Markaziy Osiyo: Atamalar tarixi va etnik qatlamlar
Bugungi kunda “Markaziy Osiyo” va “Oʻrta Osiyo”, qadimda esa Turon hamda Turkiston nomlari bilan tanilgan mintaqamiz oʻtmishi koʻplab yozma manbalarda oʻz aksini topgan. Ularga koʻra, eng qadimgi atamalardan biri boʻlgan Turon miloddan avvalgi soʻnggi mingyillikning oʻrtalaridayoq qoʻshni ellarga tanila boshlagan. Uning bir boʻlagi uchun keyinchalik qoʻllanila boshlagan Turkiston atamasi esa ilk oʻrta asrlarga (VI–VIII asrlar) borib taqaladi. Ushbu atamalar yaqin asrlargacha chigʻatoy turkchasi, forscha va boshqa tildagi manbalarda bir-birini toʻldirgan holda qoʻllanib kelgan.
Mintaqa bilan bogʻliq boshqa atamalar ham mavjud. Jumladan:
Transoksiana (“Oksning nariyogʻi” / Amudaryoorti) – miloddan avvalgi davrlardan;
Varorud (“Daryoning narigi tomoni”) va Movarounnahr – qariyb ming-yarim ming yil oldingi manbalarda uchraydi.
Biroq bu atamalar Turon va Turkiston kabi keng qamrovli boʻlmaganidek, hech birida biror el yoki etnik tegishlilikni koʻrsatuvchi belgi mavjud emas edi.
Etnik rang-baranglik va mintaqa koʻlami
Mintaqa tarixi bilan qiziquvchilar orasida uning ilk nomi va tub yoki “kelgindi” elatlar haqidagi bahslar tinmaydi. Biroq ushbu oʻlka uzoq oʻtmishdan beri koʻplab elatlarni oʻz ichiga olgan boʻlib, uning turli burchaklarida faqat bitta tilda soʻzlashuvchi xalqlar yashagan deyish notoʻgʻri.
Bugungi Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonni qamrab olgan Markaziy Osiyo maydoni 4 million kvadrat kilometrdan ortiqdir. Aslida bu hudud kengroq boʻlib, Volga-Uralboʻyi, Oltoy, Moʻgʻuliston, Sharqiy Turkiston (Shinjon) va Afgʻonistonni ham oʻz ichiga oladi.
Mintaqa xalqlarining joylashuvi va siljishi
Oʻtmishda Turonning shimol va sharqida turk elatlari, janub va gʻarbida esa eroniy tilli elatlar yashagan. Ularning tutashgan markaziy qismi Amudaryo va Sirdaryo havzalariga toʻgʻri kelgan.
Zamonlar oʻtishi bilan elatlarning yashash areallari oʻzgarib bordi:
Turk elatlari (asosan oʻgʻuz va qarluqlar) Yettisuv va Sirdaryo boʻylaridan Amudaryo orqali Xuroson hamda Shimoliy Hindiston tomonga tinch yoʻl bilan kengaydi.
Sugʻdlar esa Zarafshon qirgʻoqlaridan Sirdaryoning oʻrta oqimlari va Yettisuv oʻlkasiga qarab siljiganlar.
Demak, Markaziy Osiyo doimo turli sivilizatsiyalar va til guruhlari oʻzaro uygʻun va aralash yashagan bepoyon makon boʻlib kelgan.
Turk va tojik: Mintaqaviy oʻzlik va asriy uygʻunlik
Turon – Turkiston mintaqasida turli til oilasiga mansub elatlarning ming yillar davomida tinch-totuv yashashi ular oʻrtasida oʻzaro birdamlik va mustahkam madaniy aloqalarni shakllantirdi. Bu jarayon iqtisodiy hamkorlik bilan cheklanmasdan, quda-andachilik, urf-odat va dunyoqarashlarni hurmat qilish, mushtarak inonch tizimini yaratdi.
