Filologiya fanlari doktori Erkin Musurmonov bilan suhbat
– Erkin aka, Yalangtoʻsh Bahodirning millatimizga qaytadan tanishtirilishiga salmoqli hissa qoʻshdingiz. Aslida bu haqda anchadan beri maqolalar eʼlon qilardingiz. Yalangtoʻsh Bahodir haqidagi maʼlumotlarga dastlab qayerda duch kelgansiz?
– Birinchi marta Yalangtoʻsh Bahodir haqidagi maʼlumotlarga yurtimizda emas, ilmiy izlanishlar chogʻi Xitoyda duch keldim. XVII asrda Xitoy doimiy ravishda Jungʻor va Yorkent xonligi bilan munosabatda boʻlgan. Jungʻor sultonlari esa koʻp marta Dashti qipchoqqa, u yerdagi turkiy qavmlar ustiga yurish qilgan. Xitoy manbalarida Jungʻor qoʻshiniga qarshi jiddiy kurashgan sarkarda Samarqand hukmdori, ashtarxoniylar amiri Yalangtoʻsh Bahodir ekani yozib qoldirilgan. Oʻsha manbalar Yalangtoʻsh Bahodir shaxsiyatiga aniqlik kiritib, badiiy film syujeti yaratilishiga ham sabab boʻldi.
– Buyuk ipak yoʻli tarixi bilan bogʻliq voqealar, xitoy folklori, adabiyoti va madaniyati boʻyicha izlanganingizda xalqimizga oid yana qanday notanish, qiziqarli maʼlumotlar topdingiz?
– Xitoyliklar qadimda bizning yurtni Gʻarb deb hisoblagan. Uni sehrli diyor deyishgan va bu yerlarga qiziqishgan. Xan imperatori Xanvudi (rus manbalarida U-Di, miloddan avvalgi 156–87-yillar) xunlar yashaydigan oʻlkalar haqida maʼlumot yigʻish, ular bilan aloqa oʻrnatish maqsadida miloddan oldingi 138-yildayoq diplomat va sayyoh Chjang Tyanga yuz kishini qoʻshib, Dovon (Fargʻona) yurtiga yuboradi va shu bilan keyinchalik Yevropada “Buyuk ipak yoʻli” nomi bilan mashhur boʻlgan karvon yoʻliga asos solinadi.
Elchi imperator Xanvudiga Fargʻonaning tengsiz uchqur argʻumoqlari haqida “Dovon oʻlkasida ulkan togʻlar bor. U togʻlarda kezib yuruvchi osmon otlarini tutib olishning sira imkoni yoʻq. Ulardan nasl olish uchun mahalliy el chibor baytallarini tog‘ yonbagʻirlariga qoʻyib yuboradi. Chatishishdan paydo boʻlgan tengsiz argʻumoqlar qon bilan terlash xususiyatiga ega, shuning uchun ular samoviy tulpor hisoblanadi” degan maʼlumotni yuboradi.
Chjang Tyan yurtimiz haqida yozar ekan, uni katta-kichik yetmish shahar va qoʻrgʻonga ega boʻlgan, totlilikda tengsiz guruch va bugʻdoy ekiladigan, asaldek uzum, eng muhimi, samoviy otlar boqiladigan nihoyatda gullab-yashnagan oʻlka deb eʼtirof etadi.
Shuningdek, Chjang Tyan Kanszyue (Xorazm) va uning jangovar ellari, Usun (hozirgi Yettisoy, Samarqand, Buxoro, Toshkent) ulusi, Baqtriya, Parfiyona, Tengritog‘ (Tyanshan) va Pomir tog‘ tizmalari, Inju (Sirdaryo) va Oʻkuz (Amudaryo) daryolari, Orol dengizi haqida imperatorga maʼlumot yetkazadi. Xitoy imperatorining koʻrsatmasiga koʻra Chjang Tyan ikkinchi marta miloddan oldingi 118 va 115-yillar orasida yana bir bor qadimgi Oʻzbekiston hududiga keladi.
