Oʻrta asrlar Markaziy Osiyo va Yevrosiyo tarixi koʻchmanchi va yarim oʻtroq guruhlarning siyosiy ittifoqlari hamda ularning harbiy elitalari faoliyati bilan bevosita bogʻliq. Chingizxon va uning avlodlari tomonidan asos solingan uluslar tizimida ayrim qabilalar davlatlarning shakllanishida poydevor vazifasini bajargan. Sharqiy Chigʻatoy ulusi – Moʻgʻuliston davlatining vujudga kelishi, siyosiy jihatdan barqarorlashuvi va ijtimoiy-madaniy qiyofasining shakllanishida dugʻlot (dugʻlat) qabilasi muhim oʻrin tutgan.
Dugʻlotlar XIV–XVI asrlarda Yettisuv, Tyanshan va Tarim havzasida (Sharqiy Turkiston) amalda hokimiyatni qoʻlda saqlab turgan, xonlarni taxtga oʻtqazish va taxtdan tushirish vakolatiga ega boʻlgan amirlar sulolasi edi. Quyida qabilaning kelib chiqishi, etnik ildizlari, turkiylashuv jarayoni, Manglay Suba davlat tuzilmasi hamda Markaziy Osiyo xalqlari etnogenezidagi oʻrni tahlil qilinadi.
Dugʻlot qabilasining kelib chiqishi va asl nomi borasida tarixshunoslikda bir nechta nazariya mavjud. Oʻrta asr yozma manbalarida bu nom dugʻlat, duglat, doglat yoki duglar shakllarida uchraydi. Sharqshunos olimlar va tilshunoslarning fikriga koʻra, “dugʻlot” soʻzi qadimgi moʻgʻul tilidagi “dolood” (“yetti”) soʻzining fonetik jihatdan oʻzgargan shaklidir. Koʻchmanchi xalqlar anʼanasida qabila ittifoqlarini raqamlar bilan belgilash keng tarqalgan (xususan, toʻqqiz oʻgʻuz, uch qarluq, yetti urug‘). Shunga koʻra, dugʻlotlar dastlab yettita yirik oila yoki urugʻning birlashishidan hosil boʻlgan konfederatsiya boʻlgan. Moʻgʻul tilidagi koʻplikni anglatuvchi -at/-ut qoʻshimchasining soʻz oxiriga qoʻshilishi natijasida nom vaqt oʻtishi bilan “dugʻlot” shaklini olgan, degan qarash mavjud.
Mahalliy turkiy etimologiyaga asoslangan yondashuvlarda esa mazkur nom qadimgi turkiy tildagi “dug‘” yoki “tog‘” (balandlik, tog‘ tizmasi) soʻzlari bilan bogʻlanadi. Dugʻlotlar uzoq vaqt davomida Movarounnahr va Dashti Qipchoqqa nisbatan chekka hududlarda – Tyanshan (Tangritog‘) va Pomir tog‘ tizmalari etaklarida yashaganliklari sababli, qoʻshni qabilalar ularni “togʻliklar” yoki “chegara orti aholisi” maʼnosida shunday atagan boʻlishi mumkin, degan qarash ham mavjud.
XIII–XIV asrlarning yirik tarixchisi Rashiduddin oʻzining “Jome at-tavorix” asarida dugʻlotlarni aslzoda moʻgʻul urugʻlari tizimiga kiritadi. Sulola vakili Mirzo Muhammad Haydar Dugʻlot esa “Tarixi Rashidiy” asarida oʻz qabilasining kelib chiqishini moʻgʻul xoqonlari shajarasi va shaxsan Chingizxonning yaqin safdoshlariga bogʻlaydi. Manbalardan maʼlum boʻlishicha, dugʻlotlar moʻgʻullarning Nirun, yaʼni afsonaviy Alan Quvadan tarqalgan urugʻlar tarmogʻiga mansub hisoblangan.
