Dunyo shiddat bilan oʻzgarayotgan hozirgi murakkab vaziyatda davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik yanada pragmatik va dinamik tusga kirib bormoqda. Universal tusga ega xalqaro tashkilotlar oʻrnini tobora koʻproq mintaqaviy tashkilotlar egallamoqda. Soʻnggi yillarda koʻplab mamlakatlar mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlikni afzal koʻrmoqda. Aksariyat mintaqaviy tashkilotlar milliy manfaatlarni hisobga olgan holda davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning eng samarali platformasini yaratmoqda. Ana shunday mintaqaviy tashkilotlardan biri Turkiy davlatlar tashkilotidir.
Mazkur tashkilot faoliyati tarixida uchta katta oʻzgarish sodir boʻldi. 1992-yili Turkiy tilli mamlakatlar sammiti chaqirildi, bu Turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasidagi integratsiya uchun birinchi qadam edi. 1992-yildan 2009-yilgacha toʻqqizta sammit oʻtkazilgan boʻlib, soʻnggi sammit natijasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini (Turkiy kengash) tuzish toʻgʻrisida Naxichevan bitimi imzolandi. 2021-yili esa Kengash Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb oʻzgartirildi. Samarqand shahrida oʻtadigan bu yilgi sammit TDTning birinchi sammiti boʻlib, ushbu tadbirga qiziqish har doimgidan koʻra yuqoridir.
Bugun TDT beshta mamlakatni – Ozarboyjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Oʻzbekistonni birlashtiradi. Yana ikki mamlakat – Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega. Ushbu mamlakatlarda taxminan 160 millionga yaqin aholi yashaydi, bu dunyo aholisining 2 foizdan koʻprogʻini tashkil qiladi. Ushbu mamlakatlar hissasiga sotib olish qobiliyati pariteti bilan hisoblangan dunyo YaIMning 3 foizdan ortigʻi toʻgʻri keladi.
TDTning oʻziga xosligi ushbu tashkilotning hamkorlik uchun koʻp qirrali yoʻnalishlari mavjudligida ifodalanadi. Xususan, Naxichevan bitimining 2-moddasiga binoan, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash masalalari, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqni muhofaza qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy, ilmiy-texnik, harbiy-texnik, taʼlim, energetika, transport, kredit sohalarida samarali mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari tashkilotning muhim maqsad va vazifalari orasidan oʻrin olgan. TDT doirasidagi hamkorlik savdo va investitsiya uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, bojxona va tranzit tartibini yanada soddalashtirish, shuningdek, fan va texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini ommalashtirishga qaratilgan.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun TDT qoshida 6 ta tuzilma – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi, Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros fondi, Turkiy savdo-sanoat palatasi, TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Bunday tashkiliy tuzilma TDT oldiga qoʻyilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga qaratilgan.
TDT doirasidagi hamkorlikning iqtisodiy samarasini Oʻzbekiston misolida koʻrish mumkin. 2021-yili Oʻzbekiston TDT davlatlari bilan 9,3 milliard AQSh dollari miqdorida savdo operatsiyalarini amalga oshirdi. Ularning Oʻzbekiston tashqi savdosidagi ulushi 22 foizdan ziyodni tashkil etdi. Umuman olganda, 2016-yilga nisbatan 2021-yili Oʻzbekiston va TDT mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi qariyb 3 barobar oshdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida qoʻyidagilarni belgilash maqsadga muvofiq.
Birinchi yoʻnalish – iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va oʻzaro savdo hajmini oshirish. Iqtisodiyotni mustahkamlash qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, infratuzilmani takomillashtirish va boshqa muhim choralarni oʻz ichiga olishi kerak. Bu maqsad oʻtgan yili 8-sammitda qabul qilingan “Turk dunyosi nigohi – 2040” strategik hujjatiga ham mos keladi. Ushbu hujjat TDT davlatlarida iqtisodiy integratsiyani hisobga olgan holda farovon jamiyatlarni yaratish muhimligini koʻrsatadi. Mazkur yoʻnalish doirasida Tashkilot huzurida Investitsiya fondi va Taraqqiyot bankini yaratish gʻoyalari ham istiqbolli sanaladi. Bunday loyihalar mamlakatlarga oʻz saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish va investitsiyalarni yanada samarali boshqarish imkonini beradi.
