19-yuzyillik oxiriga kelib butun dunyoda ayollar masalasi kun tartibidagi muhim masalalardan biriga aylandi. Mamlakatlarda davlat boshqaruvi, fan, texnika va madaniy sohadagi oʻzgarishlar ayollarning jamiyatdagi mavqeiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Bu davrda Turkiston mintaqasi va Xitoy hududidagi ayollarning oila va jamiyatdagi oʻrni diniy qoidalarga qarab belgilanar, koʻp hollarda ularning ijtimoiylashuviga yoʻl qoʻyilmas edi. Buyuk xitoy faylasufi Konfutsiy ayolning oiladagi oʻrni va xulq-atvori qoidalari haqida gapirganda, uning otasiga itoatli boʻlishi, turmushga chiqqanidan keyin eriga boʻysunishi, eri vafot etganidan keyin esa oʻgʻillariga itoat etishi lozimligini taʼkidlagan boʻlib, bu taʼlimot Turkiston mintaqasidagi diniy ulamolarga ham xos edi. Turkiston mintaqasi jamiyatida ham ayollarga bolaligidan shu qoidalar singdirilardi.
Xitoyda gender tengsizligi ayolning erkakka boʻysungan holatini yanada kuchaytirgan. Erkaklar kanizaklar olish huquqiga egaligi holda, ayollar ikkinchi bor turmushga chiqishdan mahrum boʻlgan. Ikkinchi bor erga tegish sharmandalik hisoblangan va qattiq qoralangan.
Xitoyda ayollarga bolaligidanoq jismoniy qiynoq joriy qilingan boʻlib, bu qadimdan maʼlum boʻlgan “oyoqni bogʻlash” anʼanasi edi. Qiz bola 14–18 oylik boʻlgach, “oyogʻini bogʻlash” amalga oshirilgan. Tan sulolasi davrida bu odat oqsuyaklar orasida tarqalgan boʻlsa, Min sulolasi davriga kelib, oddiy xalq orasida ham ommalashgan edi. Sin sulolasining soʻnggi davrida ushbu anʼanani taqiqlash uchun amaliy harakatlar boshlangan. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgandan keyin esa oyoqni bogʻlash anʼanasi butunlay yoʻq qilingan.
19-yuzyillik oxirida “Osmonli oyoq jamiyati”ning tashkil topishi bilan “oyoqni bogʻlash” odatidan voz kechish boshlangan. “Tyanszu” (“tabiiy oyoqlar”) atamasi keng tarqalgan va butun Xitoy jamiyati ayollarning oyogʻini bogʻlashni toʻxtatishga chaqirilgan. Sin davri islohotchilaridan Kan Yuvey shaxsiy erkinlikka, tenglik va mustaqillikka ishongan ayollar ozodligini qoʻllab-quvvatlagan va bu yoʻnalishda katta saʼy-harakat olib borgan. Shuningdek, Lyan Sichao ham ayollar millat taraqqiyotiga katta hissa qoʻshishiga va millatni mustahkamlashiga, erlariga yordam berishi va bolalarni tarbiyalashiga ishongan holda bu gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlagan. 1920-yillardagi “Fanszu” (“Oyoqlarni ozod qilish”) harakati hamda Respublika davridagi tashabbuslar bu muammoni maʼrifat orqali hal etish va uni butunlay yoʻqotish yoʻlidagi ilk muhim qadamlardan boʻlgan.
Aynan shu davrdan Xitoyda ayollarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy jarayonlarda faol ishtiroki boshlaganini ham taʼkidlash lozim. 19-asrning ikkinchi yarmida boʻlib oʻtgan “Taypinlar qoʻzgʻoloni”da Li Sinmey ismli ayol alohida jasorat va matonat koʻrsatgan boʻlib, uning ikki ming nafardan iborat harbiy boʻlinmasi boʻlgan. Taypinlar erkaklarni ayollarga nisbatan teng, opa-singillardek munosabatda boʻlishga chaqirganlar.
Ayni shu davrda Buxoro amirligi, Xiva va Qoʻqon xonligida shariatga koʻra toʻrttagacha xotin olishga ruxsat berilgan. Ayollar jamoa ishlariga jalb qilinmagan. Ularning iqtisodiy xarajatlari dastlab otasi, soʻngra eri va farzandlari tomonidan qoplangan. Xitoy jamiyatidan farqli ravishda xonliklarda eri oʻlib beva qolgan xotin ikkinchi marta turmushga chiqishi mumkin boʻlgan. Turmushga chiqqanda qiz bolaga 150 tanga, juvonga ikkinchi bor oila qurganda 75 tanga shaxsiy xarajatlari uchun mahr (nikoh qilingan paytda kelinga beriladigan moliyaviy haq) berilgan. Ayollar sogʻlom farzand tugʻib, voyaga yetkazuvchi sifatida qaralgan. Xonliklarda xotin-qizlarning koʻchada oʻranib yurishi majburiy boʻlgan. Jadidchilik harakatining yirik namoyandasi va yetakchisi Mahmudxoʻja Behbudiy Istanbul, Qohira, Damashq shaharlarida ayollarning yuzlari ochiq holatda yurishlari, masjidga borib namoz oʻqishlari, oʻz uylaridek tikish tikib oʻtirganlarini koʻrib hayratga tushgan. Bozorlarda erkaklar bilan barobar savdo bilan shugʻullanayotgan ayollarning oʻz ishining ustasi ekanligiga guvoh boʻlgan. Barcha sohalarda islohotlar qilishni yoqlab chiqqan Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston jamiyatidagi ayollar mavqei oldingidek saqlanib qolishi tarafdori boʻlgan va ayollar masalasida anʼanaviylik fikrida qolgan: “... Masalan, xotunlar masalasini hozir oʻrtadan chiqarmoq kerak. Mana bul butun Turkistonni ixtilofiga sabab boʻlub, doʻstlarimiz bagʻrini qon va dushmanlarimizni xursand etar. Bizni ittifoqimizni xohlaganlardan rijo etarmizki, xotunlar masalasidan hozir bahs etmasunlar va muvaqqat zamongʻa havola etsunlar”.
Oʻz davrining yetuk ulamolaridan boʻlgan Buxoro amirligi muftiysi Domla Ikrom ayol kishi ichki ziynatini koʻrsatishi mumkin boʻlganlarni uch guruhga boʻladi. Birinchisi, eri boʻlib, u mahram hisoblanadi va unga ayolning hamma joyi halol hisoblanadi. Ikkinchisi, oʻgʻli, otasi, aka-ukalari, bobosi, erining otasi, bir qorindan tugʻishganlari, goʻdaklar boʻlib, ularga ayolning sochiga, koʻksiga, boldiriga, tirsagigacha qarashlariga ruxsat berilgan. Muallif uchinchi guruhga keksa yoshdagilar, aqli zaiflar va ayolga xizmat qiluvchi qullarni kiritadi. Ammo bu guruhga kiruvchilar oldida ayol yosh boʻlsa, tanasini toʻliq toʻsib turuvchi uzun kiyim bilan oʻtirishi kerak, deb hisoblaydi.
Xitoyda oddiy tabaqaga mansub ayollar taʼlim, malaka va hunardan mahrum boʻlgan va erkaklarga toʻliq tobe’ holatda yashaganlar. Faqat yuqori tabaqaga mansub ayollarning taʼlim olish huquqi mavjud boʻlgan. Bu davrda Turkiston mintaqasi xonliklarida qiz bolalar otinoyi va bibixalfalar tomonidan tashkil qilingan maktablarda oʻqish, yozish, hisob va turli hunarlarni oʻrgatishga jalb qilingan. Diniy bilimlar oʻrgatilgan. 20-yuzyillik boshlariga kelib, jadidlar ayollarning dunyoviy bilim olishlarini yoqlab chiqqanlar. Abdurauf Fitrat farzand tarbiyasi bilan onalar shugʻullanganligi uchun ularning zamonaviy bilim olishlari muhim deb hisoblagan: “Modomiki, ilm olish har bir odam uchun diniy va dunyoviy majburiyatlarga kirar ekan, ayollar ham ilm oʻrganishlari shartdir”.