XIII asr boshlarida Chingizxonning harbiy yurishlari natijasida Markaziy Osiyoga kirib kelgan moʻgʻul qabilalari mahalliy turkiy aholiga nisbatan son jihatdan juda kamchilikni tashkil etgan. Bu holat dugʻlotlar taqdirida ham tub burilish yasagan. Yettisuv va Tarim havzasiga joylashgan dugʻlotlar bu yerda qadimdan yashab kelgan qarluq, uygʻur, qipchoq va Qoraxoniylar davriga oid turkiy qatlamlar bilan qorishib ketgan. XIV asrning oʻrtalariga kelib, dugʻlot amirlari va jangchilari ona moʻgʻul tilini unutib, kundalik hayot va davlat ishlarida Chigʻatoy turkiy tiliga oʻta boshlagan. Shu bilan birga, ular koʻchmanchi harbiy anʼanalarni saqlab qolgan holda, oʻtroq dehqonchilik va shahar madaniyatini ham qabul qila boshlagan.
Dugʻlotlarning turkiy-musulmon dunyosiga uygʻunlashuvi 1354-yilda Tugʻluq Temurning islom dinini qabul qilishi bilan bogʻliq. Biroq bu jarayonda dugʻlot amiri Amir Boʻloji ham muhim rol oʻynagan. Amir Boʻloji Tugʻluq Temurning islom dinini qabul qilishi orqali Movarounnahr va Qoshgʻarning musulmon ulamolari hamda savdogarlar tabaqasi qoʻlloviga erishishni koʻzlagan. Dugʻlot elitasining islomlashuvi bilan ularning ismlari ham islomiy tus ola boshlagan (Xudoydod, Muhammad Haydar, Mirzo Ali va boshqalar).
1340-yillarda Chigʻatoy ulusi ichki nizolar sababli ikkiga ajralib ketadi. Bular gʻarbiy qism (Movarounnahr) va sharqiy qismlar (Moʻgʻuliston) boʻlib, Movarounnahrda hokimiyat turkiy amirlar (dastlab amir Qazagʻon, keyinchalik Amir Temur) qoʻliga oʻtgan boʻlsa, Moʻgʻulistonda boshqaruv dugʻlot amirlari nazoratida edi.
Hokimiyatda boʻshliq yuzaga kelgan bir paytda dugʻlot qabilasining yetakchisi Amir Boʻloji davlatni qonuniy boshqarish uchun chingiziy hukmdor kerakligini tushunardi. U 1347-yilda Chigʻatoy naslidan boʻlgan va oʻsha paytda muhojirlikda yurgan yosh Tugʻluq Temurni topib keladi va uni Moʻgʻuliston xoni deb eʼlon qiladi. Xonlik taxtiga oʻtirgan Tugʻluq Temur minnatdorchilik maqsadida dugʻlotlar qabilasi vakillariga “Ulusbegi” (davlatning bosh boshqaruvchisi) unvonini beradi. Bu lavozim merosiy boʻlib, dugʻlotlar davlatda qaror qabul qilish, harbiy kuchlarni boshqarish va soliq tizimini toʻliq qoʻlga oladilar. Moʻgʻuliston davlati boshqaruvida oʻziga xos oʻzaro manfaatli tizim yuzaga keladi: xon – davlatning qonuniy ramzi, dugʻlot amiri esa – amaliy hukmdor.
Manbalarda dugʻlot amirlarining suyurgʻol yerlari “Manglay Sube” deb atalgan. Ushbu atama geografik va siyosiy jihatdan katta maʼnoga ega. Manglay Sube hududi hozirgi Xitoyning Shinjon-Uygʻur muxtor viloyati (Sharqiy Turkiston), Qirgʻiziston va Janubiy Qozogʻiston yerlarini oʻz ichiga olgan. Uning tarkibiga Qoshgʻar, Yorkend, Xotan, Aksu va Kucha kabi yirik tarixiy shaharlar kirgan. Qoshgʻar – dugʻlotlarning asosiy siyosiy va maʼmuriy markazi, bosh qarorgohi hisoblangan. Manglay Sube hududi orqali Buyuk Ipak yoʻlining eng muhim tarmoqlari oʻtgan. Xitoydan gʻarbga, Movarounnahr va Hindistonga ketayotgan karvonlardan olinadigan boj toʻlovlari toʻgʻridan-toʻgʻri dugʻlot amirlarining xazinasiga kelib tushar edi. Bu iqtisodiy mustaqillik ularga markaziy xon hokimiyatiga boʻysunmaslik va zarurat tugʻilganda shaxsiy yollanma qoʻshin saqlash imkonini bergan.