Chjang Tyandan keyin xitoyliklarning yurtimizga muhim safarlaridan biri Tang davri allomasi, budda rohibi, sayyoh darvesh Syuanszangning (rus manbalarida Syuanszan, 602–664) sayohati boʻldi. Syuanszangning Fargʻona, Toshkent, Samarqand, Termizga kelishi bejiz emas. Manbalarga koʻra Budda taʼlimoti qadimgi Xitoyga I asrda bizning yurtimiz orqali kirib borgan. Syuanszangning “Buyuk Tang davrida Gʻarbga sayohat” nomli bitiklari Oʻrta va Janubiy Osiyo boʻylab oʻn yetti yillik safar haqidagi esdaliklar boʻlib, unda hozirgi Oʻzbekiston hududidagi ellar haqida qiziq va nihoyatda muhim maʼlumotlar keltirilgan.
Bundan tashqari, ikki xalq mifologiyasi orasida ham oʻxshashliklar koʻpligini koʻrish mumkin. Bunday miflar sirasiga, xususan, kosmogonik, kalendar, qahramonlik, astral, hayvon va maxluqlar haqidagi asotirlar mansub. Pangu va Tengri, Nuyva va Umay ona, Gʻarb malikasi Sivangmu va Erlik, ajdarho va ot, boʻri, mergan Yi va Alpomish kabi xitoy-oʻzbek mifologik personajlari juda oʻxshash, ayrimlari bir genezisga ega.
– Sizning oʻzbek qalpogʻi va xitoylarning In va Yang tushunchalari oʻrtasida bogʻliqlik borligi haqidagi qarashlaringiz ham juda ajoyib topilma. Ota-bobolarimiz hech bir ramzni behikmat qoʻllamagan. Bunga hatto xitoyliklar ham tan bergan ekan-da...
– Shunday. Konfutsiylikning besh kitobi tarkibiga kiruvchi moʻtabar manba “Ijing” – “Evrilishlar” kitobida (mil. ol. VIII-VII asrlar) olamning paydo boʻlishi besh bosh unsur – tuproq, ogʻoch, temir, olov va suvning oʻzaro munosabatiga bogʻliq deb izohlanadi. Inson, tabiat va borliq bir butunlikda koʻrsatiladi. Bu jarayon Yang va In qarama-qarshiligi, sakkiz trigramma (koʻk, tog‘, olov, shamol va daraxt, suv havzasi, tuproq, chaqmoq, suv) va ularning munosabatidan hosil boʻladigan oltmish toʻrt geksogramma formulasi asosida talqin qilinadi. Geksogrammaning toʻgʻri chizigʻi – erkak ibtidosi Yangni, uzilgan chiziq esa ayol ibtidosi – Inni bildiradi. Yang doiradagi oq, In esa qora ajdahocha koʻrinishida (bizdagi oq dev, qora dev kabi) tasvirlangan.
In-Yang, sakkiz trigramma va oʻzbek doʻppisi
Dao taʼlimotiga koʻra, butun olam ikki qarama-qarshi – “In-Yang” yoki oʻzbekcha aytganda, oq va qora kuchlar oʻrtasidagi kurashga asoslanadi. Qutblar oʻrtasidagi doimiy kurash bir-birini taʼqib etuvchi ajdahochalarga oʻxshash oq (yang) va qora (in) rangli shakllarda va butun borliqning qurilishini aks ettiruvchi trigramma – gorizontal uch qatorli chiziqchalarda aks etgan. Uning mohiyatini kun va tun, quyosh va oy, osmon va yer, issiq va sovuq, toq va juft, erkak va ayol kabi tushunchalar oʻrtasidagi munosabatda koʻrishimiz mumkin. “Bir-birining ketidan quvib yuruvchi ajdahochalar” va uch ketma-ket chiziqchalarning turli koʻrinishlari sharqliklarning deyarli barcha falsafiy ramzlarida, tabobati, sanʼati, kiyimlarida aks etib, bu narsani ular uzoq umr koʻrishning, iqtisodiy taraqqiyot, boy va baxtli yashashi, uygʻunlik va garmoniyaning sabablaridan biri deb bilishadi. Bu tushunchalar Janubiy Koreya bayrogʻida, eng qiziq tomoni, oʻzbekning milliy bosh kiyimi – qalpoq naqshlarida ham oʻz aksini topgan!
