksemasi boʻlib, mazmunan tekis yoki silliq sirt maʼnosini beradi. “To‘” leksemasining aglyutinativ xususiyati saqlangan holda, ortidan qoʻshilgan harflar yoki harf birikmalari bilan birikishi natijasida soʻzlar yasalishini koʻrib chiqamiz.
Ikkinchi “qi” leksemasi esa “to‘”ning antonimi oʻlaroq aksincha kesuvchi, tigʻli, burchakli, dagʻal, oʻtkir maʼnosini beradi. “Qi” ham “to‘” kabi ortidan qoʻshilgan harflar yoki harf birikmalari bilan qoʻshilib ot, sifat yoki feʼl yasaydi.
“To‘” leksemasi orqali yasaladigan soʻzlarga quyidagilarni misol keltirish mumkin: toʻp, toʻba, toʻpiq, toʻppi, toʻgʻin (obodok), toʻqoch (boʻgʻirsoq), toʻsin yoki toʻsiq, toʻqa, toʻqmoq, toʻr, toʻrva, toʻrsiq, toʻqim, toʻn va hokazo.
“To‘” oʻzagidan yasaladigan toʻp, toʻgʻin (obodok), toʻqoch (boʻgʻirsoq) kabi soʻzlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, “to‘” leksemasi silliq va tekis sirt maʼnosidan tashqari aylana, doira, dumaloq, shar maʼnosida ham qoʻllaniladi. Misol uchun, oltoy tilida aylana – toʻgerek (toʻgarak), gʻildirak – toʻngalak (doʻngalak), shar – toʻpiq deyiladi. “Devoni lugʻatit-turk”da gʻoʻla – oʻmrum, doira (daf) – toʻmruq, nogʻora esa – toʻvul shaklida kelgan. Qolaversa, koʻplab qipchoq tillarida, jumladan oʻzbek tilining qipchoq lahjasida ham atrof toʻbarak (tevarak) deyilishi ham bunga misol boʻladi.
“To‘” leksemasi orqali sifat yasalishida ham predmetlar, hayvonlar yoki odamlar koʻrinishidagi aynan tekis yoki silliq sirtga eʼtibor beriladi. Masalan, toʻlin oy, toʻq qorin, toʻygan odam, toʻla (semiz) kishi yoki toʻmpaygan joy, toʻmboq (doʻmboq) bola yoki toʻmaloq (dumaloq) toʻp.
Shuningdek, “to‘”ning xususiyatlari feʼl yasalishida ham koʻzga tashlanadi. Misol uchun, qadimgi turkiy tilda, aniqrogʻi esa uygʻur yozuvida yozilgan buddaviylik matnlarida keltirilgan manbalarda toʻgʻrul soʻzi biron narsani toʻgʻirlash, tekislash maʼnosini bildirgan. Yoki leksemaning mazmuniga koʻra ikki tekis sirtning bir-biri bilan urilishi oqibatida hosil boʻladigan tovush “toʻqillash” deyiladi: Toʻqmogʻi bilan toʻqillatdi.
Turkiy tillarda, jumladan oʻzbek tilida ham biron narsani jamlash, toʻdalash, uni biriktirib boylash esa toʻqimlash deyiladi. Qadimdan turkiy qavmlar gilam toʻqishda oʻrmakdan foydalangan va undagi toʻqimlash hisobiga “toʻqimachilik” soʻzi paydo boʻlgan boʻlishi mumkin.
Maʼlumki, “toʻl” soʻzi qadimgi turkiy tilda farzand, embrion maʼnosida ishlatilib, familiya oʻrnida ham ishlatilgan. Bu holat hanuzgacha oltoylarda saqlanib keladi. Oltoylar farzandni toʻl (töl) deb ataydilar. Shuning uchun bu soʻz baʼzi qabilalarda suyak maʼnosida ishlatilsa, teleutlarda familiya maʼnosida ham ishlatiladi. Bugungi kunda “toʻl” soʻzi oʻzbek tilida ham saqlanib qolgan, biroq “toʻl” faqat qoʻylarning bolalashiga nisbatan qoʻllaniladi. Ammo qipchoq lahjasida soʻzlashuvchi oʻzbeklarda “toʻl”ni farzandlarga nisbatan qoʻllash-da uchrab turadi. Shu sabab turkiy tilda hayvonlar sut bezi (yelini)ning sutga toʻlishini “toʻlgʻin” deyilgan. Toʻlgʻoq (tutishi) esa homilador ayolga nisbatan ishlatilgan.
Qadimgi turkiy tilda tekis soʻzi oʻrniga “toʻkus”, muz oʻrniga “toʻng”, tuproq oʻrniga “toʻrpaq” ishlatilgan. Bunda ham aynan silliq sirt va tekis maʼnosi saqlanadi. Shuningdek, toʻmpaymoq, toʻnglamoq, toʻqillamoq, toʻpillatmoq, toʻqimoq, toʻqnashmoq, toʻlmoq, toʻldirmoq, toʻsmoq, toʻmaloq, toʻdalamoq, toʻmtoqlamoq, toʻntarmoq feʼllarida ham aynan tigʻsiz, oʻtmas sirtning sifatlari koʻrinadi.
“Qi” leksemasi orqali esa yuqorida qayd etilgani kabi ingichka, uchli, tigʻli, oʻtkir kesuvchi sirtga xos xususiyatlar aks ettiriladi. Misol uchun, qilich, qil, qiltiq, qir, qirgʻich, qirliq, qiyoq, qirnaq (dudama pichoq) soʻzlarini analogik tarzda oʻtkir uchli, tigʻli yoki kesuvchi maʼnosi birlashtirib turadi. Shuningdek, qadim turkiy tilda pichoq soʻzining ham qipchoq yoki qifchoq, qaychining esa qiychi yoki qiftu shaklida qoʻllanilganini koʻrish mumkin. Qolaversa, oltoy tilida oʻzbek tiliga fors tilidan oʻzlashgan nayza soʻzining ham oltoy tilida boshqa analogi, yaʼni qїlїsh saqlanib qolganini inobatga olsak, fikrimiz yana bir bor oʻz tasdigʻini topgan boʻladi.
Shu oʻrinda qin soʻzining maʼnosiga ham toʻxtalib oʻtsak. Maʼlumki, qin biron tigʻli narsani solib qoʻyish uchun ishlatiladi. Inchunin, Navoiy asarlari lugʻatida ham shunga yaqin taʼrif berilgan boʻlib, Navoiy oʻz asarlarida qirbon soʻzini ham qoʻllagan. Qirbon – oʻq va yoylarni saqlovchi charm xalta sanalgan.
Oʻzbek tilining qipchoq lahjasida ketmon soʻzining qirma, randaning qirgʻi shakli saqlangani yoki oltoy tilida arra soʻzining qire varianti saqlanishi ham qaysidir jihatdan “qi” leksemasining mazmunini aniqlashda muhim rol oʻynaydi.
Qichitqi, qiyoq kabi oʻtlar, qirgʻiy, qirgʻovul, qironqora kabi qushlar, qirpi va qisqichbaqaning nomidan ham “qi” yaʼni aynan oʻtkir tig‘ yoki uchli tumshuq mazmuni anglashiladi.
Shuningdek, “qi” leksemasi orqali sifatlarning yasalishi ham kesish, qisish, yaralash, qichitish, achitish mazmunini aks ettiradi. Misol uchun, qichitqi oʻt, qirra burun, qiymalangan goʻsht. “Qi” leksemasi orqali ifodalangan tovushlarda ham aynan sinish, yaralanish va boshqa turdagi zarar yetishi aks etadi: qirt, qirs, qirch.
Shuningdek “qi” leksemasi orqali oʻtkir taʼm ham ifodalanadi. Qimiz, qimron kabi soʻzlarda aynan oʻtkir taʼm anglashiladi.
Qirmoq, qiymalamoq, qiyratmoq, qiron keltirmoq kabi soʻzlar oʻtkir tigʻli asboblar orqali amalga oshadigan harakatni bildirsa, qitiqlash, qirpichlash, qirchish, qirtishlash kabi soʻzlar vositasida dagʻal sirt yoki oʻtmas tig‘ orqali taʼsir yoki harakatni aks ettiradi. Shuningdek, tigʻsiz sirt orqali kiynoq berish ham qismoq, qiynamoq shaklida “qi” leksemasi bilan ifodalanadi.
“Qi” leksemasi orqali yasaladigan soʻzlar oʻzbek tilining imlo lugʻatida juda koʻp uchraydi. Ammo ularning hammasi ham ayni maʼnoda qoʻllanmaydi. Jumladan, qiroat, qibla, qiyr (qora mum) kabi arab yoki fors tillaridan oʻzlashgan soʻzlar butunlay boshqa maʼnolarni anglatadi.
Qadimgi turkiy tildan kelayotgan “qi” leksemasi arab va fors tilidan oʻzlashgan ayni boʻgʻinlardan “i” harfining talaffuzi bilan ham farqlanadi. Turkiy “qi” koʻproq “qї”ga yaqin talaffuz qilinadi va oltoy, tuva, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq tillari alifbosida “qi” aynan “qї” shaklida yoziladi, “qїn” “qїlїq” soʻzlaridagi kabi “ї” unlisi bilan talaffuz qilinadi.
Turkiy “qi” leksemasidagi “i”ning yana bir xususiyati uni talaffuz qilmasa ham maʼno oʻzgarmaydi. Misol uchun oltoy, tuva, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq tillari oʻzbek tilining qipchoq lahjasida qr, qlich, qrqim, qrgʻin shaklidagi talaffuz koʻproq uchraydi. Bundan koʻrinadiki, “qi” aslida “q” tovushining oʻzi bilan ham ifodalangan boʻlishi mumkin.
Oʻzbek tilining imlo lugʻatida “qi” leksemasi yordamida yasaladigan yuzlab soʻzlar uchraydi. Ammo imlo lugʻatiga kirmay qolgan soʻzlar ham juda koʻp. Jumladan, Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lugʻatit-turk” asarida keltirilgan ayrim soʻzlar imlo lugʻatida uchramaydi. Misol uchun, qijmoq (kesmoq), qirnaq (dudama pichoq), qirchaldi (sindirdi), qirchatdi (yordi) kabi soʻzlar ham aynan “qi” leksemasining xususiyatlarini oʻzida aks ettiradi.
Oʻzbek tilidagi qirgʻoq soʻzi ham “qi” oʻzagidan yasaladi va unda ham aynan biron narsaning cheti tushuniladi. Oltoy tilida qirgʻoqning qiyu varianti ham bor va bu soʻz oltoy toponimlarida koʻproq uchraydi. Qiyu boshqa soʻzlar bilan birikib chet, chegara maʼnosidagi soʻzlar yasalishida ham ishtirok etadi. Qiyu-qat (chegara joy), Qiyusuu (chegara daryo), Qiyutuu (chegara tog‘), Qiyuqir (chegara qir) kabi soʻzlar bunga misol boʻla oladi.
“To‘” va “qi” leksemalarini tushuncha sifatida tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, ushbu oʻzaklardan yasaladigan soʻzlarda koʻp holatlarda qarama-qarshilik (kontrar) munosabatlari koʻzga tashlanadi. Bu kontrar munosabatlar baʼzan aniq antonim sifatida koʻrinadi: toʻgʻri – qiyshiq.
Ayrim hollarda esa sifat oʻzgarishlariga qarab “to‘” va “qi”da anglashilgan tushunchalar qoʻllaniladi. Masalan, semiz otlar – toʻbichoq yoki toʻriq, oriq otlar – qirchangʻi deb ataladi.
Jumladan, ayrim hayvonlarning tashqi koʻrinishiga qarab ham “to‘” va “qi” leksemasi qoʻllaniladi. Qoʻchqor (qoʻy) shoxi chiqquncha – toʻqli, shoxsiz sigirlar – toʻqol deb ataladi. Qisir sigir tushunchasida esa gʻunajin va oriq sigir tushunchalari birga anglashiladi. Bugungi kunda tuyaning bolasi boʻtaloq deyiladi. Ammo qadimgi turkiy tilda tuyaning bolasini toʻrum deb ham atashgan va bu uning hali oʻrkachi paydo boʻlmagan holatini anglatgan.
Shu oʻrinda qilich va qalqon soʻzlarida ham kontrar munosabatlar mavjudligiga eʼtibor qaratish oʻrinli boʻladi. Maʼlumki, qilich turkiy soʻz boʻlsa-da, qalqon arab tilidan oʻzlashgan. Ungacha esa qalqon toʻsqi yoki toʻsin, deb atalgan. Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida qalqon oʻrnida toʻsqol soʻzini ham qoʻllaydi. Shuningdek, Alisher Navoiy dubulgʻani ham toʻbulgʻa shaklida qoʻllaganini inobatga olsak, tezisda keltirganimiz leksemaning kontrar maʼnosi yanada oydinlashadi. Bu yerda qilich – kesuvchi, toʻbulgʻa va toʻsqol – himoyalovchi xususiyati bilan ajralib turadi.
Turkiy tildagi mehnat va jang qurollarining tavsifida ham “to‘” va “qi” leksemasining kontrar mazmuni aniq koʻrinadi. Misol uchun “to‘” oʻzagidan yasaluvchi toʻp, toʻqmoq, toʻqsol (qalqon) qurollar toʻmtoq sifatli boʻlsa, qilich, qilish (olt: nayza), qipchoq (pichoq), qiychi (qaychi), qire (arra), qirgʻi (randa), qirliq, qirma (ketmon), qirgʻich kabi qurollar kesuvchi qurollar sanaladi.
Shuningdek, “to‘” va “qi” leksemasining kontrar jihatlari ishoraviy harakatlarda ham koʻzga tashlanadi. Qadimgi turkiy tilda kaft – qift, musht – toʻbun yoki toʻqu yoki toʻqumaq deyilgan. Misol uchun, anda jana bir braman kelip ol altun kuvrukug jangjurtu toʻqujur (oʻshanda yana bir brahman kelib oltin nogʻorani jaranglatib urdi). Shu sabab mushtlashish yoki toʻmtoq qurollar bilan jang qilish “toʻbalashish”, pichoq, qilich, nayza kabi oʻtkir qurollar bilan jang qilish qirgʻin deb atalgan.
Toʻqumaq soʻzining maʼnosi oʻzbek tilida unutilib borayotgan yana bir soʻzni tiklash imkonini beradi. Chunki, toʻqumaq deganda musht, kaltak va qoʻlogʻoch tushuniladi. Oʻzbek tilining dialektlarida saqlangan qoʻlogʻoch aynan toʻqumaq yoki yogʻoch bolgʻani anglatadi.
Har qanday taraqqiyot qarama-qarshiliklarning oʻzaro munosabatida yuzaga keladi. Qarama-qarshiliklar birligi nisbiy, oʻtkinchi oʻlaroq narsa va hodisadagi ikki qarama-qarshi kuchning maʼlum nisbiy vaqt ichida birga mavjud boʻlib turishini anglatadi. Qadimgi turkiy tilda “to‘” va “qi” leksemalarining paydo bolishi ham qaysidir jihatdan tilning taraqqiyotiga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
Mazkur tadqiqot ishidan kelib chiqadigan mulohazalarga tayanib xulosa qilish mumkinki, qadimgi turkiy til kichik leksemalardan tarkib topgan. Keyinchalik bu leksemalarga grammatik qoʻshimchalar qoʻshish tufayli boshqa soʻzlar yasalgan. Asrlar oʻtishi davomida esa bu soʻzlar sayqallanib, rivojlanib borgan. Ammo shu bilan birga oʻzgarishlarga uchrab asl maʼnosi va turkiy qoliplaridan ham uzoqlashib borgan.
Anvar BOʻRONOV