Jurnalga maqola yozib berish majburiyati zimmamga yuklatilgandan soʻng ancha oʻyga toldim. Yozishim kerak boʻlgan maqola mavzusi menga juda qiyin tuyuldi. Nimasi qiyinligini tushuntiray.
Bu mavzu baribir oʻzim haqimda ekanligini bilaman. Buning esa bir xavotirli joyi bor. Gap shundaki, hayotimda kechgan baʼzi oʻrinlarni eslashga toʻgʻri keladi. Bu xotiralarning esa odam oʻzi bilan olib ketadigan joylari borday tuyuladi menga...
Ha, hozir yozayotgan hayot lavhalarining koʻpining ular kechgan paytdayoq maʼnosini chaqqanim yoʻq. Bu voqealardan keyin – yoshim bir joyda yetganda – maʼlum bir xulosalar chiqarganman...
* * *
Haqiqiy yozuvchi-shoirlarning hayoti va ayniqsa ijod jarayoni chetdan qaraganda bir-biriga oʻxshash – juda sodda, aniqday tuyuladi... Ha endi, kallaga nimadir kelgach, stolga oʻtirasan-da, yozib tashlaysan. Tamom.
Ammo har bir ijodkorning ijod yoʻli oʻziga xos izlanishlarga toʻla noyob hodisakim, u maʼlum bir kishining hayoti doirasida qolib ketmasligi bilan ajralib turadi. Uning dunyoga oʻzgacha koʻz bilan qarashi (oʻziga xoslik deymizmi?), soʻzlar mutanosibligini yuksak darajada his qilishdan kelib chiqadigan alohida injalik, asarlaridagi tushuntirish mushkul allaqanday sehr, hayot haqiqatining badiiy haqiqatga aylanishi tufayli kundalik tashvishlarning goʻzal, teran, kulgili, dramatik va baʼzan fojeali tus olishi alohida bir tajribakim, bu tajriba ijodkorning yaratuvchilik qobiliyati sababidan koʻpchilikni rom etadi. Tulkiday qilpillagan, boʻriday irillagan bu dunyoda inson qadri borligini qayta his qildiradi. Adolattalablik, or-nomus, millatparvarlik, insonparvarlik, vatanparvarlik kabi ulug‘ xislatlarini kitobxonlarga yuqtiradi. Vatanni sevishga oʻrgatadi.
Bizda kam aytiladigan bir gap: haqiqiy ijodkor Parvardigor mukammal yaratgan dunyoning har bir jilvasidan hayratga tushadi. Bu hayrat uning ongini, ruhini, bor-u yoʻgʻini tuyrab oʻtadi. Mana shu mahobatli hayratni qogʻozga tushira olish mahorati esa juda nodir va noyob bir hodisakim, bu maqomga koʻtarilish hamma ijodkorga ham nasib etavermaydi. Koʻtarilish nasib etganlar esa dunyoning mukammalligini va oʻz hayratining manbasini ich-ichdan sezadi. “Voh, tangrim!” deb nogahon pichirlaydi u bir kunmas-bir kun. Bu pichirlash barcha hayqiriqlardan baland yangraydi...
Xullas, buyuk adiblarning barchasi oʻrtanib yozish unga bekor nasib etmaganini anglaydi. U yolgʻondan, xushomaddan, mayda manfaatlardan ozod – inson ruhini maydalab tashlaydigan ming turfa illatlarga nafrat bilan qaraydigan, adolat va haqiqat tarafidagi ulkan shaxsga aylanadi.
Men Sharq adabiyotidan emas, chetroqdan bir misol keltirib oʻtaman.
Mudom ogʻriqli izlanishda boʻlgan Lev Tolstoy umrining oxirida pravoslav cherkovining qotib qolgan aqidalarini rad etgan. Bu qarashlari uchun cherkov rahnamolari uni “laʼnat”lagan va... uni cherkovdan – xristianlikdan “mahrum” etganlar. Holbuki, Tolstoy nasroniy aqidasining tamal toshi – uchlik(“троица”)dan voz kechib, oʻz aqli va ruhi bilan yakkaxudolikka – islomga juda yaqinlashib kelgan edi. Rus adabiyotshunosligi Tolstoyning bu kechinmalarini eslashni xush koʻrmaydi. Ammo haqiqat xuddi shunday.