Farqi shuki, oʻzbek qalpogʻi tepa qismida faqat ezgulik – Yang timsolining andozasi tushirilgan. Bu ezgulik energiyasining toʻrt tomonga toʻrt barobar kuch bilan yoyilib turishini bildiradi. Borliqni aks ettiruvchi uch qatorli chiziqchalar esa qalpoqning toʻrt yonboshida toʻrt martadan tasvirlangan. Yaʼni, qalpogʻimizda olam dialektikasining ramzlari oʻz aksini topgan.
Dao falsafasiga “ajdahochalar” ramzini hadya qilgan buddaviylik taʼlimoti qadimgi Xitoyga Turondan sayohatchilar orqali yetib borgan. Garchi bu taʼlimot Hindistonda paydo boʻlgan esa-da, uning negizlari yurtimizda ham boʻlgan. Shu maʼnoda, xitoy, yapon va karis xalqlarining diniy-tarixiy va falsafiy tushunchalariga qadimgi Turonda yashagan xalqlar dunyoqarashi asos boʻlgan desak adashmaymiz.
Izlanishlarimiz natijasida Samarqanddan Xitoyga gladiator jangchi sifatida borib qolib, keyinchalik u yerda imperator boʻlgan An Lushan (Kan Yaloshan, Alp Arslon); qadimgi Misrda turkiy davlat tuzgan mamluk sultonlari Sayfiddin Qutuz va Biybars Bunduqtariy; Xitoyga nom bergan kidanlar (qoraxitoylar); Xitoyda buddaviylik ilmini yoygan ulug‘ alloma Kan Sen Xuey (220-yilda tugʻilgan); Xitoy imperatorining armoniga aylangan ajdodlari samarqandlik malika Iparxon haqidagi tadqiqotlarimiz eʼlon qilindi.
“Xitoy” atamasi Xitoyda “Lyao” (yoki “Buyuk Lyao”, maʼnosi – “Temir xonlik”) deb atalgan yirik va kuchli davlat (916–1124) tuzib, 200 yildan ortiq hukmronlik qilgan kidan eli nomidan kelib chiqqan. Kidan xonligi 916–926-yillar orasida Kunbotar Manjuriya, Boxay podsholigi, uygʻur xoqonligi, Xitoyning sharqiy va shimoliy yerlari hisobiga hududini kengaytiradi. Oʻsha paytdagi Xitoy davlati Uyue (893–978), Shimoliy Tang (937–975), karis xonligi Koʻkuryo (918–1392), Tibet, tangut davlati Kunbotar Sya (982–1227) Lyao xonligining vassali edi.
Kidanlarning Lyao imperiyasi hududi
Bir soʻz bilan aytganda, Kidan xonligi Sharqiy Osiyoda eng qudratli davlat boʻlgan. Ammo 1125-yildan boshlab kidanlardan omad yuz oʻgira boshlaydi. Shu yili Lyao imperiyasiga tobe boʻlgan jurjanglar qoʻzgʻolon koʻtaradi. Song imperiyasi ularga yordam beradi va magʻlubiyatga uchragan kidanlarning katta qismi Turon hududlariga siqib chiqariladi. Shu bilan Lyao davlati tanazzulga yuz tutadi.
Kidanlar Markaziy Osiyoga kuch va qoʻshin toʻplab, Xitoydagi xonligini qaytarib olmoq maqsadida kelishgan. 1137-yildan boshlab kidanlar qoraxoniylar yerlarini ishgʻol eta boshlaydi. 1141-yil 9-sentyabr kuni Samarqand yonidagi Katavon (Qatagʻon) choʻlida kidanlar bilan Sulton Sanjar qoʻmondonlik qilgan qoraxoniylar va saljuqiylarning birlashgan qoʻshini oʻrtasida katta jang boʻladi. Kidanlar bu jangda gʻalaba qozonadi va yangi Qoraxitoylar xoqonligi – Gʻarbiy Lyao (1125–1211) davlatini tuzib, Turonda muqim boʻlishadi.
Kidan elining Samarqand toponimikasida oʻrni katta: Kattaqoʻrgʻonda kidanlar yashagan joylardan birining nomi – Kadan. Bulungʻurda Kildan, Gʻallaorolda Xitoyyuz, Jomboyda Qoraxitoy qishloqlari bor. Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ham bu elga aloqador koʻplab joy nomlari uchraydi. Bunga Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Qoraxitoy shaharchasini, Qashqadaryo viloyati Kasbi, Muborak, Koson tumanlaridagi Qoraxitoy, Shahrisabzdagi Xitoy qishloqlarini, Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanidagi Naymanovul, Naymantoʻba, Xorazmning Bogʻot va Shovot tumanidagi Xitoy qishloqlarini, shuningdek, xitoynayman, agʻron, saroynayman, qoranayman kabi qoʻrgʻon-qishloqlarni ham misol tariqasida keltirsak boʻladi.
Nafaqat Yalangtoʻsh Bahodir, fikrimcha, Samarqand bilan taqdiri bogʻliq boʻlgan Turon xoqoni Alp Er Toʻnga, yuqorida nomi tilga olingan An Lushan, kidanlar tarixini, ajdodlari asli samarqandlik boʻlib, hozir Xitoyda yashayotgan solor xalqi tarixini, Samarqandda yashab oʻtgan ulug‘ ijodkor Ahmad Yugnakiy (XII asr, Samarqand, Yugnak qishlogʻi – XIII asrning birinchi yarmi), XVIII asrning soʻnggi choragida Samarqandda hukmronlik qilgan va shaharni qayta tiklagan Shohmurod ibn Doniyolbiy (1749–1800) kabi ulug‘ shaxslarning hayoti va faoliyatini ham oʻrganib, xalqimizga havola qilishimiz manfaatli boʻlardi.
– Tadqiqotlaringizda xitoy va oʻzbek mumtoz adabiyotidagi ayrim ramz va timsollar, mifologik tushunchalarning uygʻunligi haqidagi fikrlar bor. Navoiy “Xamsa”sida Xitoy podshosining oʻgʻli Farhod tamomila yangicha obraz sifatida namoyon boʻlgani yoki “Saddi Iskandariy” dostonida Buyuk xitoy devorining oʻziga xos ramzga aylantirilgani...
– “Layli va Majnun” dostonidagi Laylining eng qadimgi prototipi shumer mifologiyasidagi Lilit (Lolita) timsolida koʻrinadi. Lilit (tun) shumer mifologiyasida Odam Atoning Momo Havodan oldingi birinchi ayoli boʻlib, u Odam Ato bilan bir kunda yaralgan deb rivoyat qilinadi.
Xamsa arabcha خمسة (somiy tillarida חמסה) soʻz boʻlib, “besh” maʼnosini anglatadi. U nafaqat adabiy janr, balki yahudiy va arab xalqlari mifologiyasida besh barmoqli olaqon (kaft-panja) shaklidagi tumor boʻlib, “Miriam olaqoni”, “Fotima olaqoni”, shuningdek, “Iloh olaqoni” deb nomlanadi.
Xamsa-barmoqli olaqon (panja)
Yahudiylar tushunchasida “xamsa” – Dovud paygʻambarning olti qirrali yulduzidan keyin eng mashhur boʻlgan yahudiylik belgisi sanaladi. Ularning talqinida “xamsa” mohiyatida quyidagilar tushunilgan:
1. Miriyam panjasi. Yaqin Sharq mamlakatlari orasida Fotima panjasi degan ibora va tushuncha keng yoyilgan. Muso paygʻambar va uning akasi Horunning singlisi boʻlgan Miriyamning panjasi bilan bogʻliq tushuncha ham bor. Yahudiylar orasida Isroil qavmi dengizning nariga tomoniga oʻtganda Miriyam olomon orasidan chiqib, Yaratganga hamdlar aytgan va Isroil xalqi xaloskori boʻlgan deb talqin qilingan.
2. Tavrotning besh kitobi. Besh barmoq Tavrotning besh kitobini yoki xudoni anglash uchun musoviylar his qilishi kerak boʻlgan besh hissiyotni bildiradi. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, yerga yoʻnaltirilgan xamsa tumor shaklida monoteistik dinlarga amal qilinishidan oldin ham qoʻllangan. Koʻz tegishidan saqlovchi mazkur timsol – oʻng ochiq kaft dastlab Mesopotamiya tumorlaridagi “Inanna qoʻli” (yoki “Ishtar qoʻli”), Mano Pantea va Budda tumorlarida mavjud boʻlgan.
Arab mifologiyasidagi “xamsa” – besh barmoqli olaqon “Fotima qoʻli” deb atalgan. Uning har barmogʻi paygʻambar oilasiga mansub boʻlganlarning birini anglatadi: bosh barmoq Muhammad(s.a.v.)ni, ikkinchi barmoq Fotimani, uchinchisi imom Alini, toʻrtinchisi imom Hasanni, beshinchi barmoq imom Husaynni bildirgan.
Shuningdek, roviylar keltirishlaricha, besh barmoq dinning besh ustunini – iymon, roʻza, haj, namoz va zakotni ham anglatgan.
Alisher Navoiy:
“Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq”
deganida shu kabi sakral maʼnolarni ham nazarda tutgan boʻlishi mumkin.
Qiziq tomoni, qadimgi Xitoyda ham shunga oʻxshash tushuncha va adabiy anʼana boʻlgan. Xitoyda vujudga kelgan “Beshlik” (五经, Wǔjīng; Besh kitob; soʻzma-soʻz – “besh asos”) falsafiy-adabiy tushunchasi konfutsiylik taʼlimotida, keyinchalik besh mumtoz roman mohiyatida maʼlum maʼnoda aks etdi.
Konfutsiylik qonun-qoidalarining “Beshlik” turkumi – “Vujing”ga quyidagilar mansub:
“Ijing” – evrilishlar kitobi, karomat qilishning oʻziga xos tizimi talqiniga bagʻishlangan kitob. Keyinchalik “Oʻn qanot” asari sirasidagi tafsirlar bilan boyitilgan;
“Shijing” – qoʻshiqlar kitobi;
“Shujing” – tarix kitobi. Xitoy elining vujudga kelishi va qadimgi tarixi haqida saj shaklida yozilgan epik asar;
“Liszi” – marosimlar kitobi. Hukmronlik va boshqaruvning mukammal tizimiga oid qaydlar – ijtimoiy munosabatlarni, urf-odat marosimlarini tartibga solish, konfutsiylik talablaridagi eng mukammal deb bilingan qadimgi xonlar boshqaruv tizimi, qadimgi taqvim haqidagi yoʻriqnoma;
“Chunsyu” – bahor va kuz. Lu amirligining solnomasi. Garchi asar shaxsan Konfutsiy maʼlumotlari asosida yozilgan deyilsa-da, manbaning soʻngidagi hodisalar allomaning oʻlimidan keyin yuz bergan. Asar voqealar bayonidan koʻra koʻproq ularga konfutsiylik axloq siyosati tomonidan berilgan baho, munosabatga bagʻishlangan.
Xitoy mumtoz falsafasidagi besh unsur tushunchasiga muvofiq Konfutsiy eʼtiqodli insonning quyidagi besh qoidasini ishlab chiqqan edi:
1. Jen (仁) – “inson avvali”, “insonsevarlik”, “rahmdillik”. Jenga amal qilish – insonlarga mehribonlik va muhabbatda boʻlish. Bu xususiyatlar hayvonga xos sifatlar – yovvoyilik, ifloslik va shafqatsizlikka ters boʻlib, shu bilan insonni hayvondan mukarram qiladi. Jen timsoli – daraxt.
