Zamonaviy dunyoda vaqtni boshqarish deyarli muvaffaqiyatning asosiy sharti sifatida koʻrsatiladi. Taym-menejment haqidagi kitoblar, motivatsion trener va biznes-murabbiylar esa bir ovozdan kunni puxta rejalashtirish, har bir daqiqani hisobga olish va vaqtni nazorat qilish kerakligini uqtirib, shunda hamma ishlarga ulgurish mumkinligini aytadi.
Savol tugʻiladi: vaqtni haqiqatan ham nazorat qilish mumkinmi? Yoki bu zamonaviy hayot insonni tinmay “yugurishga” majbur qiladimi? Falsafa tadqiqotchisi Maksimilian Neapolitanskiy aynan shu savolga javob izlaydi.
Samaradorlik madaniyati ortidagi bosim
“Vaqtni boshqarishning 15 siri: muvaffaqiyatli odamlar qanday qilib hammasiga ulguradi?”, “Tong moʻjizasi. Qanday qilib kunning ilk birinchi soati sizning muvaffaqiyatingizni belgilaydi?”, “Atom odatlar” kabi mashhur kitoblarning deyarli barchasi bir gʻoyaga tayanadi: muvaffaqiyatli inson har bir ishini oldindan rejalashtiradi, hatto kun tartibini oʻn besh daqiqalik boʻlaklargacha taqsimlaydi. Bu qarash asosida esa bitta ishonch yotadi: inson oʻz vaqtiga ham, oʻz hayotiga ham toʻliq egalik qila oladi.
Pozitiv psixologiya asoschilaridan biri Martin Seligman esa inson oʻzini boshqarish qobiliyati orqali baxtli va samarali hayot qurishi mumkin, deb hisoblaydi.
Vaqt haqidagi tasavvur doimo bir xil boʻlmagan
Odamlar vaqtga munosabati bizning bugungi qarashimiz bilan bir xil boʻlmagan.
Masalan, qadimgi yunonlar vaqtni aylanma harakat sifatida qabul qilgan. Fasllar takrorlanadi, tabiat qayta tiriladi, hayot yana boshlanadi. Shuning uchun vaqtning mutlaq boshlanishi yoki yakuni yoʻq deb hisoblashgan.
Oʻrta asrlarda esa Islom bu tasavvurni oʻzgartirdi. Endi vaqtning boshlanishi ham, oxiri ham bor edi. Unga koʻra, olam yaratilgan va bir kun kelib Qiyomat bilan barchasi yakunlanadi.
Modern davriga kelib, inson diqqatini oxiratdan kelajakka burdi. Taraqqiyot, rejalashtirish, shaxsiy oʻsish va maqsad sari intilish hayotning asosiy mazmuniga aylandi. Shundan buyon inson doimo bir kun kelib barcha ishlarini tugatishiga, hayoti iziga tushishiga yoki baxtga erishishiga ishonib yashaydi.
Ammo oʻsha mashhur “bir kun” negadir hech qachon kelmaydi.
“Qochqoq vaqt”
Koreyalik faylasuf Xan Byon Chxol bu holatni “temporal inqiroz” deb ataydi. Uning fikricha, muammo vaqt tezlashganida emas, balki tabiiy ritmini yoʻqotganida. Faylasuf bu holatni “disxroniya” tushunchasi bilan izohlaydi. Bugun inson hayoti yaxlit hikoya emas, balki bir-biriga bogʻlanmagan mayda lahzalar yigʻindisiga aylanib qolgan.
Bir post, bir xabar, bir video, yana bir layk... Kunlar shu tarzda oʻtmoqda. Har bir voqea alohida muhimdek koʻrinadi-yu, barchasi birlashib hayot haqida yaxlit xotira yoki mazmun yaratmaydi.
Biz bugun vaqt emas, “axborot ichida” yashayapmiz
Avvallari insonlar vaqt oqimida yashagan boʻlsa, bugun axborot oqimida yashayapti. Bu oqimning markazi ham, manzili ham, oxiri ham yoʻq. Uning yagona qoidasi bitta: “yanada tezlashish”. Shu sababli biz vaqtni emas, keyingi xabarni, keyingi bildirishnomani yoki keyingi videoni kutishga oʻrganib qoldik. Lahzalar esa bir-biri bilan bogʻlanmay, shunchaki almashib boraveradi.
Xan Byon Chxol yana bir qiziq fikrni ilgari suradi: Oʻrta asrlarda taqvim oddiy sana hisoblagich emasdi. Bayram va diniy marosimlar inson hayotiga ichki ritm bagʻishlar, vaqtiga maʼno kiritardi.
Zamonaviy taqvimlarda esa yigʻilishlar, dedlaynlar, vazifalar va yana navbatdagi rejalar jamlangan. Shu bilan kun, oy yoki yil tugaydi. Ammo koʻpchilik ortiga qararkan: “Bu yil nimalarga erishdimu, nimalar armon boʻldi?”, degan savolga javob topishda qiynaladi.
“Vaqtning iforini” qaytarish mumkinmi?
Faylasuf bu savolga javob izlarkan, fransuz yozuvchisi Marsel Prust ijodiga murojaat qiladi. Asarda qahramon madlen pechenyesining hidini his qilishi bilan uning butun oʻtmishi bir zumda koʻz oldida jonlanadi. Oddiy bir hid vaqtni sekinlashtiradi. Parchalangan xotiralar birlashadi. Hayot yana yaxlit hikoyaga aylanadi.
Xan Byon Chxol fikricha, hid inson xotirasining eng kuchli eshiklaridan biridir. Har kim buni kamida bir marta boshidan kechirgan. Eski kitobning hidi, bolalikda kiyilgan kiyimning isi yoki ota uyining tanish ifori... Bunday vaqt iforlari insonni bir lahzada yillar ortiga qaytarishi mumkin. Ana shu onlarda vaqt goʻyo sekinlashganday boʻladi.
Baʼzan zerikish ham foydali
Byon Chxol Xan va nemis faylasufi Martin Haydegger kutilmagan bir taklifni ilgari suradi. Inson vaqtni qayta his qilish uchun baʼzan hech narsa qilmasligi kerak. Yaʼni, shunchaki oʻtirib, derazadan tashqariga qarash, osmonni kuzatish, oʻz fikrlari bilan yolgʻiz qolishi mumkin. Qizigʻi, bu gʻoya bugun ijtimoiy tarmoqlarda ham ommalashmoqda. TikTok foydalanuvchilari maʼlum vaqt davomida hech qanday kontent isteʼmol qilmasdan, jim oʻtirishni raw-dogging deb atay boshladi.
Bu bekorchilik emas, balki insonning oʻz miyasini uzluksiz axborot shovqinidan himoya qilishga boʻlgan urinishidir.
Ehtimol, biz vaqt yetishmayotgani uchun emas, uni doimiy vazifalar roʻyxatiga aylantirib qoʻyganimiz uchun charchab qolayotgandirmiz. Balki haqiqiy samaradorlik yanada tezroq harakat qilishda emasdir. U baʼzan telefonni chetga sura olishda, shamol shovqinini tinglashda, eski kitob hidini his qilishda yoki hech qayerga shoshilmay deraza ortiga uzoq tikilib oʻtirishdadir. Aslida, vaqtni nazorat qilishdan ham muhimroq narsa bor – uni his qilish. Vaqtni zabt etib boʻlmasa-da uni haqiqatan ham yashab oʻtish mumkin.
Sarvar RAHIMIY tayyorladi.
Oyina.uz