Sarlavhani oʻqib, hayron boʻldingizmi? Eslab koʻring, bunday gapni avval ham eshitgansiz yoki bobo-buvilaringiz aytganda guvohi boʻlgansiz, biroq ahamiyat bermagansiz.

Qishda qor  yogʻmasa…

Bugun 2025-yil 3-mart. Bahorning ilk kunlarida yana qor yogʻdi, ammo havo iliq. Ochigʻi, qahraton deb sifatlanuvchi qish tugagan boʻlsa-da, shu kungacha noyabrning oxiri va dekabrning boshidagina qor yogʻdi. Shundan keyin ikki-uch marta oyoq izi tushgan qorni aytmasa, qishda qor yogʻmadi, hisobi. Necha yildan beri yangi yil bayramida ham yuzlab Qorbobo bilan Qorqiz bor-u, qor yoʻq...

Nega bunday boʻlyapti? Baʼzan “tabiat insoniyatdan qasos olyaptimikan”, deb ham oʻylab qolamiz. Ammo xulosa qilishga shoshilmang. Gidrometerologiya mutaxassislari yoki hayotdan saboq olgan keksalar, tabiat ishoralarini yaxshi ilgʻaydigan “bilarmon” chorvador, dehqon kishilar bilan suhbatlashsangiz, bunday qish avvallar ham koʻp kuzatilganini aytishadi. Chunki mutaxassislar texnik vositalar yordamida, dehqonchilik va chorvachilik bilan muntazam shugʻullangan kishilar esa tabiat belgilariga qarab, hayotiy kuzatuvlariga asoslanib, yaqin kelajakni oldindan tasavvur eta oladilar. Bunday kuzatuvlar kecha yoki bugun paydo boʻlmagan.

Tarix guvohlik beradiki, insoniyat azal-azaldan jonli va jonsiz tabiatni, nabotot va hayvonot dunyosi sir-asrorlarini bilishga qiziqqan. Hali ilm-fan rivojlanmagan davrlardayoq quyosh, oy va yulduzlarni, koinot va atmosfera hodisalarini sinchkovlik bilan kuzatib, maʼlum bir xulosalarga kelishgan. Bunday xulosalar esa aksariyat hollarda oʻz isbotini topgan. Yillar oʻtishi bilan bu kuzatuvlar takomillashib, avloddan avlodga oʻtib, siz-u bizgacha yetib kelmoqda.

Xoʻsh, qishda koʻp qor yogʻmayotganini keksalar, koʻpni koʻrganlar qanday izohlaydi?

Ikki asrni koʻrgan keksalarimizning aytishicha, birinchi qor yoqqanda momaqaldiroq guldurasa, “qish bola tashladi”, deyiladi. Bu esa qishning deyarli yogʻingarchiliksiz oʻtishini, dehqon va chorvadorga ogʻir boʻlishini anglatadi. 1968-yil yoki 2011-yilning qishidagidek yanvar oyida yigirma kunlab yerdagi qor erimagan holatlar kuzatilmaydi. Hojiboy Tojiboyev aytgandek, u tomdan bu tomga sakrayotgan yovvoyi mushuk ikki tom oʻrtasida qotib qolmaydi...

Yana oʻsha “bilarmon”larning aytishicha, bahordan tashqari yoz, kuz va qishda chaqin chaqnasa, dehqonlar “bir faslni urib ketdi” deyishadi. Bu oʻtayotgan faslning odatdagidek boʻlmasligini bildiradi. Yana kuzda teraklarning barg toʻkishiga qarab ham qish qanday kelishi taxmin qilinadi. Agar teraklar kuzda tepadan boshlab barg toʻksa, qish qattiq keladi, pastdan boshlab barg toʻksa, qish yengil oʻtadi, deyiladi. 2024-yilning kuzida ham daraxtlar pastdan barg toʻkkan edi...

Endi bahorning kelishi haqida ikki ogʻiz. Turnalar barvaqt uchib kelsa, bahor erta boshlanadi, deydi dehqonlar. Bu qushlar toʻp-toʻp boʻlib oʻyin-raqsga tushsa, kun isiydi, ular qichqirsa yomgʻir yogʻadi, deb taʼbir qilishadi. “Bilarmon” dehqonlar turnalarning koʻklamgi uchib kelishigagina emas, balki kuzda issiq oʻlkalarga uchib ketishiga ham eʼtibor berar ekan. Ularning koʻp yillik kuzatuvlariga qaraganda, kuzda turnalar baland uchsa, kuz uzoq vaqt davom etadi. Ular barvaqt va pastlab uchib ketishsa, qish qattiq kelarmish…

Tabiat ishoralari nimalardan darak beradi?

El orasida hisobdon kishilar boʻladi. Bunday xislat koʻproq choʻponlarda uchraydi. Chunki ular yilning asosiy qismini dalada va tabiat qoʻynida oʻtkazishadi. Shu boisdan sal eʼtiborlilari, ota-bobolaridan eshitgan va oʻzlari kuzatganlari asosida koʻp oʻtmay “bilarmon”ga aylanishadi. Ular tabiatdagi oʻzgarishlarni kuzatib, faslga baho beradilar. Eng, qizigʻi, ularning aytganlari koʻpincha toʻgʻri chiqadi.

Keling, Samarqand viloyati, Nurobod tumanining G‘allakor qishlogʻida yashovchi choʻpon Shavkat Bobomurodovning koʻpyillik kuzatuvlariga quloq tutaylik.

– Ertalab tuman boʻlsa, havo ochiladi, kechqurun tushsa, yogʻingarchilik boʻladi.

