Turkistonning Sirdaryo oʻrta oqimi oʻng qirgʻogʻidan boshlab, Choch (Toshkent) va Oʻtrordan kunchiqarga yoyilib Uzoq Sharqqacha borib yetadigan kengliklarida – Yettisuv, Sharqiy Turkiston, Oltoy, Oʻrxun vodiysi, Kungay Sibir, Ordos oʻlkalarida milodiy birinchi mingyillikda kechgan siyosiy va etnomadaniy oʻzgarishlar turk-moʻgʻul ellari oʻtmishida oʻziga xos oʻrin tutadi. Ayniqsa, miloddan oldingi III yuzyillikdan milodiy VII yuzyillikgacha davom etgan koʻchmanchi sivilizatsiya tarixida “Doʻng-hu”, “Syanbi” va “Tuyuhun” elatlari ayricha oʻrin egallaydi. 

Bu elatlar oʻtmishi nafaqat siyosiy, tilshunoslik tomondan ham izlanuvchilar eʼtiborini tortib kelgan. Ularning soʻzlashuv tili qanday boʻlgani yuzasidan savollar haligacha toʻliq yechimini topmagan. Bir tomondan taniqli fransuz sharqshunosi P.Pelliot (1921) Tuyuhun tilini moʻgʻulcha deb qaragan boʻlsa, ikkinchi tomondan amerikalik tilshunos A.Vovin (2015) ularni moʻgʻul asosiy tarmogʻiga emas, balki yarim-moʻgʻul , yaʼni moʻgʻul  tiliga yaqin, biroq undan ayri bir qarindosh tarmoqqa kiruvchi til deb ajratgan. Bilamizki, xitan (qoraxitoy) tili ham shunday yarim-moʻgʻul  tillardan biri sanaladi.

Xitoy yilnomalariga koʻra Doʻn-hu elatining Syanbi tarmogʻidan kelib chiqqan Tuyuhunlar milodiy IV yuzyillikdan boshlab Qinghai koʻli tegrasida oʻz siyosiy uyushmasini tuzadilar. Shu mavzuda izlanishlar olib borgan turkiyalik tarixchi Zeki Tokning (2020) urgʻulashicha, bizgacha Tuyuhunlardan biron yozma manba yetib kelmagan, ularning oʻtmishini xitoy yilnomalarida uchraydigan baʼzi maʼlumotlar orqali yoritish mumkin. “Song shu” (宋書, 488), “Wei shu” (魏書, 551–554), “Zhou shu” (周書, 636) va “Tang shu” (唐書, 945) kabi xitoy yilnomalaridan Tuyuhunlar borib taqladigan Doʻng-hu, Syanbi va  ular bilan qarindosh Toba, Shiwei, Moxe, Xitan (Qoraxitoy) elatlari toʻgʻrisida birlamchi bilgilarga ega boʻlamiz. A.Vovinning aytishicha, ushbu manbalar orasida “Song shu” Tuyuhunlar tilga olingan ilk xitoycha manba sanaladi; izlanishlarda “ilk oʻrta xitoycha (EMC)” oʻqilishiga tayanish kerak boʻladi (Vovin 2015).

Doʻng-hular miloddan oldingi III yuzyillikda Xiungnular tomonidan tor-mor etilgach, ikki tarmoqqa boʻlindi: shimolda Syanbilar, janubda Wuhuanlar. Syanbilar oʻz navbatida Murong (Mujung), Toba, Yuven, Chifu kabi tarmoqlarga ajralib ketdi. Ana shu Murong Syanbilarining bir boʻlagi – Murong Tuyuhun (246–317) boshchiligida kunbotarga koʻchib, Chinghai koʻli atrofida oʻz davlatini quradi. Demak, Doʻng-hu → Syanbi → Tuyuhun zanjiri bu elatlarning nafaqat tarixiy, balki til tomondan ham bir-biriga bogʻliqligini koʻrsatadi.

Mazkur maqolada shu zanjirning uch boʻgʻini – Syanbi, Toba Vey va Tuyuhunlarda uchraydigan soʻzlar eski turkcha va oʻzbek tili bilan solishtiriladi.

“Doʻng-hu va Syanbilar”

Xitoy yilnomalarida “Sharqiy koʻchmanchilar” deb tilga olingan Doʻng-hular miloddan avvalgi III asrda Yevrosiyo kengliklaridan kunchiqarda, Liao daryosi tegrasida yashagan koʻchmanchi elatlardan biri edi. Siyosiy-harbiy tomondan ancha kuch-qudratga ega boʻlib, Siung-nu (Xun)lar uchun qiyinchilik tugʻdirib turgan. Biroq miloddan oldingi 209-yilda Xiungnu hukmdori Mete (冒頓) ularni tor-mor etgach, Doʻng-hu elati uch tarmoqqa boʻlindi: bir boʻlagi Siung-nularga boʻysunadi, qolgan ikki tarmoq esa shimolda Syanbilar (鮮卑), janubda Wuhuanlar (烏) deya atalib, bu etnik atamani oʻzlari berkingan tog‘ nomidan oladi [Tok 2020: 20-21].

Syanbilar boshlangʻichda kuchsiz boʻlib, Xitoy bilan aloqa oʻrnatishga imkonsiz edi. Biroq Xunlar kuchsizlashib, milodiy I–II asrlarda tarqala boshlashi bilan Syanbilar kuchayadi va boʻshatilgan yerlarni egallaydi. II asrda Tanshixuay (檀石槐, 136–181) boshchiligida Syanbi konfederatsiyasi – koʻchmanchi urugʻlar birlashmasi tuziladi. Tanshixuayning oʻlimidan soʻng ushbu siyosiy uyushma parchalanib, Murong, Toba, Yuven, Chifu kabi mustaqil tarmoqlarga boʻlinib ketadi.

Syanbilarning tili boʻyicha tortishuvlar olimlar orasida uzoq yillardan beri davom etadi. Atoqli ingliz-turk olimi G.Klauson (1960) Murong va Tuyuhunlarni turkiy tilda soʻzlashgan deb qaragan; Pritsak ham shu qarashni qoʻllab-quvvatlagan. Biroq Vovin (2015) va Shimunek (2017) bu qarashlarga qarshi chiqib, Syanbi tilini yarim-moʻgʻul, yaʼni moʻgʻul  tiliga yaqin, biroq undan ayri bir tarmoq deb ajratganlar. Ayrim izlanuvchilar esa Syanbilar koʻplab Xun (proto-turk) va Doʻn-hu (proto-moʻgʻul) urugʻlarini qamrab olganini, ular orasida xunlarning salmogʻi yuqori boʻlganini yozadilar [Boboyorov 2021].

Syanbichadan olingan soʻzlar salmogʻi ancha oz ekanini aytib oʻtish kerak. Shunday boʻlsa-da, bor manbaga tayanib, mazkur tilning qaysi til turkumiga yaqin boʻlganini ilgari surish mumkin. Syanbicha soʻzlardan biri “A-kan” soʻzi boʻlib, 285-yilda Syanbi yoʻlboshchilaridan biri Murong Xui bilan bogʻliq bilgilarda uchraydi. U akasini kunbotar tomonlarga joʻnatib yuborishidan qaygʻuga choʻmib yozgan toʻrtligi – “Syanbi akasining qoʻshigʻi”da tilga olingan yarim-moʻgʻulcha “aqa” (“aka”) bilan bitta negizdan boʻlib, Tuyuhuncha “akan” koʻrinishi ilk bor V-VI asrlar – Toba elatiga xos soʻzlar orasida uchraydi.

Oʻrxun bitiktoshlarida “Tabγač” deyilganda Chin (xitoylik)lar va Chin yurti tushunilgan, biroq kelib chiqishiga koʻra turk va moʻgʻullarga yaqin boʻlgan Toba elati Chinni egallab, chinliklar bilan aralashib ketgani uchun “Toba” (Tabgʻach) oʻsha kezlarda “Chin oʻlkasi” maʼnosida qoʻllanila boshlagan. Tonyuquq bitiktoshidagi “Men, dono Tonyuquq, Tabgʻach elida tugʻildim. Butun turk eli Tabgʻach qoʻl ostida edi” yozuvida turk ellarining Tabgʻach (Xitoy)ga qaram boʻlgan kezlariga urgʻu berilgani anglashiladi. XI yuzyillikda Mahmud Koshgʻariy ham “Tavgʻach”ni Xitoy maʼnosida qoʻllagan.

Toba Vey (Tabgʻach)

Syanbi parchalanganidan soʻng uning eng kuchli tarmoqlaridan biri boʻlgan Toba urugʻi (eski turkchasi: Tabγač) janubga siljib, milodiy 386-yilda Shimoliy Xitoyni birlashtiradi va Toba Vey, yaʼni Shimoliy Vey (北魏) sulolasini tuzadi. Bu sulola 534-yilgacha, chamasi 150 yil boʻyi Shimoliy Xitoyni boshqaradi. Ayrim izlanuvchilar tobalarni “turklarning bir tarmogʻi” deb qarasalar-da, xitoy yilnomalariga tayanilsa, ularning kelib chiqishi Doʻng-hu → Syanbi zanjirining bir boʻgʻini ekani oydinlashadi. Chamasi, koʻplab koʻchmanchi urugʻlar bitta bayroq ostida birlasharkan, ular uchun til emas, siyosiy maqsad kuchliroq birlashtiruvchi tushuncha boʻlgani, Toba siyosiy uyushmasiga kirgan urugʻlarning ayrimlari turk, ayrimlari moʻgʻul, yo boʻlmasa tungus-manjur tilli boʻlgani anglashiladi.

Toba tilining qaysi til turkumiga kirishi yuzasidan olimlar orasida turlicha qarashlar bor. Boodberg Toba tilini “moʻgʻulcha atamalar ancha-muncha uchraydigan, biroq negizi turkiy bir til” deb ochiqlagan. Klauson esa Toba va Syanbilarning deyarli barchasini turkiy deb qaragan. Biroq vengriyalik turkolog Ligeti Toba tilida uchraydigan chʼi-wan-chên “tilmoch” soʻzini moʻgʻulcha kälmärčin “tilmoch” soʻzi bilan tenglashtirib, bu soʻzning negizida moʻgʻulcha käl / kel “til” soʻzi yotishini oʻrnak oʻlaroq keltirgan va shu orqali Toba tilining eski moʻgʻulcha ekanini ilgari surgan. A.Vovin ham Toba tilini moʻgʻulcha tarmoqqa tegishli deb ochiqlagan. Shu oʻrinda moʻgʻulcha kälmärčin bilan eski turkcha tilmač soʻzlari bitta negizdan ekanini koʻzdan qochirmaslik kerak boʻladi.

Toba sulolasiga tegishli soʻzlar koʻproq xitoy yilnomalarida saqlanib qolgan. Boodberg bu soʻzlarni xitoychaga mazmuniga solishtirish orqali ularning turkiy va moʻgʻul negizlarini aniqlagan. Biz ayrim izlanuvchilarning ishlariga tayanib namuna keltiramiz:

