Yunus Rajabiy koʻchasi 20-uy. Poytaxtning soʻlim manzilida joylashgan. Koʻcha boʻylab borarkansiz, muhtashamlikni his qilasiz, sokinlik yuragingizga inadi. Bir paytlar shu yerlarda akademik Yunus Rajabiy yashab ijod qilganini oʻylasangiz, xayollaringiz u kishi yaratgan ohanglar ila uygʻunlashib ketadi. Oʻzbek xalqining katta musiqiy merosi jamlanishi-yu bunyod boʻlishiga guvoh xonadonda buyuk bastakor hanuz ijod qilayotganday goʻyo – jim-jit, hamma narsa oʻz holicha turibdi, xuddi Yunus ota hozir qayoqqadir chiqqan-u qaytib kelib izlanishda davom etadiganday.
– Otamning ijodxonasi alohida edi. Onam “otangiz uyda ishlayapti” desa bas, hammamiz oyoq uchida yurardik. Tiq etgan ovoz ham u kishining kayfiyatiga taʼsir qilardi – deya eslaydi ustazoda Hasan Rajabiy. – Otam asosan tunda ishlar, koʻpincha yarim kechasi soat ikki-uchlarda uygʻonib ketsam, ijod xonasidan tingʻir-tingʻir musiqa ovozi kelardi. Sekin moʻralasam, stolning usti nota qogʻozlar bilan toʻla boʻlar, otam koʻz qiri bilan menga qarab, “achchiq choy damlab kel” deb choynakni berib yuborardi. Bir kunda ikki-uch soat uxlar edi, xolos. Eslayman, ishxonada ham kechki payt ishlardi. Aytishlaricha, “Shashmaqom”ni yozib olishayotganda tramvay ovozining tinishini kutib, asosiy ishni tungi oʻn ikkidan keyin boshlashar ekan.
Yunus Rajabiy oʻziga qanday talabchan boʻlsa, shogirdlariga ham shunday talab qoʻyardi. Shogirdlari koʻp eslaydi, ularga “Ashulani shunchaki ashula qilmang, hamma eshitadigan qiling, unda qalb boʻlsin” der ekan. Haqiqatan u kishi nimaga qoʻl urmasin, butun qalbini berib bajargan.
Otamizning xalq kuylarini toʻplab, qayta ishlab xalqimizga taqdim etishi igna bilan quduq qazishday mashaqqatli ish boʻlgan. Xalq kuylarini yigʻish ancha ilgaridan boshlangan. 1938-yili ikki jildlik “Oʻzbek xalq qoʻshiqlari” kitobi yaratilgan. Shu toʻplamga koʻpgina bastakorlar xalq kuylaridan yigʻib kiritishgan. Otam ham oʻshanda 200 ga yaqin qoʻshiqni kitobga yozib bergan ekan. Va shu kitob sabab u kishida oʻzbek xalq kuylarini yigʻishga qiziqish kuchaygan. Qolaversa, musiqalarni quvvai hofizasida boshdan oxir saqlab qolish qobiliyati va yozish mahoratining kuchli boʻlgani bois atrofidagilar oʻzbek xalq maqomlarini yigʻib, bir kitobga jamlash taklifini berishgan. Va shu taklif sabab Yunus Rajabiy maqomni oʻrganib, yigʻib, xalqqa beqiyos xazina taqdim etdi. Bu haqda otamning oʻzi shunday degan:
“Qadimdan maqom deb aytilib kelgan klassik musiqiy yodgorligimiz IX, X, XIII asrlarda Abu Nasr Farobiy, Abu Ali ibn Sino va boshqa olimlar maqom ashulalarini chizma raqamlar va harflar bilan nota qilib yozishgan. Oʻsha davrlardan to XVIII asrgacha “Oʻn ikki maqom” deb aytilib kelingan. XVIII asrdan boshlab hamma maqomlar birlashtirilib, olti maqom, yaʼni shashmaqom deb yuritila boshlangan. Olti maqomning nomlanishi quyidagicha: Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq. Bu olti maqomning har birida mushkulot, yaʼni cholgʻu qismi va nasr deb ataluvchi ashula qismi boʻlib, bu maqomlarning har birida 40 tadan to 60 tagacha ashula va musiqa qismlari bor. 1959-yilda radiokomitet qoshida maqomchilar ansambli tashkil qilindi, bu jamoaning mahorat bilan qattiq ishlashi natijasida 1967-yilga qadar maqomning ashula yoʻllari oʻrganilib, 25 soatlik ashula qismini magnit plyonkalariga hamda uzoq aylanadigan plastinkalarga yozdirdik”.