Oʻzbek teatrining asoschisi Mahmudxoʻja Behbudiy ham ijodning bu yoʻrigʻini his qilgan. U maqolalaridan birida “teatr masxarabozlik” emasligini qatʼiy taʼkidlab oʻtadi. Bu oʻrinda “masxarabozlik” soʻzini kengroq tushunishimiz lozim. Ayniqsa, oldi-qochdi, yengil-yelpi asarlar yozishga moyillik koʻpayib ketayotgan hozirgi paytda bu hol ham oʻsha ulug‘ jadid Behbudiy koʻzda tutgan “masxarabozlik”ning bir koʻrinishi ekanligini eslatib turmogʻimiz lozim.
Yozishda ilohiylik borligini taʼkidlashdan tolmasligimiz kerak. Yozish (rost tuygʻular, oʻrtanishlar) ibodat ekanligini anglamogʻimiz zarur. Bu hol – haqiqiy adabiyotning muhim bir rukni sifatida – adabiyotga qarashni shakllantirishga koʻmak beradigan adabiyotshunosligimizda ham aks etishi lozimday tuyuladi menga...
Biz haqiqiy shoir-u yozuvchilar asarida muhim bu fazilatni mudom payqaganmiz...
Ammo bu ilohiylik qachon ijodkorga hamrohlik qila boshlaydi?
Endi gapni yana ho‘-o‘-o‘ boshdan boshlashga toʻgʻri keladi.
* * *
Yaqinda Eshqobil Shukur bilan bir shoir ukamizning toʻy oshida qatnashdik. Odatdagiday amri maʼruf bu safar odatdagiday amri maʼruf boʻlmadi. Domla bilimli, buning ustiga qaysi davrada nimani gapirishni biladigan odam ekan.
Xullas, domla... shoirlikdan soʻz ochdi!
Obbo!..
Men shoirlik haqida amri maʼrufni birinchi eshitishim edi.
Rosti, dastlab xavotir ham oldim. Odatda amri maʼruf odob-u axloqdan boʻlgich edi. Biz ham adabiyotda aylanib yurgan odamlarmiz, bu amalning past-u balandi bizga maʼlum... Domla tagʻin oʻzicha “aqllilik” qilib, aljib qolsa nima boʻladi?
Ammo domla xavotirga oʻrin qoldirmadi...
U kishi shoirlik oʻqib-oʻrganib yetib boʻlmaydigan kasb ekanligidan gap boshladi. Shoirlikni Parvadigor ona qornidan oʻzi saylagan bandalariga inʼom etar ekan...
Eshqobil ikkov koʻz urishtirib oldik. Ana! Biz tugʻma isteʼdod deymiz-ku! Shuni gapirayapti! Toʻgʻri! Toʻgʻri!
Domla bu haqiqat Qurʼonda ham borligidan gap ochdi. Bir oyat bilan fikrlarini mustahkamladi.
Men uchun yaxshi ukamning bu toʻyidagi eng katta mukofot mana shu amri maʼruf boʻldi!
* * *
Albatta, shoir voyaga yetguncha qogʻoz bilan bilan yuzma-yuz holda juda koʻp qol-u holni boshdan oʻtkazadi. Xudo bergan isteʼdodni yoʻqotmay, maʼlum bir darajaga olib chiqish uchun juda koʻp bosqichlardan oʻtadi. Yaxshi sheʼrning tumanlar ortidagi qiyofasini his etguncha necha bir ongorti manzillar oshadi. Ruhi oxir-oqibat mudom mavjlanib turadigan bir holga yetadikim, kamina bu holni oʻzimcha “uzluksiz ilhom” deb atayman. Bu – shoir istagan payt sheʼr yoza olish holati... Bunday holat boʻladimi? Boʻladi! Menimcha, hazrat Alisher Navoiy shu maqomda ijod qilgan. Aniq.
* * *
Bolaligimda, yoʻg‘-e, goʻdakligimda ichimda tiqilib, vujudimni oʻrtab yotgan narsa nima ekanligini tushunmaganman. Tushunish qayda? Hali yozish tugul, oʻqishni bilmayman-ku... Yigʻi mudom tomogʻimga tiqilib turgan. Bu holni hozir ham juda ayon eslayman.