VIII asr boshlaridayoq Bilga xoqon va Kul tegin bitiktoshlarida turklar “Oʻn Oʻq eli”, sharqiy eron tilli aholi esa “tot” atamasi bilan yuritilib, ularning birligi yurt tayanchi sifatida eʼtirof etilgan. Oradan toʻrt asr oʻtib, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asaridagi “Boshsiz bo‘rk bo‘lmas. Totsiz turk bo‘lmas” maqoli Turon ellarining taqdiri chambarchas bogʻliqligini koʻrsatadi.
Ilk va soʻnggi oʻrta asrlardagi etnomadaniy simbiozi
Turk xoqonligi davrida boshlangan turk-sugʻd etnomadaniy yaqinlashuvi keyingi davrlarda ham izchil davom etdi. Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Chigʻatoy ulusi, Temuriylar, shuningdek, Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolalari hukmronligi chogʻida bu tutum “turku tojik” iborasi ostida yanada mustahkamlandi.
Xanliklar davrida boshqaruvchi sulolalar turli urugʻlarga mansub boʻlishiga qaramay, “turk” atamasi umumiy birlashtiruvchi tushuncha sifatida saqlanib qoldi:
Xiva xonligi: Abulgʻozi Bahodirxonning “Shajarayi turk” asarida yuzlab etnik nomlar qatori ularning barchasi yagona “turk” soʻzi ostida umumlashtirilgan.
Qoʻqon xonligi: Adabiy muhitda oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq kabi etnonimlar bilan birga ular uchun umumiy “turk” atamasi faol qoʻllanilgan.
Buxoro amirligi: Abu Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya” asarida “turk” va “oʻzbek” tushunchalari sinonim tarzida ishlatilib, mahalliy xalq hayotida ular bir-birini toʻldirib kelgani qayd etilgan.
Zarafshon vohasi misolida etnik manzara
Zarafshon daryosining quyi va yuqori oqimida (jumladan, Urgut va Shovdor atroflarida) qadimdan sugʻd va turk elatlari aralash yashab kelgan. Vaqt oʻtishi bilan sugʻd tili oʻrnini eron tillari guruhiga mansub fors-tojik tili egalladi va sugʻd etnonimi oʻrnida “tojik” atamasi qaror topdi.
Shu bilan birga, togʻli hududlarda eski turkcha va qarluq lahjasida soʻzlashuvchi aholi oʻz tilini saqlab qolgan boʻlsa, tekisliklarda ming, nayman, bahrin, yuz, qirq kabi urugʻlar koʻpaydi. Ularning bir qismi “oʻzbek”, boshqa qismi esa “turk” yoki “barlos” deb ataldi. Biroq bu turfalik mintaqada oʻzlikning yoʻqolishiga emas, aksincha, boyishiga xizmat qildi.
Tarixiy izchillik
XVI–XIX asrlarga kelib Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi aholi koʻproq “oʻzbek va tojik” tarzida tilga olina boshladi. Bu holat ilk oʻrta asrlardagi “turk va tot” hamda rivojlangan oʻrta asrlardagi “turk-u tojik” iboralarining mantiqiy davomi boʻlib, mintaqada turkiy va forsiy oʻzliklarning qariyb bir yarim ming yil davomida bir-biriga xalaqit bermasdan, oʻzaro inoqlikda yashab kelganini koʻrsatadi.
Samarqand adabiy muhiti va “turk” oʻzligining tarixiy barqarorligi
Soʻnggi oʻrta asrlarda Samarqand viloyatida chigʻatoy turkchasi (oʻzbekcha) va fors-tojik tillarida ijod qilgan koʻplab tarixchi, shoir hamda davlat arboblari yetishib chiqqan. Ular orasida Xumuliy Urgutiy va Xudoyquli shayxlarning faoliyati alohida eʼtiborga loyiq.
Xumuliy Urgutiy va “Tarixi Xumuliy”
Taxallusi Xumuliy boʻlgan Jumaquli ibn Soʻfiy Tagʻoyi turk Urgutiy Samarqandiy Buxoro amiri Nasrullo davrida (1827–1860) Urgutda qozilik qilgan. Uning “Tarixi Xumuliy”, “Manzumoti tarixiy”, “Shoh va gado”, “Devoni Xumuliy” kabi asarlari bizgacha yetib kelgan.