Otam oilada oʻn olti farzandning eng kichigi boʻlgan. Yuz bilan yuzlashib yashagan buvimiz Oyshabibi har doim otamni “xazinaga yoʻliqqur” deb duo qilar ekan. Ota-ona duosi ijobat deydilar, haqiqatan buvimning supraqoqdisi katta bir xazinaga yoʻliqqan edi desam mubolagʻa boʻlmas. Otamning otasi Rajab bobo katta yer egasi, oʻziga toʻq, badavlat boʻlgan, mol, ot, qoʻy boqib, qassobchilik qilgani uchun xalq orasida Rajab qassob atalgan. U kishi yetmish yoshdan sal oʻtib olamdan oʻtgani bois biz koʻrmaganmiz. Bobomizning Novza dahasida gektarlab yerlari boʻlib, ikki-uch joyiga shiypon qilingan ekan. Keyinchalik bu yerlarni bobomiz uch aka-uka – Shukurvoy, Rizqivoy va Yunusvoylarga boʻlib bergan. Rajabboy qassob musiqa shinavandasi boʻlganidan yoz pallalari shiyponga Mirza Qosim hofiz, Mulla Toʻychi hofiz, samarqandlik Hoji Abdulaziz va boshqa sanʼatkorlarni chorlab tongotar suhbatlar qilisharkan. Kattalarning xotirlashicha, otamiz kichikligida, toʻrt-besh yoshlar boʻlgan chamasi, musiqa eshitsa, shu kuyga mahliyo boʻlib qolar ekan. Maʼlumotlarga qaraganda, Motsart simfoniyani bir marta eshitsa xotirasida saqlab qolarkan. Kichik Yunusda ham shunday qobiliyat bor edi, kuyni bir eshitishdayoq boshdan oyoq yodlab qolardi. Bu xislat otamga buvimiz Oyshabibidan oʻtgan ekan. Buni kuzatgan otasi oʻzini doim rom qilib kelgan sanʼat olamiga oʻgʻlini yetaklagan. Kenjasini oʻzi boradigan sayillarga, hofizlar toʻplanadigan choyxonalarga, takiyaxonalarga birga olib borgan ekan. Ana shunday muhitda oʻsgan Yunus Rajabiy bastakor, musiqa allomasi boʻlib elga tanilib, xalqimizga bitmas-tuganmas musiqiy merosni kitoblarga jo qilib qoldirib ketdi. Otamiz bastakorgina emas, oʻzbek klassik musiqalarining mohir ijrochisi ham edi. Amakilarim ham el orasida mashhur sanʼatkorlar boʻlishdi. Rajabboy ota istagi amalga oshgan edi.
Serfarzand Rajab qassobning kenjasi, boʻy-basti baland, kelishgan Yunus Rajabiy ham serfarzand boʻldi. Biz oʻn ikki farzand (besh qiz, yetti oʻgʻil) edik. Onamiz Qumri momo uy bekasi, bolalarini oq yuvib, oq tarab oʻtirardi. Koʻpincha otam onamga “sen hayot akademigisan” derdi kulib. Oʻn ikki farzandni yoʻlga solish, eplash osonmi axir? Hammamiz mehnatda toblandik. Uyda hech birimiz yumushsiz oʻtirmasdik. Erta bahordan dalaga koʻchish uchun ot-arava kelardi. Ustiga chiqib, bir toʻda bola chugʻurlashib dalaga koʻchishning gashti oʻzgacha. Boqqa yetib borsak, oʻtlar bel barobar oʻsgan, hammayoq yashil. Sayroqi bulbullar sasi atrofdagi jimlikni buzib turardi. Havo hozirgidan yuz chandon toza, osmon tiniq, ariqlarda oqayotgan zilol suvdan ichib toʻymasdik. Dalada roʻzgʻorga kerakli hamma narsani – poliz ekinidan tortib, rezavorlar-u mevalargacha oʻzimiz yetishtirardik. Ortganini bozorga olib borib, pullab ham kelardik. Qishga tayyorgarlik koʻrardik, mevalarni quritib, murabbo-yu tuzlamalarni gʻamlardik. Don-dunlar, xumlarda yogʻni aytmaysizmi, hammasini qoplab gʻamlaganmiz. Otamiz roʻzgʻorni but tutardi, goʻshtlarni tuzlab quritardi. Tiyramoh kelarkan yana aravamizga oʻtirib shahar hovliga yoʻl olardik. Oʻylab qarasam, bolaligimiz yomon oʻtmabdi. Ota-onam bizni mehnatga, kamtarlikka oʻrgatibdi. Otam doim hayot qisqa, lekin hamma narsaga ulgursa boʻladi der edi. Rostdanam, harakat qilsangiz, umringizga baraka berarkan Xudoyim.
