Oʻrta Osiyo xalqlarining urf-odatlari, maʼnaviy-maʼrifiy hamda adabiy tutimlarining bir-biriga hamohangligini koʻpchilik geografik omil bilan asoslashga harakat qiladi. Toʻgʻri, oʻzbek-qirgʻiz bir daryodan suv ichgan, azaldan qoʻshni boʻlib vaqtning turfa sinovlariga birgalikda bardosh berib kelayotgan ikki qardosh eldir. Lekin uzoq oʻtmishga borib taqaladigan etnik va xalq ogʻzaki ijodining oʻzaro uygʻunlashuvi biz yuqorida taʼkidlagan oʻxshashlikka sabab boʻlgan, nazarimda. Har ikki xalq ruhining oʻzaro uyqashligi ularning orzu-maqsadlarida ham aksini topgan.

“Alpomish” va “Manas”ning bir-biriga uygʻun jihatlari haqida shu paytgacha izlanish qilinmagan. Yaxshilab oʻrganilsa, bu ikki – oʻzbek-qirgʻiz eposining oʻzaro oʻxshash tomonlari talaygina.

“Manas” eposi misolida fikrimizni davom ettirsak. “Manas” hajmi va ijro koʻlamiga koʻra jahonda eng yirik epos hisoblanadi. Manasshunoslarning bildirishicha, qirgʻiz oqinlaridan biri Sogʻimboy Oʻrozbekov aytgan variantning oʻzi 180 ming misra keladi. Sayoqboy Qoralayev oqin esa “Manas”dan bir million misrani yoddan bilgani haqidagi faktlarning oʻziyoq eposning miqyosini chamalashga yordam beradi. “Manas” eposi hajmiga yarasha badiiy sanʼat unsurlarini oʻzida jam qilgani, yuksak ijro mahoratining yorqin namunasi ekani bilan ham eʼtirofga munosib. Manaschi oqinlarning dostonni yoddan aytishi, vaziyat va holatdan kelib chiqib ham oʻqib, ham toʻqib, har bir ijrochi dostonning badiiy saviyasini yaxshilash yoʻlida oʻzidan bir ulush qoʻshib borishi tinglovchida “Manas” zamonga moslashib, yosharib borayotgandek taassurot uygʻotadi.

“Hech bir mubolagʻasiz, oʻzbek folklorining eng yirik janrlaridan biri dostonlardir. Oʻzbek xalq baxshilaridan yuz ellikdan koʻproq syujetga boʻlingan toʻrt yuzdan ortiq doston yozib olingan. Bu dostonlar nihoyatda koʻp tarmoqli va koʻp mavzuli boʻlib, uzoq asrlar davomida yaratilgan va turli ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda kuylanib kelingan. Ularning qadimiy namunalari qahramonlik dostonlaridir[1]”. Mazkur yoʻnalishdagi dostonlarning oʻzbek folkloridagi eng yorqin namunasi “Alpomish”dir. Oʻninchi asrlardan beri kuylab kelinayotgan ushbu epik dostonda qahramonlik nihoyatda ulugʻlanadi, mardlik va elparvarlik, vafo va jasorat qadrlanadi.

Tili, dini bir boʻlgan onaning ikki dilbandi, bir daraxtning ikki shoxi yanglig‘ qardosh-qarindosh xalqning aytimlarida ham bir-biriga ikki tomchi suvdek oʻxshash jihatlar shu qadar koʻpki, ularni koʻrib baʼzan hayratga tushadi kishi.

Masalan, “Alpomish” va “Manas”dagi asosiy qahramonlar Hakimbek, Barchin, Qaldirgʻoch hamda Manasning tugʻilishi ilohiylik kasb etgani, ularning dunyoga kelishi epik asarlarda eng faol boʻlgan tush motivi asosida ayon boʻlganini koʻrishimiz mumkin. Bu haqida filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqul oʻzining “Tushning boshqa motivlar bilan qiyosiy tahlili” nomli maqolasida shunday deydi: “Alpomishning boshqa variantlaridagi tugʻilish motivini ham chuqurroq tahlil qilsak, u bevosita tush bilan bogʻliqligini koʻramiz. Fozil shoir variantida “Alpomish”ning tugʻilishi Shohimardon pirning ravzasida tunab qolish bilan bogʻlanadi, yaʼni qahramonning tugʻilishi ularning tushida ilohiy karomat qilinadi. Umuman, tush va tugʻilish motivi dostonlarimizda koʻpincha yonma-yon keladi.

