Bolalik chogʻlarim, yoz paytlari, oqshom mahal edi. Yon atrofdagi radio karnaydan bir ajib ohang taralar va juda yoqimli ovozda qoʻshiq ijro etilardi.

Vaq-vaqa toʻram, bosmang jamalagimni,

Bekorga bosasiz zar kokilimni...

Shu satrlar bilan boshlanadigan qoʻshiq sizning ham yodingizga tushgan boʻlsa, koʻpchiligingiz shu tarzda eshitgan boʻlsangiz ajab emas. Yillar oʻtdi, bu qoʻshiqni koʻp davralarda, televideniye va radio orqali tingladim.

Yoshim ulgʻayib, soʻzlarning maʼnosini anglab boshlaganimdan soʻng misralar zamirida qanday maʼno aks etgani haqida oʻylab qoldim. Nazarimda, soʻzlari buzib aytilganday tuyuldi. 2001-yil, “Yoshlar” radiokanalida  ishlab yurgan vaqtim folklor namunalari, xalq qoʻshiqlari, baxshilar ijrolarini yozib olish maqsadida  Surxondaryo viloyati Boysun tumaniga yoʻl oldim. Adib va folklorshunos Xoliq Xursandov yordamida  koʻpgina folklor namunalarini yozib olishga muvaffaq boʻldim.

Yozib olganlarim orasida aynan shu qoʻshiq ham boʻlib, faqat “Voh-voh, toʻram, bosmang jamalagimni” deb boshlanar va Boysun folklor-etnografik xalq ansambli xonandasi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Sayyora Qosimova tomonidan ijro etilgandi.

Yillar oʻtdi. Shu paytgacha izlab yurgan savolimga javob topganday edim. 2003-yili, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Hosila Rahimova bilan ijodiy hamkorlikni boshlagan kezlarim xonandaga “Voh-voh, toʻram”ni zamonaviy musiqiy sayqal bilan aytishni tavsiya qildim.

Qoʻshiqqa yangi misralar qoʻshmoqchi boʻldik. Bu borada Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimga murojaat qildik va soʻraganimiz koʻnglimizdagidek amalga oshdi. Toʻldirilgan variantdagi qoʻshiq tayyor boʻlgan kunlari katta bir bayram tadbiriga taklif etishdi. Yangi ijod mahsulini hayʼat a’zolariga taqdim etdik. Tadbir rejissorlaridan biri bu qoʻshiqni buzib aytibsizlar, deb dashnom berdi. Men rejissordan buzilish musiqadami, deb soʻraganimda u soʻzini buzgansizlar, bu xalq qoʻshigʻi, degan javobni berdi. Yaʼni, uning aytishicha, vaq-vaqa toʻram, deb aytilishi kerak ekan. Eʼtirozini yana izohlay ketdi: “Vaq-vaqa toʻram – qari chol boʻladi, qarib ezma boʻlib qoladi, qurbaqaday vaqillab qoladi, shunga mana shunaqa aytilgan”. Yon atrofdagilar ham maʼqullashdi. Uzr, bitta savol bersam boʻladimi, dedim. Safar sizning sochingizdan kimdir tortsa, nima deysiz, qay holatga tushasiz, ogʻriqdan “voh-voh” deysizmi yoki qurbaqaga oʻxshab “vaq-vaqa” deb ovoz chiqarasizmi, dedim.

U kishi jahl bilan kitob oʻqish kerak, ana, qoʻshiqlar normalari bilan jamlangan kitoblarni koʻringlar, qanday yozilgan, dedi. Shunday qilib bu qoʻshiq saralashdan oʻtmadi. Biz esa qaysarlik qilib qoʻshiq matnini oʻzgartirmadik va tadbirda qatnashmadik.

Mening halovatim yoʻqoldi, rejissor aytgan qoʻshiqlar toʻplamini topdim va koʻrdim, qoʻshiq aynan u kishi aytganday – vaq-vaqa toʻram, deb boshlangan edi. Koʻpgina manbalarda shu tarzda keltirilgan va ijrochilarning koʻpchiligi shunday ijro etardi.

Aslida, lapar janridagi bu xalq qoʻshigʻida qizning yigitga, yoriga toʻram deb hazilomuz murojaat qilishi, qiz koʻnglining nozikligi, unga mehr-muhabbat bilan qarash kerakligi aks etgan. Yorning goʻzalligiga zeb berib turuvchi kokillariga taqilgan jamalagi taʼriflanadi va yengil, shoʻx oʻynoqi ohanglarda kuylanadi.

Voh-voh-a, toʻram, bosmang jamalagimni,

Bekorga bosasiz zar kokilimni.

Yigit hazil bilan qizning jamalagidan tortadi, qiz esa ogʻriqdan “voh-voh” deb eʼtiroz bildiradi. Keyingi misra:

Zar kokilim zaranchaga ilindi,

Sevmasliging ana shunda bilindi.

Qiz uchrashuvga chiqishi oldidan yoʻlda uning sochi zarancha, yaʼni tikan novdasiga ilinib qoladi, shunda qiz irim qilib uchrashuvga chiqayinmi yoki yoʻqmi, deb ikkilanib qoladi. Yigit sochini tortib, ozor berganida qiz kokilim zaranchaga ilinib qolganda bir belgi bergandi, balkim u meni sevmasmikan, deb oʻylaydi. Yigit shunda qaltis hazil qilib, qiz koʻnglini ogʻritib  qoʻyganini anglaydi. Va unga qarab shunday deydi:

Qiz degani shuncha nozik boʻlurmi,

Orqa sochi doim yoziq boʻlurmi,

Orqa sochi doim yoziq boʻlganda

Bir boqishi olti oy oziq boʻlurmi?

Qiz bilan yigitning aytishuvi shunday davom etadi.

Bu yerda qizning jamalak taqishi balogʻatga yetganini anglatadi. Orqa sochi doim yoziq boʻlurmi, degan jumla esa qizning boshi ochiqligi, turmushga chiqmaganini bildiradi.

Naqorat:

Voh-voh, toʻram, bosmang jamalagimni,

Bekorga bosasiz zar kokilimni.

Zar kokilim zaranchaga ilindi,

Sevmasliging ana shunda bilindi.

Qiz:

Yorim, kiygan choponingiz banotdir,

Soʻzlaringiz tilga olsam novvotdur.

Yorim, yozgan xatingizni oʻqisam,

Xudo bergan besh kun umrim oboddir.

Yigit:

Qiz degani muncha nozik boʻlurmu?

Orqa sochi doim yoziq boʻlurmu?

Orqa sochi doim yoziq boʻlganda,

Bir boqishi olti oy oziq boʻlurmi?

Qiz:

Bobotogʻdan oʻtib Surxon oqadi,

Yoʻllariga Jayxun daryo boqadi.

Yolgʻiz-yolgʻiz daryolar ham bir boʻldi,

Biz bir boʻlsak, Xudoga ham yoqadi.

Naqorat:

Voh-voh-a, toʻram, bosmang jamlagimni,

Bekorga bosasiz zar kokilimni.

                                                                                        Oʻktam  HAKIMOV,

folklorshunos