Mening yigʻloqi feʼlimni oʻsha paytda butun qishloq bilgan boʻlsa kerag-ov. Keyinchalik, yuqori sinflarda oʻqiganimda ham, yoshi mendan katta qishloqdoshlarimga duch kelsam oʻsha yigʻlovimni eslab qolishardi:
– Munovi Usmonmi? – deyishardi negadir quvonishib. – Doʻpposday jigit boʻp qopti-ya! E, buning bolalikdagi jilashlarini!.. Mengnixoloyding kunini bir tutam qigan edi-ya!
Yana menga razm solib quvonishardi:
– Duppa-durust boʻpti!
Kampirlarning hayratlari boshqacha edi:
– Bola jilar ekan, siqtar ekan, oʻlmasa odam boʻp ketar ekan... Dam olmay jilar edi-ya...
Uydagilar meni kasal deb oʻylab, qilmagan amali qolmagan. Fol ochtirishgan. Tabibga koʻrsatishgan. Barcha aytilganni sidqidildan bajarishgan. Hatto kimningdir maslahati bilan oʻng qulogʻimni teshdirishgan ham (hozir ham oʻrni bor). Kor qilmagan.
Rahmatli enam (biz onamizni shunday deymiz) eslar edi:
“Otangning davrasi bor edi. Boysunning toʻrt-besh katta mullasi kechqurun xufiya yigʻilib, kitob oʻqirdi. Masala talashardi. Nimaga yashirin deysanmi? Shoʻro bilib qolishidan qoʻrqqan. Zamon yomon edi, bolam... Koʻpincha biznikiga kelishardi. Shahardan olis, ovloqroq joyda-ku hovlimiz. Ular keladigan kun alohida tayyorgarlik koʻrar edik. Otang bir jonliq soʻydirardi. Men goʻsht qovuraman, shoʻrvani tashlab qoʻyaman. Tunning bir mahali oshga unnayman.
Bir oqshom oshxonada unnab yotibman. Bir qoʻlimda kapgir, bir qoʻlimda sen. Tinmay yigʻlayapsan. Mehmonxonaga ham izillaganing eshitilib turgan boʻlsa kerak. Otang chiday olmapti. “Aka, – depti otang Mufti boboga, – shu bolani bir oʻqib qoʻying. Ilon chaqqanday chirillayapti”. Seni koʻtarib, mehmonlar yoʻq xonaga oʻtdim. Mufti bobo kirib keldi. Sen tinmay yigʻlayapsan. Yerga qoʻyishning iloji yoʻq. Men seni ovutmoqchi boʻlib, yurib turibman. Mufti bobo ham yurib oʻqiyapti... Bir-ikki “suf” deganidan keyin birdan kulib yubordi. “Kelin, – dedi, – bu bola kasal emas. Koʻzini qarang, top-toza. Bu bola xudodan bir narsa soʻrab yigʻlayapti. Xavotir olmang, xudo xohlasa, katta odam boʻladi!”...
Endi oʻylayman... bu goʻdakni oʻrtagan azob oʻsha – jonu jahoningni har lahzada, har soat, har kun, yillar boʻyi – umr boʻyi tubsiz hayajonda tutib turadigan dard boʻlsa kerak. Oʻsha, Mashrabni sarson-sargardon qilgan, Boburni “saltanatdan kechasan” deb talvasaga solgan... Oʻsha...
Esim kirganda bu yigʻini ichimga yutishni oʻrgandim...
Ehtimol, men bu xotirotni aslidagidan kattaroq maʼno yuklab eslayotgandirman, lekin u rost. Rostligi bilan qalbimga tirgak boʻlib turganini sezaman. Shuning uchun yozdim...
* * *
Olti yoshda maktabga bordim. Yozishni oʻrgandim va... allanimalarni qoralashga tushdim. Maktab darsliklarida va gazetalarda oʻqigan sheʼrlar, “Alpomish”-u “Kuntugʻmish”lar ohanglarida nimalarnidir qogʻozga tushira boshladim...
Bu nochor satrlarning qogʻozga koʻcha boshlashi, nazarimda, ijodiy tarjimai holimdagi eng katta nuqta – burilish edi.
* * *
Bu burilishdan soʻng kirganim “koʻcha” betinim mutolaa natijasida kengayib, “oʻzimniki”ga aylanib bordi. Yoʻq, men har kun nimanidir yozib tashlayvermaganman. Barcha tengdoshlarim kabi roʻzgʻor tashvishining bir cheti mening ham yelkamga tushgan. Juda harakatchan boʻlganman – oʻyinga ham vaqt topganman.
Oʻzimni eplab olgandan keyin dala-dashtda bir oʻzim yalangoyoq kezishni yaxshi koʻrdim. Dunyoning bahori-yu kuzi negadir meni hayajonga solgan. Bu dunyoda mendan yashirin allaqanday sir borday tuyulavergan. Daraxtlarga, maysalarga, tog‘-u toshlar, hatto hashoratlarga soatlab termulib oʻtirganman.
Bahorda, maysalar qulf urgan paytda, yomgʻirsiz kunlar boʻladi. Quyosh charaqlaydi. Turli-tuman chumolilar, qoʻngʻizchalar oʻrmalab chiqadi. Chumolilar bir zumda inlaridan oʻtloq oralatib uzun yoʻllar quradi. Ularning harakatida tartib borligini, bu tartib juda murakkab ekanligini oʻshanda sezganman. Hatto yoʻlakchalaridan qarama-qarshi kelayotgan chumolilarning baʼzilari toʻxtab, bir zum moʻylovchalarini qimirlatib, bir-biri bilan “gaplashib” (menga shunday tuyular edi) olishlarini hayrat bilan tomosha qilganman. Ana, tuyachumolilar!.. Ularning inlari maysa siyrak joylarda. Yoʻl ham qurib oʻtirmaydi. Har bittasi faqat oʻziga maʼlum yoʻnalishda tentiraydi. Ular yurmaydilar, yuguradilar... Inlariga biror bir yegulik tashiganlarini ham koʻrmaganman.
Oʻtloqqa yuztuban choʻzilaman. Oftob yelkamni qizdiradi. Maysalar orasida allaqanday mayda – ignaning uchiday mitti jonivorlar kezib yurganiga koʻzim tushadi. Bu jonivorlarning otini bilmayman. Nazarimda, hech kim bilmaydi. Negadir ranjiyman. Bu jonivorlar bor-ku! Nega oti yoʻq?..
Yoz esa tinimsiz mehnat payti. Odamlar qishning gʻamida tentiraydi. Somon, chalma-tezak tashiladi, gʻalla oʻriladi... Issiqdan labimiz qovjirab, biz bolalar ham kattalar ortidan bu yumushlarga yordam beramiz. Bugʻdoy oʻrimi mashaqqat. Necha turfa tikanlar gʻallazorni bosgan. Bir tutam bugʻdoyni tutsang, uying kuygur tikanlar kaftingga ariday yopishadi... Keyin-keyin kafting-u barmoqlaring dagʻallashib, unday-bunday tikan oʻtmaydigan boʻladi. Qorongʻi tushganda qoʻshxonaga qaytiladi.
Qoʻshxonani bir tepada tashlaganmiz... Katta doshqozondan taralayotgan ovqat isi dimogʻimizga uriladi. Hammaning qoʻlida tunuka kosa. Qozonni oʻrab olamiz. Besh-olti tengqur qur tashlab oʻtiramiz. Brigadir otining xurjuniga toʻldirib kelgan tandir nonni shoʻrvaga toʻgʻrab, ishtaha bilan yeymiz... Shom oʻtgach, oʻyin boshlanadi. “Oqsuyak”, “Urganni top”... Bu oʻyinlarimizda yoshlar tugul, katta-matta oʻroqchilar ham ishtirok etadi. Kechasi ochiq havoda oʻsha qozonning tegrasini aylanib, toʻshakka kiramiz. Uydan bitagina eski koʻrpa olib kelganmiz. Boshimga koʻrpa tagidan yalpoq tosh qoʻyib (ha, tosh qoʻyib!), yostiq yasab olganman. Koʻrpaning yarmi ustimda, yarmi ostimda. Tepada yulduz sigʻmagan osmon. Charaqlaydi. Tunni chirillovuqlar tovushi tutadi... Kun boʻyi mehnatda horigan odamlar bir pasda uxlab qolamiz.
Ertalab tong otar-otmas uygʻotishadi. Yengilgina choy ichgan boʻlamiz-da, oʻroqni olib, kecha oʻrimni toʻxtatganimiz dala boshiga boramiz. Boyev Bozor bobo nogahon “ha-a!” deb baqiradi. U jazavasi tutgan odamday gʻujur bilan gʻallaga oʻroq soladi. Tikan-pikanni koʻrdim demaydi. “Ha-a!”... Qator boʻlib oʻrimga tushamiz. Gʻayrat-u shijoat barchaga koʻchadi. Bosh koʻtarmay ishga tushamiz. Manglaylarda ter paydo boʻladi. Koʻylaklarning yelkasi nam... “Ha-a-a!”. Ortimizda ikki-uch kishi har-har joyda uyib qoʻyilgan gʻallani yigʻishtirib – bogʻlab kelaveradi. Saraton tafti ham sargʻaytmagan allaqanday oʻsimliklardan bovliq yasab, shunday bogʻlashadiki, ataylab silkitsang ham, biror bugʻdoy poyasi toʻkilmaydi. Besh-oʻn bogʻni bir joyga toʻplab ketishadi. Keyin dalaga bir juft hoʻkiz qoʻshilgan chigʻana kiradi...
Chigʻanani koʻrganlar hozir kam qoldi. Chigʻana – gʻildiraksiz arava. Bir oʻrim fasligagina yetsa boʻldi deb naridan-beri quriladi. Baquvvat tolyogʻochlar toʻrtburchak qilib birlashtiriladi. Bu – chigʻananing asosi. Uning toʻrt burjidan tepaga yana toʻrt uzun xoda tiklanadi. Ularning orasiga va asosga koʻndalang qilib yana taxta qoqiladi. Bir tomoni esa ochiq qoladi. Shu ochiq tomondan bugʻdoy bogʻlari shoxada ilib, chigʻanaga tashlanaveradi. Toʻlib-toshgandan keyin xirmonga eltib, agʻdariladi.
Bu xirmon – maxsus emas, ekin ekilmaydigan tekis joy, xolos. Xirmonchilar bogʻlarni chigʻanadan tushirib, “belbog‘”idan ajratadi, aylana shaklda tizza boʻyi qilib toʻkishadi. Soʻngra chigʻanadan boʻshagan hoʻkizlarni boʻynidan juftlashtirib bogʻlab, bugʻdoyning ustiga galagov soladilar. Xirmonchilar “mayda-mayda”ni gʻaygʻaylab aytib, hoʻkizlarga bir zum tinim bermaydi. Shu tarzda gʻallaning somoni somonga, bugʻdoyi bugʻdoyga ajratiladi...
Juda qattiq mehnat.
Yashash uchun odamlar, jumladan, bizday oʻspirinlar ham bir zum tinmaydigan mahallar...
Oʻsha kunlar mashaqqati va... shavqi suyak-suyagimga singib ketgan.
Eng qizigʻi, men oʻrimga ham kitob eltganman.
Tushlikdan soʻng kamar tagida soyalab yotganimizda kitob oʻqiyman. Baʼzan Samariddinxon eshon bobo yoniga chaqirib oladi. U kishi koʻp dostonlarni yod biladigan odam. Kitob oʻqiganim uchun boʻlsa kerak, menga alohida mehri bor. Meni sizlab, oʻzining tengiday gaplashadi. Biz dostonlardan, ertaklardan suhbat qilamiz. Kitoblardan oʻqiganim, eshitganim doston-u ertaklardan gaplashsak, u kishi toʻldirib boradi:
“Bu matalning yana bir joyi bor”.
“Alpomish bu joyda yana bunday degan”...
Oʻsha davrlardan qolgan bir odatim bor. Hozirgacha biror narsani oʻylab turganda birdan hamma narsani unutib, oʻzimga choʻkib qolaman. Eshon bobo buni ham sezib olgan. “Ha, keldimi?” deydi u kishi... Soʻng jiddiy qoʻshib qoʻyadi: “Yozishdan qolmang”... Qishloqda gap yotarmidi, u kishi mening bir balo yozaman deb unnab yotishimni biladi... Eshon bobo juda zoʻr odam edi! U kishi shoir deb nom chiqargan kunlarimni ham koʻrdi. Joyi jannatda boʻlsin!
Keyin kuz keladi. Dunyo huvullaydi... Yuragim zimillab dasht-u toqqa qarab oʻtiraveraman. Xudoyim!..
Bu huvullashni qanday yozaman?
Men koʻrgan-kechirganlarim va atrofimdagi cheksiz-chegarasiz dunyoda sheʼr borligini aniq bilaman. Ammo ularni qogʻozga tushirishni udda qilgunimcha uzoq, juda uzoq yoʻl borligini ham anglayman.
Yozishning vahimasi ham bor. Ammo jahd bilan kirishguningcha... Yozishdan qolmayman. Albatta, u qoralamalarni sheʼr deb boʻlmaydi. Buni ham bilaman. Lekin yozaman-da!..