Savdo hamkorligi nuqtai nazaridan Kaspiy dengizi orqali Sharq-Gʻarb yoʻlaklari boʻylab savdo qilishdagi iqtisodiy toʻsiqlarni olib tashlashga eʼtibor qaratish lozim. Bizningcha, “Turkiston yoʻlagi”ning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi muhim boʻlib, bojxona tartiblari soddalashtirilishi va uygʻunlashtirilishi maqsadga muvofiq. Bu yoʻnalishda ishlar boshlangan. 2021-yil noyabr oyida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida “Raqamli TIR” pilot loyihasi ishga tushirildi va mart oyida ushbu loyiha Qirgʻizistonni ham qamrab oldi.
Tashkilot dunyoda birinchi marta Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida “ePermit” loyihasini test rejimida ishga tushirishga muvaffaq boʻldi, keyingi bosqichda esa Qozogʻiston bilan ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuv mavjud. Bundan tashqari, TDT mamlakatlarida BMTning Yevropa boʻyicha iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda eCMR vositasini joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Mazkur yoʻnalishda investitsiya loyihalarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Xususan, oʻzaro manfaatli investitsiya faoliyatini amalga oshirish Tashkilotga aʼzo mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekistonning manfaatlari uchun ham mos keladi. TDTga aʼzo mamlakatlar 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 2,5 milliard AQSh dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritdi (bu tegishli davrdagi xorijiy investitsiyalar umumiy hajmining 10 foizini tashkil etadi). Shundan bir milliard AQSh dollardan ortigʻi yoki 41 foizi 2021-yili investitsiya qilingan. 2017-yildan boshlab TDT mamlakatlaridan Oʻzbekistonga investitsiyalarning oʻsishi 30 foizga teng.
Ikkinchi yoʻnalish – raqamli transformatsiya. Bugungi kunda raqamlashtirish har qanday davlat uchun rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Shuning uchun bu masala TDT uchun eng dolzarbdir. Mazkur yoʻnalishdagi maqsadlar 2021-yili “Turk dunyosi nigohi – 2040” strategik hujjatida koʻrsatilgan edi. Jumladan, hujjatda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilashga imkon beradigan mintaqalararo raqamli aloqani oʻrnatish nazarda tutilgan.
Sunʼiy intellekt borasida ham hamkorlikni kuchaytirish kerak. Xususan, bunday texnologiyalardan iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish uchun ham, shahar infratuzilmasini yaxshilash uchun ham foydalanish mumkin. Koʻpgina mutaxassislarning fikricha, sunʼiy intellekt texnologiyalari trafikni boshqarish, logistika va jamoat tartibi masalasini hal qilishi mumkin.
Uchinchi yoʻnalish – madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash. Turkiy davlatlar aholisi tarixan mushtarak ildizlarga ega. Shu bois madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish TDT mamlakatlari uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, taʼlim va ilmiy muassasalar oʻrtasidagi hamkorlik, akademik almashinuv, qoʻshma madaniy tadbirlar. Shu munosabat bilan Turkiy madaniyat va sanʼatni birgalikda rivojlantirish tashkiloti doirasidagi hamkorlik nuqtalarini kengaytirish maqsadga muvofiq.
Xulosa qilib aytish mumkinki, TDT turkiy tilli mamlakatlarni birlashtirgan, koʻplab sohalarda rivojlanish istiqbollariga ega mintaqaviy tashkilotdir. Barcha aʼzo davlatlar, shu jumladan, Oʻzbekiston uchun TDT doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash har tomonlama rivojlanish va barqarorlikni taʼminlashga, iqtisodiy oʻsishni oshirishga va mamlakatlar taraqqiyotini ragʻbatlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Abdulaziz RASULEV,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari,
yuridik fanlar doktori, professor
Shohjahon XOʻJAYEV,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Intellektual mulk huquqi kafedrasi mudiri,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori