Millat ildizlarining nechogʻliq chuqurligini anglagani sari qaddi shunchalik baland, qadami shu qadar sobit boʻladi. Shu bois mustaqilligimiz tarixini faqat 1991-yil bilan cheklamasdan, uni uch ming yillik davlatchilik anʼanalarimiz bilan uzviy bogʻlab oʻrganish muhim ilmiy va tarixiy ahamiyatga ega. Istiqlolning 35 yilligi tantanalarida tarixiy silsilaning bu tarzda yaxlit koʻrsatilishi zamirida ham qadimdan kelayotgan davlatchilik tajribasi, ajdodlar qoni, jadidlar joni va mustamlaka yillarida istiqlol uchun kurashgan fidoyi vatandoshlarimiz matonati mujassam boʻldi. 

Jadidlar armonidan yangi davr irodasigacha

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan nutqida jadid bobolarimiz merosini yana bir bor yuksak ehtirom bilan tilga oldi. Bunda katta ijtimoiy va milliy haqiqat bor: jadidchilik – millatning mustamlakachilik kishanlaridan qutulish, milliy iqtisodiyot, milliy til va matbuot, zamonaviy dunyoviy taʼlim orqali oʻz mustaqilligini eʼlon qilishga qaratilgan harakat edi. Inson qadri toptalgan, tafakkuri zanjirband qilingan, soʻz va fikr uchun jazo muqarrar boʻlgan mudhish davrlarning ogʻrigʻi hamon zirqirab turibdi. Shu boisdan ham Prezident nutqida Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy kabi jadidlarning hurriyat haqidagi orzulari bugungi davlat siyosatida aks etayotgani taʼkidlanarkan, koʻngillarda taskin, ertangi kunga ishonch uygʻonadi.

Bugun koʻpchilik jadidlarni faqatgina adabiyotchi va muallim sifatida tasavvur qiladi. Aslida esa ular oʻz davrining eng ilgʻor iqtisodiy va ijtimoiy tafakkur egalari edi. Ular juda yaxshi anglagan: ilmiy va harbiy salohiyatga, milliy sanoatga, erkin savdo va sarmoyaga, mustaqil bank tizimiga ega boʻlmagan jamiyat hech qachon toʻlaqonli siyosiy erkinlikka erisholmaydi. Shuning uchun ham jadid bobolarimiz maktablar ochish barobarida milliy shirkatlar tuzish, yoshlarni xorijga nafaqat gumanitar bilimlar, eng asosiysi, muhandislik, agronomiya va iqtisodiyotni oʻrganish uchun yuborishga jon-jahdi bilan intilgan edi. Jadidlar bu millatning fikri hur, qaddi baland, maʼrifati mukammal va iqtisodi mustaqil boʻlishini istagandi.

Prezident nutqida taʼkidlanganidek, “Vatan ozodligi va milliy istiqlol yoʻlida jonini fido qilgan jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi Oʻzbekistonda toʻliq roʻyobga chiqmoqda”. Bu soʻzlarning mantigʻi shuki, maʼnaviyat quruq pand-nasihat yoki shiorlardan iborat emasligini yillarning oʻzi isbotlab qoʻydi. Haqiqiy maʼnaviyat insonga erkinlik, oʻzligini anglash va masʼuliyat tuygʻusini beradi. Nutqda ochiq aytilganidek, “fuqarolarimiz yuragidagi qoʻrquv va hadik oʻrnini ishonch va xotirjamlik egallashi” – jamiyat ruhiyatidagi katta inqilobdir. Tafakkuridan qoʻrquv ketgan insongina chinakam ijodkorga, tashabbuskor tadbirkorga, haqiqatni ayta oladigan erkin fuqaroga aylanadi. Jadidlar orzu qilgan “Inson qadri” tushunchasining amaliy ifodasi ham shu aslida.

