Toshkentda tarix va zamonaviy sanʼat uygʻunlashgan yangi madaniy makon ochilmoqda

Joriy yil 6-sentabr kuni poytaxtimizda Toshkent zamonaviy sanʼat markazi — CCA Tashkent oʻz eshiklarini ochadi. Bu shunchaki yangi muzey yoki koʻrgazma zali emas, balki bir asrdan ziyod tarixga ega inshootga yangi hayot bagʻishlangan yirik madaniy loyihadir.

Maʼlumot oʻrnida: 1912-yilda meʼmor Vilgelm Geynzelman loyihasi asosida barpo etilgan bino dastlab tramvay deposi, keyinchalik dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan. Bugun esa uning tarixiy qiyofasi va industrial ruhini saqlagan holda, zamonaviy sanʼat, taʼlim, tadqiqot va madaniy muloqot markaziga aylantirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha tarixiy merosni asrab-avaylash va unga zamonaviy mazmun berishning yorqin namunasidir.

Fransiyaning mashhur Studio KO byurosi tomonidan ishlab chiqilgan arxitektura konsepsiyasi tarixiy meros va zamonaviy infratuzilmani uygʻunlashtirgan. Markazda koʻrgazma zallari, taʼlim va jamoat maydonlari, kutubxona hamda tadqiqot infratuzilmasi faoliyat yuritadi.

Eng muhimi — bu yerda nafaqat tarix saqlab qolindi, balki unga yangi mazmun berildi. Ilgari energiya ishlab chiqarilgan makonda bugun ijod, yangi gʻoyalar, sanʼat va insonlar muloqotining yangi energiyasi yuzaga keladi.

CCA Tashkent nafaqat Toshkentning, balki Markaziy Osiyoning yangi madaniy joziba nuqtalaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Bu yerda zamonaviy sanʼat bilan bir qatorda maʼruzalar, kinonamoyishlar, tadqiqotlar, munozaralar, konsertlar, performanslar va turli madaniy-taʼlim tadbirlari oʻtkaziladi.

Veb-sayt |Telegram | Facebook |YouTube | Instagram