Mashina almashtirganda faqat eskirgan ulovni yangilashni oʻylaysizmi yoki boshqa fikrlar ham xayolingizdan oʻtadimi? Masalan, qimmatroq, obroʻliroq ulovga oʻtish, koʻproq qulaylikka ega boʻlish haqida?

Bu fikrlaringizdan marketologlar unumli foydalanishini ham bilsangiz kerak? Aytaylik, sifati deyarli bir xil boʻlgan ikki futbolka koʻkrak qismidagi brend belgisi sabab mutlaqo boshqacha narxga sotilishi mumkin.

Xarid jarayonida “buyumlarni ularning amaliy foydasi uchun sotib olish” asosiy motivatsiya sifatida koʻrsatiladi olamiz. Xaridor bu asosiy motivatsiya ekaniga samimiy ishonadi: oziq-ovqat ochlikni qondiradi, kiyim tanani himoya qiladi, ulov harakatlanishga xizmat qiladi, uy esa yashash uchun kerak. Ammo iqtisodchilar, jamiyatshunoslar, antropologlar yuz yildan beri buyumlarning jamiyatdagi roli faqat zaruratlarni qondirish bilan cheklanmasligini koʻrsatib kelmoqda. Yuqoriroqda aytilgan, xarid oldidan aqlingizdan oʻtadigan qoʻshimcha motivatsiyalar buning asosiy dalilidir. Buni tan olmasangiz ham.

Buyumlardan faqat aniq moddiy manfaat emas, mavhum ramziy-ijtimoiy manfaat ham koʻzlaymiz: ijtimoiy maqom, did, muayyan guruhga mansublik, boshqalarga munosabat, oʻzimiz haqimizdagi tasavvurimiz muhim oʻrin tutadi.

Bunday nuqtai nazar dabdabali tadbir, qimmat ulov, libos, gadjet yoki uy haqidagi tanish bahslarga boshqacha qarash imkonini beradi. “Insonga bunchalik koʻp narsa nega kerak?” degan savol oʻrniga ijtimoiy fanlar boshqa savolni qoʻyadi: inson buyumlar vositasida boshqa odamlarga nima demoqchi?

Xarajatning ijtimoiy ahamiyati

Aslida yuqoridagi savollarga javob beruvchi tadqiqotlar Oʻzbekistonda ham oʻtkazib turiladi. Jumladan, 2026-yilda oliy taʼlim tizimi vakillari orasida oʻtkazilgan soʻrovda respondentlardan toʻyning uchta vazifasini baholash soʻralgan: oila qurish, anʼanani saqlash va obroʻ-eʼtibor.

Talabalar orasida 30,6 foiz respondent obroʻ-eʼtiborni toʻyning “muhim” yoki “juda muhim” jihati deb baholagan. Professor-oʻqituvchilar orasida bu koʻrsatkich 15,4 foizni, OTM xodimlari orasida esa 19,6 foizni tashkil qilgan. Shu bilan birga, talabalarning 18,1 foizi obroʻ-eʼtiborni umuman muhim emas deb hisoblagan boʻlsa, professor-oʻqituvchilar orasida bu koʻrsatkich 32,8 foizga yetgan (OTM maromiylik tadqiqoti 2026, b. 9–10).

Albatta, bu tadqiqot jamiyatning maʼlum bir qatlamini qamragan xolos. Savdogarlar, haydovchilar, shifokorlar boshqacha fikrda boʻlishi mumkin. Lekin menimcha, aslida boshqacha fikrda emas. Bu borada boshqa sotsiologik soʻrov natijasi boʻlmasa-da, shu jamiyat vakili sifatida juda koʻplar sarf-xarajatning ijtimoiy ahamiyatini oʻylashiga har kun guvoh boʻlaman.

Boshqa jamiyatlarda oʻtkazilgan tadqiqotlar bu umuman insoniyatga xos jihat ekanini koʻrsatadi. Buning atrofida antropologiyada bir qancha tushuntiruvchi nazariya ishlab chiqilgan. Quyida shu nazariyalar oʻrtasida oʻzbek jamiyatidagi xarid motivatsiyasini tushunishga harakat qilamiz.

Veblen: buyumlar mavqening dalili sifatida

XIX asr oxirida amerikalik iqtisodchi va jamiyatshunos Torsteyn Veblen mashhur conspicuous consumption – namoyishkorona (koʻz-koʻz qiluvchi) isteʼmol tushunchasini fanga kiritdi. Veblenni qiziqtirgan savol – nega odamlar zarur boʻlmagan narsalarga ham iqtisodiy resurslarini sarflaydi?

Uning fikriga koʻra, tabaqalashgan jamiyatda isteʼmol iqtisodiy muvaffaqiyatning yaqqol koʻzga tashlanadigan dalili boʻlib xizmat qilishi mumkin. Boylikning oʻzi har doim ham tashqaridan koʻrinmaydi. U uy, kiyim, hordiq, sovgʻa-salom, ziyofat, bir soʻz bilan aytganda atrofdagilar koʻra oladigan boshqa xarajatlar orqali ommaviy shaklga kiradi. Yaʼni baʼzan xarid orqali atrofdagilarga “men boyman” demoqchi boʻlamiz. Veblenga koʻra, u shu tariqa qimmatbaho sovgʻa va ziyofatlar xarajat qiluvchining bu xarajatga qurbi yetishini omma oldida namoyish etishga xizmat qiladi (Veblen 1899, pp. 75–76).

Bu mexanizm hatto ehtiyojimizga koʻra xarid qilingan narsalarda ham, qisman boʻlsa-da, ishlaydi: ulov atrofdagilarga mashina egasi faqat bir joydan ikkinchi joyga bora olishini bildirmaydi, balki uning jamoat transportidagi tiqilinchdan xalos boʻlganini ham koʻrsatadi; soat faqat vaqtni koʻrsatmaydi, egasining didini ham koʻrsatadi. Hatto toʻy oʻtkaziladigan joy tanlovi ham amaliy va ramziy vazifani bir vaqtning oʻzida bajarishi mumkin: kattaroq toʻyxona ham koʻproq mehmonni sigʻdiradi, ham obroʻ keltiradi.

Lekin Veblen bergan tushuntirish universal emas, yaʼni barcha xarid keyslarini anglatmaydi. Odamlar boshqalar koʻrmaydigan narsalarni ham sotib olishda faqatgina moddiy manfaatni koʻzlamaydi. Aytaylik, kimdir uyga idish-tovoq olishda chiroyliroq, qimmatrogʻini tanlaydi; kimdir noyob suratlarni, antiqa buyumlarni saqlaydi; kimdir bozor qiymatini allaqachon yoʻqotgan buyumni yillar oʻtib ham tashlab yubormaydi. Bunday iqtisodiy feʼl-atvorning ijtimoiy motivatsiyasini tushunish uchun Veblendan keyingi nazariyotchilarga murojaat qilish kerak.

Buyumlar dunyoni tasniflashga yordam beradi

Bu boradagi eng nufuzli nazariyalardan birini britaniyalik antropolog Meri Duglas va iqtisodchi Baron Ishervud The World of Goods kitobida taklif etgan.

Ularning mantigʻi quyidagicha: iqtisodiy yondashuv odatda tovar qanday ehtiyojni qondiradi, deb soʻraydi. Lekin inson faqat jismoniy ehtiyojlar dunyosida emas, balki maʼnolar tizimi ichida ham yashaydi.

Duglas va Ishervud isteʼmolni kommunikatsiya shakli sifatida koʻrishni taklif qiladi. Buyum tanlovi orqali odamlar madaniyatidagi farqlarni quyidagicha koʻrsatib beradi: tantanaga yoki maishiy hayotga moʻljallangan ashyo, bolalar yoki kattalarga, erkaklar yoki ayollarga xos, “oʻzimizniki” yoki “begonaniki”, “nufuzli” yoki “oddiy”...

Shu maʼnoda tovar oʻziga xos noverbal vosita sifatida ishlaydi. Biz goʻyo buyumlar orqali gapiramiz – “bugun bayram”, “bu insonga alohida hurmat koʻrsatamiz”, “bu rasmiy tadbir”, “bu yerda oʻzimni erkinroq tutishim mumkin” deymiz. Yuqoridagidan farqi – bu safar faqat boshqalarga murojaat qilib qolmay, oʻzimiz bilan ham gaplashamiz.

Isteʼmol – ijtimoiy dunyoni tushunarli bir tasnifga keltirishga yordam beradi. U orqali hayotimizdagi tasniflarni yaratamiz – toʻy va oddiy kun, ish va hordiqni ajratib beradigan buyumlar taxminiy moʻljal olishimizga yordam beradi. Xuddi bayramga yangi libos kiyish, maxsus ovqat pishirish yoki muvaffaqiyatni oʻn yil oldin maxsus sotib olingan vino bilan nishonlash kabi.

Xullas, Duglas va Ishervud isteʼmolning madaniy maʼnolarni yaratish funksiyasini ochiqlaydi. Ular inson buyumlar orqali turli voqea va jarayonlar haqidagi ayrim tasavvurlarni mustahkamlab qoʻyishini aytadi (Douglas, Isherwood 1996, pp. 37, 40–41).

Shu sababli buyum turli kontekstlarda turlicha maʼno kasb etadi. Qimmat kostyum ish uchrashuvida professional mavqeni, toʻyda tantanavorlikni bildiradi, choyxonada esa nooʻrin koʻrinadi.

Buyum bilan mansubiyatni ham sotib olamiz

Buni kiyim va brendlar misolida ayniqsa yaqqol koʻrish mumkin.

Funksional jihatdan ikki buyum oʻrtasidagi farq juda kichik boʻlishi mumkin, ammo madaniy jihatdan ular bir-biridan juda uzoq turadi. Muayyan musiqa guruhining atributikasini, maʼlum brend krossovkalarini, milliy yoki ekologik toza usulda ishlab chiqarilgan kiyimni tanlash insonning yoshi, didi, kasbi, qadriyatlari, qaysi guruhga mansub boʻlish istagi haqida oʻziga va atrofdagilarga maʼno anglatishi mumkin.

Lekin bu jarayon doim ham ongli kechmaydi. Inson doʻkon oldida turib, “hozir ijtimoiy mansubiyatimning ramzini sotib olaman”, deb oʻylamaydi. Nari borsa “menga falonchi futbol jamoasi yoqadi, kepkasini sotib olaman”, “tabiatni asrash kerak, qogʻoz paket olaman” deb oʻylashi mumkin.

Bunday isteʼmol odamlarni baʼzi kontekstlarda birlashtiradi, baʼzilarida esa ajratadi. “Real Madrid” futbolkasini olib, realchilar bilan birlashasiz, “men sizlar bilan bir ijtimoiy guruhdaman” deysiz goʻyo; ayni paytda barsachilardan oʻzingizni ajratasiz ham, “men sizlardan farq qilaman” deysiz.

Bu nazariyaning Veblen qarashlaridan muhim farqi bor. Veblen modeliga koʻra, odamlar faqat boshqalardan yuqoriroq turishini koʻrsatish va ijtimoiy maqomini oshirish uchun namoyishkorona isteʼmol qiladi. Lekin yuqorida tilga olingan keyslarda odam oʻzining bir guruhga kirishini, boshqa bir guruhga kirmasligini koʻrsatishga intiladi. Veblen namoyishkorona isteʼmolning individualistik tarafini koʻrsatsa, mansubiyat xaridlari uning jamoaviy tarafini ifodalaydi.

Buyumlarning ham tarjimai holi boʻladi

Mashhur amerikalik antropolog Arjun Appadurai muammoga yana bir tomondan qarashni taklif qilgan.

The Social Life of Things toʻplamida u istioraviy tarzda “buyumlarning ijtimoiy hayoti” haqida yozadi. Albatta, buyumlar insoniy ongga yoki ijtimoiy irodaga ega emas. Istioraning maʼnosi boshqa – buyumning ahamiyati u qaysi odamlar, vaziyatlar va munosabatlar orqali oʻtishiga qarab oʻzgaradi. Shuning uchun Appadurai “buyumlarning ortidan ergashish” – ularning shakli, ishlatilishi va ijtimoiy trayektoriyasiga eʼtibor qaratishni taklif qiladi (Appadurai 1986, pp. 3–5).

Doʻkondagi soatni tasavvur qilaylik. Rastalarda turgan paytda u shunchaki maʼlum bir narxga ega tovar. Keyin bir kishi uni sotib olib, oʻgʻliga universitetni bitirgani munosabati bilan sovgʻa qiladi. Soatning ijtimoiy vazifasi oʻzgaradi – u sovgʻaga, ota-onaning faxr alomatiga aylanadi.