Jadidlar merosiga ehtirom faqatgina ularning asarlarini nashr etish yoki haykallari poyiga gul qoʻyish bilan kifoyalanmaydi. Haqiqiy ehtirom bu – ular orzu qilgan maʼrifatli jamiyatni qurish, yoshlarimizni ilm-fan va kasb-hunarda jahon bilan bellasha oladigan darajaga yetkazish, tadbirkor va yangilik yaratuvchi insonlarni eʼzozlash demakdir. Qolaversa, jadidlarning ismlarini sanashdan koʻra ularning amallarini davom ettirish muhimroq. Shu bois, ularning merosini bugungi davlatchiligimizning amaliy harakat dasturiga aylantirish uchun oldimizda turgan vazifalar koʻp.

Xususan, jadidlarning iqtisodiy va ijtimoiy qarashlarini davlatchilik va tadbirkorlik maktablari asosiga aylantirish lozim. Jadidchilikka faqat adabiy-maʼrifiy harakat sifatida qaramasdan, ularning iqtisodiy qarashlari va amaliy tashabbuslarini alohida ilmiy yoʻnalish sifatida tadqiq etish katta samara beradi. Ularning xususiy mulk va raqobat haqidagi qarashlarini bugungi iqtisodchi va boshqaruvchilarning oʻquv dasturlariga asos qilib kiritish kerak boʻladi.

Oʻz davrida jadidlar yoshlarni Germaniya kabi dunyoning ilgʻor markazlariga muhandislik, kimyo, agronomiya va ishlab chiqarishni oʻrganishga yuborgan edi. Bugun ham Yangi Oʻzbekistonning strategik tarmoqlari – sunʼiy intellekt, mikroelektronika, biotexnologiya va yashil energetika boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash jadidcha shijoat bilan davom ettirilishi shart. Buning uchun iqtidorli yoshlarning milliy sanoatni yangi bosqichga olib chiquvchi startaplari va ilmiy-amaliy izlanishlarini bevosita moliyalashtiruvchi maxsus maqsadli venchur fondlari tizimini kuchaytirish taqozo etiladi.

Jadidlar orzu qilgan hurriyat bu – insonning oʻz qadrini anglashi, fikrlashdan, haqiqatni aytishdan va tashabbus koʻrsatishdan qoʻrqmasligidir. Prezident nutqida qayd etilgan yurakdagi qoʻrquv va hadikni yengish jarayoni har bir jabhada ochiqlik, qonun ustuvorligi va mustaqil fuqarolik masʼuliyati bilan belgilanadi.

Taʼlimga sarmoya, muallim qadri va ilm tijoratlashuvi

Iqtisodiy taraqqiyot uchun jamiyatning ilmiy salohiyati mamlakatdagi xomashyo yoki boyliklardan koʻra koʻproq naf keltiradi. Zamonaviy dunyoda ham rivojlangan mamlakatlar yaqin tarixiga nazar tashlasak, moddiy boyliklar yoki yashash farovonligi oʻsha jamiyatdagi ilmiy yuksalish ortidan kelganligiga guvoh boʻlamiz.

Tarixiy ildizlaridan uzilgan jamiyatlar oʻzgalarning madaniy taʼsiriga oson tushadi. Bu qaramlikdan chiqishning yagona yoʻli – ilm-fan va taʼlim orqali oʻzlikni asrashdir. Davlatimiz rahbarining mustaqillik nutqida maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlim va akademik ilm-fangacha boʻlgan zanjirning yagona tizimga keltirilishi hamda bilim va malakani milliy taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirish vazifasi eʼlon qilindi.

Dunyoda taʼlim, ilm va kitobxonlikka tikilgan investitsiyadan-da yuqori foyda keltiradigan, jamiyatning kelajagini kafolatlaydigan boshqa sarmoya yoʻq. Davlatni yangilash uchun binolar, yoʻllar yoki zavodlar qurish bilan birga yangi zamon ruhini his qilgan, mustaqil fikrli insonni tarbiyalamoq lozim. Nutqda Yangi Toshkent hududida Milliy kutubxonaning muhtasham binosi, Pedagogika universiteti va Yangi Oʻzbekiston universiteti qad rostlagani alohida ehtirom bilan tilga olindi. Bu bejiz emas – kelajak shahri avvalo savdo yoki idoralar emas, tafakkur ustiga qurilishi kerakligiga ishora.

Shuningdek, nutqda oliy taʼlim tizimida tahsil olayotgan 1 million 600 ming talabaning yarmidan koʻpini qizlar tashkil etayotgani haqida soʻz yuritildi. Prezident bu holatni “Uchinchi Renessansning oʻziga xos qiyofasi” deb atadi. Bizning milliy mentalitetimizda qiz bola kelajak beshigini tebratuvchi onadir. Bilimli qiz bu – bilimli oila demakdir. Oʻqigan, dunyo koʻrgan, kasb-hunarli boʻlgan ona tarbiyalagan farzand oʻz kuchiga ishonch bilan ulgʻayadi.

Oʻqituvchini majburiy yumushlardan, dala mehnatidan, qogʻozbozlik girdobidan qutqarib, uni yana sinf xonasiga, maʼrifat minbariga qaytarish – mustaqillik yillaridagi eng katta tarixiy adolat tantanasidir. Bu – hali toʻlaligicha oxiriga yetmagan, ammo kechiktirib boʻlmas islohot. Chunki har bir olimning, har bir moliyachining, har bir davlat arbobining ortida muallim mehnati turadi.

Oʻz oʻtmishiga tik qaray oladigan, xato va fojialardan toʻgʻri xulosa chiqaradigan millat kelajakning rejalarini toʻgʻri va dadil tuza oladi. Prezident nutqida ham kechagi xato va kamchiliklarni unutmasdan bugunning, ertaning rejalarini tuzish maqsadi mujassam. Bunda asosiy vazifa – “taʼlim – ilm-fan – ishlab chiqarish” zanjirini qogʻozda emas, real bozor talablari asosida ishlatish, maktabgacha taʼlimdan tortib akademik ilm-fangacha boʻlgan boʻgʻinlarni bir-birini toʻldiruvchi yagona tadqiqot maydoniga aylantirishdir. Ilmiy tadqiqotlar shunchaki dissertatsiya yoki monografiyalarda qolib ketmasdan, milliy sanoat, qishloq xoʻjaligi va raqamli xizmatlar bozori bilan bevosita bogʻlanib, tijoratlashtirilishi lozim.

Undan oldin esa muallimning shaʼni, kasbiy erkinligi va ijtimoiy kafolatlarini mutlaq ustuvor qadriyatga koʻtarish talab etiladi. Oʻqituvchini majburiy mehnat va qogʻozbozlik zanjiridan xalos etish boʻyicha boshlangan tarixiy islohotni ularning doimiy malaka oshirish tizimini tubdan yangilash bilan davom ettirish muhim. Pedagog kadrlarni baholashda quruq test sinovlaridan voz kechib, oʻquvchilarga tanqidiy va ijodiy fikrlashni oʻrgata olish mahoratiga asoslangan zamonaviy milliy reyting va ragʻbatlantirish mexanizmini joriy etish zarur. Muallimning jamiyatdagi maoshi va ijtimoiy maqomi uning faqat oʻz kasbi bilan mashgʻul boʻlishini taʼminlashi shart.

Raqamli til inqiroziga qarshi maʼnaviy qalqon

Nutqdagi konseptual jihatdan yangi strategik chaqiriqlaridan yana biri ona tilimiz taqdiri bilan bogʻliq boʻldi: “Oʻzbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til boʻlishi lozim”. Bu chaqiriq XXI asrning shafqatsiz texnologik poygasida tilimizning, demakki, millatimizning tafakkur mustaqilligini saqlab qolishga qaratilgan vazifadir. Bugun tilimizni raqamli texnologiyalarga moslashtirmasak, ertaga boshqa tillarning axborot taʼsiriga butunlay tushib qolamiz.

Milliy oʻzligimiz bir zamonlar toshbitiklar bagʻrida, keyinchalik qoʻlyozmalar va bosma matbuot sahifalarida jon saqlagan boʻlsa, bugun tilning yashovchanlik mezoni raqamli algoritmlar, katta maʼlumotlar bazasi va sunʼiy intellekt kodlariga koʻchdi. Shunday ekan, endi ona tilimizning boyligi va Navoiy merosi bilan faxrlanishning oʻzi kamlik qiladi. Agar til kompyuter kodlariga, algoritmlar va yuqori texnologiyalarga moslashtirilmasa, u kelajak avlod ongidan asta-sekin surib chiqariladi va global axborot maydonida oʻz mavqeyini yoʻqotadi. “Raqamli til inqirozi” shu tarzda roʻy beradi.

