Daniya bugun dunyoda shaharlarni barqaror rivojlantirish borasida ilgʻor mamlakatlardan biri sifatida tan olinmoqda. Kopengagen va boshqa yirik shaharlar ekologik tozalikka, energiya samaradorligiga va fuqarolarning hayot sifatini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli strategiyalarni hayotga tatbiq etmoqda. Bu maqolada Daniyaning barqaror shaharsozlik amaliyotlari, urbanistik innovatsiyalari va jamiyatda iqlim ongining shakllanish jarayonini tahlil qilamiz.
Kopengagendagi Qirollik bogʻi
Velosipedlar shahri
Kopengagen bugun dunyoda "velosipedlar shahri" sifatida tanilgan. Har kuni 300 mingdan ortiq odam ish va oʻqishga velosipedda qatnaydi. Bu nafaqat ekologik tozalikka xizmat qiladi, balki shahar transporti yuklamasini ham sezilarli darajada kamaytiradi. Shahar infratuzilmasida velosipedchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish uchun alohida yoʻlaklar, "yashil toʻlqin" svetofor tizimi va bepul velosiped toʻxtash joylari yaratilgan.
Kopengagen bu yondashuv bilan 2025-yil oxirigacha dunyoning birinchi uglerod neytral poytaxtiga aylanishni maqsad qilgan. Bu jarayon harakatda energiyani tejash va transportdan chiqadigan CO₂ miqdorini keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
Yashil tomlar va yomgʻir suvlarini boshqarish
Daniya shaharsozligida yashil tomlar atrof-muhitni himoya qilish va iqlim oʻzgarishlariga moslashish vositasi sifatida faol qoʻllaniladi. 2010-yildan boshlab Kopengagendagi yangi binolarda 30 darajadan past burchakka ega tomlar uchun yashil qoplamalar majburiy etib belgilangan.
Bu tomlar yomgʻir suvlarini ushlab qolib, shahar drenaj tizimidagi bosimni kamaytiradi va mikroiqlimni yaxshilaydi. Yashil tomlarning yillik yomgʻir suvini ushlab qolish qobiliyati 20% dan 50% gacha baholanadi. Shuningdek, ular havodagi chang va zararli moddalarni yutib, shahar hududida harorat haddan tashqari koʻtarilib ketishining – yaʼni, issiq asfalt va beton tufayli hosil boʻladigan 'shahar issiqlik orollari' effektining oldini oladi.
Shuningdek, Kopengagen shahar rejalashtirishida yomgʻir suvlarini boshqarish boʻyicha "Cloudburst Management Plan" dasturi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida shahar koʻchalarida suvni ushlab qolish va sekin chiqarish uchun maxsus yashil zonalar va suv omborlari yaratilgan.
CopenHill: Texnologiya va ekologiya sintezi
Daniyaning eng yorqin barqarorlik loyihalaridan biri – CopenHill (rasmiy nomi: Amager Bakke) hisoblanadi. Bu zamonaviy chiqindidan energiya olish zavodi Kopengagenning markazida joylashgan boʻlib, uning tom qismi yashil qoplama bilan qoplangan va butunlay ommaviy foydalanish uchun ochiq.
CopenHill nafaqat chiqindilarni yoqib, energiya ishlab chiqaradi, balki shaharning iqlim maqsadlariga erishishida muhim rol oʻynaydi. Zavod har yili 440 ming tonna chiqindini yoqib, 150 ming uyni isitish va 70 ming uyni elektr bilan taʼminlaydi. Eng eʼtiborlisi, bu jarayon atmosfera uchun maksimal darajada xavfsiz va zamonaviy filtrlash tizimlari bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, CopenHill shaharliklar uchun sport va dam olish maskaniga aylangan. Uning ustida sunʼiy changʻi trassalari, piyoda yurish yoʻlaklari va alpinizm devorlari mavjud. Shu tariqa, texnologik infratuzilma va jamoatchilik ehtiyojlari bir nuqtada birlashgan.
