Yashab oʻtgan yillari

Bismillohir Rahmonir Rahim. Alloh taologa cheksiz hamdu sano boʻlsin. Sevikli paygʻambarimiz hazrati Muhammad Mustafoga (sollallohu alayhi va sallam) soʻngsiz salot-u salom boʻlsin.

Kalom ilmining asoschilaridan biri, hadis va fiqh olamining ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgan ulug‘ alloma Abu Mansur Moturidiy hijriy 256, milodiy 870-yilda Samarqand viloyatining Registonga tutash Moturid mahallasida tavallud topdi.

Vafoti – hijriy 333, milodiy 944-yil. Qabri Samarqand shahridagi mashhur Chokardiza qabristonidadir. U zotning shaʼniga munosib maqbara barpo qilingan.

1999-yilda yurtimizda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1130 yilligi keng nishonlandi, bu tadbir xalqimiz hayotida juda muhim ahamiyatga ega boʻldi, xususan, Imom Moturidiy asarlari hamda uning hayoti va ijodiga oid asarlarni chop etish masalasi kun tartibiga qoʻyildi.

Ism-nasabi va unvonlarining sharhi

Toʻliq nomi: Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy. “Imom al-hudo” (“Toʻgʻri yoʻl imomi”), “Aʼlam al-hudo” (“Toʻgʻri yoʻl bilimdoni”) “Imom al-mutakallimiyn” (“Mutakallimlar imomi”) kabi sharafli nomlar bilan ulugʻlangan.

Imom – bir qavm, bir millatning oldingisi, ilgʻori, peshqadami, muayyan ilm-maʼrifat sohasidagi ulugʻi, yoʻlboshchisi demakdir. Jome’ masjidlardagi jamoatga namozlarni oʻqib beradigan muhtaram olim-qori kishi ham imom deyiladi, lekin u masjid jamoatining imomidir.

“Imom” unvoni bu oʻrinda Moturidiy hazratlarining islomiy eʼtiqod mazhabining yoʻlboshchisi, asoschisi, ulugʻi ekaniga dalolat qiladi. Masalan, hadis ilmida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, fiqhda Imom Margʻinoniy, tafsirda Imom Nasafiy ulug‘ yoʻlboshchi boʻlganidek, eʼtiqod ilmida Imom Moturidiy rahnamodir.

Abu Mansur u zotning kunyasi boʻlib, Mansurning otasi deganidir. Muhammad – ismi, Ibn Mahmud – Mahmudning oʻgʻli degani. Bu ismlar Imom hazratlarining nasabi ravshan, shuningdek, oilali, farzandli zot boʻlib, bosh farzandlarining ismi Mansur ekanini bildiradi.

Al-Hanafiy – bu unvon u zotning Imomi Aʼzam Abu Hanifa mazhabiga mansub ekaniga ishoradir. Jahon musulmonlarining eʼtiqod imomi boʻlgan bir zot fiqh sohasida Imomi Aʼzam mazhabiga mansub boʻlishi koʻpchilikni qiziqtiradi, albatta.

Bilmogʻimiz zarurki, yer yuzi musulmonlari eʼtiqod borasida ikki imomga ergashgan: 1. Samarqandlik Imom Abu Mansur Moturidiy. 2. Basralik Imom Abulhasan Ashʼariy (bu ikki zot hamda misrlik Imom Tahoviy zamondosh boʻlgan.) Bu ikki imom taʼlimotida asosiy eʼtiqodiy masalalarda ixtilof yoʻq. Tafsilotga oid baʼzi masalalarda va ifodalarda ayrim farqlar bor.

Amal, yaʼni ibodat turlarini bajarishdagi fiqhiy masalalarda dunyo musulmonlari toʻrt imomga ergashdilar: 1. Imomi Aʼzam Abu Hanifa. 2. Imom Muhammad Shofiʼiy. 3. Imom Ahmad ibn Hanbal. 4. Imom Molik ibn Anas (Alloh taolo hammalarini rahmat aylasin). Bu aziz zotlarning yoʻllari Ahli sunnat val-jamoat mazhabini tashkil etuvchi fiqh maktablaridir.

Imomi Aʼzam fiqhi eng pishiq, mazhabi muqaddam va afzaldir. U zot eʼtiqodni “al-fiqhul-akbar”, yaʼni “ulug‘ fiqh” deb atab, “Al-Fiqhul-akbar” nomli kitob yozib, eʼtiqod asoslarini bayon qilgan. Shuning uchun Moturidiydek zot ham bu mazhabga ergashdi va “al-Hanafiy” deb nomlandi.