Xitoydagi ayollarning haq-huquqlarini himoya qilish, jismoniy zoʻravonlikka qarshi kurash, xotin-qizlar taʼlimini ommaviy ravishda yoʻlga qoʻyish uchun harakatlarda shanxaylik islohotchilar yetakchilik qilgan. Mashhur yozuvchi Syue Shaouxey ushbu harakatning yirik namoyandasi va yetakchilaridan boʻlgan. U 1897-yili ayollar taʼlimi uchun dastur ishlab chiqqan. Unda toʻrt asosiy jihatga eʼtibor qaratgan:
₋ Fude – ayol fazilati;
₋ Fuyan – ayol soʻzi;
₋ Fugun – ayol mehnati;
₋ Fujun – ayol koʻrinishi.
Syue Shaouxey ayollar taʼlim dasturiga geografiya va tarix fanini oʻqitishni ham kiritishni tavsiya qilgan. Uning fikricha, xotin-qizlar geografiya fani orqali “besh qitʼa kengliklari” va “Xitoy tog‘-u daryolari hamda ularning goʻzalligi” haqida bilimga ega boʻlishlari mumkin boʻlgan. Tarix fanini oʻqishi natijasida asrlar davomida ayollarning xulq-atvori qanday mezonlar bilan baholanganini bilishi mumkin boʻlgan. Shuningdek, yozuv (kalligrafiya) va rassomlik sanʼatini oʻrganish ayollarda badiiy did va estetik hisni rivojlantirishga qaratilgan; tibbiyot asoslari esa ayollar va bolalar sogʻligʻini mustahkamlashga yordam berishini koʻzlagan.
Shanxaylik taniqli yozuvchi Chjan Chjiszyun ham islohotchilik harakatida faol qatnashgan hamda ayollarni zulm va tazyiqlarga qarshi kurashishga daʼvat etgan. Asarlarida ayollar azob-uqubatlari va hayotdagi qiyinchiliklarini yoritib bergan ijodkor sifatida tanilgan.
Turkiston mintaqasida esa qizlarni erta turmushga bermaslik, dunyoviy bilimlar va chet tillarini oʻrgatish zarurati, koʻpxotinlikka qarshi daʼvatlar Toshkent, Samarqand, Buxoro jadidlari tomonidan ilgari surilgan. Mahmudxoʻja Behbudiy xotin-qizlarga chet tillarni oʻrgatish kerakligini taʼkidlab, “Taraqqiy etgan millatlarni onalari oʻqitar ekan, biz avval onamizni oʻqutub, anga til oʻrgatmoqimiz kerak. Chunki bizni ilm va tilsizligimiz alardandir”, degan boʻlsa, Abdurauf Fitrat diniy va dunyoviy bilimlarning ayollar uchun muhimligiga toʻxtalib oʻtgan: “Modomiki, ilm olish har bir odam uchun diniy va dunyoviy majburiyatlarga kirar ekan, ayollar ham ilm oʻrganishlari shartdir”, deydi.
Toshkent, Qoʻqon, Fargʻona ayollari tomonidan milliy matbuotda qizlarni maktab va madrasalarda oʻqitib, oʻzi istagan kasbi bilan shugʻullanishiga ruxsat berish, ularni oila qurishga tayyorlash bilan cheklamaslik masalasi koʻtarilgan. “Jalilova” imzosi bilan chop etilgan “Xonimlar tovushi” maqolasida keraksiz odat va marosimlardan voz kechish, qiz bola tugʻilgandan boshlab sandiq-sandiq sep yigʻish oʻrniga tartibli maktablar ochib ularni oʻqitish, diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlarni oʻrgatish, ayol muallimalar, muharrirlar, qozilar, shifokorlar yetishtirish vaqti kelgani taʼkidlanadi.
Xitoyda 1897-yil 6-dekabrda ilk marta “Syuy syuexuey” nomli ayollar ilmiy jamiyati tashkil etilgan. Uning tarkibida 122 nafar aʼzo boʻlib, shulardan 100 nafari ayollar, 12 nafari erkaklar boʻlgan. Ayollar orasidagi ishtirokchilarning asosiy qismini islohotchilarning qarindoshlari tashkil etgan. Birinchi majlis xayriya yigʻimlarini tashkil etish va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokamasi bilan ochilib, adabiy chiqishlar bilan hamroh tantanali banket bilan yakunlangan. Banket vaqtida ilk ayollar jurnali asoschilaridan, muharrir va 1898-yili ochilgan maktab oʻqituvchisi Szyan Lan oʻzining ayollar taʼlimini rivojlantirish rejasi bayon etilgan “Mukammal va aybsiz” deb atalgan essesini taqdim etgan. Unda u nafaqat stipendiyalar koʻrinishidagi moddiy yordam zarurligini, balki ayollarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish muhimligini ham taʼkidlagan.
Ushbu majlis natijasi oʻlaroq Szin Yuanshan tadbir ishtirokchilari tomonidan yozilgan yigirma uchta sheʼrni jamlab, “Fikrlar toʻplami”ni (1898) yaratgan. Shu yilning oʻzida zamon ruhi va ayollarning taʼlimga intilishini koʻrsatuvchi “Sinven bao” (1898), “Nyuy syuebao” (1898) va “Vango gunbao” (1898) kabi yigirma beshta sheʼriy asar chop etilganini ham qayd qilish joiz.
1898-yil 31-may kuni Xitoyda ilk qizlar maktabi ochilgan va unda 16 ta oʻquvchi taʼlim olgan. Bir oydan keyin ularning soni 20 taga yetgan. Maktab ochilishiga oid “Vaqtinchalik nizom”da maktabda faqat nufuzli oilalarning qizlari oʻqishi belgilangan boʻlib, shu yilning kuzida yana bir maktab tashkil qilingan. Bu ikki yillik faoliyat davomida 70 nafar qizlarga taʼlim bergan. Maktabda 16 ta fan oʻqitilgan boʻlib, kimyo, fizika, geografiya, matematika shular jumlasidandir. Qizlarga sanʼat va qoʻl mehnati bilimlari ham oʻrgatilgan.
Li Jun, Xuan Szinyuy va Li Xueysyan kabi ayol-jurnalistlar 1898-yil 24-iyulda ilk bor “Neysyuebao” (“Ayollar taʼlimi”) gazetasiga asos solganlar. Gazetaning birinchi sonida maqolalar mualliflarining familiyalariga “nyuyshi” – yaʼni “ayol olim”, “ziyoli ayol” degan unvon qoʻshib yozilgan. Gazetaning asosiy maqsadi 200 million xitoylik ayolni qutqarish va ular uchun teng huquqlarni qoʻlga kiritish boʻlgan.
19-asrning oxirlaridan boshlab ayollarning ahvoli millatning umumiy holatini koʻrsatuvchi koʻrsatkich sifatida qarala boshlangan va bu Xitoyning jahon sahnasidagi mavqei uchun muhim ahamiyat kasb etardi. Shu vaqtgacha anʼanaviy ayol obrazi faol tarzda targʻib qilingan boʻlsa, endi unga qarshi ravishda “yangi ayol” – bilimli, savodli, vatanparvar va mustaqil shaxs obrazi ilgari surila boshlangan.
1900-yillari Xitoy jamiyatida ayollar masalasi boʻyicha muhokamalar paydo boʻlishiga Ma Szyunyun (1881–1940) tomonidan Yevropa olimlarining Gerbert Spenserning “Ayollar huquqlari”, Djon Styuart Millning “Erkinlik haqida” va “Ayolning boʻysundirilishi” asarlaridan qilingan tarjimalar ham sabab boʻlganini qayd etish joiz. Bu nashrlar aholi, ayniqsa yoshlar orasida “erkak va ayol teng huquqli”, “tenglik” kabi tushunchalarning keng tarqalishiga xizmat qilgan.
1907-yilga kelib, Xitoy hukumati qizlar maktabi tashkil qilishga ruxsat berishi munosabati bilan “Uben qizlar maktabi”, “Chendun ayollar maktabi”, “Szunmen ayollar maktabi”, Say Yuanpeyning “Vatanparvar ayollar maktabi” ochilgan. 1908-yil iyulda Szinshi ayollar pedagogika maktabi tashkil etilgan boʻlib, 1912-yili Pekin ayollar pedagogika kollejiga, 1919-yili esa Oliy pedagogika maktabiga aylantirilgan.