Oradan bir necha oʻn yil oʻtib, oʻgʻil otasi vafot etganidan keyin shu soatni esdalik saqlab yuradi. U texnik jihatdan eskirgan, narxi tushib ketgan boʻlishi mumkin, biroq uning shaxsiy va oilaviy qiymati ortiq pul bilan oʻlchanmaydi. Moddiy jihatdan bu hali ham oʻsha soat, lekin ayni paytda uch xil ijtimoiy ahamiyatga buyum.

Shu sababli koʻplar eski xatlar, bolalik oʻyinchoqlari, oilaviy taqinchoqlar yoki sayohatdan olib kelingan buyumlarni saqlab yuradi. Sayohatda tushgan suratlaringizni shu bilan biror marta qaytib ochib koʻrmaysiz, lekin telefon xotirasidan oʻchirib tashlashga qoʻlingiz bormaydi. Suvenirni bir joyga qoʻyib qoʻyasiz va uning borligini qaytib eslamaysiz. Ularning manfaati yoki bozor qiymati deyarli qolmaydi. Ular tarjimai holingizning moddiy tashuvchisiga aylanadi.

Xarid gʻamxoʻrlik sifatida

Britaniyalik antropolog Deniel Miller A Theory of Shopping kitobida Shimoliy London hududlaridan birida yashovchi odamlarning oddiy kundalik xaridlarini tahlil qiladi. Shu orqali u “isteʼmolchilik” borasidagi bahslarda koʻpincha unutiladigan bir narsani koʻrsatadi: odamlar juda koʻp hollarda oʻzi uchun emas, boshqalar uchun xarid qiladi. Ona bolasi yoqtiradigan mahsulotni sotib oladi. Yigit sevgan qizi uchun sovgʻa izlaydi. Kimdir oilaga zarur buyumni olish uchun oʻz istagidan tejaydi.

Shu sababli Miller xaridni odamlar oʻrtasidagi munosabatlar tuzilishini koʻrsatadigan amaliyot sifatida talqin qiladi. U bunday kontekstlarda tovarni hatto oʻziga xos “muhabbatning moddiy madaniyati” sifatida tavsiflaydi: buyum tanlash orqali gʻamxoʻrlik, masʼuliyat, mehr va majburiyatlar ifodalanadi (Miller 1998, pp. 4, 8–9).

Isteʼmolni faqat mavqe ortidan quvish sifatida koʻrsak, kundalik iqtisodiyotning juda katta qismini tushunmay qolamiz. Bolaga olingan maktab sumkasi, oilaviy kechki ovqat yoki puxta tanlangan sovgʻa ham isteʼmoldir. Ammo bu yerda ijtimoiy messej mutlaqo boshqacha: “sen nimani yoqtirishingni bilaman”, “senga gʻamxoʻrlik qilaman”, “sen men uchun muhimsan”.

Shuning uchun ortiqcha qimmat buyum olayotgan yoki dabdabali toʻy uyushtirayotgan odam baʼzida ijtimoiy maqomini koʻtarishga harakat qilayotgan boʻlishi, baʼzida esa yaqinlarini xursand qilishga, ularni qay darajada qadrlashini koʻrsatishga urinayotgan boʻlishi mumkin.

Nega zarurdan koʻproq sotib olamiz?

Biologik jihatdan insonga unchalik koʻp narsa kerak emas. Ammo inson hayoti biologik minimum bilan cheklanmaydi.

Chunki biz faqat kaloriya isteʼmol qilmaymiz – bayram nishonlaymiz. Faqat tanamizni yopmaymiz – vaziyatga qarab kiyinamiz. Faqat oʻzimizga foydali buyum olmaymiz – sovgʻa beramiz. Uyni faqat yomgʻirdan pana joy deb bilmaymiz – uni xotira, mehmondoʻstlik, shaxsiy hayot va ijtimoiy maqom makoniga aylantiramiz.