Bugun tilning qadri uning sanoat, moliya, muhandislik va zamonaviy ilm-fandagi amaliy oʻrni bilan oʻlchanmoqda. Oʻzbek tili faqatgina oʻzga tillarda yaratilgan bilimlarni isteʼmol qiluvchi, tayyor kontentni tarjima qiluvchi “ikkilamchi til” boʻlib qolmasligi kerak. Taʼkidlanganidek, u fan va kashfiyotlar, IT, arxitektura, yangi bilim va raqamli mahsulotlar toʻgʻridan-toʻgʻri yaratiladigan mustaqil lingvistik kuchga aylanishi shart.

Birgina moliyaviy atamashunoslik va raqamli interfeyslarni olaylik. Ushbu tizimda hali ham internet tillariga qaramlik, kalka tarjima atamalar va sunʼiy jumlalar uchrab turishini sohaning ichida yurganlar yaxshi bilishadi. Agar tadbirkor yoki oddiy fuqaro davlat xizmatlari va bank ilovalaridan oʻz ona tilida qiynalmay foydalana olmasa, raqamlashtirish ham, moliyaviy savodxonlik ham kutilgan natijani bermaydi. Xizmat koʻrsatish va milliy iqtisodiyot tili xalqning oʻz tili bilan uygʻunlashgandagina haqiqiy taraqqiyot boshlanadi.

Prezident nutqida alohida qayd etilgan, 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish maqsadi ham til masalasiga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqdir. Agar biz sunʼiy intellekt modellarini, katta til korpuslarini (LLM) oʻzbek tilidagi ilmiy atamalar va milliy dunyoqarashimiz bilan boyitmasak, ertangi avlod raqamli dunyoda oʻzga tillarning madaniy va gʻoyaviy taʼsiriga tushib qolishi mumkin. Zotan, algoritmlardan chetda qolgan til oʻzgalarning mafkuraviy quroliga aylanadi va oʻz mustaqilligini yoʻqotadi.

Shu boisdan ham oʻzbek tili sunʼiy intellekt neyrotarmoqlari tushunadigan va fikrlarni mustaqil ravishda ifodalay oladigan tilga aylanishi lozim. Toki, oʻzbekchada ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishdan tortib, venchur fondlar, startaplar, fond birjasi, raqamli bank tizimlari va fundamental ilmiy izlanishlarni bemalol joriy etish mumkin boʻlsin.

Bunda milliy tilning toʻlaqonli raqamli ekotizimini barpo etish juda katta natija beradi. Sababi, sunʼiy intellekt oʻz-oʻzidan oʻzbek tilida fikrlamaydi. Buning uchun tilning yuzlab million, milliardlab soʻz va iboralarni, adabiy va ilmiy matnlarni qamrab olgan milliy korpuslari, semantik tarmoqlari ishlab chiqilishi zarur.

Shu oʻrinda yaqinda Oliy Majlis Senati lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni maʼqullaganini alohida eʼtirof etish lozim. Koʻpchilik bunga tor lingvistik masala sifatida qarashi mumkin, ammo buning ortida jiddiy texnologik zarurat yotibdi. Amaldagi alifbodagi ayrim belgilar (qoʻshharflar va apostroflar) raqamli tizimlarda, qidiruv algoritmlarida, sunʼiy intellekt modellarida texnik chalkashliklar keltirib chiqaradi. Takomillashgan alifbo esa tilning raqamli bazalarga oson integratsiyalashuviga, dasturiy taʼminotlarda milliy kodlarning toʻgʻri ishlashiga xizmat qiladi.