Ismidagi “turk” atamasi ikki xil maʼnoni anglatadi:
1. Muallifning etnik jihatdan oʻzbeklarning “turk” urugʻiga mansubligini;
2. Turonlik oydinlarning ismiga qoʻshib ishlatiladigan qadimiy anʼanani.
Bu holat Turk xoqonligi davridan boshlangan turkiy oʻzlikni ifodalovchi mazkur tushunchaning oʻzbek xonliklari davrida ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganini koʻrsatadi.
Tim qishlogʻi va Xudoyquli shayx manoqibi
Zarafshon vohasi, xususan, Samarqand etnomadaniy muhitida turkiy oʻzlik saqlanib qolganini tasdiqlovchi yana bir manba – Buxoro amirligi davriga oid diniy manoqibdir. Unda Ziyaddin va Kattaqoʻrgʻon oraligʻidagi qadimiy Totkent tumaniga qarashli Tim qishlogʻida yashagan yetuk shayx Xudoyquli haqida aytiladi.
Manoqibda Xoja Bahouddinning Totkent tarafdagi bir “turk” shayx (Xudoyquli shayx)ni ziyorat qilishga oshiqqani hikoya qilinadi. Tim qishlogʻi va uning atroflarida koʻchmanchi chorvador oʻzbek urugʻlari yashagani hisobga olinsa, bu maʼlumot soʻnggi oʻrta asrlarda ham mahalliy aholining “turk” etnik atamasi ostida yuritilganini va turkiy oʻzlik barqaror boʻlganini yaqqol koʻrsatadi.
Turon – Turkiston el-uluslarining milliy identiklik tuygʻusi ming yillik ildizlarga ega. Ilk oʻrta asrlar bitiktoshlaridan tortib, yaqin asrlarda yaratilgan manbalargacha boʻlgan davr Amudaryo va Sirdaryo oraligʻida “turk” atamasi aholining muhim qismi uchun milliy oʻzlik vazifasini bajarganini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, mintaqada “turk va tot”, “turk-u tojik” hamda “oʻzbek va tojik” kabi iboralarning qoʻllanishi turli tilda soʻzlashuvchi xalqlarning asrlar davomida bir-biriga xalaqit bermay, tinch-totuv va oʻzaro inoq yashab kelganidan dalolat beradi.
Gʻaybulla BOBOYOR,
tarix fanlari doktori, professor
Qoʻllanilgan adabiyotlar:
1. Abu Tohirxoja Samarqandiy. Samariya. Fors tilidan Abdulmoʻmin Sattoriy tarjimasi. Nashrga tayyorlovchilar: Boʻriboy Ahmedov va A.Juvonmardiyev. Toshkent: “Kamalak” nashriyoti, 1991.
2. Abulg‘oziy. Shajarayi turk. Nashrga tayyorlovchilar: Q.Munirov‚ Q.Mahmudov. Toshkent, 1992.
3. Ibratul xavoqin / Niyoz Muhammad Xukandiy; (Taʼrixi Shaxruxiy): Xudoyorxon ajdodlari tarixi / Shohruxbek Umarov. – Toshkent: Turon zamin ziyo, 2014.
4. Mahmud Koshgʻariy. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugʻat it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov. 1‑tom. – Toshkent, 1960.
5. Karimiy G‘. Paygʻambarning xirqasi: esse // Sharq yulduzi. – 2010. – № 4. – B. 131–137.
6. Mullā Jumʼa-Qulī Khumūlī. Tārīkh-i Khumūlī. Nashrga tayyorlovchilar: Gʻulom Karimiy va Iroda Qayumova. Bosh muharrir: Haydar Yuldoshxoʻjayev.
Samarqand–Toshkent: IICAS (EFFIAK), 2013.