Shu kunlarda adabiy jamoatchilik fidoyi va iqtidorli ijodkor Ahmad Otaboyev nomini ogʻir xoʻrsinish bilan tilga olmoqda. Ochigʻi, men bu ijodkor bilan har kuni yoki kunora koʻrishib turmasam-da, unga katta hurmat va havas bilan munosabatda boʻlardim. Uning kutilmaganda oramizdan ketib qolishini sira kutmagandim.

Ahmad Otaboyevning ilk tarjima asarini Nurota togʻlarida mol boqib, kitob oʻqib yurgan oʻquvchilik davrlarimda oʻqiganman. U paytlar qishloqqa mashhur “Yoshlik” jurnalining kelishi biz uchun katta bayramga aylanardi. Pochtachi Abduraim akadan jurnalning har bir yangi sonini intiqlik bilan kutardik. Shunday kunlarning birida jurnal sahifalarida Ahmad Otaboyevning mashhur chet el yozuvchisi asaridan oʻgirgan tarjimasini berilib oʻqiganman. Asar shakli, chamamda, yarim drama va yarim nasriy edi. Jurnalning har bir sahifasida deyarli boʻsh joy yoʻq edi; tarjima eʼlon qilingan sahifada tarjimonning kulib turgan surati ham berilgandi. U kishining oʻzim tugʻilib oʻsgan qadim Nurota zaminida dunyoga kelganidan faxrlanganim ham rost.

Ahmad Otaboyev shaxsiyati bilan bogʻliq xotiralar koʻpchilik ijodkorlar uchun ibratli va saboq olgulikdir. U oddiy oilada oʻsdi, hayotda, ijodda oʻz oʻrnini topishga intildi. Qalam sehriga va adabiyotga sodiq yashab oʻtdi. Oʻzini loʻttibozlikdan, tilyogʻlamalikdan, zamonasozlikdan va nojoiz qadam tashlashdan tiyib, samimiy yashadi. Hayotdan nolimadi, gʻiybat qilmadi, ijod mashaqqatlaridan choʻchimadi...

Keyin menga ham Universitetning jurnalistika fakulteti talabasi boʻlish nasib etdi. Biz talabalar havas bilan koʻpchilikka tanish “Gazetalar korpusi” binosiga qatnab, qalamkashlar orasiga aralashib ketdik. U paytlar gazetalarning hayotimizdagi oʻrni juda katta edi.

Koʻpchiligimiz qattiqqoʻl adabiy tahrir ustasi Mahmud Saʼdiy maktabini, uning oʻziga xos samimiy tabiatini yaxshi bilamiz. Ahmad aka u bilan barobar tahrir maktabini davom ettirdi.

Ish jarayonida Ahmad aka bilan Mahmud Saʼdiy tortishib, kezi kelganda baqirishib ham qolardi. Ertasiga esa hech narsa koʻrmaganday kulishib, choy ichib, ijodga kirishib ketaverardi. Biz yoshlar oʻsha gazeta tahririyatiga borsak, albatta, bu ikki siymoning xonasiga kirmasdan qaytmasdik. Mahmud aka bizni quruq joʻnatib yubormasdi: yo chaqib olardi, yo dangasaligimizdan kulardi (bu tanbehdan ruhlanib, oʻzimizni yangi mashaqqatli ishlarga safarbar qilardik). Yoki savol berardi, hech boʻlmaganda chizib tashlangan naq yigirma betlik qoʻlyozmani tutqazib, oʻzi tahrir qilgan shakli bilan solishtirib oʻqishga jalb etardi. Oʻsha “imtihon”dan oʻtsakkina ertasiga bu xonaga kirish imkoni boʻlardi, boʻlmasa oʻn besh kun qochib yurardik.

Bugun bu ikki siymo ham oramizda yoʻq. Men esa oʻsha kunlarni katta sogʻinch bilan eslayman. Ahmad aka sira bizga qoʻpol gapirmasdi. Aksincha, bir piyola choy uzatib, tirishib maqola tahrir qilardi. U kishining stoli tortmasida turgan kitoblar bizni oʻziga jalb etardi, ammo ularni Ahmad akadan yalinib ham olishning iloji yoʻq edi. Endi oʻylasam, kun boʻyi tahrir bilan band boʻlgan odam qanday qilib uyga borib, oʻsha kitoblarni ertalabgacha mutolaa qilishga vaqt topgan ekan? Mahmud aka minglab ijodkorlarning maqola va kitoblarini tahrir qilishga, talabalarga dars berishga umrini sarflagan boʻlsa, Ahmad aka tahrirdan ortib, jahon adabiyoti durdonalarini oʻzbek tiliga oʻgirishga ham vaqt topa oldi. Koʻryapsizmi, ularning ikkalasi ham vaqtni yenga olgan siymolar edi. Hozir esa biz oʻzimizni oqlash uchun turmush tashvishlarini bahona qilib, vaqtdan yengilib, umrimizni boy beryapmiz.

Ahmad akaning jahon adabiyotidan qilgan tarjimalari haqida adabiyotshunoslar hali atroflicha toʻxtalar. Men faqat shaxsiy mulohazalarimni bayon etyapman. U kishi jahon adabiyoti namunalarini sinchkovlik bilan oʻqigan kitobxon, tarjima dunyosini puxta oʻzlashtirgan izlanuvchi va bu ishni mahorat bilan uddalagan tarjimon edi.

Bugungi oqsab turgan adabiy tanqidchilikda ham u faol edi.

Shuningdek, Murod Chovushning “Hech” asari haqida koʻpchilik joʻyali gap topa olmay turgan bir vaqtda, Ahmad Otaboyevning “Vatan” jurnalida eʼlon qilingan maqolasi oʻquvchilarga maʼnaviy kuch berdi. Bu maqola orqali Ahmad akaning adabiy yangiliklarga befarq emasligi va hayotdan ortda qolmay ijod qilayotganini yana bir bor his qildik.

Ahmad akaning ijodiy tarbiyasida ulug‘ adib Odil Yoqubovning katta hissasi bor deb oʻylayman. Olis Nurotadan kelgan oddiy qishloq farzandining poytaxt azoblariga — uy-joy, roʻzgʻor tashvishlariga dosh berib, oʻsishi oson kechmagan. Ayniqsa, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasidek ulug‘ maktab mashaqqatlarini yengib oʻtish katta matonat talab qilardi. Keyingi yillarda Ahmad aka “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoni bilan taqdirlandi. Oʻshanda u kishining nomzodini tavsiya etgan rahbariyatdan jamoatchilik minnatdor boʻlgandi, chunki Ahmad aka bu eʼtirofga chin dildan loyiq edi.

Bugun u kishi oramizda yoʻq. Qadim Nurotada tugʻildi, poytaxtda yashab ijod qildi va yana Nurota tuprogʻiga qoʻyildi. Oʻzidan yaxshi tarbiya koʻrgan farzandlar, ezgu nom va goʻzal xotiralar qoldirdi...

Oʻljaboy QARSHIBOYEV, 

Toshkent — Nurota — Toshkent