2. I (义 [義]) – “haqiqat”, “adolat”. Har qanday yaxshilik mutanosib tarzda yaxshilikni yaratadi. Inson ulgʻaytirgani uchun ota-onasini eʼzozlashi, qadrlashi kerak. Ining teskarisi xudbinlikdir. Qadim xitoy maqolida “Komil inson Ini izlaydi, tuban kishi – foydani” deyiladi. Ining timsoli – temir.
3. Li (礼 [禮]) – “anʼana”, “odat”. Ajdodlar anʼanasiga sadoqat, ota-onaga hurmat. Keng maʼnoda Li jamiyatdagi ezgu odatlarni (bizdagi oqsoqollar, mahalla institutlari faoliyati singari) saqlash va ularga amal qilish. Lining timsoli – olov.
4. Chji (智) – sogʻlom aql, tiniq tafakkur – maʼlum faoliyatning oqibatlarini toʻgʻri ilgʻay bilish va ularga chetdan nazar solish. Ahmoqlikning teskarisi. Chjining timsoli – suv.
5. Sin (信) – samimiylik, yaxshi tilak, insoflilik. Sinning timsoli – yer.
Konfutsiyning bu besh qoidasi va u boshlab bergan “Besh kitob” (“Vujing”) anʼanasi xitoy adabiyotiga singib ketgan.
Xitoy adabiyoti va umuman sanʼati, madaniyatida muhim oʻrin tutgan mazkur besh oʻzak doimiy harakatda va munosabatda boʻladi: suv – daraxtni, yogʻoch – olovni, oʻt – tuproqni, yer – metallni, temir – suvni yaratadi va, aksincha, suv olovni oʻchiradi, olov metallni eritadi, metall daraxtni yemiradi, tuproq suvni koʻmadi.
Besh unsur va ularning munosabatlari (Besh oʻzak va uch doira: birinchi aylana toʻsiqni yengish yoʻnalishi, ikkinchi aylana yaratuvchilik harakati, uchinchisi harakatni soʻndirish)
Yuqorida keltirilgan xitoy va semit folkloridagi “Beshlik”lar qisman “Xamsa” janridagi asarlar shakli va mazmunida, qahramonlar mohiyatida ham koʻringan.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy “Xamsa” asarida Xitoy (Chin) mavzusiga alohida eʼtibor qaratadi. “Xamsa”ning ayrim dostonlari bosh qahramonlari – Farhod, Dilorom, ularning taqdirida muhim oʻrin tutgan Moniy va turli toifadagi Chin goʻzallari vatani bejiz Xitoy deb keltirilmaydi. Moniy Alisher Navoiyning “Xamsa”siga kirgan “Farhod va Shirin”, “Sabʼai sayyor” dostonlaridagi xitoy sanʼatkorlari bilan bogʻliq badiiy lavhalarda talqin qilinadi.
Alisher Navoiy lirik devonlarida ham Xitoy – Chin bilan bogʻliq “naqqoshi Chin”, “mushki Chin”, “nigorxonayi Chin”, “Chin luʼbati”, “Chin kiyigi”, “Chini zulf” kabi koʻplab ibora va tashbehlarni keltirganligi maʼlum.
“Hayratul-abror” dostonida Chin (Xitoy) bilan bogʻliq soʻzlar oʻn sakkiz marta, “Farhod va Shirin” dostonida Xitoy (Xito) oʻn sakkiz, Chin sakson olti, Xoʻtan toʻrt marta, jami bir yuz sakkiz marta ishlatilgan.
Alisher Navoiy xamsanavislik anʼanasiga oʻzgartirish kiritib, asar bosh qahramonini Xitoy oʻlkasidan tanlaydi va bu yurtga munosabati yaqinligini koʻrsatgandek boʻladi.
Nilufar HAYITOVA suhbatlashdi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Sehrli diyorning samoviy tulporlari” suhbati