XIV asrning soʻnggi choragida dugʻlotlarning qudrati shu darajaga yetadiki, ular Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzgan Amir Temur uchun ham jiddiy geosiyosiy xavfga aylanishadi. Amir Boʻlojidan keyin ulusbegilik lavozimini zoʻravonlik bilan olgan uning ukasi amir Qamariddin Tugʻluq Temurning vorisi Ilyosxoʻja va boshqa oʻnlab shahzodalarni qatl etib, hokimiyatni oʻz qoʻliga oladi va oʻzini mustaqil hukmdor deb eʼlon qiladi. Amir Qamariddin Temuriylar davlatining chegaradosh hududlari Fargʻona va Toshkent atroflariga tinimsiz talonchilik yurishlar uyushtirib turadi. Natijada, Amir Temur oʻz saltanatining sharqiy chegaralari xavfsizligini taʼminlash uchun Moʻgʻulistonga va bevosita dugʻlotlar ustiga yetti marta harbiy yurish uyushtiradi. Janglar asosan Yettisuv va Irtish daryolari boʻylarida boʻlib oʻtgan. Amir Qamariddin dugʻlot Amir Temurning yirik va qudratli qoʻshiniga qarshi toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq maydonda urushmay, kichik guruhlarda toʻsatdan hujum qilish usulida qarshilik koʻrsatadi. Amir Temur Qoshgʻar va Yorkendni bir necha bor egallab, dugʻlotlar kuchini zaiflashtirgan boʻlsa-da, dugʻlot qabilasi elitasini butunlay yoʻq qila olmaydi. Keyinchalik, amir Qamariddindan soʻng hokimiyat tepasiga kelgan uning jiyani amir Xudoydod Temuriylar bilan tinchlik aloqalarini oʻrnatishga majbur boʻladi.
Dugʻlot qabilasining jahon sivilizatsiyasi va tarixshunosligiga qoʻshgan eng katta hissasi Mirzo Muhammad Haydar dugʻlot (1499–1551) va uning “Tarixi Rashidiy” nomli yirik asaridir. Mirzo Haydar dugʻlot yirik davlat arbobi, sarkarda va adib edi. U ona tomonidan Temuriy hukmdor va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning xolavachchasi boʻlgan. Otasi Muhammad Husayn koʻp yillar davomida Toshkent va Qoshgʻar hukmdorlari saroyida xizmat qilgan, ammo keyinchalik shayboniylar tomonidan oʻldirilgan. Yetim qolgan yosh Mirzo Haydarni dastlab Shayboniy Ubaydulla sulton, keyinchalik Bobur oʻz homiyligiga olgan. Mirzo Haydar Bobur va vorislarining Qobul va Hindistondagi yurishlarida ham ishtirok etgan. U umrining soʻnggi yillarida Kashmir oʻlkasini egallab, u yerda oʻn yilga yaqin mustaqil hukmronlik qiladi va oʻsha yerda fors tilida oʻzining mashhur “Tarixi Rashidiy” asarini yozdi. Mazkur asar Markaziy Osiyo, Yettisuv va Sharqiy Turkistonning XIV–XVI asrlardagi tarixini izchil yoritib bergan yagona mukammal birlamchi manbadir. Unda Chigʻatoy xonlari, dugʻlot amirlarining shajarasi, oʻzaro urushlar va mintaqaning geografik tavsifi aniq bayon etilgan.
XVI asr boshlariga kelib Markaziy Osiyodagi siyosiy xarita butunlay oʻzgaradi. Movarounnahrda Shayboniylar, Dashti Qipchoqda Qozoq xonligi kuchaygan bir davrda, Moʻgʻulistonda ham ichki tarqoqlik avj oladi. 1514-yilda chigʻatoyiy shahzoda Sulton Saidxon dugʻlot amirlarining Qoshgʻardagi soʻnggi qudratli vakili – Amir Abu Bakr dugʻlotni magʻlubiyatga uchratadi va markazi Yorkend boʻlgan yangi davlat “Yorkend xonligi”ga (1514–1705) asos soladi. Abu Bakr dugʻlot deyarli qirq yil davomida Qashqar va Xotanni qattiqqoʻllik bilan boshqargan, juda katta boylik toʻplagan edi, biroq uning markaziy hokimiyatga boʻysunmasligi xon bilan yakuniy toʻqnashuvga olib keldi.
Sulton Saidxondan keyingi hukmdor uning oʻgʻli Abdurashidxon davlatni mustahkamlash uchun dugʻlot amirlarining asrlar davomida saqlanib kelgan “ulusbegi”lik maqomini va anʼanaviy imtiyozlarini bekor qiladi va amaldagi dugʻlot ulusbesi va uning barcha yaqinlarini qatl etadi. Shundan keyin boshqa koʻplab dugʻlotlar mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻladi, jumladan, Mirzo Haydar ham. Dugʻlotlarning qolgan qismi esa oddiy harbiy tabaqaga aylantiriladi.
XVI asrdan keyin dugʻlotlar yagona siyosiy kuch sifatida oʻz mavqeini yoʻqotgan boʻlsa-da, etnik jihatdan tarqalib ketmadi. Ular Markaziy Osiyoning hozirgi turkiy xalqlari shakllanishida faol ishtirok etadilar. Hozirgi kunda dugʻlot qabilasining eng katta toʻgʻridan-toʻgʻri avlodlari qozoq xalqi tarkibida saqlanib qolgan. Ular Qozoq xonligining “Ulu juz” (“Katta juz”) tarkibidagi eng yirik va nufuzli etnik guruhlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Janubiy Qozogʻiston xususan, Taroz, Chimkent, Olmati atroflarida istiqomat qiluvchi koʻplab qozoq urugʻlari oʻz shajarasini aynan oʻrta asrlardagi dugʻlot amirlariga bogʻlaydilar.
Dugʻlotlarning bir qismi XIV–XV asrlarda va undan keyingi davrlarda Movarounnahrga, xususan, Fargʻona vodiysi, Toshkent vohasi va Surxondaryo hududlariga koʻchib oʻtishgan. Ular oʻzbek xalqining shakllanishida ishtirok etib, keyinchalik oʻzbeklar tarkibiga singib ketganlar. 1920-yillardagi demografik va etnik roʻyxatlarda ham oʻzbek urugʻlari orasida “dugʻlot” yoki “duglar” nomi qayd etilgan.
Sharqiy Turkiston hududida qolgan va uzoq vaqt oʻtroq hayot kechirgan dugʻlotlar hozirgi uygʻur xalqining jumladan, Qoshgʻar va Yorkend uygʻurlarining bir qismiga aylangan. Tyanshan togʻlarida qolgan qismlari esa qirgʻiz qabilaviy ittifoqlari tarkibiga kirib ketgan.
Dugʻlotlarning boshqa etnik guruhlardan ajralib turishiga sabab boʻluvchi bir qancha omillar mavjud. Mazkur qabila Chingizxon zamonidan boshlab bosqichma-bosqich yirik imtiyozlarga egalik qilgani bilan ham alohida ajralib turadi. Chinqizxon qonuni “Yaso”ga koʻra, xonlik unvoni faqat “oltin urug‘”ga (Chingiziylarga) tegishli boʻlsa, ijro etuvchi va harbiy hokimiyat asosan yirik qabila amirlari qoʻlida toʻplangan. Dugʻlot qabilasi Moʻgʻuliston hududida ana shunday mavqega ega boʻlgan yagona etnik guruh hisoblangan. Chingizxon oʻzining zamondoshi boʻlgan Urtubu dugʻlotga 7 ta imtiyoz bergan. Tugʻluq Temur bu imtiyozlarga yana 2 ta imtiyoz qoʻshgan. Tugʻluq Temurning oʻgʻli Xizr Xoja 9 imtiyozga yana 3 ta imtiyozni ilova qilib, ularning sonini 12 taga yetqazgan. Bu imtiyozlar dugʻlotlarga daxlsiz huquqlar berar edi. Jumladan, “ulusbegi” (bosh vazir) unvonining merosiy oʻtishi dugʻlot amirlarining davlatda xondan keyingi bosh boshqaruvchi ekanining huquqiy kafolati edi. Moʻgʻuliston davlatida barcha qabilalar ustidan umumiy rahbarlik, soliq yigʻish tizimini nazorat qilish va ichki nizolarni hal etish vakolati