Darmstadt arxividagi bir qayd va qariyb yetmish yillik ayriliq tarixi

1990-yil iyunida Istanbulda yashayotgan keksa Saida Sherahmedovadan oʻzbekistonlik mehmonlar hol soʻraganida, u kutilmagan bir savolni aytadi: “Oʻzbekistondan bir siqim tuproq keltirmadingizmi?” Bu oddiy iltimos emasdi. Unda qariyb yetmish yillik ayriliq, qaytib koʻrilmagan Toshkent va umr boʻyi soʻnmagan Vatan sogʻinchi mujassam edi.

Saida XX asrning 20-yillarida Germaniyada tahsil olgan oʻzbek qizlaridan biri. Uning hayoti maʼrifatga intilish va muhojirlik, kasbiy muvaffaqiyat va ruhiy ayriliq oʻrtasida kechdi. Germaniya arxivida yaqinda aniqlangan bir qayd esa shu paytgacha asosan xotiralar orqali maʼlum boʻlgan taqdirni oʻsha davrning oʻzida tuzilgan hujjat bilan bogʻlash imkonini beradi.

Toshkentda boshlangan yoʻl

Saida Toshkentdagi maʼrifatparvar savdogar oilada voyaga yetdi. Uning oilasi farzandning zamonaviy bilim olishini shunchaki shaxsiy orzu emas, kelajak oldidagi masʼuliyat deb tushungan. Bu muhit Saidaning keyingi yoʻlini belgiladi.

U dastlab Ikrom domla maktabida, 1918-yildan keyin esa Vali hoji hovlisida ochilgan birinchi oʻzbek qizlar bilim yurtida oʻqidi. Oydin Sobirova, Xosiyat Tillaxonova va Robiya Nosirova singari keyinchalik tanilgan ayollar ham shu dargohda taʼlim olgan. Bu yerda qizlar faqat savod chiqarmadi; ularda dunyoviy bilim, mustaqil fikr va jamiyat hayotida ishtirok etish istagi shakllandi.

Saida 1922-yilda bir guruh turkistonlik va buxorolik yoshlar bilan Germaniyaga yoʻl oldi. U bilan birga oilasidan Nasriddin va Fuzail ham bordi. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, Saida muallimalik, Nasriddin iqtisod, Fuzail esa suv xoʻjaligi boʻyicha mutaxassis boʻlishni koʻzlagan.

Arxivdagi “Taschkent”

Darmstadt shahar arxivida saqlanayotgan 1925/26-oʻquv yiliga oid muqovalangan qayd daftarining 20-qatorida “Sher-Ahmed, Saide” degan ism bor. Tugʻilgan joy grafasiga “Taschkent”, otasining kasbi qatoriga esa “Kaufmann” — savdogar deb yozilgan. Ism, shahar va otaning mashgʻuloti bir-biriga mos kelishi bu oʻquvchi Saida Sherahmedova ekanini ishonchli tasdiqlaydi.

Hujjatning rasmiy nomi — “Gebundene Zensurliste des Seminars für Volksschülehrerinnen für das Schuljahr 1925/26”. U Darmstadt shahar arxivida StadtA DA 12/14 518 shifri bilan saqlanadi. Bir qarashda bu oddiy maktab daftari: qatorlar, ustunlar, ismlar. Ammo tarixchi uchun undagi “Taschkent” soʻzi alohida ahamiyatga ega. U bundan yuz yil oldin Darmstadt sinf-xonasida Toshkentdan kelgan qiz oʻtirganining bevosita dalilidir.