1.      Kʼo-sun “qirolicha” – turk. qatun ~ qaγatun “xotun, malika, xonning bosh xotinining unvoni”;

2.      Kʼo-po-chên “eshikogʻasi” – turk. qapaγčin “qapuqchi, eshikogʻasi”;

3.      Chʼi-wan-chên “tilmoch” – moʻgʻul. kälmärčin “tilmoch”;

4.      Pi-tê-chên “kotib” – turk. bitäkčin “bitikchi”;

5.      Hsien-chên “pochtachi” – turk. yamči “yomchi, pochtachi”;

6.      Tou-lu “qonuniy boʻlmoq” – turk-moʻgʻul . törü “qonun, nizom”;

7.      Kʼu-jen-chên (atoqli ot) – turk-moʻgʻul. qoyinčin / qoninčin “qoʻychi, choʻpon”;

8.      A-kan (unvon) – moʻgʻul. aqan “aka, ogʻa”. Bu soʻz eski turkchada aqa “aka” tarzida uchraydi;

9.      Kʼo-han (unvon) – turk-moʻgʻul. qaγan “xoqon”;

10.    Chih-chin (shahzodalar unvoni) – turk. tegin > moʻgʻul. čigin “shahzoda”;

11.    Chih-chên (ichki amaldorlar unvoni) – turk. ič “ichki”;

12.    Ho-la-chên “otliq jangchi” – turk. atlačin “otliq”;

13.    To-po-chên “yayov jangchi, tugʻchi” – turk-moʻgʻul . tabaqčin “yayov qoʻshin”;

14.    Hu-lo-chên “kamarlarni saqlovchi harbiy amaldor” – turk. quraqči / qorči “qoʻrchi, kamarchi”, moʻgʻul. xorči;

15.    So-tu-chên (unvon) – turk-moʻgʻul. saγdaqčin “oʻq-yoy saqlovchi”;

16.    Pʼu-ta-chên “hukmdor kiyimlarini koʻriqlovchi amaldor” – turk-moʻgʻul. boγdaqčin “boʻgʻchachi”;

17.    Chê-hui-chên (unvon) – turk-moʻgʻul. jarγučï “tergovchi”;

18.    A-chên “oshpaz” – turk. aščin “oshchi, oshpaz” [Boodberg 1936: 169-179; Boboyorov 2021].

Yuqorida keltirilgan Toba sulolasiga tegishli 18 ta soʻz va atamalar shuni koʻrsatadiki, ularning koʻpchiligi – 7 tasi – toʻgʻridan-toʻgʻri turkiy soʻzlar bilan tenglashtirilib, 9 tasi ham turkiycha, ham moʻgʻulcha negizda ochiqlanadi; a-kan va chʼi-wan-chên kabi 3 tasi esa moʻgʻul  tillariga tegishliligini koʻrsatib turibdi. Bu esa Toba urugʻlar uyushmasi qamrovida turkiy urugʻlarning salmogʻi yuqori boʻlganini, biroq boshqaruv tizimida moʻgʻul  tilining ham kuchli oʻrin egallaganini koʻrsatadi.

Tuyuhunlar

Syanbi urugʻlar uyushmasi parchalanganidan soʻng Murong urugʻining toʻngʻich oʻgʻli Murong Tuyuhun (246–317) boshchilik qismi kunbotar tomonlarga – bugungi Xitoyning Chinghai oʻlkasi (Sharqiy Turkistonning kunchiqardan qoʻshnisi)ga koʻchib ketadi. Xitoy yilnomalarida keltirilishicha, bu boʻlinishning sababi ikki aka-ukaning – Tuyuhun va ukasi Murong Xuining – ot kurashlaridagi kelishmovchiliklari boʻlgan. Biroq bosh sabab xoqonlik taxti edi.

Tuyuhun oʻz urugʻini boshlab, bugungi Xitoy shimolidagi Yinshan togʻlariga, soʻngra Longxi yerlariga koʻchib oʻtadi va u yerda yerli Qiang va Di elatlari bilan birlashib kuchli ittifoq tuzadi. Milodiy IV asrdan boshlab ular Chinghai koʻli tegrasi (XXRning Chinghai oʻlkasi)da oʻz boshqaruvini oʻrnatadilar. Bu siyosiy uyushma boshqaruvi chamasi 350 yil – milodiy IV yuzyillikdan VII yuzyillikgacha yashaydi.

Tuyuhunlarning bizgacha yetib kelgan yozma manbalari yoʻq. Ularning tarixi faqat xitoy yilnomalari orqali oʻrganilishi mumkin. Yuqorida aytib oʻtilganidek, Vovinning urgʻu berishicha, bu manbalar orasida “Song shu” (宋書, 488-yil) Tuyuhunlar tilga olingan eng eski xitoycha yozmalardir. “Wei-shu” (魏書) esa keyinroq – 551–554-yillarda tuzilgan boʻlsa-da, Tuyuhunlar toʻgʻrisida ayri bir boʻlimni oʻz ichiga oladi [Vovin 2015: 159]

Tuyuhun tilining qaysi til turkumiga tegishliligi xususida olimlar orasidagi tortishuvlar uzoq yillardan beri davom etada. Yuqorida taʼkidlanganidek, Pelliot Tuyuhun tilini moʻgʻulcha deb qaragan, Klauson esa Tuyuhunlar Murong Syanbilaridan ajralib chiqqanligi sababli turkiy tilda soʻzlashgan deydi. Biroq Vovin bu ikki qarashga ham qarshi chiqib, Tuyuhun tilini yarim-moʻgʻul, yaʼni moʻgʻul tili tarmogʻiga emas, Xitan tili singari ayri bir tarmoqqa tegishli til deydi. Boshqa bir izlanishlarda esa “Doʻng-hulardan kelib chiqqan Wuhuan, Syanbi, Tuyuhun, Rouran (Joujan) kabi elatlarning tili keyingi moʻgʻul  til turkumiga kiruvchi til boʻlganini bugungi kunda koʻpchilik qoʻllab-quvvatlaydi” deyiladi [Tok 2020: 113].

Xitoy yilnomalarida Tuyuhuncha oʻlaroq keltirilgan soʻzlar oʻta oz – bor-yoʻgʻi toʻrtta. Biroq Vovin ana shu toʻrtta soʻzni ilk oʻrta xitoycha (EMC) oʻqilishiga tayanib, Tuyuhun tilining yarim-moʻgʻulcha ekanini ilgari suradi:

1. 處 – čʰo “sen” (ikkinchi shaxs birlik olmoshi).

Xitoycha yozuvi 處 iyeroglifining EMC oʻqilishi tsʰʲwoᴴ. Vovin bu soʻzni moʻgʻulcha či (“sen”) bilan muqobillashtiradi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, xitoycha belgi unli tovush sifatida old yuqori “i”ni emas, balki oʻrta orqa “o”ni beradi. Demak, Tuyuhuncha “čʰo” moʻgʻulcha “či” bilan toʻliq uygʻun emas. Bu esa Tuyuhun tilining yarim-moʻgʻul ekanini koʻrsatuvchi  bosh koʻrsatkichlardan biridir [Vovin 2015: 159-160]. Eski turkchada bu olmosh “sän” koʻrinishida boʻlib, deyarli barcha turkiy tillar, jumladan, oʻzbek tilidagi “sen” buning yorqin oʻrnagidir.

2. 可寒 / 可汗 – qayan “xoqon” (unvon).

Xitoycha yozuvi 可寒 ning EMC oʻqilishi: kʰâᴮ-γânᶜ. Pelliot bu atamani toʻgʻri aniqlagan boʻlib, u “buyuk qan”, yaʼni “imperator” maʼnosiga ega. Vovinga koʻra, bu atamaning qaγa- qismi yeniseycha negizli boʻlib, soʻz soʻngidagi -n qoʻshimchasi Syanbi tilidan oʻzlashgan. Oʻrta moʻgʻulchada “qaγan” koʻrinishida saqlanib qolgan [Vovin, 2015: 160-161]. Eski turkchada ham bu atama qaγan koʻrinishida Oʻrxun bitiktoshlaridan boshlab keng qoʻllangan; oʻzbek tilida esa “xoqon” shaklida saqlanib qolgan.

3. 阿干 – akan “aka” (qarindoshlik atamasi).

Xitoycha yozuvi 阿干 ning EMC oʻqilishi: â-kân. Bu soʻz “Song-shu” (96-bob)da Syanbilar bilan bogʻlab keltirilgan. Vovin bu soʻzni moʻgʻulcha aqa (“aka”) bilan tenglashtiradi: barcha moʻgʻul  tillarida uning soʻnggi tovushi -n yoʻq: aqa, ax, axa, axaa. Demak, Tuyuhuncha akan va Syanbicha “akan” yarim-moʻgʻulcha arxaik bir soʻzning qisqarganidir. Eski turkchada “aka” soʻzi aqa koʻrinishida XIII yuzyillikdan oldingi manbalarda uchramaydi. Shuning uchun Vovin turkiy aqa soʻzining oʻzi ham yarim-moʻgʻul tilidan oʻzlashgan boʻlishi mumkin deb qaraydi [Vovin, 2015: 161].. Turkiy tillar orasida eng koʻp oʻzbek tilida “aka” koʻrinishi bugungi kunda keng qoʻllaniladi.

4. 莫賀 – muoᶜ yâᶜ “ota” (qarindoshlik atamasi).

Xitoycha yozuvi 莫賀 ning EMC oʻqilishi: muoᶜ-yâᶜ. Bu soʻz “Song-shu” (96-bob, 3a)da “ota” anglamida keladi. Pelliot bu soʻzni yozma moʻgʻulcha abaγa (“amaki ota”) bilan bogʻlagan edi, biroq Vovin bu bogʻlanishni fonetik tomondan ishonchsiz deb qaraydi. U uning oʻrniga Xitan tilidagi “m.o ai” (“buyuk ota”) va taxminiy “m.o hor” (“buyuk kishi” = “ota”) soʻzlari bilan tenglashtiradi. Bu ham Tuyuhuncha bilan Xitan – qoraxitoycha oʻrtasidagi yarim-moʻgʻul yaqinligining yana bir koʻrsatkichidir. Eski turkchada “ota” soʻzi “ata” koʻrinishida Oʻrxun bitiktoshlarida uchraydi; oʻzbek tilida “ota” shaklida saqlanib qolgan [Vovin, 2015: 162-164].

Koʻrinib turibdiki, Doʻng-hu, Syanbi, Toba Vey va Tuyuhun elatlarining tarixiy zanjiri til koʻrsatkichlari orqali chuqurroq izlanshlarni talab qiladi. Bu zanjirning har bir boʻgʻini oʻzidan keyingi elatning tili, davlatchiligi va madaniyatiga taʼsir koʻrsatgan. Miloddan oldingi III asrda Siungnu (Xun)lardan yengilgan Doʻng-hulardan ajralib chiqqan Syanbilar oʻz navbatida, Murong, Toba, Yuven, Chifu kabi tarmoqlarga boʻlinar ekan til oʻzgarishlari yuz bergan boʻlishi mumkin. Ana shu tarmoqlarning ikki muhim – Toba va Tuyuhun elatlari keyinchalik Markaziy Osiyo tarixida ayricha oʻrin egallaydi. Qizigʻi shundaki, keltirib oʻtilgan ushbu etnik atamalar V–IX yuzyilliklarda Sharqiy Yevropaga koʻchib, bu yerda oʻz boshqaruvini oʻrnatgan turk el-uluslari bilan tenglashtiriladi: Syanbi ~ Sabir (Suvor), Wuhuan ~ Oʻgʻur, Murong ~ Mojor va boshqalar. 

Til masalasida uchala elatning – Syanbi, Toba va Tuyuhunlarning tili yarim-moʻgʻul tarmoqqa tegishli ekani bugungi kunda koʻpchilik izlanuvchilar tomonidan qabul qilinmoqda. Biroq bu tillarning soʻz tarkibida turkiy izlar ham kuchli ekani soʻzlar oʻrnagida aniq koʻrinadi. Yuqorida koʻrib chiqilganidek, Toba Vey sulolasiga tegishli 18 ta soʻzning 7 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri turkiy soʻzlar bilan tenglashtirilsa, 9 tasi ham turkiycha, ham moʻgʻulcha negizda ochiqlanadi. Bu esa Toba elati qaramogʻida turkiy urugʻlarning salmogʻi yuqori boʻlganini koʻrsatadi.

Tuyuhuncha 4 ta soʻz – čʰo (“sen”), qaγan (“xoqon”), akan (“aka”) va muoᶜγâᶜ (“ota”) soʻzlari Vovin tomonidan ilgari surilganidek, bu tilning moʻgʻul  bosh tarmogʻiga emas, Xitan tili singari yarim-moʻgʻulcha tarmoqqa tegishliligini koʻrsatadi. Ushbu soʻzlarni eski turkcha va oʻzbek tilidagi koʻrinishlari bilan solishtirish esa mazkur urugʻlar uzoq yillar boʻyi turkiy elatlar bilan yon-yonma yashab, bir-birining tiliga taʼsir etganini koʻrsatadi. Boshqa jihatdan bu kabi oʻxshashliklar ushbu tillar qarindosh boʻlishi mumkinligi bilan ochiqlanadi.

Shunday qilib, Doʻng-hu → Syanbi → Toba/Tuyuhun zanjiri nafaqat tarixiy, balki tilshunoslik tomonidan ham bir-biriga chambarchas bogʻliq elatlar silsilasi ekanini koʻrsatadi. Eski turkcha va oʻzbek tilida saqlanib qolgan xoqon, aka, ota, törü kabi soʻzlar – uzoq muddatli til bordi-keldilarining bugungi kunga yetib kelgan izlaridir.

Alparslon BOBOYOR,

Chuvash davlat universiteti talabası

Qo ‘llanilgan adabiyotlar roʻyxati

Birlamchi manbalar:

1.      Song shu (宋書). 488-yil.

2.      Wei shu (魏書). 551–554-yillar.

3.      Zhou shu (周書). 636-yil.

4.      Tang shu (唐書). 945-yil.

Ikkilamchi manbalar:

1.      Babayarov, G‘. (2021). Oʻzbek tili tarixi. Toshkent.

2.      Babayarov, G‘., Kubatin, A. (2016). “Eski turk bitiklaridagi a-kan soʻzi haqida”. Sharqshunoslik, 32-36-betlar.

3.      Boodberg, P. (1936). “The Language of the Tʼo-pa Wei”. Harvard Journal of Asiatic Studies, 1, 167-185-betlar.

4.      Clauson, G. (1960). “Turk, Mongol, Tungus”. Asia Major, 8, 105-123-betlar.

5.      Kane, D. (2009). The Kitan Language and Script. Leiden: Brill.

6.      Ligeti, L. (1969). “Le Tabghatch, un dialecte de la langue Sien-pi”. Mongolian Studies.

7.      Pelliot, P. (1921). “Note sur les Tʼou-yu-houen et les Sou-pʼi”. Tʼoung Pao, XX.

8.      Shimunek, A. (2017). Languages of Ancient Southern Mongolia and North China. Wiesbaden: Harrassowitz.

9.      Tok, Z. (2020). Tuyuhun Tarihi (M.S. III.–VII. Yüzyıl). Istanbul Universiteti. [Yuksak lisans tezi].

10.    Vovin, A. (2015). “Some notes on the Tuyuhun (吐谷渾) language: in the footsteps of Paul Pelliot”. Journal of Sino-Western Communications, 7(2), .

11.    Vovin, A. (2007). “Once Again on the Etymology of the Title qaγan”. Studia Etymologica Cracoviensia, 12.

12.    Древнетюркский словарь [DTS]. (1969). Nadelyayev, V.M., Nasilov, D.M. va boshq. Leningrad: Nauka.