1911-yilga kelib Xitoy ayollarining harbiy sohada ham iqtidorga ega ekanliklari maʼlum boʻlgan. Ayollar Sinxay inqilobi hamda Uchang qoʻzgʻolonida faol ishtirok etganlar. Ge Szinxua tashabbusi bilan ayollar harbiy qismi tuzilgan boʻlib, uning qoʻmondoni etib katta nufuz va hurmatga ega boʻlgan ayol – Chjan Chjaoxan – yaʼni Chjan Mojun tayinlangan. U Shanxay hokimi Chen Simeyga yoʻllagan maktubida shunday deb yozgan edi: “Biz hamfikr ayollarni yigʻib, vatandoshlarimizni qutqarish va asosiy kuchlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida adolatli qoʻshin tuzishga qasam ichdik”. Oʻn kun ichida 100 nafar ayol ixtiyoriy ravishda bu qismga qoʻshilish istagini bildirganini tarixiy hujjatlar tasdiqlaydi. Xitoyda ayollarga nisbatan jismoniy va ruhiy zoʻravonlik ularning qattiq irodali boʻlishlariga sabab boʻlgan.
Sinxay inqilobidan soʻng ayollarning emansipatsiyasi (tobelikdan xoli boʻlish) masalasi yangi bosqichga koʻtarildi. Inqilob davrida tuzilgan Gomindan partiyasi faoliyatida ayollarning haq-huquqlari uchun kurash yangi bosqichga chiqqan. Chen Dusyu va Lu Sin kabi siyosiy arboblar feodal odob-axloq va fanatizmga qarshi faol kurash olib borganlar. “Ayollar ittifoqi”, “Yangi ayollar” kabi uyushmalar tashkil etilgan, shuningdek, “Yosh ayollar gazeti”, “Ayollar gazeti”, “Ayollar va oila masalalari”, “Ayollar harakati ozodlik gazeti” oʻz faoliyatini boshlagan. Gazetalarda erkak va ayollar tengligiga chaqiriq, ayollar uchun majburiy taʼlim huquqi, ovoz berish huquqi, mehnat sharoitlarini yaxshilashga bagʻishlangan maqolalar muntazam chop etilgan. Ayollarga gʻarb taʼlim tizimlari, ipakchilik, toʻqimachilik va boshqa kasblarni oʻrganish, shuningdek turmush oʻrtoqni tanlash haqida maʼlumot berilgan. 1912-1913-yillarda oʻgʻil va qizlarning birgalikda taʼlim olishiga ruxsat beruvchi qonun qabul qilingan. Bu kabi ishlar ayollarning aholi orasida siyosiy taʼsirini mustahkamlashga xizmat qilgan.
19-yuzyillik oxirlarida boshlangan islohotlar uchun kurashlar natijasi oʻlaroq 1917-yilga kelib Xitoyda kollej va maktablarda taʼlim olayotgan qizlar soni taxminan 200 ming nafarga yetgan.
20-yuzyillik boshlariga kelib Xitoy ayollari jamiyat hayotida oʻz oʻrnini topib, jamoatchilik faoliyatiga qoʻshila boshlagan. Hukumat buni qonuniylashtirishga qaror qilgan va ayollarning faoliyati qoʻllab-quvvatlangan. Endi ayollar uyushmalarga birlashib, erkaklarga beriladigan bepul taʼlim huquqini, shuningdek shaxsiy va oilaviy hayotlarini mustaqil tartibga solish huquqini talab qilishi mumkin boʻlgan. Yangi qonunga koʻra, erkak va ayollar tengligi qonuniy ravishda mustahkamlangan. Ayollarga oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish huquqi ham berilgan va 1920-yili Pekin universiteti ilk bor 9 nafar qiz talabani qabul qilgan[1].
Ayni shu davrda Turkiston Avtonom Respublikasi, Buxoro Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati, Xorazm Xalq Shoʻrolar Jumhuriyatida xotin-qizlar masalasi kun tartibidagi muhim vazifaga aylangan. Qizlarning taʼlim olishi, erta turmushga bermaslik, davlat va jamoat ishlariga jalb qilish ishlari amalga oshirila boshlandi. Ilk bor oʻzbek qizlari Rossiya va Germaniyaga oliy va oʻrta-maxsus taʼlim olib kelish uchun yuborilgan. Ulardan biri toshkentlik maʼrifatparvar boy Majidxon Jalilovning qizi Xayriniso Majidxonova (1905–1938) boʻlib, 1922-yil kuzida Germaniyaga oʻqishga yuborilgan. 1924–1926-yillari Darmshtadt shahrida Oʻqituvchilar seminariysida, tibbiyot kurslarida oʻqigan. Nemis tili va adabiyotini puxta oʻrgangan. 1928-yili Oʻzbekistonga qaytib, 1937-yil 13-sentyabrga qadar shifokor boʻlib ishlagan[2].
