25-dekabr – koʻpchilik gʻarbliklar kurka yeydigan kun. Inglizlarda bu kun – kristmas, fransuzlarda – noel, yaʼni Iso paygʻambarning tugʻilgan kuni sifatida nishonlanadi. Kurka yeyish udumi din bilan bogʻliq emas, Amerika qitʼasi ochilgach, yaqin oʻtmishda paydo boʻlgan, ungacha ovroʻpaliklar kurkani bilishmagan. Shu bois bu qush nomida chalkashliklar bor.

Fransuzlar uni – “daynd” (“dinde”) deyishadi, fransuz tili izohli lugʻati (“Le petit Robert”)da yozilishicha, bu nomning dastlabki koʻrinishi: “hind xoʻrozi” (“coq dʼinde”), “hind tovugʻi” (“poule dʼinde”) shaklida boʻlgan, keyinchalik qisqarib, kurkaning urgʻochisi – “dinde”, erkagi – “dindon” deb atala boshlangan. Lekin bu nom dastlab kurkaga nisbatan emas, mazkur lugʻatda yozilishicha, asosan Habashistonda tarqalgan kurkasimon boshqa bir qush – bek tovugʻiga (ruscha: sesarka) nisbatan ishlatilgan. Kurkaning asl vatani esa – Amerika, Meksika hisoblanadi. Kurka ilk bora Amerikadan Ovroʻpaga ispanlar tomonidan keltirilgan va fransuz tilida unga nisbatan ham “dinde”, yaʼni “hind tovugʻi” nomi qoʻllanilgan (Ammo bu nomlanishda Kolumbning Amerika qitʼasini hind orollari deb oʻylashi yoki Amerika hindulari nomining aloqasi yoʻq, chunki fransuz tilida “dinde” soʻzi sal oldinroq paydo boʻlgan.).

Turkcha maʼlumotlarga koʻra, Habashistonda tarqalgan mazkur kurkasimon qush oʻsha paytlarda usmonlilarga ham maʼlum boʻlib, turklar uni “bek tovugʻi” deb bilishgan, ehtimol, oʻsha davrlarda hind va habashlarni kishilar u qadar farqlay bilmaganligidandir, bu qush shuningdek, “hindi qush”, “hind qushi” deb ham atalgan. Fransuz tiliga ham uning “hind tovugʻi” (“poule dʼinde”) boʻlib oʻtishida, ehtimol, turkcha “hind qushi” nomining taʼsiri boʻlgan boʻlishi mumkin. Ingliz tilida bu qushning dastlab “turkiya qushi” (“turkey bird”), keyinchalik qisqacha “turkey” deb nomlanishi oʻsha davrlarda Oʻrta Yer dengizida turklarning hukmronligi va dengiz yoʻlidan kelgan koʻpgina mahsulotlarni inglizlar turklar vositasida kelgan deb oʻylagani taʼsirida boʻlgan.

Fransuzlar kurkani “hind tovugʻi” (“poule dʼinde”) deb turgan bir paytda hindlarning oʻzlari bu qushni, Amerikadan keltirilgani sababli, dastlab “Peru tovugʻi” deb atashgan. Keyinchalik hind tiliga ham inglizcha “turkey” – “tarka” boʻlib oʻzlashgan.

Kurka Ovroʻpaga keltirilmasdan burun uning Amerikadagi ajdodlari yovvoyi holatda yashagan va bu qushning barcha xonakilashgan hozirgi nasllari Ovroʻpada chatishtirish yoʻllari bilan yaratilgan. Keyinchalik kurka Ovroʻpa boʻylab va undan xorijga tarqalar ekan, aksariyat tillarga ispan, fransuz va inglizcha nomlarning boshqa tillarga oʻgirilgan shakllarida koʻchgan. Jumladan, rus tiliga ham bu qush nomi dastlab “индейский петух”, “индейская птица/курица” boʻlib oʻtgan, keyinchalik esa qisqacha “индейка” deb atalib ketgan.

Xoʻsh, oʻzbek tilida “kurka” nomi qanday va qachon paydo boʻlgan? Ilgari kurkasimonlar oilasiga mansub biror qush shunday atalganmi? Afsuski, bu kabi savollarga aniq javob yoʻq. “Kurka” va unga yaqin soʻz qadimgi turkiy bitiklar, “Devonu lugʻotit-turk” yoki Navoiy asarlarida uchramaydi. Bobur ham “Boburnoma”da oʻnlab qushlar nomini keltirgan, ammo “kurka” nomi yoki shunga oʻxshash qush taʼrifi mavjud emas. Bizningcha, “kurka” soʻzi oʻzbek tiliga gʻarbiy slavyan tillaridan tatar tili orqali oʻtgan boʻlishi mumkin. Xususan, ruscha “курица” (“tovuq”)ning ukrain tilidagi shakli: “kurka”, Sharqiy Ovroʻpadagi baʼzi slavyan xalqlari tillarida bu qushning nomi “kurka”ga yaqin talaffuz etilarkan. “Kurka” inglizcha “turkey”ning bizgacha buzilib yetib kelgan shakli boʻlishi ham mumkin.   

Abduvohid HAYIT