Qirimchaqlar va ularning tili

Qirimchaqlar – yahudiylik dinidagi turkiy xalq, lekin diniy eʼtiqodidan kelib chiqib oʻzlarini “Isroil bolalari” deb ham atashadi.

Qirimchaqlar asosan Qirim yarim orolida yashab kelgan eng kam sonli xalqlardan biridir. Ularning hozirgi kunda aniq soni maʼlum emas. Chunki 1990-yildan keyin ularning katta qismi Isroilga koʻchib keta boshlagan. Ungacha esa Qirim yarim oroli, Simferopol, Rossiyaning yirik shaharlarida 2000 ga yaqin qirimchaqlar yashagani haqida statistik maʼlumotlar bor. 1989-yilgi aholi sanogʻiga koʻra Oʻzbekistonda ham 173 nafar qrimchaq yashagan[1]. XX asrga qadar qirimchaqlarning soni anchagina koʻp boʻlgan, ammo 1941-yildagi nemislarning ommaviy qirgʻinida ularning 80 foizi qirib yuborilgan. Qirim nemis fashistlaridan ozod qilingandan keyin ham ular erkin yashay olmagan. 1944-yildan boshlab NKVD[2] qirimchaqlarni boshqa hududlarga surgun qila boshlagan. Qarshilik qilganlar esa qamoqqa tashlangan yoki turli yoʻllar bilan oʻldirilgan. Natijada qirimchaqlar vatanidan ajralish bilan birga jipslashgan millat sifatida ham shakllana olmagan.

Qirimchaqlarning etnik tarkib topishi, aniqrogʻi boshqa turkiy xalqlardan farqli milliy xususiyatlarining shakllanishi XIV–XVI asrlarga toʻgʻri keladi. Ungacha Qirim yarim orolida kechgan tarixiy jarayonlar oqibatida, xususan Botuxon Qirimni egallaganidan soʻng odamlar bu yerdan Yevropa tarafga siljiy boshlagan. Oltin Oʻrda tarkibida kirgan Qirimga 1299-yilda Noʻgʻayxon beklarbegi etib tayinlangach, bu kabi koʻchishlar yanada kuchaygan. Qirimchaqlar ana shu evrilishlardan keyin ham Qirimni vatan tutib qolgan kam sonli yahudiy-turkiylardan biridir. Shuning uchun ularning etnonimi Qirim toponimi bilan bogʻliq tarzda “Qirimchaq” deb nom olgan. Aslida esa ularning ajdodlari boʻlgan yahudiy turklari Qora dengiz boʻylariga ancha avval, taxminan miloddan avvalgi birinchi asrlarda kelishgan[3].

Yahudiylarning aynan Qirimga kelishi esa Rim imperatori Adrian davriga toʻgʻri keladi. Bu davrda, aniqrogʻi milodiy 132–136-yillarda Rim imperiyasining tarkibida boʻlgan Iudeya (Yahudiya)da yahudiylar isyon koʻtaradi. Qoʻzgʻolonchilarning rahnamosi Shimon Bar Koxba oʻzini ilohiy shaxs yoxud avliyo sifatida tanishtirib, yahudiylarni Rimga qarshi birlashtirishga urinadi[4]. Ammo bu urinishlari uning 580000 nafar tarafdorlarining qatl qilinishi, millionlab yahudiylarning yurtdan badargʻa etilinishi bilan yakunlanadi. Milodiy 136-yilda bir qism yahudiylar Qirim yarim oroliga surgun qilinadi[5]. Shu tariqa Qirimda yahudiylarning ilk jamoalari paydo boʻla boshlaydi. Asrlar oʻtishi bilan Mangup, Kafa qoziliklari, Eski Qirim va Qoravulbozor shaharlari yahudiylarning manzilgohlariga aylanadi.

Tarix sarlavhalarida yozilishicha VII asrga kelib Qirim xazarlar qoʻliga oʻtadi. VIII asrdan boshlab esa xazarlar yahudiylik dinini qabul qila boshlaydi[6]. Shundan soʻng bu yerlarda yahudiylarning yashashi ancha osonlashadi va asta-sekin ularning soni ham ortib boradi.

XV asrdan boshlab Vizantiya, Ispaniya, Italiya, Kavkaz-Rus yerlaridan ashkenazlar[7], Vizantiya va Bobil yahudiylari qochib kela boshlashadi va asta-sekin  ular turkiy tilda soʻzlashuvchi yahudiylar bilan aralashib ketadi. Shuning uchun qirimchaqlar orasida turku kelbatli va yevropoid qiyofasidagi kishilar koʻp uchraydi.

Qirimchaqlarning dini qarayimlardan farqli oʻlaroq yahudiylikning ravvinizm (rabboniylik) yoʻnalishida. Faqat, ular oʻz diniy rahnamolarini ravvin emas, balki boshqa Sharqiy Yevropa yahudiylari kabi xaxam[8] deb atashadi. Bosh ravvinni esa xaxambashi, deb atashadi. Buning sababi “ravvin” atamasi arabcha Ar-Rabb (الرَّبُّ) yaʼni Allohning ismlaridan biri boʻlgani uchun bu nomni insonga nisbatan qoʻllash musulmonlar va nasroniylarning gʻazabi va eʼtirozlariga sabab boʻlgan.

Eʼtiqod jihatidan ular boshqa yahudiylardan farq qilmaydi. Yahudiylikning asosiy manbasi Tanax bilan bir qatorda Talmud va Ogʻzaki Qonunlarni ham muqaddas sanashadi. Diniy hayotda va axloqda ular Muso alayhissalomning mishnasi (sunnati)ni qoʻllashadi. Mishnani ilk toʻplagan olim Aqiba ben Yusuf boʻlib, u ham Bar Koxba qoʻzgʻolonidan soʻng qatl qilingan.

Qirimchaqlar eʼdiqodi ordotoksal yahudiylikdan shunisi bilan farq qiladiki, unda tangrichilik dinidan qolgan elementlar koʻp uchraydi. Ular xudoning ismini Tangri deb atashga odatlanishgan. Shu bilan birga Adonay (Rab) ham qoʻllaniladi. Eng qizigʻi, ular boshqa yahudiylar kabi Allohga Yeloh emas, balki aynan musulmonlar kabi Alloh deb murojaat qilishadi.

XX asrga qadar Qirimda qirimchaqlarning ibodatxonalari koʻp boʻlgan. Ular ibodatxonalarini qaal deb atashgan. Qirimchaqlar qaallarga ibodat qilish uchun ikki kunda bir marta yigʻilishgan. Ammo Sovet davrida qaallar buzib tashlangan yoki ulardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan. Qirimchaq ibodatxonalari Isroilda mavjud boʻlgan, ammo ularning ham eng oxirgisi 1881-yilda yopilgan, jamoasi esa boshqa yahudiy sinagogalariga qoʻshib yuborilgan.

Qirimchaqlar diniy mansubligiga, aniqrogʻi ortodoksal yahudiylik talabiga koʻra sochining yon tomonida zulf (kakul) qoʻyib yurishgan[9]. Shu yerlik qarayimlar esa zulfsiz yurishgan. Shu sabab Qirim tatarlari Qirimchaqlarni “zuluflu juhud”, qarayimlarni “zulufsuz juhud” deb atashgan.

Qirimchaqlarda endogamiya saqlangan, yaʼni aka-uka, opa-singillarning farzandlari bir-biri bilan turmush qurishiga ruxsat beriladi. Shu sababli, familiyalar unchalik koʻp emas va ularning kelib chiqishi koʻpincha bitta otaga borib taqaladi[10].

Qirimchaqlarning turmush tarzi asosan hunarmandchilik bilan bogʻliq boʻlgan. Ular teriga ishlov berish va undan mahsulot tayyorlash boʻyicha usta boʻlishgan. Ularning tayyorlagan kiyim kechaklari, ayniqsa bosh va oyoq kiyimlarining bozori chaqqon boʻlgan. Taomlar masalasida esa ularni boshqa turklardan farqlash qiyin. Qirimchaqlar goʻshtni juda koʻp isteʼmol qilishadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, eng sevimli taomi ham “koʻbete” yaʼni “koʻp et solingan taom” deb ataladi. Goʻshtdan tayyorlanadigan qovurma, bastirma, boʻrana (karam va goʻshtdan tayyorlanadi), buber ashi (qalampir va goʻshtdan tayyorlanadi), musaqa (meva va goʻshtdan tayyorlanadi), noʻxat ashi (noʻxat va goʻshtdan tayyorlanadi), tavete (guruch va goʻshtdan tayyorlanadi) ham qirimchaq oshxonasining tansiq taomlari sanaladi[11].

Ular sutli va xamirli taomlarni, xususan pishloq, sutli ashni ham xush koʻrishadi. Boʻza, yazma (qatiq), yogʻurt ularning sevimli ichimligi[12].

