Oʻz xalqiga sadoqat va fidoyilik, ona Vatanni himoya qilish, uni cheksiz sevish har qanday insonning haqiqiy vatanparvarlik fazilati hisoblanadi. Zero, vatanparvarlik Vatanining ozodligi va obodligi, uning sarhadlari daxlsizligi, mustaqilligining himoyasi yoʻlida fidoyilik koʻrsatib yashash, xalqining or-nomusi, shon-sharafi, baxt-u saodati uchun kuch-gʻayrati, bilim va tajribasi, butun hayotini baxsh etishdek muqaddas va olijanob faoliyatni anglatadi. Shu maʼnoda, Vatan ravnaqi uchun faol boʻlishga undaydigan ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy fazilat, desak ham toʻgʻri boʻladi.

Tarixdan maʼlumki, Vatan ozodligi uchun kurashish masalasi allomalar asarlari hamda ezgu gʻoyalarni ifoda etuvchi taʼlimotlarning bosh gʻoyasi boʻlib kelgan. Binobarin, muqaddas manbalarda ham “Vatanni sevmoq iymondandir”, deyilgan. Shunday ekan, Vatan tarixini bilgan, ulug‘ ajdodlar merosini chuqur oʻrgangan har bir inson qalbida milliy gʻurur-iftixor tuygʻulari yanada joʻsh urib, el-yurtga, Vatanga sadoqati ortib boraveradi.

Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy Vatanni sevish va uni ardoqlashni tabiat va jamiyatning muhim qonuniyati sifatida taʼriflaydi. “Vatan. Har bir kishining tugʻulub oʻskan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tugʻulgan, oʻsgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi-tuygʻusi hayvonlarda ham bor. Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi oldidagi burch va tuygʻular qanchalik chuqur joy olgan boʻlsa, mahdudlik oʻrniga milliy gʻoyalar vujudga keladi. Mana shunday fazilatlarga ega insonlarda kurashchanlik, tashabbuskorlik, oʻz-oʻzini anglash, millat, Vatan shaʼni va manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuygʻular shakllanadi. Agar bir hayvon oʻz vatanidan – uyuridan ayirilsa, oʻz yeridagi kabi rohat rohat yashamas, maishati talx boʻlub, hap vaqt dilining bir goʻshasida oʻz vatanining muhabbati turar”.

Vatanparvarlik tuygʻusi, avvalo, insonda yurtga nisbatan ichki va tashqi xavflarning oldini olishda mustahkam immunitet shakllanishiga xizmat qiladi. Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi uchun kurashda tashabbuskor boʻlish, tinchlikni koʻz qorachigʻidek asrash, unga fidoyilik bilan xizmat qilishga undaydi.

Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi oldidagi burch va tuygʻular qanchalik chuqur joy olgan boʻlsa, mahdudlik oʻrniga milliy gʻoyalar vujudga keladi. Mana shunday fazilatlarga ega insonlarda kurashchanlik, tashabbuskorlik, oʻz oʻzini anglash, millat, Vatan shaʼni va manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuygʻular shakllanadi.

Bugungi zamon shiddati inson uchun maʼnaviyat naqadar najotkor kuch ekanini namoyon etmoqda. Zero, axloqsizlik, odobsizlik, maʼnaviy qashshoqlik insonni maʼnaviy tubanlik girdobiga giriftor etib, keng miqyosda esa jamiyat taraqqiyotini izdan chiqarib, parokandalikni yuzaga keltirayotganini namoyon etmoqda. Maʼnaviyat insonning jamiyatda yashashi uchun zarur ijobiy fazilatlarini namoyon etuvchi beqiyos kuch. Aynan maʼnaviyat tufayli insonda goʻzal odob-axloq fazilatlari shakllanib, uning jamiyatdagi mavqeini belgilab beradi. Shu bois, jamiyat hayotida maʼnaviyat masalasiga nihoyatda masʼuliyat bilan yondashishni taqozo etadi. Zero, tomirida milliy gʻurur, Vatan ishqi joʻsh urgan oriyatli, maʼnaviy jasoratga ega odamgina buyuk ishlarga qodir boʻladi.

Prezidentimiz raisligida joriy yil 2-yanvar kuni mudofaa qurilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda ham yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yana bir bor eʼtibor qaratildi.

Globallashuv jarayonida harbiy xizmatchilar tomonidan milliy qadriyatlarni saqlashning oʻziga xos tamoyillari haqida fikr yuritganda, harbiy xizmatchi – ruhan tetik, jismonan sogʻlom, axloqiy barkamol, talabchan, maʼnaviy sogʻlom, qanoatli, rostgoʻy, sadoqatli, pokiza, ziyrak, andishali, vazminlik kabi shaxsiy fazilatlarga ega boʻlish talab etiladi. Shu bilan birga, oʻz sohasining yetuk bilimdoni boʻlishi, hunar sirlarini puxta oʻrganishi, yutuq-kamchiliklarini idrok eta olishi, nutq madaniyatini egallashi asnosida barchaga har jihatdan shaxsiy namuna va ibrat boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi. Vatanparvarlik milliy qadriyatlar zamiridagi eng muhim jihatlardan biri sanaladi. Zero, bugungi kunda vatanparvarlik fazilatlarini kuchaytirishda xalqimizning milliy mentaliteti va qadriyatlarimizni yosh avlod ongiga chuqur singdirish hamda shu orqali ularda kelajakka ishonch tuygʻularini qaror toptirish muhim.

Xulosa qilib aytganda, Vatan shaʼni, or-nomusini jon-jahdi bilan himoya qiladigan, jamiyat maqsad va manfaatlarini tushunib yetadigan, har tomonlama yetuk komil insonni tarbiyalash, buning uchun farzandlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetish tuygʻusini kuchaytirish mudom eng ustuvor masala boʻlib davom etaveradi. Zero, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻulari, ezgu gʻoyalarni tarannum etish tinchlik va barqarorlikning asosi ekan, bu har bir vatandoshimizning muqaddas burchi boʻlib qolaveradi.

Mansur MUSAYEV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti

boʻlim boshligʻi, siyosiy fanlar doktori

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!