Biz qadim tarixdan to bugungi kungacha yaratilgan barcha badiiy, falsafiy, ilmiy merosimizni algoritmlar taniydigan va qayta ishlay oladigan darajaga keltirishimiz kerak. Tilning raqamli dunyodagi mustaqilligi aynan mana shu poydevordan boshlanadi. Birgina bank va moliya tizimini oladigan boʻlsak, millionlab iqtisodiy tahlillar, bank hujjatlari, ilmiy maqolalar, statistik sharhlar va qonunchilik matnlarini sifatli raqamlashtirgan holda tizimlarga kiritish talab etiladi. Aholisi uncha koʻp boʻlmagan Estoniya, Finlyandiya kabi davlatlarning oʻz tillarini toʻliq raqamlashtirib, kichik tillarni yirik global fintex tizimlarining ajralmas qismiga aylantirgani, Germaniya va Fransiyaning raqamli moliya va sunʼiy intellekt boʻyicha maxsus dasturlarni ishga tushirgani biz uchun, oʻrganish mumkin boʻlgan muhim tajriba boʻlishi mumkin.

Bugungi kunda axborot texnologiyalari, biotexnologiya, bank-moliya sohalarida yuzlab yangi tushunchalar paydo boʻlmoqda. Agar biz bu atamalarni oʻz vaqtida milliy tilning ichki imkoniyatlari va soʻz yasash qoliplari asosida muomalaga kiritmasak, ona tilimiz zamonaviy taraqqiyot jarayonlarini ifodalashda ojiz boʻlib qoladi. Bu oʻrinda koʻr-koʻrona kalka tarjima emas, tilning boy maʼno qatlamlaridan foydalanish, tilning ifodaviyligi va mantiqiy aniqligini saqlab qolgan holda yangi lugʻaviy birliklar yaratish talab etiladi. Bu jarayon oʻz navbatida sunʼiy intellekt yordamida ishlaydigan fan va texnologiyalar, ijtimoiy va moliyaviy tizimlarning oʻzbek tilidagi buyruq va tahlillarni xatosiz qabul qilishini kafolatlaydi.

Bugungi raqamlashuv va internet muloqoti (xususan, messenjerlardagi qisqa matnlar) tilning leksik qatlamini juda joʻnlashtirib, primitiv shaklga solib qoʻyish xavfi yuqori. Oʻzbek tili esa sinonimlarga, majoziy ifodalarga boy, obrazlilik qulay boʻlgan til. Bunday vaziyatda bizning vazifamiz – texnologiyaga tilning grammatikasi bilan birga uning milliy ruhi, badiiy tafakkuri va maʼno qatlamlarini ham joylay olishdir.

Demak, ona tiliga boʻlgan muhabbat faqat uni koʻklarga koʻtaruvchi daʼvatlarda emas, mukammal ilovalarni ishlab chiqishda, milliy raqamli lugʻatlarni shakllantirishda, dasturlash kodlariga moslashgan milliy platformalarni yaratishda koʻrinishi kerak. Xullas, buyogʻiga istalgan til faqat raqamli texnologiyalarga integratsiyalashgandagina global dunyoda saqlanib qoladi.

***

Mustaqillikni asrash faqatgina uning sarhadlarni qoʻriqlash yoki moddiy farovonlik bilangina cheklanmaydi. Chin istiqlol – haq-huquqini anglagan, ilm va kasb-hunarda dunyo bilan bellasha oladigan erkin insonlar jamiyatidir. Jadid bobolarimiz bizga qoldirgan eng katta meros ilgʻor sanoat, milliy bank, mustaqil fikr va dunyoviy bilim edi. Bugungi Oʻzbekiston ana shu merosni yangi zamon talablari bilan boyitmoqda: shahar markazlariga kutubxonalarni qoʻymoqda, muallim shaʼnini tiklab, qizlarimiz taʼlimiga yoʻl ochmoqda va eng muhimi – ona tilimizni sunʼiy intellekt kodlari, global moliya va fan tiliga aylantirishdek strategik vazifani birlamchilardan qilib qoʻymoqda. Zotan, biz millat sifatida boy maʼnaviy merosimizni bugungi raqamli taraqqiyot bilan uygʻunlashtira olsak, mustaqilligimiz ham, tafakkurimiz ham asrlar osha yengilmas kuch boʻlib qolaveradi.

Dadaxon MUHAMMADIYEV,

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruv

raisining maʼnaviyat va davlat tili masalalari

boʻyicha maslahatchisi,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori