Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari Xitoy uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Shu bois rasmiy Pekin ushbu mintaqa bilan koʻp tomonlama munosabatlarga alohida eʼtibor qaratadi. Iqtisodiy nuqtai nazardan, Janubi-Sharqiy Osiyoning jadal oʻsishi va global taʼminot zanjirlariga integratsiyalashuvi uni Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusida muhim hamkorga aylantiradi. ASEAN (Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini birlashtirgan tashkilot) davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar zamirida Xitoy taʼsirini kuchaytirish va boshqa yirik kuchlarni muvozanatlash istagi ham bor.
Janubi-Sharqiy Osiyo din, madaniyat va tarixiy jihatdan xilma-xillikka ega oʻn bir mamlakatdan iborat: Bruney, Birma (Myanma), Kamboja, Sharqiy Timor, Indoneziya, Laos, Malayziya, Filippin, Singapur, Tailand va Vyetnam. Mintaqa geografiyasi, tarixiy iqtisodiy aloqalari va millionlab etnik xitoylarning mintaqaga koʻchishi tufayli Xitoy tashqi siyosatida alohida oʻringa chiqdi. Jahon urushlaridan keyingi davrda Xitoyning Janubi-Sharqiy Osiyo bilan munosabatlari turli bosqichlarda rivojlandi. Xitoy Kommunistik partiyasi 1949-yili hokimiyat tepasiga kelgach, mintaqadagi partizan harakatlari sabab oʻzaro munosabatlarni oʻrnatish qiyin kechdi.
1970-yillarga kelib, Sovet Ittifoqi bilan munosabatlarning susayishi Xitoyni mintaqa davlatlari bilan robitalarni moʻtadillashtirishga undadi. Shu tariqa Pekin oʻsha oʻnyillikning oʻrtalarida Malayziya, Filippin va Tailand bilan rasmiy diplomatik aloqalar oʻrnatdi. 1990-yilda esa Indoneziya hamda Singapur bilan aloqalarni yaxshilashga erishdi va ASEAN bilan tashkilot sifatida rasmiy muloqot boshladi. Xitoy siyosatidagi bu evolyutsiyani Pekinning “qoʻshnichilik diplomatiyasi” deb baholash mumkin.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 2013-yil oktyabr oyida Indoneziya parlamentida qilgan chiqishida Chin davlati va ASEAN oʻrtasidagi hamkorlik mintaqa va undan tashqaridagi xalqlar manfaati uchun zarurligini urgʻuladi. Pekin ilgari surgan “umumiy taqdir” masalasi mintaqaning nafaqat iqtisodiy, balki tashqi siyosatdagi manfaatlarini ham qamraydi.
Xitoylik siyosatshunos Chjan Yunling fikricha, keyingi oʻn yil ichida Xitoyda yangi katta toʻlqin paydo boʻla boshladi. Bu strategiya Xitoyning qoʻshnilari bilan hamkorlikni kuchaytirishini, ular bilan XX asr boshlaridagi kabi bepisand munosabatda boʻlmay, teng huquqli hamkor sifatida koʻrishini anglatadi.
Xitoy mintaqada oʻz maqsadlarini amalga oshirish uchun iqtisodiy ragʻbatlantirish va ayni damda “qarzdor qilib qoʻyish” kabi usullardan foydalanmoqda. U buni koʻplab yangi institutlar va loyihalar, xususan, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi orqali amalga oshiradi. “Bir makon, bir yoʻl” Xitoyning qoʻshnichilik diplomatiyasini rivojlantirish va Janubi-Sharqiy Osiyoda “umumiy taqdir”ga erishish uchun eng muhim platformasi hisoblanadi. Indoneziya, Vyetnam va Malayziya Xitoy kapitalini oʻzlashtirishda peshqadam sanaladi. Rejalashtirish, texnik-iqtisodiy asoslash, tender bosqichida yoki hozirda amalga oshirayotgan loyihalar boʻyicha Indoneziya 93 mlrd dollar bilan roʻyxatda yetakchi boʻlsa, Vyetnam va Malayziya 70 va 34 mlrd dollar bilan ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallaydi.
Pekin “Bir makon, bir yoʻl” loyihalarini rivojlantirish hamda Janubi-Sharqiy Osiyodagi iqtisodiy va siyosiy ambitsiyalarini ilgari surish uchun Lankang-Mekong hamkorlik mexanizmi kabi yangi submintaqaviy tashabbusni ham ishlab chiqdi. 2015-yili Katta Mekong submintaqasini (Kamboja, Xitoy, Laos, Myanma, Tailand va Vyetnam) tashkil etuvchi olti davlat orasida tuzilgan Lankang-Mekong hamkorligi iqtisodiy va madaniy sohalarda oʻzaro munosabatlarni rivojlantiradi. Pekin sanoatni rivojlantirish, shuningdek, savdo, qishloq xoʻjaligi va qashshoqlikni bartaraf etishga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 22 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratdi. U hozirda Kambojaning eng yirik moliyaviy qoʻllab-quvvatlovchisi boʻlib, 2017-yilning oʻzida mamlakatga 12,6 mlrd dollar sarmoya kiritgan. Laosda qiymati 7 mlrd dollarlik Xitoy – Laos temiryoʻl loyihasini moliyalashtirmoqda. Laos va Kamboja Pekin bilan ikki tomonlama harakat rejalarini imzolagan davlatlar sirasiga kiradi. U Xitoyning “umumiy taqdir – umumiy kelajak” loyihasidagi siyosiy qarashlarini rasman tasdiqlaydi.
Garchi 1950-yillardan beri rasmiy ravishda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik Xitoy tashqi siyosatining asosiy tamoyili hisoblanib kelgan boʻlsa-da, u Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarining ichki ishlariga ham nisbatan koʻproq aralashmoqda. Masalan, ushbu mamlakatlar fuqarolarini Xitoyda qisqa muddatli dasturlarda oʻqitish boʻyicha oʻz faolligini kuchaytirdi. “Xitoyning koʻp tomonlama hamkorlik strategiyasi va Myanma haqiqatlari” kitobi muallifi Xin Kyau Kyi 2013-yildan hozirgi kungacha Xitoyda ikki ming nafargacha Birma fuqarosi sayohat, doʻstlik tashriflari va oʻquv safarlarida qatnashganini yozadi.
Pekin Janubi-Sharqiy Osiyodagi “xorijiy xitoylar” bilan “xitoy xalqiga yangilik olib kirish”, ularning “orzularini roʻyobga chiqarishga yordam berish” uchun aloqani qayta yoʻlga qoʻydi. Si Szinpin boshchiligida Xitoy rahbariyati xorijdagi xitoyliklarga nisbatan uzoq vaqtdan beri oʻrnatilgan siyosatni oʻzgartirdi. Ayni vaqtda mintaqada 30 milliondan ziyod xitoy yashaydi. Ular oʻtmishda Xitoyga qarshi isyonlar, tartibsizliklar qurboni boʻlgan va mamlakatdan chiqib ketgan.
Nafaqat Xitoy, balki mintaqadagi boshqa mamlakatlarning ham manfaatiga xizmat qiladigan bu harakat “Bir makon, bir yoʻl” loyihasining amalga oshishida muhim oʻrin tutadi. Chunki bu ittifoqning zamirida baravar rivojlanish, teng taraqqiy etish kabi ezgu niyatlar mujassam.
Habibulla SADIBAKOSEV,
siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Xitoyning qoʻshnichilik diplomatiyasi” maqolasi