– Qaldirgʻoch past uchsa, qora qargʻa oʻynasa, ot xirillasa – ob-havo ayniydi.

– Havoda chivin oʻynasa, qumursqa qanotlansa, oʻrgimchak toʻr toʻqisa, chuvalchang yer yuziga chiqsa, qurbaqa qattiq qurillasa, ilon toblansa, qaldirgʻoch choʻmilsa, qargʻa pastlab uchsa, turna sayrasa, mushuk eshikni timdalasa, ot tepinsa, sigir sutini tortsa, ariq suvi koʻpiklanib oqsa, kunchiqar tarafdan shabada essa, havo qattiq isisa, shudring tushmasa, tutun yuqoriga oʻrlamasa – yomgʻir yogʻadi.

– Kamalak paydo boʻlsa – yomgʻir tinadi.

– Qushlar chugʻurlashsa – havo ochilib ketadi.

– Parrandalar pastlab uchsa, qargʻa qagʻillasa, tuya oʻyinga tushsa – qor yogʻadi.

– It qorda oʻynoqlasa, ot yoʻlga yotsa – boʻron turadi.

– Chuvalchang yerga kirsa, qaldirgʻoch baland uchsa, boyoʻgʻli sayrasa, oʻrdak choʻmilsa, gʻoz boshini yashirsa, tumshugʻini taqillatsa, bir oyogʻi yoki tumshugʻini qanoti orasiga tiqsa, it qorga agʻanasa, sigir orqa oyogʻini qaltiratsa, ertalab quyoshni tuman berkitsa, bulut siyrak boʻlsa – sovuq boʻladi.

– Chigirtka chirillasa, gʻoz yuvinsa, oʻrdak qichqirsa, turna oʻyinga tushsa, it yoʻlga yotsa, ot pishqirsa, sigir yotsa – havo isiydi.

– Ertalab oftob qizarib chiqsa – havo bulutli boʻladi yoki yogʻingarchilik boʻladi.

– Quyosh qizarib botsa yoki ufq alvon tusga kirsa – ertangi havo ochiq boʻladi.

Yana bir kuzatuvni aytishim mumkin.

Qor maydalab yoqqanda havo sovuq boʻladi. Agar qor oʻrtacha kattalikda yogʻsa, havo yaxshi boʻladi. Agar laylakqor yogʻsa, u uzoq vaqt yogʻmaydi, havo ham yoqimli boʻladi.

El ogʻzidagi gaplarni elab koʻrsak…

Xalqimizda shunday gaplar, iboralar yuradiki, ularga eʼtibor qilsangiz, bir elakdan oʻtkazsangiz, hech biri bekorga emas. Hammasida ulkan-ulkan maʼno mujassam. Ular shunday qiziqarli va jozibali ifoda etiladiki, bu xalqimizning nafaqat donishmandligi, balki shoirligidan ham bir nishona. Shu bilan birga, hali hammasi oldinda ekanini ham bildiradi. Mana, eʼtibor qiling:

“Qishning bir kuni qolsa qoʻrq”, bu – hali “qor yogʻmayapti, qish boʻlmayapti”, deb xulosa qilishga shoshilmaslikni bildiradi.

“Aziz momo olti kun,

Qaltirasa – qatti kun,

Sakransa – sakkiz kun,

Toʻqransa – toʻqqiz kun,

Oʻqransa – oʻn kun”, bu – qishning toʻqsoni tugab bahor oldidan Aziz momo kunlari qanday boʻlishiga ishora.

“Ayamajuz olti kun,

Olti oy qishdan qattiq kun” – qishning oxirida keluvchi olti kunlik ayamajuz kunlari tabiat oʻzgarib, olti oylik qishdan ham qattiq boʻlishi mumkinligidan belgi beradi.

“Yozning kuni – yuz turli, Qishning kuni – qirq turli” – barchasiga qodir tabiat tong otguncha siz-u bizga boshqa bir manzarani tuhfa eta oladi.

“Yoz – yozil, qish – qisil” – tejamkorlik kerakligiga ishora.

“Toqqa qalin qor tushgani – Yerning qonib suv ichgani” – baland togʻlarimizdagi qorlarni koʻrib, koʻngilni biroz xotirjam qilish mumkin, degani.

“Qish qishligini qilmasa, Yoz yozligini qilmas” – qishda hammasi risoladagidek boʻlmasa, yozda toʻkin-sochinlik boʻlmasligiga ishora.

“Qishning qori – yozga dori” – qor yogʻsa, yerdagi zararli hasharotlar oʻlishini va natijada yer unumdor boʻlishini bildiradi.

Demak, “qish tugab qoʻydi, endi qor yogʻmaydi, degan xulosa chiqarishga erta. Hali oldinda “Toʻqson, bir kunimcha yoʻqsan”, deb Aziz momo shaylanib turibdi.

El ogʻzidagi qiziqarli iboralar

– Yomgʻirdan soʻng kamalak chiqib, momaqaldiroq boʻlsa, “boʻri bolaladi”, deyishadi.

– Quyosh chiqib turganda yomgʻir yogʻsa “boʻri tugʻayapti”, deyishadi. Baʼzilar esa bu holatni “tulki qizini erga beryapti”, ham deydi.

– Iliq havoda osmondan qor emas, patga oʻxshash momiq tushsa “qantar yogʻyapti”, deyishadi.

– Kechqurun momaqaldiroq gumburlab, ertalab qor yoqsa, “Qish bola tashlab qoʻydi”, deyishadi.

Xoliyor SAFAROV