A’lam al-hudo – toʻgʻri yoʻl bilimdoni, hidoyat yoʻlining donishmandi. Bu nom Imom Moturidiyning eʼtiqod taʼlimidagi mavqe va martabasi yuksakligini bildiradi.

Al-Mutakallim – lugʻatda: soʻzlovchi, gapiruvchi, bayon qiluvchi, nutq aytuvchi – notiq degani. Istilohda esa islomiy eʼtiqodni nafaqat naqliy dalillar bilan, balki aqliy dalillar ham qoʻshib isbot qiluvchi, aqida borasidagi shubhalarni oʻrtadan bartaraf qiluvchi alloma degani (al-Mutakallim Alloh taoloning ismi sifatida qoʻllanganida alohida, xos ilohiy maʼno kasb etadi. Ammo bunday oʻrinlarda esa olim zotlarning unvoni boʻlib qoʻllanadi). Ayni paytda Moturidiy hazratlarining kalom ilmi, yaʼni islomiy eʼtiqod ilmi imomi, asoschisi ekaniga ham bu nom dalolat qiladi. Ilmi kalom – eʼtiqod ilmi degan maʼnoni kasb etgan.

Al-Moturidiy as-Samarqandiy – imomning vataniga ishora. Moturid Samarqand shahriga qarashli qasaba. Dunyodagi, ayniqsa musulmon olamidagi koʻp ulug‘ zotlarning nomi tugʻilgan yoki faoliyat koʻrsatgan vatanlari nomidan olingan: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasafiy, Abu Lays Samarqandiy, Fargʻoniy, Xorazmiy singari...

Musulmon olamini parokandalikdan saqlab qolishi

Imom Moturidiy yashagan davr (IX asr) eʼtiqod masalalarida bir-biriga qarama-qarshi turli qarashlar avj olgan palla edi. Bir tomondan qadariylar, jahmiylar, muʼtaziliylar kabi toʻgʻri yoʻldan toygan oqimlar nohaq tortishuvlarni kuchaytirsa, ikkinchi tomondan din gʻanimlari islomni ichdan yemirishga urinar edi. 816–832-yillarda ahli sunnatdan ajralib chiqqan egri eʼtiqodli toifa – muʼtaziliylar hukmron tabaqaga aylandi. Ular endi ahli sunnat val-jamoat olimlariga qarshi kurash ochdilar. Lekin IX asr oxiriga kelib muʼtaziliylar hukmronligi barham topdi. Ana shunday mojarolar davrida Imom Moturidiy musulmonlarni tarqoqlikka olib kelayotgan oqimlarga qarshi ulug‘ ilm-maʼrifat va dalil-hujjat bilan kurashib, musulmon olamini parokandalik va eʼtiqodiy buzilishdan saqlab qoldi. Ana shu sababdan “Musahhihu aqidatil-muslimiyn” – “Musulmonlar eʼtiqodini tuzatuvchi” degan yuksak unvonga sazovor boʻldi.

Eʼtiqod nima? Ilmi kalom nima uchun zarur?

Ilmi kalom nima? “Kalom” soʻzi lugʻatda soʻz, lafz, gap, nutq, bayon, til, lahja degan maʼnolarni bildiradi. Ammo islomiy ilmda ilohiy soʻz, ilohiy kalom degan maʼnoda ham qoʻllanadi. Masalan, Qurʼoni karim “Kalomulloh” deyiladi. Bu Allohning kalomi – Allohning soʻzi deganidir.

Istiloh sifatida esa “kalom” soʻzi naqliy dalillar bilan birga aqliy dalillarni ham qoʻshib, musaffo islomiy eʼtiqodni isbot qilish, oʻrtadan shubhalarni daf etish degan maʼnoda qoʻllanadi. Shunga koʻra “ilmi kalom” eʼtiqod ilmi deganidir.

Eʼtiqod istiloh sifatida islom dinidagi ishonilishi shart boʻlgan zaruriyatdir. Barcha ilohiy dinlarning tamalini, asosini eʼtiqod tashkil etgan. Ammo Allohga boʻladigan eʼtiqodning toʻgʻri boʻlishi shartdir. Mirzo Bedil yozadi:

Gar qiyshiq qoʻyilsa boshdan poydevor,

Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor...

Yana Soʻfi Olloyor hazratlari eʼtiqod ilmining zarurligini bunday ifodalagan:

Aqida bilmagan shaytona eldur,

Agar ming yil amal deb qilsa, yeldur!