“Manas” dostonida ham Manasning tugʻilishi tushda ayon boʻladi. Manasning otasi Jaqipning tushini Boyjigitdan boshqa hech kim taʼbirlab berolmaydi. Jaqipning tushidagi burgut va yoʻlbars tugʻilajak farzand nishonasi sifatida taʼriflanadi.”[2]

Eposlarni mutolaa qilish jarayonida ulardagi uygʻun jihatlar yanada yaqqol namoyon boʻlib boraveradi. Jumladan, har ikki epik asarda ham musobaqalashish sahnasi mavjud. Ana shu musobaqa shartlariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ikki dostonda ham bir xil shartlarga guvoh boʻlamiz. Xususan, “Manas”da kurash, yombi otish, nayza sanchish va ot poygasi shartlari qoʻyilgan asardagi bellashuvlar bilan bogʻliq sahnalarda. Xuddi shunday “Alpomish”da ham Barchinga uylanish uchun daʼvogarlar aynan kamondan nishonni moʻljallash, kurash va otda poygalashish kabi shartlarda kuch sinashadi. Shu va shu kabi oʻzaro uygʻun jihatlarning yuzaga kelish sabablari haqida toʻxtalib, ayni bellashuv shartlaridagi oʻxshashlikni geografik omil sabab va qoʻshni xalqlarning bir-birining urf-odatlari, udumlari, marosimlaridan boxabarligi va aytish mumkin boʻlsa, bir-biriga har tomonlama yaqinligi bilan izohlash mumkin.

Albatta, bu bilan mazkur ikki eposni toʻlaligicha bir-biriga oʻxshash, degan fikrdan yiroqmiz. Qirgʻiz xalq eposining nafaqat oʻzbek dostoniga, balki boshqa xalqlarning epik asarlariga oʻxshamaydigan tomonlari ham talaygina ekan. Masalan, “Manas”ning boshqa turkiy ellarning qahramonlik dostonlaridan bir farqi, uning matnida nasriy parchalar – “qora soʻz” yoʻq, boshdan-oxir sheʼriy yoʻsinda. Ikkinchi bir ayirmasi shuki, “Manas” musiqa joʻrligisiz, mimika, jestikulyatsiya va rechitativ yordamida ijro etiladi. Bu esa, nazarimda, ayni dostonning epik muhit bagʻridan hali uzoqlashmaganini koʻrsatadi. Chunki kuy-qoʻshiqqa qanchalik omuxta boʻlsa, qahramonlik dostoni asl epik xossalarini boy berib, muayyan darajada “liriklashib” boradi. Bizning “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli” dostonlarida “qora soʻz” sheʼriy matn bilan qariyb bir xil koʻlamda. “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”, “Yozi bilan Zebo”, “Sayotxon va Hamro” kabi dostonlarda esa qahramonlarning bir-biriga aytgan soʻzlarigina nazmiy shaklda, asosiy matn esa nasrda boʻlishi asarning epik “xossa”larini qariyb yoʻqqa chiqarishga xizmat qiladi. “Manas” eposi shu jihatdan ham oʻta noyob.

Qirgʻizlarning “Alpomish”i ham, “Goʻroʻgʻli”si ham “Manas”. Bu asar tipologik jihatdan “Alpomish”u “Goʻroʻgʻli” bilan bir xil – qahramonlik dostonidir. Va ularning aksari deyarli bir vaqtda, oʻtgan asrning yigirmanchi-elliginchi yillarida yozib olingan. Biroq bizning dostonlar yozib olingan chogʻda oʻzbeklarda epik muhit barham topib, bu asarlar badiiy obidaga aylangan boʻlsa, xuddi oʻsha XX asr boshida qirgʻiz folklorida epik muhit hali barqaror edi. Bu holat to elliginchi yillarga qadar davom etdi. Uning inersiyasi hatto hozir ham seziladi, har besh-oʻn yilda yangi-yangi “Manas”chi oqinlar yetishib chiqadi.

“Manas” – ulkan hajmiga yarasha – koʻp qatlamli, koʻlamdor doston. Unda qadimgi qirgʻiz hayotiga xos deyarli barcha narsa tasvirlangani bois, tadqiqotchilar “Manas”ni qirgʻiz oʻtmishining ensiklopediyasi, deya atashadi. Dostonda Uzoq Sharq va Oltoydan boshlab Xiva hamda Qrimga qadar boʻlgan geografik kengliklar yastanib yotadi.

Dostonda islomiy negiz barqaror. Ammo shu bilan birga, eng qadimgi turkiy diniy inonchning bir tizimi boʻlgan shamoniylik, qolaversa, otashparastlik, buddaviylik ham ahyon-ahyonda boʻy koʻrsatib qoʻyadi. Ulkan Osiyo qitʼamizdagi oʻnlab xalqlar va elatlarning vakillari syujet voqealarini harakatga keltirishadi.[3]

Bu eposning “Alpomish” dostoni bilan oʻzaro uygʻun jihatlaridan – tush motivi yana bir oʻrinda uchraydi. Har ikki eposda ham aynan bir xil qahramonlar bilan, bir-biriga juda oʻxshash syujetlarda aks etadi. Yaʼni, “Alpomish”dagi Qorajon bilan “Manas”dagi Almambet asar bosh qahramoniga ilohiy bildirgi asosida doʻst tutingan obrazlar. Ularning mazkur doʻstlik rishtalari aynan tushda ayon boʻlishi hamda Qorajon va Almambetning epos bosh qahramonlariga maslakdosh boʻlishi tush motivi orqali ilohiy maʼno kasb etadi.

Taʼkidlash mumkin boʻlgan yana bir obraz choʻpondir. Alpomishning maslahatgoʻyi Qultoy biz bilgan oddiy choʻpon obrazi emas. Aynan shunday “Manas”da ham choʻpon obrazi mavjud. Manasni bolaligida tarbiya qilib berishi uchun ota-onasi Oʻshpir otliq choʻponga olib boradi. Manas maʼlum muddat uning qoʻlida tarbiya oladi. Alpomish ham Qultoy qiyofasida gavdalanishi bu obrazlarning ahamiyatini, hali oʻrganish va tadqiq etish mumkin boʻlgan tomonlari anchagina ekanini anglatadi.

Ikki eposda eʼtiborni tortgan yana bir syujet – chiltonlar bilan bogʻliq sahnadir. Dostonda Alpomish Barchinni olib kelish uchun safarga otlanib, yoʻlda qabristonda tunab qolib, quyidagi tushni koʻradi: “Shohimardon piri chiltonlarga aytdi: – Bul bachcha bizning muridimiz boʻladi, bugun sizlarga mehmon boʻldi, koʻnglini naza qilmay, vaqtini xushlab joʻnatingizlar. Shu gapni aytib, Shohimardon piri joʻnab ketdi.[4]

Oʻshpirning qaramogʻida boʻlib, qoʻy boqib yurgan Manas bir qoʻyni boʻri olib qochayotganini koʻrib qoladi. Va uning ortidan quvadi.

Boʻri esa uni qirq chilton davrasiga yetaklab boradi.

Dostonlarni qiyoslash jarayonida qirgʻiz xalq eposi faqat sheʼriy yoʻsinda bitilganiga guvoh boʻldik. “Alpomish”da esa sheʼriy ifoda bilan nasriy bayon parallel keltirilgan. Mutolaa chogʻida “Manas”ning sheʼriy ifodasida bayonchilikka kengroq oʻrin berilganini, “Alpomish”da esa nasriy bayon bisyorligiga qaramasdan, adabiy sanʼatdan nihoyatda mohirona foydalanilganiga amin boʻldik. Hattoki, nasriy ifodada ham saʼjdan keng foydalanilgani, oddiy bayonchilik-da sanʼat darajasiga olib chiqilganini kitobxon ich-ichidan anglab boradi.

