Inson ixtiyorsiz ravishda tevarak-atrofida uchraydigan turli hodisalarning sabablarini izlaydi, oʻzi duch kelgan muammoli vaziyatlarni, oqibatlarni tahlil qiladi, baholaydi va shunga tayanib toʻgʻri qaror qabul qilishga intiladi. Mohiyatni bilish muammolarni hal qilish kaliti sanaladi. Zotan, inson hayotining mazmuni – muammolarni yechishga intilmoqdir.

Ha, narsa-hodisalarning mohiyatini bilish oddiy odam uchun-da hayotining koʻp jabhalarida foydali. Muammoning asosini bilish samarali yechimlarni topishda qoʻl keladi. Masalan, agar kishi oʻz avtomobilining qanday ishlashi haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlsa, texnik holati bilan bogʻliq baʼzi muammolarni mustaqil ravishda hal qila oladi. Mavzu yoki muammoni chuqur tushunish – uning mohiyatini bilish demakdir, bu esa turli variantlarni oqilona baholash va ulardan eng mosini tanlash imkonini beradi. Hatto oʻzimiz koʻpincha eʼtiborsiz qaraydigan ovqatlanishni olaylik. Oziq-ovqatning mohiyatini bilish nimani, qachon va qanday yeyishga oʻrgatadi. Deylik, koʻpchilik tarvuz asosan suvdan iborat (80 foiz), u semirtirmaydi deb oʻylaydi. Ammo uning mohiyati suvda emas, balki tarkibidagi glyukozada. Tarvuzning glikemik indeksi   –   72, qovunniki esa   –   62. Demak, uglevod miqdori tarvuzda koʻproq. Koʻrinadiki, toʻlishishga moyil kishilar uchun tarvuz qovunga nisbatan xavfliroq.

Mohiyatni bilmoq tanqidiy fikr oʻsishi omili hamdir. Narsa-hodisalarning mohiyati haqida bilimga ega boʻlgan odam maʼlumotni tahlil qila oladi, savol beradi, shubhalanadi va qoʻshimcha manbalarni qidiradi. Bu mustaqil fikrlash va ongli qaror qabul qilish koʻnikmasini rivojlantiradi.

Afsuski, hayotimizda uchraydigan juda koʻp muammolarning sabablarini mohiyatdan emas, yuza sathdan izlaymiz. Aslida esa biz ijtimoiy hayotda duch keladigan aksar muammolarning ildizi qaysi ijtimoiy-iqtisodiy tuzumda (formatsiya) ekanimizda, uning mexanizmlarida. Mohiyatni anglamay turib esa muammolarni yechib boʻlmaydi.

Sirasi, mohiyatni bilish odamzodga atrofdagi dunyoni yaxshiroq tushunish, ongli qaror qabul qilish va hayotiy muammolarni hal qilishga yordam beradi. Bu esa shaxsning rivojlanishi, oʻz-oʻzini anglashi va shaxsiy sathda ham, ijtimoiy sathda ham taqdirini oʻzi belgilashini taʼminlaydi.

Arastudan Navoiyga qadar

Arastu falsafasida mohiyat (essense) narsa-hodisaning ichki va oʻzgarmas tabiati – zotini belgilaydi va boshqa narsalardan   ajratib turadi  (Аристотель.  Сочинения. В 4 т. Т. 2. Москва, 1978. Стр.   6). Mohiyati oʻzgarsa, narsa ham oʻzgaradi. Foma Akvinskiy falsafasida esa mohiyat Yaratuvchi bilan u yaratgan borliqning oʻzaro munosabati sifatida qaraladi (Федчук Д. “Сущность” и “существование” у Фомы Аквинского: Авт.дисс. …канд. философ. наук. СП(б), 2003. Стр. 13).

Mohiyat – koʻrinmas (botiniy), u hodisani belgilaydi; hodisa esa koʻrinuvchidir – u mohiyat tomonidan belgilanadi. Hazrat Navoiy mohiyatni “zot” deb tavsiflaydi: “Zotidin demaydurur xud kimsa soʻz, / Kim erur koʻr onda har binanda (koʻradigan) koʻz” (Alisher Navoiy. Lisonut-tayr. Toshkent, Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1991. 29-bet).

Mohiyat va hodisa ilmiy oʻrganishda shartli ravishda farqlanadi. Aslida, ular bir-biriga shu darajada yaqinki, bamisoli bir varaqning ikki beti kabidir. Navoiy qushlarning (hodisa) Simurgʻdan (mohiyat) ajralmas ekanini bunday tasvirlaydi: “Siz tushub ul shohdin behad baid / Ul yoqinroq sizga “min hablul varid”. Demak, “Lisonut-tayr”da qushlar Simurgʻga intilgani singari afkor insoniyat ham bir umr mohiyatga intiladi, uni topishning mashaqqatli yoʻlida zahmat chekadi, degan mazmun bor.

Fanda mohiyat

Har qanday fanning maqsad-vazifalari oʻrganilayotgan narsaning faoliyati va taraqqiyotiga xos qonuniyatlarni ochishdan iborat. Qonuniyatlar va ulardan foydalanish nuqtai nazaridan fanlar nazariy va amaliy turga ajraladi. Bu bilish jarayonining nazariy yoki amaliy bosqichlari bilan bogʻliq. Fan quyidagi ikki vazifadan, hech boʻlmasa, birini bajarishi lozim: oʻrganilayotgan narsa-hodisani takomillashtirish va undan foydalanish samaradorligini oshirish.

Narsa-hodisani takomillashtirish uning mohiyatini ochish asosida unga taʼsir qilishni ham oʻz ichiga oladi. Masalan, kimyoviy unsurlarning tuzilishi va atom ogʻirliklari ularning mohiyatini tashkil qiladi. Kimyoviy davriy tizim kimyoviy unsurlarni, xususiyatlari va kimyoviy tuzilishiga qarab, bir sistemaga solish hamda tasniflash maqsadida yaratilgan edi. Maʼlumki, davriy sistema – 1869-yilda Dmitriy Mendeleyev tomonidan ishlab chiqilgan va kimyo sohasidagi ulkan yutuqlardan biri, muhim kimyoviy qonuniyatning kashf qilinishi deb eʼtirof etilgan. Davriy jadvalning maqsadi koʻplab elementlarni tushunish va tartibga solishni osonlashtirish bilan birga kelajakda kashf etilishi mumkin boʻlgan yangi unsurlarning xususiyatlarini bashorat qilish edi. Davriy sistema kimyoviy elementlarning atom massasi, elektron tuzilishi, kimyoviy faolligi va boshqa xususiyatlari zamiridagi qonuniyatlarni koʻrish imkonini beradi.  Ushbu tizim turli soha, jumladan, kimyo sanoati, farmasevtika, materialshunoslik kabilarda amaliy ahamiyatga ega. U olim va muhandislarga elementlarning xossa va harakatlarini tushunish va bashorat qilish, yangi materiallar, dori va texnologiyalarni ishlab chiqishda koʻmaklashmoqda.

Cheksiz nutq hodisalari zamiridagi qonuniyatlarni ochish tilni lingvistik, matematik va dasturiy modellashtirish uchun zamin boʻlayotir. Bu esa bugungi kunda sunʼiy intellekt yaratish, inson miya faoliyati qonuniyatlarini til asosida tekshirish va baholashga yoʻl ochadi. Narsa-hodisa zamiridagi qonuniyatlarni ochish ulardagi umumiy va barqaror jihatlarni xususiy va oʻtkinchi jihatlardan farqlashdan boshlanadi. Bunda falsafada barqaror deb qaraladigan “mohiyat” va oʻtkinchi deb baholanuvchi “hodisa” kategoriyalaridan asos sifatida foydalaniladi.

Hozirda mazkur kategoriyalarga tayanish fanda urfdan qolgandek. Biroq ilm kishisi oʻz oldiga narsa-hodisaning mohiyatiga daxldor qonuniyatlarni oʻrganish maqsadini qoʻyishi, mohiyatni ochish har qanday nazariy fanning asosini tashkil qilishi lozim. Mohiyatga intilish modomiki har qanday fanning asosi ekan, “mohiyat” va “hodisa” tushunchalari hamisha yashovchandir. Taʼlimda ham bu ikki tushunchani farqlash takomillashtirilishi shart. Bu, ayniqsa, jamiyat qurilishi va uni boshqarish bilan bogʻliq ijtimoiy fanlarda katta ahamiyatga ega. Koʻpchilikni qiynayotgan ijtimoiy muammolarga mohiyatni anglamay yondashuv sabab ular hal boʻlmaydi.    