Qirimchaq tili

Qirimchaqlarning tili turkiy tilning qipchoq lahjasiga mansub. A.N.Samoylovich tilning shakllanishini Xazarlar hukmronligi davri bilan bogʻlaydi va bu haqiqatga yaqin. Tilning asosi qipchoq boʻlsa-da, keyingi uch yuz yil davomida boshqa qoradengizboʻyi turkiylardagi kabi, qirimchaq tiliga ham onadoʻli turkchasining taʼsiri kuchaygan va shu jarayonda oʻgʻuz elementlari koʻproq oʻzlashgan. Shuningdek, qirimchaq tili qaysidir jihatlari bilan chigʻatoy tiliga ham oʻxshab ketadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, XIX asrga qadar ular oʻz tilini chigʻatoy tili deb bilishgan. Umuman olganda, tilning asosiy tarkibini turkiy soʻzlar tashkil qiladi.

Qirimchaq tilini tadqiq qilishni birinchi boʻlib Avram Isxaq boshlab bergan. U 1729-yilda “Qoidalar. Katta va kichik harakatlar (diakretik belgilar)” nomli kitobida 1600 ta (diniy mazmundagi) soʻzni tahlil qilgan. Undan keyin Nisim Natan Mortkay ga-Levi Chaxchir 1822-yilda chop etilgan “Glossariy”sida qadimgi yahudiy tili va qirimchaq tilidagi 1822 ta soʻzning lugʻatini taqdim qilgan. XX asrning 20-yillarida Isaak Samuilovich Qoya qirimchaq tilidagi birinchi darslikni va rus-qrimchaq lugʻatini yaratgan. Keyinchalik Yevsey Isaakovich Peysax “Qirimchaq-rus lugʻati”ni va “Qadimgi yahudiy-qirimchaq-rus tillari lugʻati”, “Qirimchaq-tatar-rus tillari lugʻati” va boshqa kitoblarni chop ettirgan.

David Ilich Rebi keyinchalik I.S.Qoya va Y.I.Peysaxning lugʻatlarini jamlagan holda qirimchaq-rus lugʻatining mukammalroq variantini yaratgan[13]. Mazkur maqolada asosan David Rebining lugʻatidan foydalanilgan.

Qirimchaqlar bir-birlari bilan oʻzaro muloqotda turkiy tilda ibodat qilayotganda, duo oʻqiyotganda va bosha diniy marosimlarda yahudiy tilida soʻzlashishadi. Shuning uchun tilning tarkibiga gebraizmlar, yaʼni yahudiy tilidan Israel, Srel – Isroil; genam – jahannam; Yarab – Yo, Rabbim; qaal – yahudiy ibodatxonasi, mashiyax – messiya; masih (Dovud messiya); midrash – diniy maktab (madrasa), tanax (muqaddas kitob), mishne – diniy (ogʻzaki) qonunlar toʻplami, xaxam – diniy ruhoniy, rebi – diniy muallim kabi koʻplab soʻzlar koʻp oʻzlashgan.

Qirimchaq tilida yahudiycha soʻzlarning arabchaga oʻzgarishi ham kuzatiladi. Bu albatta, ular bilan baqamti yashagan musulmonlar, xususan Qirim tatarlari taʼsirida yuzga kelgan boʻlishi ham mumkin. Ammo yana bir versiya borki, unga koʻra qadimgi yahudiy tili arab tiliga hozirgidan ancha yaqinroq boʻlgani va qirimchaqlar uni saqlab qolgani taʼkidlanadi. Nima boʻlganda ham, qirimchaq tilida juda koʻplab leksemalar, xususan Alloh, Aziz, Azrayil, Malak, mashallah, shayton, sheyx, baynalmilal, mamlakat, oila, maorif, daqiqa va hokazo soʻzlar arab tilining fonetik qoidalari doirasida talaffuz qilinadi.

Eng qizigʻi, qirimchaq tiliga fors tilidan ham juda koʻplab soʻzlar oʻzlashgan va ular chigʻatoy tilidagidan deyarli farq qilmaydi. Podishoh, vazir, paygʻambar, derek (daraxt), devon, devona, diyor, doʻst, dil, dori, darmon, doston, zindon kabi soʻzlar qirimchaq tilida faol qoʻllanilgan.

Hozirgi qirimchaq tilida oʻgʻuz lahjasining, xususan onadoʻli turkchasining oʻrni katta. Bu ayniqsa, oʻzaro muloqotda koʻproq koʻzga tashlanadi:

Sizge za(h)met olmasa – Mumkin boʻlsa;

Xosh kelding (keldingiz) – Xush kelding(iz);

Saba (sabangiz) xayir olsin – Xayrli tong;

Axsham (axshamingiz) xayir olsin – Xayrli tun;

Sag‘ ol – Rahmat;

Sening ading ne? – Sening oting nima?

Atangning adi ne? – Bobongning oti nima?

Sen neyerde ishliysing? – Qayerda ishlaysan?

Sen qach yashindasing? – Yoshing nechada?

Sen soleding mi onga (olargʻa)? – Sen ularga aytdingmi?

Eki aftadan son men Qirimgʻa kitejeem – Ikki haftadan soʻng Qrimga ketaman:

Avtobusqa (trolleybusqa) minayik – Avtobus (trolleybus)ga minaylik[14].

Umuman olganda, qirimchaqlarning tilini tushunish unchalik qiyin emas. Ayniqsa, birinchi muloqot oson kechadi. Chunki, ular ham oʻzbeklar kabi erkaklarga aka(y), ayollarga opa(y)deb murojaat qilishadi. Shu oʻrinda tilning yaqinligini his qilish uchun qavm-qarindoshlikni ifodlovchi soʻzlarga eʼtibor qaratamiz:

Qirimchaq tilining tushunib olishimizni qiyinlashtiradigan bir jihati boshqa tillardan oʻzlashgan yumshoq h yozuvda ham, talaffuzda ham ishlatilmaydi. Misol uchun, oʻzbek tilidagi yumshoq h bilan boshlanadigan hamma soʻzlar qirimchaq tilida a tovushi bilan boshlanadi: alva (halva), ammam (hammom), aram (haram), afta (hafta) va hokazo. Bu xususiyat aslida barcha qipchoq tillariga xos boʻlib, hayit soʻzining ayit shaklida talaffuz qilinishi hammaga maʼlum. Ayrim holatlarda yumshoq h soʻz oʻrtasida ham tushib qoladi: baar (bahor), sana (sahna), zamet (zahmet)... Uzun u unlisidan oldin kelgan t tovushining ch shaklida talaffuz qilinishi ham tilni tushunishni qiyinlashtiradi: chush – tush, chushmek – tushmak, chushinmek – tushinmoq va hokazo.

Qirimchaq tilida soʻz yasalishida ham turkiy tillarga xos r bilan boshlanuvchi soʻzlar oldida unli tovushning orttirilishi koʻzga tashlananadi: Oris (rus), Rossiya (Orusiya), Roʻza (Oʻraza) va hokazo.

Unli bilan boshlanadigan, ikkinchi tovush s boʻlgan soʻzlarda birinchi unli tushib qoladi. Srel (Isroil), suti (usti), stemek (istamak).

Qirimchaq tilida agglyutinatsiya[15] saqlangan. Bu ang oʻzagidan yasalgan soʻzlarda yaqqol koʻzga tashlanadi va oʻz-oʻzidan tilning oltoy tillari oilasiga mansubligini koʻrsatadi:

ang – anglash, tushunish;

anglayishli – anglamli, tushunchali;

anglayishsiz – anglamaydigan, tushunmaydigan;

anglayishsizlix – anglamaslik;

anglamax – anglash;

anglatmax – anglatish, tushuntirish.

Qirimchaq tilining asosini qipchoq tili tashkil qiladi, shuning uchun qipchoq dialektiga xos xususiyatlar saqlangan: ayuv (ayiq), tav (tog‘), ayip (ayb), balaq (ishtonning pochasi[16]), bezav (bezak), biy (bek), bilay (bunday), oʻlay-bilay (unday-munday), oyaf-buyaq (uyoq-buyoq), biltir (bultur), qibirdamax (qirmirlamoq), qiliy (gʻilay), qiliq (xarakter), manglay (peshona), minda (bu yerda), pitaq (butoq), pitamaq (shoxlarni kesmoq, butamoq), pitirmoq (bitirmoq), suvuq (sovuq), achchuv (gʻazab), buv (bug‘), kiyiz (kigiz), chibin (pashsha), jiyin (yigʻilish) va hokazo.

Qirimchaq tilning, ayniqsa adabiyotining shakllanishida soʻfizm falsafasining ham katta taʼsiri boʻlgan. Shuning uchun, leksikada soʻfiyona soʻzlar ham uchraydi. Mavlo, mavlono, hazret, darvish, majnun, mushovara, hilvat, fano, baqo, nazm, ruboiy, gʻazal kabi soʻzlarning oʻzlashgani shuni koʻrsatadiki, oʻrta asrlarda qirimchaqlar madaniyatining va adabiyotining shakllanishida tasavvuf falsafasining ham ta’siri boʻlgan. Shu sababli, tilning fonetik xususiyatlari chigʻatoy tiliga oʻxshab ketadi. Qolaversa, qirimchaq adabiyotida ruboiylar va gʻazallar muhim oʻrin tutadi. Hozirgi kundagi eng mashhur qirimchaq shoiri Aleksandr Baginskiy ham “ruboiychi shoir” sifatida tanilgan[17].

Biqiq qalblar bugun uyquga choʻmgan,

Nafosat ularchun misoli tilsim.

Ularning qalbi – tosh, poʻpanak bosgan

Ruboiylaringni ayt tushunar kim?

Qiziq maʼlumot: bilzmizki, turkiy tillarda “boja” degan soʻz bor va u opa-singillarning erlariga (bir-biriga) nisbatan ishlatiladi. Qirimchaq leksikasining tahlili shu soʻzning etimologiyasini bir muncha oydinlashtirib berar ekan. Qirimchaqlar bojani bajanaq deyishadi. Endi tahlil qilsak: oʻgʻiz tillarida opa va singilga nisbatan baji soʻzi qoʻllaniladi. Bajanax(q) esa ularning erlariga nisbatan. Demak, bajanaq asta sekin naq affiksini yoʻqotgan va bojaga aylangan. Bajanaq Edvard Sevortyan tuzgan “Turkiy tillarning etmologik lugʻati”da keltirilgan va naq affiksi ham unda oʻz tasdigʻini topgan. Ammo Sevortyan negadir bu soʻzning kelib chiqishini baji (opa yoki singil) soʻzi bilan bogʻlab tahlil qilmagan[18].

Yana bir qiziq maʼlumot: qrimchaqlarda kelindash degan leksema bor ekan va u aka-ukalarga turmushga chiqqan opa-singil kelinlarga nisbatan qoʻllanilar ekan.

Qirimchaq tilining oʻziga xos jihatlaridan biri, unda negizi turkiy, ammo boshqa turkiy tilda uchramaydigan soʻzlar yoki maʼnosi boshqa tillardan boʻlakcha qoʻllaniladigan soʻzlar ham talaygina[19]:

Atalar soʻzi

Qirimchaqlar maqolni “atalar soʻzi”, topishmoqni “tapmaja”, deb atashadi. Maqollar qirimchaqlarning oʻzaro muloqotida juda faol qoʻllaniladi. Shuningdek, farzand tarbiyasi va axloq meʼyorlarining shakllanishida ham muhim oʻrin tutadi. Maqollarning aksariyati oʻzbek maqollari bilan mos keladi:

Besh parmaxim – besh turli (besh barmogʻim besh turli);

Besh parmaxim, qaysini chishlesem – oagʻirir (besh barmogʻimnig qaysini tishlasam ham ogʻrir);

Bash sag‘ olsa, qalpax tapilir (bosh sog‘ boʻlsa qalpoq topilar);

Balix bashindan sasir (baliq boshidan sasiydi);

Bash yazisini köz körer (boshga tushganni koʻz koʻrar);

Birche ichun yurgʻani yaqmaylar (burga uchun koʻrpani kuydirma);

Qazanda ne tashlasang, qashыxqa o chusher (qozonda bori choʻmichga chiqar);

Dogʻru solegen tuvgangʻa yaramagʻan (toʻgʻri gapirgan tuqqaniga yoqmaydi);

Soʻz – buyuknыng, suv – kыchkenenыng (soʻz kattadan, suv kichikdan);

Qash tuzetem – dep, koz chыxaray (qoʻsh qoʻyaman, deb koʻz chiqarma);

Qizim, sanga soleim, kelinim, sen ishit (qizim senga aytaman, kelinim sen eshit).

Ogʻlan olsa shoq olsun, shoq olmasa – yox olsun (oʻgʻil boʻlsa shoʻx boʻlsin, shoʻx boʻlmasa yoʻq boʻlsin);

Sabur tibi – sari altin (sabirtagi sariq oltin);

Toshegine kore ayaxni uzat (toʻshaginga qarab oyogʻingni uzat);

Yigʻlamagʻan balagʻa emchek vermiyler (yigʻlamagan bolga emchak bermaslar).

Eger yel uflemez, drek teprenmez (shamol boʻlmasa, daraxt tebranmas).

Turkiy tubli maqollarning dinga koʻra tuslanishi ham odatiy holat. Shimol turkiylarida “shaman(qam)ning aytganini qil, qilganini qilma”, musulmon turkiylarida “mullaning aytganini qil, qilganini qilma”, degan maqol saqlangan. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu yerda faqat ega oʻzgargan. Turk tilida ayni maqol “xojaning aytganini qil, qilganini qilma” shaklida uchraydi. Bu maqol qirimchaqlarda “rebinыng solegennы et, etkennы etme (rebi(ravvin)ning aytganini qil, qilganini qilma” shaklida qoʻllaniladi.

Ayrim maqollarda nozidlik munosabatlari ham koʻzga tashlanadi. Misol uchun, oʻzbekcha “toʻyga toʻyib bor”, maqoli qrimchaqlarda “toʻydan toʻyib qayt” (toygʻa varsang – toip qayt) shaklida keladi. Yoki mehmon kutish bilan bogʻliq “mehmonning izzati uch kun” maqoli oʻrnida sal qoʻpolroq, aniqrogʻi mehmonni toʻgʻridan-toʻgʻri kofirga chiqaruvchi maqol bor: Bir koʻn misafir, eki koʻn misafir, uchinji koʻn – kit, kafir (bir kun musofir, ikki kun musofir, uchinchi kun ket, kofir). “Devorning qulogʻi bor” maqoli ham ularda oʻzgargan: Qapuda qulaxlar var (eshikning qulogʻi bor).

Qirimchaqlarda nomadik va ularning turmush tarzi bilan bogʻliq maqollar ham koʻp uchraydi. Avvalo, chorvachilik bilan bogʻliq maqollarga eʼtibor qaratamiz:

Saxla samanni, kelir zamani (Somonni saqla, hali zamoni keladi);

Bыr qoy bir terede em azar, em semizir (Bir qoʻy bitta terining ichida ham ozadi, ham semiradi);

Olgʻanda tay, buzav olir, olmagʻanda – ne tay ne buzav (Boʻlganda toy ham buzoq ham olasan, boʻlmaganda toy ham buzoq ham yoʻq);

Bir at ichun bin at seveplengen (Bir otni tanlash uchun ming otni saralaymiz);

Kopeksiz qoy olmaz (It boʻlmasa qoʻy (boqib) boʻlmas);

Sen – xan, men – xan, atqa pichen vermege kishi yox (Sen – xon, men – xon, otga pichan tashlaydigan kishi yoʻq);

Atqa torbani kosterme (Otga toʻrvasini koʻrsatma).

Maqollar orasida asalarichilik, dehqonchilik va bogʻbonlikka oid didaktik mazmundagilari ham uchraydi:

Bal tutqan – parmaxini yalar (Asalari boqqan barmogʻini yalar);

Baxilmagʻan pichen yel alir, yel almasa – el alir (Pichanni olib ketmasang yel olar, yel olmasa el olar).

Baxsang – bag‘ olir, baxmasang – dag‘ olir (Boqsang bog‘ boʻlar, bogʻmasang toʻqay boʻlar).

Baxchi baylix – besh aylix (Bogʻbonning boyligi besh oy).

Maqollar orasida ilim olishga, tafakkur qilishga undaydigan, bilimga intilmaganlar qoralanadiga maqollar ham koʻp:

Bilyuv yarixi kuneshden kuchlyu (Ilmning nuri quyoshdan kuchli);

Bashinda aqil olmasa – eki ayaxqa zor vepep (Boshida aqli boʻlmasa, ikki oyoqqa qiyin boʻladi);

Bilmemek ayip dugul, bilmek stemegen ayiptir (Bilmagan ayb emas, bilishni istamagan aybdir);

Fikirsiz uchqan qush qonmagʻa yer tapmaz (Aqlsiz uchgan qush, qoʻnmoqqa yer topmas);

Bir deli derege bir tash atsa, bin usli chixarmazlar (Bir dalli axmoq daraga tosh otsa, mingta aqqli ham uni topib chiqolmas);

Alla aqilni algʻanchez – djanni olsin (Alloh aqlni olguncha jonni olgani yaxshi).

Qirimchaq maqollarida ham boshqa turkiy xalqlar aforistik poeziyasiga xos boʻlgan kontrar munosabatli maqollar ustunlik qiladi:

Ax axchi qara kunge kerek (Oq aqcha qora kunga kerak);

Qara yerden ax otmek chixar (Qora yerdan oq non chiqar);

Tatli quru otmek yashlikda, imshax qartlixda (Yoshlikda quruq non, qarilikda yumshoq non totlidir);

Az olsa yeter, choq olsa da kiter (Oz boʻlsa yetadi, koʻp boʻlsa ham baribir ketadi).


Maqo
llar orasida yahudiylarning xarakterini aks ettiruvchi mazmundagilari ham uchrab turadi:

Bulbul ol da, qafeste olma (Bulbul boʻl-u, qafasda boʻlma);

Manga ne fayda dunyaning kenish olgʻandan, chizmam tar olsa? (Etigim tor kelib turgan boʻlsa, menga dunyoning kengligidan nima foyda?);

Yaxshi ash qalgʻanchez yaman qursax patlasin (Yaxshi ovqat qolib ketgandan koʻra, mayli yomon oshqozonim yorilsin);

Yoxsa sening djaning – djan, ya menim patildjan? (Nima, sening joning jon-da, meniki baqlajonmi?);

Ach kozingi ozing, yoxga acharlar kozingi (Koʻzingni oʻzing och, boʻlmasa boshqalar koʻzingni ocharlar);.

Arslannen – arslan ol, qozunen – qozu, amma esheknen
eshek olma (Arslon bilan arslondek boʻl, qoʻzi bilan qoʻzidek, ammo eshak bilan eshakdek (muomalada) boʻlma;

Kim su tapmay ichmege, kopir tapmay kechmege (Kim ichmoqqa suv topmas, kim kechmoqqa koʻprik);

Dombel keledjegine qulax asmay (Dangasa kelajagi haqida qaygʻurmaydi);

Choq yashagʻan choq bilmez, choq gezgen choq bilir (Koʻp yashagan koʻp bilmas, koʻp kezgan koʻp bilar);

Suvgʻa chushken – quri chixmaz, mezargʻa kirgen – tiri chixmaz (Suvga tushgan quruq chiqmas, goʻrga kirgan tirik);

Direkler kiingende – adamlar teshinirler,

Direkler teshingende – adamlar kiinirler

(Daraxtlar yechinganda odamlar kiyinadi, daraxtlar kiynganda odamlar yechinadi);

Meni tiymegen yilan bin yashasin (Menga tegmagan ilon ming yil yashasin);

Ne baldan tatli ol, ne zeerden ekshi (Asaldan totli, zahardan achchiq boʻlma);

Evdegi esap bazargʻa uymaz (Uydagi hisob bozorda toʻgʻri kelmaydi).

Qirimchaqlarning topishmoqlari ham juda tanish va boshqa turkiylarning topishmoqlari bilan aynidir:

Kulaxlari var – mitmiy, yaxlari var – gezmiy (Quloqlari bor – eshitmaydi, oyoqlari bor yurmaydi. (qozon)

Kecheden ayaxsiz, sabaxtan dort ayxlarda, kunduz – eki ayxlarda, axsham – uch ayxlarda (Kecha oyoqsiz, ertalab toʻrt oyoqda, kunduzi ikki oyoqda, oqshomda uch oyoqda). (odam)

Qirimchaq edebiyati

Qirimchaq adabiyotining asosini diniy-maʼrifiy mavzudagi asarlar tashkil qiladi. Ularning aksariyatini paygʻambarlar tarixi, olimlarning diniy tafsirlari, pand-nasihat mazmunidagi nazmiy va nasriy asarlar, kichik hajmli rivoyat, matal, masallar toʻldirgan. 846-yilda yozilgan “Katta va kichik paygʻambarlar kitobi” ular orasida eng qadimiysi sanaladi[20]. Oʻrta asrlarda qrimchaq shoirlari gʻazal va ruboiy janrida ijod qilishgan, ammo ularning deyarli hammasi bugungi kungacha yetib kelmagan yoki topilmagan. Diniy mazmundagilari esa koʻproq saqlangan.

Hozirgi kunda Simferopolda “Qirimchaxlar” nomi ostida ilmiy-ommabop, adabiy-baʼdiy jurnal chop etiladi va unda qirimchaq yozuvchilari va shoirlarining ijod namunalari berib boriladi. Yangi davr yozuvchilarining ijodida turkona ruh koʻproq seziladi. Ammo uslubi koʻproq shoʻro davri qoliplariga mos keladi.

Xulosa

Qirimchaq xalqining va tilining oʻz tarixi bor. Qirimchaqlar asli turk, yahudiylik diniga eʼtiqod qiluvchi qipchoqlardir. Tili turk leksikografiyasining, aniqroq aytilsa, Qora dengiz boʻyidagi turkiy til shevalari kontiniumining ajralmas qismidir. Rus olimlari qrimchaq tilini qirimtatar tilining bir shevasi sifatida koʻrsatishga ham urinishgan. Ammo qanday qilib? Dini boʻlak, madaniyati tubdan farq qiladigan ikki xalqning tili bitta boʻlishi mumkinmi? Albatta yoʻq!

Qirimchaq tilining miloddan avvalgi davrdagi tarixi oʻlik qipchoq tili bilan bogʻlangan. Keyinchalik til tarkibiga somiy tillar, xususan aramiy va oysor tillaridan soʻzlar oʻzlasha boshlagan.

Arab tilidan soʻzlarning oʻzlashishi Qirimda yashovchi musulmonlar taʼsirida yuzaga kelgan. XIX asrning oxirlarida Xaim Xizkiyagu ben Medini falastindan Qirimga kelib qirimchaqlarning bosh ravvini lavozimida ishlaganda mahalliy aholiga Andalusiyada shakllangan sefard anʼanalarini ham kiritgan[21]. Sefard tilida esa arab elementlari koʻproq boʻlgan[22]. Fors tili va chigʻatoy tilidan soʻzlarning oʻzlashgani shuni koʻrsatadiki, XII–XIX asrlarda ijod qilgan qirimchaq shoirlari va olimlari tasavvuf falsafasi va adabiyoti bilan yaxshi tanish boʻlishgan.

Qirim xonligi 1475-yildan toʻliq Usmonli turklar qoʻliga oʻtgach, qirimchaqlar oʻgʻuz dialektini oʻzlashtira boshlagan va shu davrdan bu yerda qoradengizboʻyi oʻgʻuz shevasi shakllangan. Bu sheva turk tilidan q (arabcha ق) tovushining mavjudligi va qipchoq tili elementlarining koʻpligi bilan farqlanadi.

Umumiy xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, qirimchaqlarning kelib chiqishi va tili boshqa qipchoq ellari bilan mushtarak. Yahudiylik dinini qachon qabul qilgani esa aniq maʼlum emas. Ammo qirimchaqlarning oʻz tarixchilari buni VIII asrda xazarlarning yahudiylikni qabul qilishi bilan bogʻlashadi. XX asrning 90-yillaridan boshlab qirimchaqlarda milliy tiklanishga boʻlgan urinishlar koʻzga tashlanadi. Bunda hozir ham faoliyat yurgizib kelayotgan “Qirimchaqlar” milliy madaniy-maʼrifiy jamiyati muhim oʻrin tutadi.

Anvar BOʻRONOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori



[1] Национальный состав населения по республикам СССР. Архивировано 6 января 2012 года. http://www.demoscope.ru/weekly/ssp/sng_nac_89.php?reg=4

[2] Ichki ishlar xalq komissariati.

[3] Куповецкий М.С. К этнической истории крымчаков. || Этнокантактние зоны европейский части СССР. М: изд. АН СССР. 1989 – С. 53.

[4] Bar Kokhba // Catalogue of the Library of the Pontifical University of Saint Thomas Aquinas.

[5] Крымчаки – статья из Электронной еврейской энциклопедии.

[6] Ивик О., Ключников В. Хазары. Очерки хазарской археологии. – Москва, 2013.

[7] Yevropa yahudiylari.

[8] Qarayimlarda gaxam.

[9] Куповецкий М.С. К этнической истории крымчаков. || Этнокантактние зоны европейский части СССР. М: изд. АН СССР. 1989. – С. 53–69.

[10] Крымчаки (кърымчаки): история и реальность / О.Г. Мормуль // Культура народов Причерноморья. – 1999. – № 6. – С. 167–170.

[11] «Крымчахлар» (Крымчаки): научно-популярный, литературно-художественный Альманах № 9/2019. – Симферополь: ГАУ РК «Медиацентр им. И. Гаспринского», 2019. 264 с.

[12] https://nazaccent.ru/nations/krimchaki

[13] Реби Д.И. Крымчакский язык. Крымчакско-русский словарь. – Симферополь, ДОЛЯ, 2004. 224 с.

[14] Реби Д.И. Крымчакский язык. Крымчакско-русский словарь. – Симферополь, ДОЛЯ, 2004. – С. 26-27.

[15] Agglyutinatsiya (ot lat. agglutinatio – “yopishtirish, qoʻshish”) – tillarda soʻzning oʻzagiga grammatik va derivatsiyaviy maʼnoga ega affikslarni qoʻshish yoʻli bilan yangi soʻz yoki grammatik shakl hosil qilish.

[16] Aslida barcha turkiy tillarda “balaq” boʻladi. Pocha (poycha) fors tilidan oʻzlashgan.

[17] Андрей Багинский - Рубаи и четверостишия. https://www.litres.ru/book/andrey-baginskiy-12002870/rubai-i-chetverostishiya-25279734/chitat-onlayn/

[18] Этимологический словарь тюркских языков: Общетюркские и межтюркские основы на букву “Б”. М: «Наука», 1978. С. 24-26.

[19] Asosiy manba: Rebi D.I. Крымчакский язык. Крымчакско-русский словарь. – Симферополь, ДОЛЯ, 2004. 224 с.

[20] Радлов В.В. Образцы народной литературы северных Тюркских племен. – СПб., 1896. – ч. VII. 935 с.

[21] Sefardlar (sefard yahudiylari) (yahudiy. סְפָרַדִּים‎ Sfaradim, Ispan yerlarini anglatuvchi ‎ סְפָרַד Sfarad toponimidan olingan) – Pireneya yarim orolida, Rimskoy imperiyasida keyinchalik, Arab xalifaligi davrida shakllangan yahudiylar jamoasi.

[22] Ачкинази В.М. Имена крымчаков // Проблемы истории Крыма, Сф., 1991 г., т. 1, с. 9-10.