Buyum insoniy munosabatlarning valyutasidir. Bu munosabatlar asnosida u moddiy xususiyatlarida mavjud boʻlmagan madaniy maʼnolarni oladi. Shu sababli ortiqcha isteʼmolni faqat insonning ochkoʻzligi bilan tushuntirish xato. Va ayni paytda har qanday isteʼmolni faqat oqilona ehtiyoj bilan izohlash ham xatodir. Isteʼmol muayyan jamiyatda nimani anglatishi muhim.

Isteʼmolni cheklash xarajatni cheklash degani emas

Isroillik tarixchi Yuval Harari juda qiziq masalaga eʼtibor qaratgan edi: oʻtmishda boylar yetarli kaloriya isteʼmol qilolgan, kambagʻallar har bir kaloriya uchun kurashgan; bugun kambagʻallar serkaloriya tez tayyor boʻladigan taomlar isteʼmol qiladi, boylar esa kaloriyasi past, lekin qimmat salat-latuk va chia urugʻini isteʼmol qiladi.

Ekologik toza mahsulot ekologik notozasidan qimmatroqligiga eʼtibor berganmisiz? 50 kishilik banket 500 kishilik toʻydan qimmatroqqa tushishiga guvoh boʻlganmisiz? Bu ham isrofgarchilik va tejamkorlik haqidagi bahslarda eʼtibordan chetda qolib ketadigan masalalardan biridir.

Isteʼmol patternlari oʻzgarib boradi. Kecha mashina obroʻ-eʼtibor keltirgan boʻlsa, ertaga oddiy narsaga aylanib qoladi. Bugun dabdabali toʻy ijtimoiy maqomni koʻtarsa, ertaga kamtarona toʻy ana shunday obroʻ keltiradi. Lekin aynan shu tufayli kamtarona tadbirlar qimmatlashib ketishi ham mumkin. Kamtarlik qimmatga tusha boshlashi bu – universal qoida emas, ssenariylardan biri xolos. Nima boʻlganda ham, bozor mexanizmlari baribir resurslarni oʻzicha taqsimlab oladi.

Xulosa

Bir paytlar muayyan kiyim yuqori tabaqa belgisi boʻlgan, keyinchalik ommaviylashgan. Shu kabi, ilgari boylikni namoyish etgan buyum vaqt oʻtishi bilan didsizlik belgisiga aylanishi mumkin. Aksincha, soddalik, ekologik masʼuliyat yoki katta logotiplardan voz kechishning oʻzi ham yangicha ijtimoiy maqom belgilariga aylanishi mumkin. Shuning uchun bu masalani tahlil qilganda faqat iqtisodiy vaziyat bilan cheklanib qolmay, antropologiyaga murojaat qilish kerak. Antropologiya savolni boshqacharoq qoʻyadi: jamiyat isteʼmolni qanday maʼnolar bilan bogʻlaydi?

Dabdabali marosim hurmatni, katta mashina muvaffaqiyatni, qimmat sovgʻa muhabbatni, yangi telefon zamonaviylikni anglatar ekan, isteʼmol amaliyotini faqat inson hamyoni bilan bogʻlab boʻlmaydi. U ijtimoiy munosabat tiliga aylanadi. Shu tufayli isteʼmol odatlari juda barqaror boʻladi. Lekin ular oʻzgarib ham boradi. Jamiyat baʼzan hashamatga, baʼzan tejamkorlikka qiziqib qoladi. Ikki holda ham iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar jamiyatning ehtiyojiga moslashib boraveradi.

Eldor Asanov, PhD

OʻzR FA Antropologiya instituti

Adabiyotlar roʻyxati:

1. Appadurai A. Introduction: Commodities and the Politics of Value // The Social Life of Things: Commodities in Cultural Perspective / Ed. by A. Appadurai. – Cambridge: Cambridge University Press, 1986. – P. 3–63.

2. Douglas M., Isherwood B. The World of Goods: Towards an Anthropology of Consumption. Rev. ed. – London; New York: Routledge, 1996.

3. Miller D. A Theory of Shopping. – Ithaca, NY: Cornell University Press, 1998.

4. Veblen T. The Theory of the Leisure Class: An Economic Study of Institutions. – New York: Macmillan, 1899.

5. Maromiylik tadqiqoti: OTM talabalari, professor-oʻqituvchilar va xodimlari orasida toʻy madaniyati, iqtisodiy omillar va ijtimoiy normalar. Sotsiologik tahliliy hisobot. – Toshkent, 2026.