Yana bir oʻzbek qizi, “Yosh xivaliklar” harakatining faol ishtirokchilaridan maʼrifatparvar Mulla Jumaniyoz oilasida tugʻilgan Maryam Sultonmurodova (1905–1971) 1922-yili Germaniyaga taʼlim olish uchun ketgan. Dastlab Darmshtadt shahrida Berlin universiteti qoshidagi nemis tili kursini tugatgan. 1924-yili Darmshtadtga borib, 1926-yilgacha oʻqituvchilar seminariysida oʻqigan. 1927-yil Berlinga kelib, bir yil amaliy mashgʻulot oʻtagan. 1928-yil oʻqishni tugatib, Oʻzbekistonga qaytgan.
Bir narsani taʼkidlash joizki, barmoq bilan sanarli bu iqtidorli qizlarning mustamlaka sharoitida Germaniyada tahsil olishi oson kechmagan. Xayriniso Majidova 1922-yili Toshkentda tuzilgan “Koʻmak” jamiyatining homiyligida oʻqishga ketgan boʻlsa-da, uning moddiy taʼminoti otasi tomonidan qoplab borilgan – Xorazm Xalq Sovet Respublikasidan oʻqishga borgan, ammo hukumat tomonidan moddiy yordam berilmagan. Bu haqda oʻsha vaqtda Germaniyada tahsil olayotgan Sattor Jabborning: “Oramizda Maryamxon, Xayriniso, Saodatxon otliq oʻqish uchun mamlakatimizdagi toʻsiqlarga qarshi Ovrupoga otilgan fidokor qizlarimiz ham bor. Ularning oʻqishlari yaxshi. Biroq, xivalik Maryamxon moddiy tomondan yaxshi taʼmin qilinmagani uchun yoʻllarida koʻp chatoqliklar koʻradir. Chindan hayot xotini boʻlmoq va Turkistonda qolgan opa-singillarining istiqboli uchun hech kim koʻrsatmas qahramonlik qilib kelgan qiymatlik qizimizga Xorazm Jumhuriyatining shunday sovuqqonlik bilan qarashiga Turkiston yoshligi taassuf aytmay tura olmaydir”, deb yozgan maʼlumotlari orqali bilib olish mumkin.
Bu kabi qiyinchiliklar qizlarning irodasini buka olmagan, ular oʻqishni tamomlab oʻz yurtiga qaytgan.
1924-yil 8-martda Xitoy ayollari ilk bor 8-mart – Xalqaro ayollar kunini nishonlaganlar. Bu tashabbus Gomindan partiyasi Markaziy qoʻmitasining Ayollar boʻlimi tomonidan ilgari surilgan. 5-mart kuni Guanchjoudagi “Republic Daily” gazetasida quyidagi eʼlon berilgan: “8-mart – Xalqaro kun boʻlib, dunyo boʻylab ayollar birlik namoyishlarini oʻtkazadilar. Xitoy ayollari uzoq vaqtdan beri zulmga uchraganlar, shu kuni ozodlik uchun kurash olib borishi kerak. Guanchjou ayollari ham shu kuni ommani uygʻonish va birlashishga chaqirish uchun chiqishi lozim!”. 8-mart kuni soat 10:00 da Jisin maktabi, Oliy pedagogika maktabi, Tusyan maktabi, Ayollar kasb taʼlimi instituti va boshqa 20 dan ortiq taʼlim muassasalaridan taxminan minglab talaba qizlar, “Ayollar federatsiyasi” tashkilotlari vakillari Guanchjou Birinchi bogʻida yigʻilganlar. Partiyaning faol ayollari Xe Syannin va Szen Sin nutq soʻzlab, ayollarni Milliy inqilobda faol ishtirok etishga chaqirganlar.
Bayramda quyidagi muhim shiorlar ilgari surilgan: “Ayollar mehnat huquqi, teng taʼlim, teng maosh va ovoz berish huquqini talab qilamiz!”, “Birgalikda yashash va koʻp xotinlikni bekor qilaylik!”, “Ayollar xodimlarni himoya qilish, ona va bola himoyasi haqida qonunlarni qabul qilishni talab qilamiz!”, “Qullarini ushlashni taqiqlaylik!”, “Yosh qizlarni nikohga beruvchi tizimni bekor qilaylik!”, “Qotillik va xotin sotish tizimini bekor qilaylik!”, “Sakkiz soatlik ish kunni joriy qilaylik!”. Bu shiorlar ayollarning manfaatiga xizmat qilgani uchun Xitoy jamiyatining barcha qatlamlaridagi ayollarda katta qiziqish uygʻotgan va qoʻllab-quvvatlangan.
Ammo ayollarning erkinligi va tengligi butun Xitoy hududida bir xil amal qilmagan. Faqatgina Xitoy Xalq Respublikasining tuzilishi bilan ayollar masalasi uzil-kesil hal qilingan. 20-yuzyillikning oʻrtalariga kelib ayollarga oilaviy hayotda oʻz manfaatlarini himoya qilish huquqi, jinslar tengligi, hokimiyat organlariga ovoz berish va saylanish huquqi hamda boshqa huquqlar berilgan.
Xitoyda ayollarning ijtimoiy mavqei bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi jarayonida ayni shu davrda Turkiston mintaqasi ayollari uchun ogʻir kechganini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. 20-yillarda Turkiston, Buxoro va Xorazm Respublikalarida respublika, viloyat, tuman va mahallalarda xotin-qizlar boʻlimi tashkil qilingan. Har bir xonadonga kirib, ayollar uchun oʻquv kurslari tashkil qilingani juda ehtiyotkorlik bilan tushuntirib chiqilgan. Savod chiqarish kurslari, maxsus xotin-qizlar klublari, artellar va doʻkonlar tashkil qilingan. Bu yerga tashrif buyurgan ayollarga hunar oʻrgatish, savodini chiqarish fonida paranji tashlash boʻyicha targʻibot ishlari amalga oshirilgan.
3-4 yillik targʻibot sezilarli natija bermagach, 1926-yil sentyabrda Oʻrta Osiyo partiya komitetlarining xotin-qizlari boʻlimlari xodimlari ishtirokida kengash oʻtkazilgan va ayollar boʻyicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish hamda uni majburiy ravishda oʻtkazishga qaror qilingan. Bu majburiy tadbir “Hujum” deb atalgan. Goʻyoki hujum uslubida ayollar muammosini hal qilishga kirishilgan. 1926-yili bu kampaniyani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston SSRda maxsus komissiya tuzilgan.
1927-yil 8-mart kuni Oʻzbekistonning barcha hududlarida yuzlab mitinglar tashkil qilingan va minglab ayollar paranji tashlagan. Bu tadbirni oʻtkazishda islom anʼanalari, oʻzbek oilasidagi erkak va ayol munosabatlari, milliy urf-odatlarimiz inobatga olinmagan. Rasmiy hujjatlarda 1927-1928-yillari Oʻzbekistonda 2,5 mingdan ortiq paranji tashlagan ayollar oʻldirilgani koʻrsatilgan. Ayollarning oʻldirilishi ortidan 1928-yili 671 kishi qamoqqa olingan va turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan, 7 kishi otuvga hukm qilingan.
“Hujum” natijasida Fargʻona vodiysida koʻplab ommaviy chiqishlar yuzaga keladi. Birgina Namanganda 500 kishi ishtirokida norozilik chiqishi yuz beradi. Bu kabi noroziliklar bolsheviklar tomonidan qurol kuchi bilan toʻxtatiladi.
Xulosa qilib aytganda, 19-yuzyillik oxiri 20-yuzyillik boshlarida Turkiston mintaqasi va Xitoyda ayollarning ijtimoiy mavqeida oʻxshashliklar va oʻziga xosliklar mavjud boʻlgan.
Dilnoza JAMOLOVA,
FA Tarix instituti
ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari,
tarix fanlari doktori, professor