Arxitektura va dizayn
Daniyaning barqaror shaharsozlik konsepsiyasi arxitektura va dizayn orqali jamiyat ehtiyojlari, ekologik talablar va iqtisodiy maqsadlarni birlashtirish tamoyiliga asoslanadi.
Avvalo, material tanlash va konstruktsion yechimlar ekologik mezonlarga mos holda amalga oshiriladi. Qurilishda mahalliy va qayta ishlangan materiallardan foydalanish afzal koʻriladi. Masalan, Sluseholmen Canal tumani past energiyali binolar va suv yoʻllari atrofida joylashgan yashash maydonlarining yorqin namunasidir. Bu hudud nafaqat estetik, balki ekologik va ijtimoiy ehtiyojlarga ham javob beradi.
Nordhavn loyihasi esa Daniyaning "besh daqiqalik shahar" modelini namoyon etadi. Hududning har bir aholi punkti yurish masofasida zarur infratuzilma, ish oʻrinlari, oʻyin maydonchasi va yashil zona bilan taʼminlangan. Bu yondashuv avtomobil transportiga boʻlgan ehtiyojni keskin kamaytiradi va fuqarolarni ekologik transport turlariga, masalan, velosipedda yoki piyoda yurishga undaydi.
Superkilen parki shahar ijtimoiy arxitekturasining ijtimoiy integratsiya va madaniy xilma-xillikni qoʻllab-quvvatlashdagi oʻrni qanday boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Park dizaynida 60 dan ortiq mamlakatlarning madaniy elementlari – skameykalar, haykallar, sport anjomlari aks etgan. Bu fuqarolar orasida madaniyatlararo muloqotni kuchaytirib, "shahar bizniki" hissini shakllantiradi.
Bu kabi yondashuvlar Daniyada arxitektura va shahar dizayni faqat binolar yoki koʻrinishlar majmuasi emasligini, balki odamlarning harakatlari, kayfiyati va ekologik odatlariga taʼsir qiluvchi kuchli omil ekanligini koʻrsatadi.
Fuqarolik ongi: Iqlim muammosini shaxsiy masʼuliyat sifatida qabul qilish
Daniyada shahar barqarorligini taʼminlashdagi eng asosiy omillardan biri – fuqarolarda ekologik masʼuliyat hissi yuqoriligi. Bu ong bolalikdan shakllantiriladi. Iqlim oʻzgarishi, chiqindilarni qayta ishlash va energiya tejash mavzulari maktablarda alohida oʻquv dasturlariga kiritilgan.
Katta yoshdagilar orasida esa "jamiyat uchun javobgarlik" hissi mustahkam oʻrnashgan. Har bir fuqaro shaxsiy isteʼmol odatlari va transport tanlovi orqali shahar iqlimiga taʼsir koʻrsatayotganini yaxshi biladi.
2023-yilda Kopengagen shahrida oʻtkazilgan Iqlim Assambleyasi – fuqarolik ishtirokining yorqin namunasidir. 36 nafar tasodifiy tanlab olingan fuqaro bir necha oy davomida iqlim boʻyicha siyosiy qarorlar ishlab chiqishda ishtirok etgan. Ularning jamoat transporti narxini pasaytirish, shahar markazida avtomobil harakatini cheklash, barcha jamoat muassasalarida vegetarian ovqatlar taklif etish kabi tavsiyalari shahar hokimiyati tomonidan koʻrib chiqilib, ayrimlari amaliyotga tatbiq qilindi.
Bundan tashqari, energiya sarfini monitoring qilish, chiqindilarni ajratib yigʻish, velosiped madaniyati kabi oddiy, ammo samarali odatlar Daniya aholisi uchun hayot tarziga aylangan. Fuqarolar maxsus mobil ilovalar orqali oʻzining energiya isteʼmolini real vaqt rejimida kuzatishi, chiqindilarni qachon va qanday topshirish kerakligini bilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Daniya tajribasi shuni koʻrsatadiki, barqaror shaharsozlik faqat texnik infratuzilmalar yoki hukumat qarorlari bilan emas, balki jamiyatning umumiy tafakkuri va ekologik madaniyati bilan chambarchas bogʻliq.
Oyina.uz,
Navroʻza Boʻriyeva