Sanʼatda mohiyat

Sanʼatda “mohiyat” tushunchasi asar mazmuni, gʻoyasi yoki hissiy jihatini anglatadi. Asl mohiyat asarning oʻziga xos, teran mazmunli va betakror boʻlishida namoyon boʻladi (bu mavzuda koʻplab asarlar mavjud: Michael Frid, “Art and Objecthood” (1967), Alain de Botton, John Armstrong, “Art as Therapy” (2013), John Dewev, “Art and Social Consciousness” (2002), Nikolay Berdyayev, “Кризис искусства” (1994), Yonatan   H. Mishal, “Art and Transformation” (2009). Masalan, rangtasvirda asar mohiyati uning kompozitsiyasi, rang kombinatsiyasi, rassomning texnikasi va uslubi (hodisa) orqali voqelanadi. Bunda mohiyat sanʼatkorning tomoshabinga qanday mazmunni yetkazmoqchi yoki unda qanday taassurot uygʻotmoqchi ekani bilan xarakterlanadi. Musiqada esa mohiyat qoʻshiqning ohangi, garmoniyasi, ritmi, matni vositasida roʻyobga chiqadi; tinglovchida uygʻotadigan hissiy taʼsiri bilan belgilanadi.

Sanʼatdagi mohiyat asarning mazmunan boyligi va gʻoyaviy chuqurligi, hissiy va aqliy taʼsirini tushunishga koʻmaklashadi, asar javharini koʻrish va his qilish imkonini beradi, unga takrorlanmas xususiyat va qimmat baxsh etadi. Umuman, sanʼatning mohiyati chuqur botiniy ekani bois uni idrok etish, toʻliq qabul qilish uchun ham odamda jibilliy sezim boʻlmogʻi lozim.

Adabiyotda mohiyat

Mohiyat soʻz sanʼati namunalarining mazmundor, betakror va taʼsirchan chiqishini belgilaydi. Adabiy asarlarga “mohiyat” koʻzgusida qarash tizimli talqinlarga yoʻl ochadi. Tahlillarda barqaror va oʻtkinchi, asosiy va ikkilamchi, oʻziga xos va umumiy jihatlarni farqlashda ilmiy-metodologik qimmat kasb etadi.

Badiiy adabiyotdagi mohiyat muallif oʻz qahramonlari, syujet va yozish uslubi orqali yetkazmoqchi boʻlgan mazmun-gʻoyani anglatadi. U chuqur insoniy tuygʻu, axloqiy muammo, ijtimoiy-siyosiy qarashlarni yoki shunchaki goʻzallik, estetik idrokni aks ettirishi mumkin. Mohiyat asarning teranlik darajasi, oʻquvchiga hissiy-aqliy taʼsirini tushunish va qadrlashga xizmat qiladi.

Adabiy asarlar “ommabop” va “xoslar uchun” kabi turlarga ajratib kelingan. Binobarin, badiiy adabiyotda ham zohiriy (ommabop), ham botiniy (xoslar uchun) mohiyat boʻlishi mumkin. Zohiriy mohiyat asarning syujet, personaj, voqea kabi bir qarashda hamma uchun aniq-ravshan tomonlarida namoyon boʻladi. Hazmi yengilroq asarlarda zohiriy mohiyat ustuvorlik qiladi. Botiniy mohiyat esa matnga singdirib yuborilgan yanada yashirin va chuqurroq hikmat yoki fikrlarda zuhur etadi. Ommabop mohiyat hissiy holatlar, ramz, metafora kabilarda beriladi. Botiniy mohiyat intertekst, poetik sintaksis yoki murakkab hikoya tuzilmalari kabi nihoyatda nozik elementlar orqali ochiladi. Ammo shunda ham u tugal ravshanlashadi deb boʻlmaydi. Masalan, “Lisonut-tayr” dostonidagi tom mohiyat qushlarning oxirgi manzilda Simurgʻni topolmay, oʻzlari unga aylanganida degan nuqtai nazar ustuvor. Zotan, “Haq oʻzingda” tezisi koʻplab tagmazmunlarga ega. Topolmaslik – qidirilayotgan obyektning mavjud emasligini ham bildiradi. Masalaga yondashuvda kimlardir “Spinoza tangrisi” tushunchasi asosida munosabatda boʻlishi ham mumkin. Yaʼni faylasuf “Tangri borliqdan tashqarida emas, balki uning oʻzida” degan gʻoyani ilgari suradi.

Taʼkidlash kerakki, zohiriy va botiniy mohiyat bogʻliq va bir-biri bilan oʻzaro taʼsirga ega. Birinchisi gʻoya va his-tuygʻularni tushunish uchun kirish nuqtasi oʻlaroq xizmat qiladi, ikkinchisi esa asarning tub ahamiyatidan xabar beradi.

Badiiy asar mohiyati, eng avvalo, ijodkor shaxs nazarda tutgan mohiyatni anglatsa-da, uni talqin qilish va tushunish, odatda, individual xarakterda, har bir oʻquvchi yoki tahlilchining idrok darajasi, tasavvur salohiyati, tajribasiga ham bogʻliqdir. Obroʻli adabiyotshunosning fikri baʼzan oʻquvchilar diqqatini asl mohiyatdan uzoqlashtirib yuborishi-da mumkin. Navoiyning “Layli va Majnun”ini ayriliq dostoni deb baholash, Said Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻoloni” asarida ijtimoiy-siyosiy evrilishni koʻrish, Abdulla Oripovning “Tilla baliqcha” sheʼriga siyosiy mazmun berish adabiyotshunoslikdagi xuddi shunday hodisalardandir. Bu kabi misollarda muayyan tahlilchi ilgari surgan individual mohiyat adabiyotshunoslikda ham, oʻquvchilar ongida ham barqarorlashgan. Albatta, adabiy matn – oʻquvchi va tahlilchining fikrlash-bilim darajasiga qarab unda turli mohiyatlarni koʻrish imkonini beradigan koʻpqatlamli hodisa. Adabiyotni koʻp qirrali va qiziqarli sanʼat turiga aylantirgan omil ham shu.

Hikmat ustunmi yoki poetik goʻzallik?

Asl va yuksak adabiyotning botiniy mazmun-mohiyatini betakror hikmatga yoʻgʻrilgan gʻoya tashkil qiladi. Zero, soʻz sanʼatkorining asosiy maqsadi ham teran va betakror fikr-gʻoya va falsafiy tushunchani kashf etish hamda uni hayotiy-qiziqarli kechmish-u kechinmalar vositasida oʻquvchiga yetkazishdir. Purhikmat va betakror gʻoya sevgi, oʻlim, adolat, hayot mazmuni, axloqiy evrilish va shu kabi turli azaliy-abadiy tushunchalar bilan bogʻliq boʻladi. Ular oʻquvchining fikrlashi, ilhomlanishi, oʻzi va atrofidagi olamni teranroq tushunishiga yordam beradi.

Yuksak sanʼat namunasi boʻlgan badiiy asar hayotga yangi va oʻziga xos qarashni tuhfa etadi, kitobxonda savollar uygʻotadi. Gʻoyalar umuminsoniy, umummakoniy, umumzamoniy boʻlishi mumkin. Oʻlmas asarlarning mohiyati ana shunda.

Purhikmat va betakror gʻoya badiiy asarning magʻzini tashkil qiladi, lekin badiiy asarni yuksak sanʼat namunasiga aylantiradigan yagona omil emas. Sanʼat asarida shakl – ifoda ham mohiyat bilan teng qimmatga ega. Hikmatsiz badiiyat ham, badiiyatsiz hikmat ham asar qimmatini tushiradi.

Badiiy adabiyot shunday sirli hodisaki, baʼzan original majoz yoxud kutilmagan soʻz oʻyini ham oʻquvchini favqulodda taʼsirlantirishi mumkin. Ayrim asarlarda teran hikmat va betakror gʻoya uchramasa-da, ular ruhiy holat yoki kechinmalar ifodasi bilan qimmat kasb etadi. Bunday asarlar kitobxon uchun umumiy va tushunarli his-tuygʻuni ifodalaydi, kayfiyatga taʼsir qilib, unga zavq va maroq beradi. Zotan, kimgadir odamlar, kimgadir voqealar, kimgadir esa gʻoyalar (hikmat) taʼsir qiladi. Ular oʻquvchida hamdardlik, hamfikrlilik uygʻotadi, his-tuygʻular oʻsishiga yordam beradi. Demak, baʼzi asarlar koʻproq hissiy taʼsir yaratadi, boshqalari esa yangi gʻoyalarni taklif qilish, fikr yuritish va tafakkurni oʻzgartirishga olib keladi.

Hikmatli, betakror gʻoya oʻquvchining intellektual oʻsishiga hissa qoʻshadi. Badiiy-estetik oʻziga xoslik, oʻz navbatida, uslub, noodatiy adabiy vositalar, ayricha syujet va kompozitsiya, asarni takrorlanmas va esda qolarli qiladigan boshqa jihatlarda ham namoyon boʻladi. Biroq bu – oʻquvchining his-tuygʻulariga taʼsir etgan asar qadr-qimmatsiz degani ham emas. Zotan, “Sarv-u gul-u lola xaridori bor, / Lek oʻtunning dogʻi bozori bor” (Navoiy).

Hissiy taʼsir badiiy adabiyotning kuchli va muhim jihati boʻlishi mumkin. U hamdardlik uygʻotib, insoniy his-tuygʻu va tajribalarni teranroq tushunishda asqatadi. Bu hol sheʼriyatda yaqqolroq namoyon boʻladi.

Bizningcha, badiiy adabiyotning taʼsir kuchi oʻquvchi asardan nimani izlayotganiga ham bogʻliqdir. Baʼzilar noyob hikmat, gʻoya va badiiy oʻziga xoslikni qadrlasa, boshqalar kuchli his-tuygʻu uygʻotuvchi asarlarni xush koʻradi. Ammo bu hol ijodkor koʻzda tutgan asl mohiyatni inkor qilmaydi. Bu fikrni bedilxonlarning bir baytdan toʻqson toʻqqiz maʼnoni topgani, asl (ijodkor nazarda tutgan) mohiyat esa muallif tafakkurida qolgani haqidagi rivoyat bilan dalillasak, tushunarliroq boʻladi.

Alqissa

Vissarion Belinskiy badiiy asarning yetukligi uning oʻzida “goʻzallik, hikmat va ezgulik”ni qay darajada mujassamlantirganida deb bilgan. Unga koʻra, chinakam sanʼat nafaqat estetik qimmatga ega boʻlishi, balki teran fikr va gʻoyalarni ifodalagan holda insonni maʼnaviy yuksaltirishga xizmat ham qilishi kerak (Морозов П. Белинский, Виссарион Григорьевич // Энциклопедический словарь Брокгауза и Ефрона: в 86 т. Том V. СПб, 1891. Стр. 191–194). Adabiyotshunos sanʼatning ijtimoiy va axloqiy roliga katta ahamiyat bergan: u jamiyatni maʼrifatli qilish va tarbiyalash vositasi ham boʻlishi kerak. Olim sanʼatda voqelik va ijtimoiy muammolarni aks ettirish, ilgʻor gʻoyalar va qadriyatlarni targʻib etish tarafdori boʻlgan.

Alqissa, badiiy asar shakl (goʻzallik), mazmun (hikmat) va vazifaning (ezgulik) dialektik yaxlitligidan iborat. Qaysi jihat ustuvorlik qilsa, shu jihat asarning mohiyatini tashkil etadi. Bu jihatdan badiiy asarni uchburchakka qiyoslash mumkin. Maʼlumki, uchburchak burchaklarining yigʻindisi 180 darajaga teng, birining kengayishi boshqalarining torayishi hisobiga sodir boʻladi. Soʻz sanʼatida ham shunday. Teng burchakli uchburchak nisbatan mukammal boʻlgani kabi, uch jihati ham mutanosib adabiy asargina mohiyatan mukammal atalmoqqa munosibdir.

Baxtiyor MENGLIYEV

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Janobi mohiyat” maqolasi