“Manas”ni oʻzbek kitobxonlariga taqdim etgan ustod Mirtemir, Sulton Akbariy, Tursunboy Adashboyev, Zuhriddin Isomiddinov va boshqalar mutarjimlikni maromiga yetkazgan. Biz yuqorida taʼkidlagan bayonchilikning maloli oʻquvchiga bilinmaydi.

Shu oʻrinda tarjimonlarning mehnatini eʼtirof etish lozim. Ayniqsa, ustod Mirtemir “Manas”ni oʻzbekchalashtirishdan oldin bir necha oylab Qirgʻizistonda ijodiy safarlarda boʻlib, manaschi oqinlar, yozuvchi-shoirlar bilan uchrashib, fikrlashib, maslahatlashgan. Natijada asarning ruhiyatini saqlagan holda oʻzbek tiliga oʻgirishning uddasidan chiqqan. Undan soʻng 1987-yilda kamtarin shoir Sulton Akbariy tomonidan eposning ikkinchi qismi juda ham qisqartirilgan holda oʻzbek kitobxonlari eʼtiboriga havola etilgan. “Manas”ni bolalarbop holda oʻzbekchalashtirishni ustoz shoir Tursunboy Adashboyev maromiga yetkazgan. 2017-yili Qirgʻiziston Prezidenti Oʻzbekistonga tashrif buyurganida davlatimiz rahbari “Manas”ning oʻzbek tiliga tarjima qilingan yangi variantini tuhfa qilgan edi. Ana oʻsha oʻgirma manasshunos olim Zuhriddin Isomiddinov tomonidan oʻzbekchalashtirilgandi. Mazkur tarjimaning avvalgilaridan farqli jihati shuki, u eposning qisqartirilgan emas, aksincha, qisilgan variantining oʻzbekcha shaklidir. Aniqroq qilib aytganda, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi Beksultan Jakiyev dostonning siqilgan variantini tayyorlashga muvaffaq boʻldi. Zuhriddin Isomiddinov aynan oʻsha variantni oʻzbek tiliga oʻgirgan.

Rus olimlaridan biri V.Jirmunskiy “Alpomish”ni oʻrganib, dostonining kelib chiqish tarixini qoʻngʻirot, oʻgʻuz, qipchoq va oltoy versiyalariga ajratgan. Ana shu soʻnggi versiyaga koʻra, “Alp Manas” oltoy qahramonlik ertagi mavjudligi haqida gap boradi. Koʻpchilik folklorshunoslar “Alpomish” va “Manas” dostonlaridagi oʻzaro uygʻunliklarni mana shu ertak bilan bogʻlab, qadimda Alp Manas otliq qahramon boʻlgani va xalq ichida uning mard, jasur, elparvar oʻgʻlon sifatida dovrug‘ qozongani bilan izohlashadi. Keyinchalik turli sabablarga koʻra, doston ijrochilari xalq orasida maʼlum va mashhur boʻlgan eposlarni kuylash chogʻida turkiy xalqlar orasida tilga tushgan epizodik sahnalar, turli syujetlar va bir-birini takrorlovchi motivlardan unumli foydalangan boʻlishi mumkin, deya mulohaza qilishadi. Yeri va suvi bir boʻlgan qardosh ellarning orzu-umidlarini aks ettirgan epik asarlarning ildizi uzoq oʻtmishda yashab oʻtgan turkiy xalqlar halqasiga borib taqalsa, ajab emas...

Dilmurod DOʻST,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi



[1] Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari. 100 jildlik, birinchi jild. “Alpomish”dostoni (Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti). G‘.Gʻulom nashriyot-matbaa uyi. – Toshkent, 2015. – B. 11-15.

[2] J.Eshonqul. Tushning boshqa motivlar bilan qiyosiy tahlili. https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tushning-boshqa-motivlar-bilan-qiyosiy-tahlili/?imlo=k#_ftnref12

[3] Manas. (Qirgʻiz xalq eposi). Z.Isomiddinov tarjimasi.“Uluu toolar” nashriyoti. – Bishkek, 2019. B. – 273.

[4] J.Eshonqul. Tushning boshqa motivlar bilan qiyosiy tahlili. https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tushning-boshqa-motivlar-bilan-qiyosiy-tahlili/?imlo=k#_ftnref12