* * *
Bizning maktab yetti yillik edi. Kenja opam Saida qishlogʻimizdagi maktabni bitirib, Boysun markazidagi 1-maktabda oʻqiy boshladi. Qishloq maktabida adabiyotdan dars beradigan muallim toʻporiroq odam edi. U bizga darslikning falonchi betidan falon betigacha oʻqishimizni tayinlab, oʻzi tashqari chiqib ketar – qaytib kirib, darsini yakunlab qoʻya qolardi. Opam borgan katta maktabda esa adabiyot oʻqituvchilari juda koʻp – ulardan birini sirtdan juda yaxshi taniyman. Gap shundaki, uchinchi sinfda oʻqib yurganimda shu muallimning tuman gazetasida eʼlon qilingan sheʼrini oʻqiganman. Ana, xudoning qudrati bilan shu shoir domla opam oʻqiydigan sinfda dars bera boshladi. Sheʼrlarimni shu domlaga koʻrsatsam, qanday boʻladi? Uch-toʻrt oylik oʻylovdan keyin ikki sheʼrimni tanlab, opamdan shu kishiga koʻrtsatishini iltimos qildim...
Har kun opamdan surishtiraman. Bir haftalardan keyin javob keldi. Ammo opam “oʻqibdi” deb gapni qisqa qilib qoʻya qoldi. Domlaning nima deganini soʻrayverganimdan keyin oxiri rostiga koʻchdi: domla “biror kitobdan koʻchirmaganmi?” deb soʻrabdi opamdan...
Men jim boʻlib qoldim. Oʻzimni haqoratlanganday his etdim. Kun boʻyi bu adolatsizlikka chidamay yurdim... va ertasi birdan koʻnglim charaqlab ketdi. Muallimning bu xavotiri aslida eng katta maqtov ekanligini angladim! U sheʼrlarimni, oʻzi bilmasdan, kitobdagi sheʼrlarga tenglashtiribdi-da! Demak, yozsam boʻladi!
Sizni chalgʻitmaslik uchun aytib qoʻyay. Keyin bildim, oʻsha paytda kitoblardagi sheʼrlarning ham koʻpi juda nochor ekan...
* * *
Toʻqqizinchi sinf chogʻim birinchi sheʼrim viloyat gazetasida bosildi. Shu sheʼr tufayli Erkin Aʼzam bilan tanishdim. Men adabiyotga shu paytgacha bu darajada qiziqqan odamni koʻrmagan edim. Endi aytsam, yolgʻoni boʻlmaydi: men bir umrlik doʻst topgan edim. Ikovimizning suhbatlarimiz olamga sigʻmaydi deng. Yozganimizni bir-birovga oʻqib beramiz, tortishamiz... Oʻqigan kitoblarimizni va mualliflarni “boʻladi-boʻlmaydi”ga ham ajrata boshladik.
Bir kun sheʼr oʻqiyotganimda, Erkin xayollanib turdi-da, sheʼr oʻqish ohangim oʻzgarganini aytib qoldi. Nahotki... oʻzgaribdi? Sheʼrni yangicha ohangda – hozir sheʼrxonlarga tanish boʻlib qolgan tarzda oʻqiy boshlabman. Ilgari radiodagi diktorlarga taqlid qilib oʻqirdim shekilli. Hozir... Oʻzgaribdi. Endi bilsam, oʻsha payt sheʼrlarimda, tanqidchilar taʼbiricha, oʻzimning “ovozim” paydo boʻlgan ekan. Qulluq boʻlsin deydigan odam yoʻq. Erkinning oʻzi ham hozir bu “xulosa”sini eslay olmasa kerak.
Bu ohangning paydo boʻlishi muhim bir bosqichdan oʻtganimga dalolat ekanligini endi-endi tushunaman.
* * *
Oltmishinchi yillar oʻzbek adabiyotida evrilishlar davri boʻldi. Ungacha zamonaviy adabiyotning mundarijasi juda tor edi. Bu yillarda esa adabiyot oʻzgardi. Avvaldan nom chiqargan adiblar ham yangicha yoza boshladi. Birin-ketin yangi nomlar ham koʻrindi. Biz shu oʻzgarishlar ichida ulgʻaydik. Maktabda yozganlarimdan kitobga kirgan birgina sheʼr – “Qishki ertak”ni hozir eslayapman... Universitetda oʻqib yurganimda va keyingi yozishlarimni adabiyotdagi aka-ukalarim, doʻstlarim juda yaxshi kutib oldi. Besh-olti kitobim nashr boʻldi. Ammo men nimagadir yetib bormaganimni hanuz his qilib yurardim. Oldimda yana bir dovon borday tuyulaverar edi. U qanday dovon?