Yaʼni, inson toʻgʻri ishonch-eʼtiqodda boʻlmasa, ming yil ibodat qilsa ham foydasi yoʻq – yelga ketadi! Chunki ibodatlarda xato qilsa, tuzatish, qayta ado etish imkoniyati bor, ammo eʼtiqod buzuq boʻlsa, kechirilmaydi. Dindagi ayrim hukmlar oʻzgarishi mumkin. Lekin sof islomiy eʼtiqod oʻzgarmaydi va mansux boʻlmaydi. Odam alayhissalomdan buyon kelgan dinlarda Allohning birligi, paygʻambarlar yuborilishi, farishtalar, jannat va doʻzax singari eʼtiqodga taalluqli qarashlar oʻzgarmay kelgan. Moturidiya eʼtiqodi haqidagi moʻtabar manba boʻlmish “Jomiʼul-mutun” kitobida Imom Nasafiyning “Bahrul-kalom” asaridan maʼrifat, iymon, islom va din istilohlariga doir ushbu iqtiboslar keltiriladi:

“1. Maʼrifat, Alloh taoloning zotida va sifatlarida bir ekanligini bilmoq, mislsiz va sheriksiz ekanligiga ishonmoqdir.

2. Iymon, Allohning birligini va hazrat Muhammad(s.a.v.)ning paygʻambarligini til bilan iqror qilib, qalb bilan tasdiq etmoqdir.

3. Islom esa Allohning vahdoniyatiga (yakka-yu yagonaligiga) iymon keltirish bilan birga, ibodat vazifalarini ado etmoqdir.

4. Din esa shu xislatlar ustida to oʻlguncha sabot koʻrsatmoqdir” (“Jomiʼul-mutun”, 40-sahifa).

Iymonda shubha boʻlishi joiz emas

Imom Moturidiy bilan Imom Ashʼariy taʼlimotida baʼzi ifodalarda juzʼiy farqlar bor dedik. Ana shu farqlardan iymon qatʼiyati va inson erk-u ixtiyoriga doir ikki nuqtani bayon qilamiz.

Imom Ashʼariy qavlida “Inshoolloh, men moʻminman” degan ifoda joiz sanaladi. “Inshoolloh” – xudo xohlasa degani boʻlib, hali amalga oshmagan xayrli ishni bildiradi. Bu soʻz ilmda istisno deyiladi. Imom Ashʼariy bu ifodani joiz sanaganining boisi shuki, albatta, yaratgan zot bandalarining iymonga kelishini, moʻmin boʻlishini xohlaydi.

Moturidiya eʼtiqod ilmida esa istisno (iymon borasida bir narsani mustasno qilib gapirish) joiz emas. Imom Moturidiy aytadi: “Iymon, Alloh va uning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) yetkazgan narsalardan zaruriy tarzda bilish kerak boʻlgan narsalarning hammasini qalb bilan tasdiq etib, til bilan iqror qilmoqdir. Amal iymondan bir juz (qism) emas. Bu iqror va tasdiqdan keyin har bir inson “men moʻminman” deya oladi.

Ammo “inshoolloh, men musulmonman” deb boʻlmaydi. Barcha moʻminlar iymonda (ishonishda) va tavhidda (Allohni yagona deb bilishda) barobardir. Faqat amali jihatidan farqlidirlar” (“Jomiʼul-mutun”).

Ajdodlari Buxoroi sharifdan boʻlgan atoqli alloma, xojagon-naqshbandiya shayxi Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy “Jomiʼul-mutun” kitobining “Imom Moturidiyning eʼtiqod borasidagi keng izohoti” boʻlimida bu matnni sharhlab aytadi:

“Iymonda istisno boʻlmaydi. Bir kishi “Alloh xohlasa, men moʻminman” desa, iymoni sahih emas. Chunki bu bir shubhadir. Iymonda esa shubha joiz emas. Bu xusus bilan bogʻliq oyati jalila ushbudir – Hujurot surasi 15-oyati (maʼnosi):

“Haqiqiy moʻminlar faqat Allohga va Rasuliga iymon keltirib, keyin (hech qanday) shak-shubha qilmagan va mol-u jonlari bilan Alloh yoʻlida kurashgan kishilardir. Ana oʻshalar (oʻz iymonida) sodiq boʻlgan zotlardir”.

Insonning juzʼiy ixtiyori

Moturidiya eʼtiqodiga doir “Ahli sunnat val-jamoat aqoidi” kitobining muallifi Muhammad Zohid Qoʻtqu ibn Ibrohim al-Bursaviy hazratlari yozadi: “Feʼllarning bandalardan sodir boʻlishi Haq taoloning irodasi, xohishi, hukmi, qazosi va taqdiri bilan boʻladi... Bandalarning ishlarida oʻz ixtiyorlari ham bor. Ularga savob va iqob (jazo) boʻlgaydir”.

Bu Allohning taqdiri, xohish-irodasiga doir nuqta boʻlib, bu xususni hazrati Alisher Navoiy bunday ifodalagan:

Hech ish oʻlmas ayru Xoliq amridin,

Iltijo maxluqqa kelturma koʻp!..

“Maxluq” – yaratilgan, xalq etilgan narsalar, jumladan, insonlardir. Yana bir asarda Alisher Navoiy yozadi:

Ki, Haq taqdiridindur olam ichra

Yomon-u yaxshining yaxshi yomoni!..

Bu taqdirga – yaxshilik va yomonlik Alloh taolodan ekaniga ishonmoq haqidadir... Ana shu taqdirot masalasida ashʼariylar insonning erk-u ixtiyoriga hech qanday oʻrin qoldirmaydilar.

Moturidiya eʼtiqodida esa iymon va kufr, yaxshilik va yomonlik yoʻlini tanlashda bandaning “irodai juzʼiya”si, yaʼni juzʼiy xohish-ixtiyori borligi uqtiriladi. Bursaviy hazratlari bunga misol keltirib, “Masalan, Zaydning islomga kirishida va Amrning kufr keltirishida majburiyatlari yoʻq. Balki Zayd oʻz ixtiyori bilan islomni qabul qildi, Amr esa oʻz ixtiyori bilan kufrni tanladi” deydi. Taqdir Allohdan, “Banda oʻz juzʼiy ixtiyori bilan kosibdir, bajaruvchidir” deyiladi.

Irodai juzʼiyaning sharhi

Irodai juzʼiya (insonning juzʼiy ixtiyori) Haq taoloning cheksiz xohish-irodasi oldida juzʼiydir – kichik bir qismdir. Lekin inson uchun bu buyuk imkoniyat va cheksiz saodat omilidir. Bu juzʼiy ixtiyor bir insonning abadiy halokatdan qutulib, abadiy saodatga erishmogʻiga sabab boʻladigan ixtiyordir. Chunki iymon va kufr, haq va botil, yaxshilik va yomonlik, halol va harom, toʻgʻrilik va egrilik – bu narsalarni tanlash ixtiyori haqiqatan odamzod uchun buyuk ixtiyordir.

Irodai juzʼiyaning dalillari

Mavlono Jaloluddin Rumiy “Irodai juzʼiyaning, yaʼni juzʼiy ixtiyorning eng ulug‘ dalili Qurʼoni karimdir” degan. Haq taolo muqaddas Qurʼoni karimni nozil qilib, bandalariga bir yoʻlni tanlash ixtiyorini berdi. Lekin iymon yoʻlini tanlagan insonlar uchun oxiratda ulug‘ neʼmatlar: Allohning rahmati, magʻfirati, jannati va jamoli borligidan xushxabar berib, kufr yoʻlini tanlaganlarga cheksiz azoblar borligini eʼlon qilib, ularni xabardor qildi va ogohlantirdi. Chunonchi, Haq taolo aytadi:

“Ayting: “Haq (boʻlmish bu Qurʼon) Rabbingizdandir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kishi kufr keltirsin (kofir boʻlsin). Shubhasiz, Biz (kofir boʻlgan bu) zolimlarga (alangali) chodirlari ularni oʻrab oladigan olovni tayyorlab qoʻydik” (Kahf surasining 29-oyati).

Alloh taolo iymon va kufrni tanlash borasida insonlarga erk va ixtiyor berib qoʻyganini bu oyati karimada ravshan bayon etgan. Ammo kufrga uning aslo rizosi yoʻqdir.

Yana Baqara surasi 256-oyatida ham bandaning ixtiyori maʼlum qilingan (maʼnosi):

“Din(ga kirishda – iymon keltirish)da majburlash yoʻq. Toʻgʻrilik bilan egrilik (iymon bilan kufr, haq bilan botil) ochiq-ayon boʻldi. Bas, kimki togʻutni (Allohdan uzoqlashtiruvchi va uning amrlarini bajarishdan man etuvchilarni) inkor qilsa va Allohga iymon keltirsa, bas, u hech uzilishi (mumkin) boʻlmagan mustahkam halqaga yopishgandir. Alloh (hamma narsani) haqqoniy eshitguvchidir, bilguvchidir”.

Islom dini iymon keltirish borasida majburlashni emas, yetkazishni, daʼvatni va irshodni asos qilib oladi, iymon keltirish-keltirmaslikni har kimning oʻz xohish-iroda va vijdoniga havola etadi (Imom Abu Dovud).

Yana Inson surasi 3-oyatida aytiladi (maʼnosi):

“Shubhasiz, Biz unga (insonga) toʻgʻri yoʻlni koʻrsatdik: xoh shukr qilguvchi (boʻlib, bandalik vazifalarini bajarar), xoh (kufr keltirguvchi) nonkoʻr-noshukr boʻlur”.

Imom Abu Mansur Moturidiy hazratlarining insonning juzʼiy ixtiyori borligi haqidagi hukmlari muqaddas va muborak Qurʼoni karimning ana shunday ulug‘ oyatlariga asoslangan.

Ana shu – insonning erki-ixtiyori masalasida Imom Ashʼariyning keyingi tarafdorlari ham Imom Moturidiy fikrini qabul qilganlar va eʼtiqodda moturidiy boʻlib ketganlar. Bu jihatdan Imom Moturidiy butun dunyoda eʼtiqod taʼlimining ustozi hisoblanadi.

Imom Moturidiyning sharaf va mavqelari

Abu Tohirxoja Samarqandiy aytadi: “(Islom olamidagi) Nojiya (najot topuvchi) firqakim, ularni ahli sunnat val-jamoat derlar, eʼtiqod masalalarida ikki qismga boʻlinadilar. Shayx Abulhasan al-Ashʼariyga qarashlilarni ashoʻira (ashʼariylar) va hazrati Abu Mansur Moturidiyga qarashlilarni moturudiya (moturidiylar) deb ataydilar.

Rum, Buxoro, Balx, Xorazm, Samarqand, Fargʻona va Hindistondek katta musulmon oʻlkalarining barcha xalqi va Turkiston hamda Koshgʻar kabi mamlakatlarda yashovchi ellar hammasi (eʼtiqodda) moturidiya mazhabidadirlar” (“Samariya”).

Demak, jahon musulmonlarining koʻpchilik qismi hazrati Imom Moturidiy taʼlimotiga ergashgandir.

Moturudiyning asarlari

Imom Moturidiy asarlari tavhid va eʼtiqod mavzusini qamragan holda asosan oʻz davridagi muʼtazila firqasiga, shuningdek, qarmatiylar va rofiziylar kabi toʻgʻri yoʻldan ogʻgan firqalarga raddiya sifatida yozilgan. U zotning asarlari quyidagilar:

“Kitobat-tavhid” (“Tavhid kitobi”, yaʼni Alloh taoloning yakka-yu yagonaligi haqidagi kitob. Hozir mavjud).

“Kitobal-maqolot” (maqolalar, yaʼni eʼtiqod borasidagi nutqlar, soʻzlar, maqolalar, bayonlar kitobi).

“Kitob raddi avoil al-adilla lil-Kaʼbiy” (Kaʼbiyning avvalgi kitoblariga raddiya kitobi).

“Kitob bayon vahm al-Muʼtazila” (Muʼtazila firqasi xatolarini fosh qiluvchi kitob).

“Kitob taʼvilot al-Qurʼon” (Qurʼoni karim oyatlarini taʼvil qiluvchi – muayyan maʼnolarini ochib beruvchi kitob). Hozir mavjud boʻlgan asarlari orasida eng birinchi boʻlib shu kitob – “Kitob taʼvilot al-Qurʼon” turadi. Istanbul kutubxonalarida bir qancha nusxalari bor.

Imom Aʼzam Abu Hanifaning mashhur “Al-Fiqhul-akbar” kitobining Imom Moturidiyga nisbat berilgan bir sharhi hozir mavjud (Haydarobod, 1321).

Bundan tashqari yana koʻp asarlar bitganlari baʼzi manbalarda zikr qilingan. Masalan, Abulmoʻin Maymun ibn Muhammad an-Nasafiyning “Tabshirot al-adilla” asarida bir munosabat bilan Moturidiyning quyidagi asarlari zikr qilingan:

“Radd tahzib al-jadal lil-Kaʼbiy”.

“Radd kitob al-Kaʼbiy fiy vaid al-fussoq”.

“Radd al-usulal-xamsa li-Abu Umar al-Bohiliy”.

“Radd kitob al-imomat li-baʼzi al-usul ravofiz”.

“Ar-radd ‘alal-Qaromita”. 1-kitob, asoslar bayon etilgan.

“Ar-radd ‘alal-Qaromita”. 2-kitob, unda furu’ – asl-asoslari rad etilgan.

“Maʼxaz ash-sharoyi”.

“Al-jadal” (bu fiqh usuliga doir kitob).

Bulardan tashqari “Risola fil-aqoid” kitobi ham u zotga nisbat berilgan.

Bu asarlarning hammasida Imom Moturidiy islomiy eʼtiqod masalalarini qamragan.

Dard-u hasrat izhor etiladigan ziyoratgoh

“Shayx Abu Mansur Moturidiy mozori Chokardizadadir. Ushbu qabriston (Chokardiza) shahar ichida, kunchiqar tomonda shaharning bir chekkasidadir. U yer tubda imomi zohid Abu Isʼhoq ibn Ibrohim ibn Sammosi Mutavaʼiyning bogʻi ekan va oʻzi ham oʻsha yerda koʻmilgan ekan. Shu qabristonning oʻrtasida bir masjid bor. Shayx Abu Mansurning mozori shu masjidning janub tomonida va yaqinidadir. Qabr uzoridagi koʻk tusdagi sogʻona toshi masjid devoridan besh gaz chamasi olisroqdadir” (“Samariya”).

“Bu masjid (Samarqand) shahar(i) ichida, shahar darvozasi va shahar qoʻrgʻonining yaqinida – kunchiqar tomonda, Chokardiza qabristonining oʻrtasida, Shayxning (Moturidiyning) qabri ustidadir”.

Abu Tohirxoja Samarqandiy yana aytadi: “Eski odatimni qilib, bir kuni oʻsha maqbara ziyoratiga bordim. U yerda bir kishining boshi koʻrindi, qarasam, bir koʻr kishi ekan. Unga salom berdim. U menga “Ajabo, bu yer hasratxonaga oʻxshaydi, uning har tarafidan hasrat maʼnisi kishining xotiriga keladi. Bu ahvol oʻzga mozorlarda yoʻqdir” dedi. Mening xotiramga hech qanday javob kelmadi. U kishi ham boshqa bir nima demadi” (“Samariya”).

Bu yerda keltirilgan hasratxonaning maʼnosi shuki, hazrati Abu Mansur Moturidiy qabri ziyoratida duo ijobat boʻladi, odamlar Yaratgan zotga oʻz dard-u hasratlarini aytib, duo qiladilar va ijobatni topadilar. Bu holni Abu Tohirxoja quyidagicha tushuntirgan: “Eski zamonlarda bu shaharga vabo yoki biror boshqa balo kelsa, zohid, obid va olimlar shu masjidga yigʻilishib, duo qilar ekanlar. Shuning bilan tikilgan balo koʻtarilar ekan. Bu dargoh duo qabul boʻlib, ulamoning koʻnglini ochadigan bir oʻrindir” (“Samariya”).

Hazrat Alisher Navoiy duo ijobat boʻladilan bunday tabarruk ziyoratgohlarni “Qiblai duo” deb tavsif etgan.

Xulosa

Hazrati Abu Mansur Moturidiy ilm va maʼrifatda zamon rahnamosi, eʼtiqod borasida dunyoning imomi, Qurʼoni karim mufassiri, benazir alloma, shayx, sohibkaromat valiy zot boʻlgan. U kishi naqliy dalillarni – Qurʼoni karim va hadisi shariflarda bayon qilingan haqiqatlarni aqliy dalillar bilan quvvatlagan, inson aqlining yuksak choʻqqilarini kashf etgan, naqliy dalilga tayangan aqliy dalilni kamol nuqtasiga koʻtargan orif zotdir. U zot haqidagi har bir asarimiz, har bir soʻzimiz oʻzining shaʼn va sharafiga munosib boʻlmogʻi lozim.

Imom Moturidiy hazratlarining maʼnaviy merosini xalqimizga qaytarish, kitoblarini tarjima qilib nashr etish, u zotning ilmlaridan, manoqiblaridan insonlarni bahramand etish Oʻzbekiston olimlarining sharafli vazifalaridandir.

Mirzo KENJABEK,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi,

Bobur nomidagi xalqaro mukofot sohibi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Imom Abu Mansur Moturidiy – islomiy eʼtiqod ustozi” maqolasi