faqat dugʻlot amirlarining toʻngʻich farzandiga meros boʻlib oʻtgan. Bu qoida xonning oʻz xohishi bilan boshqa qabiladan bosh vazir tayinlash huquqini cheklab qoʻygan va amalda davlat boshqaruvida qoʻshhokimiyatchilik tizimini qonuniylashtirgan. Shuningdek, “amir ul-umarolik” maqomi harbiy yurishlar vaqtida davlatning barcha qurolli kuchlariga qoʻmondonlik qilish huquqini bergan. Xon urush eʼlon qilgan taqdirda ham, qoʻshinni jangga tayyorlash, uning oʻng va soʻl qanotlarini tartibga solish hamda bevosita jang maydonida strategik qarorlar qabul qilish vakolati dugʻlot amiriga berilgan. Hech bir boshqa qabila begi yoki shahzoda dugʻlot amirining harbiy buyrugʻiga boʻysunmaslikka haqqi boʻlmagan.
Dugʻlotlarga davlatning eng boy va strategik jihatdan muhim janubi-gʻarbiy hududlari daxlsiz mulk (iqto yoki suyurgʻol) sifatida berilgan. Bu hudud tarixda Manglay Sube (Quyoshga qaragan yerlar) deb nomlangan. Buyuk Ipak yoʻlining markaziy tarmoqlari oʻtgan ushbu shaharlardan keladigan barcha boj va bojxona toʻlovlari toʻgʻridan-toʻgʻri dugʻlotlar xazinasiga tushgan, xon saroyiga esa ramziy ulush berilgan.
Oliy kengash qurultoy va rasmiy qabullarda oʻtirish tartibi oʻrta asrlarda qabilalarning nufuzini belgilovchi eng asosiy koʻrsatkich boʻlgan. Dugʻlot amirlari xon saroyidagi rasmiy marosimlar va toʻylarda xonning oʻng tomonida, barcha chingiziy shahzodalardan ham yuqoriroq va oldinroqda oʻtirgan. Bu qoida dugʻlotlarning oddiy qabila emas, balki “xonlarni tayinlovchi” oliy tabaqa ekanini barcha qabilalarga koʻrsatib turgan.
Sakkiz martagacha boʻlgan gunohlardan daxlsizlik (toʻqqizinchi gunohda jazolash) huquqi oʻrta asrlar tarxonlik huquqining eng hayratlanarli qismlaridan biridir. Dugʻlot amirlari va ularning bevosita merosxoʻrlari davlatga xiyonat, isyon yoki boshqa ogʻir jinoyatlar sodir etgan taqdirda ham, dastlabki 8 ta gunohi uchun hech qanday jazolanmagan va kechirilgan. Faqatgina 9-marta jinoyat sodir etilgandagina, xon ularni sud qilish va javobgarlikka tortish huquqiga ega boʻlgan. Biroq amaliyotda bu darajaga yetib borilmagan.
Dugʻlot qabilasining boshliqlari va ularning yaqin qarindoshlari davlat xazinasiga toʻlanadigan barcha turdagi majburiy soliqlardan ozod qilingan. Qalon, mol-jihat, qopchur va harbiy ulov yetkazib berish kabi koʻchmanchi va oʻtroq aholi uchun majburiy boʻlgan toʻlovlar ulardan talab qilinmagan. Bu imtiyoz dugʻlotlarning haddan tashqari boyib ketishiga va oʻz shaxsiy qoʻshinlarini mustaqil moliyalashtirishiga sharoit yaratgan.
Dugʻlot amirlari xon xonadoni bilan bevosita qudachilik aloqalari oʻrnatish va xon qizlariga uylanish orqali “koʻragon” (“xon kuyovi”) unvonini olish huquqini ham qoʻlga kiritganlar. Mazkur nikohlar ularning qonuniy jihatdan chingiziylar sulolasiga yaqinlashishini taʼminlagan. Mirzo Muhammad Haydarning otasi (Yunusxonning qiziga uylangan edi) va bobolari ham aynan mana shunday yuqori unvonlar bilan ulugʻlangan.
