Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 89-ishtirokchisi, Yaponiyaning Nissan Motor kompaniyasi bosh moliya menejeri, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Ashrafbek Olimov “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:

“Mening ro‘yxatimdan joy olgan kitoblar 5 ta asosiy yoʻnalishga jamlangan:


– Davlat va siyosat falsafasi;
– Islom tarixi va tafakkuri;
– Inson psixologiyasi va xulq-atvori;
– Adabiy-falsafiy romanlar;
– Liderlik va boshqaruv.

1. Nizomulmulk,
“Siyosatnoma” (davlat boshqaruvi, siyosiy falsafa);
2. Bagrat Shinkuba,
“Последний из ушедших” (tarixiy roman, milliy xotira);
3. Stephen Covey,
“The 7 Habits of Highly Effective People” (liderlik, shaxsiy rivojlanish);
4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,
“Qurʼon ilmlari” (islom ilmlari) va “Tafsiri Hilol” (tafsir, islom tafakkuri);
5. Ellen J. Langer,
“Mindfulness” (psixologiya, ongli yashash);
6. Fyodor Dostoyevskiy ,
“Jinoyat va jazo” (psixologik-falsafiy roman);
7. Kahlil Gibran,
“Avliyo” (falsafiy-adabiy asar);
8. Phil Hunsaker & Tony Alessandra,
“The New Art of Managing People” (menejment, liderlik);
9. Mustafo Choʻqay,
“Istiqlol jallodlari” (tarix, siyosiy publitsistika);
10. Alixontoʻra Sogʻuniy,
“Tarixi Muhammadiy” (islom tarixi, siyrat)”.

Ashrafbek Olimov 1981-yil Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tugʻilgan. 1998 – 2002-yillar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil olgan. 2006 – 2010-yillar davomida Davlat soliq qoʻmitasida faoliyat yuritgan. 2011-yil Yaponiya Milliy soliq agentligida malaka oshirgan. 2012-yil Yaponiyaning Yokohama milliy universitetining magistratura, 2015-yilda doktorantura bosqichini tamomlagan.

2017-yildan beri Yaponiyaning Nissan Motor kompaniyasida faoliyat yuritib keladi. Bugungi kunda kompaniya xalqaro moliya boshqarmasi bosh moliya menejeri.

Ingliz, yapon va rus tillarini mukammal oʻzlashtirgan.

Yutuqlari:

Matematika fanidan Respublika olimpiadasi gʻolibi (1997, 1998);

Yaponiya dzyudo federatsiyasi qora belbog‘ sohibi;

Nissanning “Yilning olamshumul natijasi” tanlovida bronza medali sohibi.