Bu bolalar faqat dalada ishlagan ekan deb oʻylamang. Dala ishlaridan tashqari qiziq-qiziq oʻyinlar ham oʻynaganmiz. Masalan, diafilm apparati oberishganini yaxshi eslayman. Quvonchimiz ichimizga sigʻmagan oʻshanda. Yertoʻlamizga joy qilib, mahalla bolalariga film qoʻyib berardik. Hamma qiziqib tomosha qilardi. Oʻqish ham esimizdan chiqmagan, maktabda aʼloga oʻqiganmiz. Yana shaxmat, shashka oʻynardik. Hayvonot bogʻiga borishni ham yaxshi koʻrardik. Mahallaning jinkoʻchalarida gʻildirak aylantirib orqasidan chopardik, oʻzimiz varrak yasab uchirardik, chillak, cherta (katta katak chiziqchalar chizib, oʻrtasiga toʻrtburchak yogʻoch yoki silliq tosh otib, chizilgan chiziqlarga tegmay bir oyoq bilan kataklardan tepib oʻtkazib kataklarni aylanib chiqib ketish kerak) oʻynardik. Roʻza payti bolalar bilan yigʻilib, har uy eshigiga borib ramazon aytardik.
Otamning soʻzi biz uchun qonun edi. Toʻpolonni oshirib yuborsak, bir marta “hoy” deb qoʻysa bas. Hamma jimgina ish-ishiga ravona boʻlardi. Hammamiz navbatma-navbat otamning oyoq-qoʻllarini uqalardik. Qay birimiz qaysidir ishni eplolmasak, otam urishib, tanbeh berib oʻtirmasdi. Eplolmagan ishimizga mos birorta qiziq voqeami, latifami yo afandimi aytib, “qilgan ishingiz shunga oʻxshaydi” yoki “sizning ishingiz bundan ham oshib tushdi” deb maroq bilan kulardi. Bu bizga juda qattiq taʼsir qilib, chala ishimizni tezgina tuzatib, toʻgʻrilab qoʻyardik. Har qanday masalani bosiqlik bilan hal qilib, kulgi bilan tuzatib ketgan ekan donishmand otam.
Koʻp farzand boʻlganimiz uchun otam kiyimlarning eng arzonidan sotib olib berardi. Shungayam rosa quvonib, rahmat aytib, oʻpib qoʻyardik. Har birimizni yaxshi koʻrardi, sizlab gapirardi. Biror muvaffaqiyatga erishsak, maqtab, alqab qoʻyardi. Maktab davrida ham har birimizning muallimimiz bilan alohida gaplashib, doim nazoratda ushlagan.
Oʻzimiz koʻp boʻlsak, buning ustiga uyga doʻstlarimizni ham boshlab kelardik. Koʻpincha yotib qolishardi. Talabalik paytlarimizda-ku, aytmay qoʻyaqolay, viloyatdan kelgan doʻstlarimizning koʻpi biznikida yashagan desam ham boʻladi. Uyimizning bir xonasi mehmonlarga ajratilgan boʻlib, tunab qoladigan doʻstlarimiz shu xonada qolardi. Otam shu qadar kamtar ediki, hatto baʼzi doʻstlarimizning toʻylariga borib, toʻyni oʻtkazib ham berardi. Ota-onamiz bagʻrikeng edi, hammani ochiqkoʻngillik bilan kutib olishardi. Uyimizda otamning doʻstlari uchun ham alohida xona ajratilgan edi. U kishi doʻst-u birodarlarini shu xonada kutardi, tunab qolishsa ayni xonaga joy qilinardi. El suygan hofiz-u sanʼatkorlar bilan tongotar suhbat qilishardi. Mehmondorchilik ham shunchaki oʻtmasdi, otam ularga albatta oʻzi osh damlar yoki shoʻrva qilardi. U kishi tayyorlagan taomlardan totsangiz, mazasi ogʻzingizda qolardi. Qolaversa, otam shinavanda odam edi, suhbatlashib toʻymaysiz, latifalardan aytib, davrani qizdirib oʻtirardi.
Yunus Rajabiy oʻzbek xalqining buyuk bastakori, milliy musiqiy madaniyatimiz va ijrochilik sanʼatining rivojlanishiga, oʻzbek maqomlari – “Shashmaqom”ning shakllanishi, takomil topishi va tiklanishiga salmoqli hissa qoʻshgan ulkan arbob edi. El ardogʻidagi sanʼatkor beqiyos musiqiy boyligimizni butun Oʻzbekiston boʻylab yigʻib, toʻplab, nota yozuvlariga koʻchirdi, sayqal berib, boyitib, oʻzining besh jildlik “Oʻzbek xalq musiqasi”, olti jildlik “Shashmaqom” va “Musiqa merosimizga bir nazar” nomli risolasiga (avvalgi nashrlariga ilova tarzida yozilgan) jamladi va bir necha yuzlab oʻzbek klassik cholgʻu kuylari, qoʻshiq va ashulalari, olti oʻzbek maqomining ijrolarini, ham ustozlari, ham oʻzi va shogirdlarining betakror ijrolarini magnit tasmalari va gramplastinkaga koʻchirtirib, xalqimizga bitmas-tuganmas bebaho meros qoldirib ketdi. U kishi oʻzbek xalq musiqiy mulkining zabardast xazinaboni edi.
Guljahon NAMOZOVA yozib oldi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.