Oʻrta asrlar sharqona diplomatiyasi va xavfsizlik qoidalariga koʻra, xon qabuliga hech kim qurol-yarog‘ bilan kira olmagan va saroy hovlisida otda yurish taqiqlangan. Dugʻlot amirlariga xonning shaxsiy qarorgohiga oʻz qurol-aslahalari bilan kirishga va xon chodirigacha otda borishga rasman ruxsat berilgan. Bu ularning hayotiga suiqasd qilinishidan himoyalanish kafolati edi. Shuningdek, dugʻlot amirlari oʻzlarining shaxsiy tugʻi va nogʻoralariga ega boʻlishgan. Faqatgina xonlargagina xos boʻlgan harbiy ramzlardan foydalanish huquqi dugʻlotlarga ham berilgan. Ular oʻz bayroqlari ostida mustaqil ravishda qoʻshin toʻplashlari va qoʻshni davlatlarga qarshi (xon ruxsatisiz ham) kichik koʻlamdagi harbiy yurishlarni amalga oshirishlari mumkin boʻlgan.
Yangi xon saylanayotgan vaqtda uni oq kigizga oʻtqazib koʻtarish marosimida toʻrtta yetakchi qabila boshligʻi ishtirok etishi shart edi. Ushbu marosimda kigizning eng bosh, oʻng burchagini koʻtarish va xonning boshiga toj (yoki boshqa ramziy bosh kiyim) qoʻyish huquqi dugʻlot amiriga berilgan. Bu “davlatni xon emas, uni taxtga koʻtargan kuch boshqaradi” degan maʼnoni anglatgan. Dugʻlot amirlari oʻz hududlarida yashovchi aholi va boshqa kichik urugʻlar ustidan sudlov (yargu) huquqiga ham ega boʻlganlar. Xon qozilari yoki markaziy sud tizimi dugʻlotlar mulkidagi ichki ishlarga, jinoiy va fuqarolik nizolariga aralasha olmagan. Dugʻlot amiri chiqargan oʻlim jazosi yoki mulkni musodara qilish hukmi qatʼiy hisoblangan.
Dugʻlotlarning yana bir asosiy huquqlari davlatning taqdirini belgilovchi eng muhim masalalarda, jumladan, urush boshlash, tinchlik sulhini imzolash yoki boshqa davlatlar bilan elchilik aloqalarini oʻrnatishda rozilik berishi shart boʻlgan. Agar xon biron qaror qabul qilganda dugʻlot ulusbegisi bunga qarshi chiqsa, mazkur qaror bekor qilingan yoki qayta koʻrib chiqilgan. Bu huquq amalda xonning mutloq monarxiya tizimini cheklagan.
Dugʻlot amirlariga berilgan yuqoridagi 12 ta imtiyoz ijobiy va salbiy oqibatlarni keltirib chiqargan. Ijobiy jihatlari: Moʻgʻuliston davlatining dastlabki yillarida ichki barqarorlik taʼminlangan; kuchli harbiy elita shakllandi va tashqi xavflardan himoya kuchaygan; madaniy va ilmiy homiylik rivojlangan. Salbiy oqibatlari esa, xon hokimiyatining haddan tashqari zaiflashishiga olib kelgan va keyinchalik markaziy hokimiyatga qarshi isyonlar (Qamariddin, Abu Bakr isyoni) kelib chiqqan.
Dugʻlotlarning 12 ta imtiyozi oliy harbiy elitaning davlat tuzilmasidagi oʻrnini qonuniy mustahkamlab berdi. Biroq, XVI asrga kelib markazlashgan davlat tamoyillarining kuchayishi va Yorkend xonligida Chigʻatoy hukmdorlarning oʻz mavqeini qayta tiklashi natijasida dugʻlot amirlarining mazkur favqulodda imtiyozlari bekor qilindi.
Sevinch ULASHOVA,
tarix fanlari doktori, dotsent