* * *
Taxminan oʻttiz besh yoshlarimda bir voqea roʻy berdi. Ichimda allaqachon “buyuk” deb sifat beradigan ustozim Shukur Xolmirzayev uyiga chaqirib, oʻsha paytlar yozilayotgan “Qilkoʻprik” romaniga qoʻshiqqa tushadigan bir sheʼr yozib berishimni iltimos qildi. Bu haqda “Soʻngsoʻzlar” kitobimda batafsil yozganim uchun voqeani qisqaroq bayon etaman.
Xullas, “qoʻshiq” ham, hatto naqorati ham yozildi.
Shukur akamizning tavsiyasi bilan hofiz va yozuvchi Xoliq Xursandov bu sheʼrni qoʻshiq qildi va bu qoʻshiq Boysun aro mashhur boʻldi.
Menga berding osmonning bir tinigʻini,
Toshlar otding, terib oldim sinigʻini...
Qahratonning qatronini men tortdim, yor,
Agʻyor bildi soʻzlaringning iligʻini.
Kuydi jonim, kuydi mening jonim, kuydi,
Bevafo yor bizni qoʻyib kimni suydi?
Bu voqeadan uch-toʻrt yillar soʻng Shukur aka, rahmatlik Rauf Parfi bilan uchovlon boʻlib Boysunga bordik. Boysunda doʻkondan turkiyshunos olimlarning Moskvadagi bir yigʻinidagi vaʼzlari asosida nashr etilgan bir kitob sotib oldim. Varaqlab koʻrayotib, ishoning, nogahon Shukur akaning uyida yozilgan “qoʻshiq”ning naqoratiga duch keldim. Yozilishicha, bu satrlar qarayim xalqi ogʻzaki ijodiga tegishli ekan. Ana, xolos! Butun badanim muzlab ketdi. Men uchun bu hol nihoyatda hayajonli edi.
Bu voqeaning taʼsiridan ancha payt oʻzimga kelolmay yurdim. Xudoyim! Bu nimasi? Bu nimaga ishora? Qay qudrat bu ikki satrni avval menga yozdirib, soʻng Moskvada chiqqan kitobni Boysunga keltirib, qoʻlimga tutqazdi? Ey, Parvardigor!.. Men seskanib ketdim. Nima?... Ha, Parvardigor!.. Parvardigor!..
* * *
Mening yozishimda oʻzgarish roʻy berdi. Qachonlardir orzu qilganim sheʼrga yetganday edim. Sheʼrlarimga yozishga kuchim yetmay toʻlgʻonganim – dunyo shovuri, manzaralari, ruhi, holati kirib kela boshlaganini sezdim. Parvardigorga iltijolarim koʻpaydi. U meni yozish uchun yaratganini angladim. Istagan paytda yozishim mumkin boʻlgan hayajon ixtiyorida qoldim. Nasr va dramaturgiyaga qoʻl urdim. Ssenariylar yozdim. Barchasi oson va tabiiy kechdi. Zarra ham zoʻriqish boʻlgani yoʻq. Chunki meni qoʻllab turgan – bu olamning Ijodkori ekanini fahmlagan edim...
Men shu oxirgi jumlani yozmasligim kerakligini anglab turibman. Bu maqola avvalidagi ikkilanishlarim sababini tushungandirsiz? Ammo qirq yoshimga yetar-yetmas yozishimda roʻy bergan oʻzgarishlar mohiyatini boshqacha qanday qilib sizga anglataman?
Bu maqoladigi iqrorlarim kimgadir ogʻir botmaydimi?
Ehtimol, bu maqolani bosmassizlar?
* * *
Umrimning yetmish olti yoshini yashayapman. Yana qancha yashashimni Parvardigorning oʻzi biladi.
Hozirgacha yaxshi koʻrgan ishim bilan shugʻullanishga imkoniyat bergan Parvardigor, son-sanoqsiz shukronalarimni, hamd-u sanolarimni qabul et!
Usmon AZIM,
Oʻzbekiston xalq shoiri
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Mavjlar, tinimsiz mavjlar” maqolasi