Dastlab bu gapga ishonmadim, biroq javonga 2.700.000, 2.900.000, 3.600.000 soʻm degan narx belgilari ilib qoʻyilgan.

Bir ishonib, bir ishonmay

Jamila SHERMUHAMEDOVA,

falsafa fanlari doktori, professor:

– Singlim, bu javondagi kitoblarni sotib olsa boʻladimi?

– Albatta, faqat qaysi kitobligini aytsangiz, boshqa joydan olib beraman. Bu kitoblar javoni bilan sotiladi, kelin-kuyovlar uchun moʻljallangan, – dedi.

Kutubxonachi qizning aytishicha, ­Xorazmda ota-onalar kelin-kuyovlarga shunday kitoblar toʻla kitob javonlari hadya qilishi urfga aylanayotgan ekan. Dastlab bu gapga ishonmadim, biroq javonga 2.700.000, 2.900.000, 3.600.000 soʻm degan narx belgilari ilib qoʻyilgan. Vaholanki, javon ­unchalik qimmat emas, kitoblar ham. Mana, boʻlar ekan-ku? Bir ishonib, bir ishonmay yana kitoblarni koʻzdan kechirishda davom etdik. Bilasizmi, agar shu yangi anʼanani yurtimiz boʻylab amalga oshirsak, juda savobli, xayrli va maʼrifatli ish boʻlar edi.

­Jamila opaning soʻzlarini tinglar ekanmiz, “Kitob saodat topish uchun oʻqilmaydi, kitob oʻqishning oʻzi saodat”, degan hikmat xayolimizdan oʻtdi. Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan bu yangi tashabbus keng quloch yoysa, nafaqat yangi oila qurayotgan yoshlar, balki har bir xonadon maʼrifat ziyosi bilan yanada munavvar boʻladi.

Oʻzim guvoh boʻldim

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor:

– Inson kamoloti, dunyoqarashi kengayishida, tafakkuri taraqqiyotida kitobning oʻrnini hech narsa bosa olmaydi.

Xorazm viloyatida yoshlarni kitobxon qilish, ularda kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida ishlab chiqilgan yangi loyiha, oʻylaymizki, kelajak avlod ravnaqi uchun tashlangan istiqbolli qadamdir.

Joriy yilning iyul oyida Xonqa tumanida xizmat safarida boʻlganimizda, sersoya daraxtlar orasidagi dala shiyponida intellektual oʻyinlarni maroq bilan kuzatar ekanmiz, shiyponning bir burchidagi oltita kitob javoniga koʻzim tushib qoldi.

“Iye, bu yerda kitob yarmarkasi ham boʻlyaptimi”, degan savolimga, “Yoʻq, bu gʻolib jamoaning har bir aʼzosiga beriladigan sovgʻa”, deya javob berishdi. Buni qarang, yuzlab musobaqalar, tanlovlar guvohi boʻlibman-u, minglab gʻolib yoshlarni taqdirlabman-u, hali hech qachon kitob toʻla kitob javoni sovgʻa sifatida berilganiga guvoh boʻlmabman! Bu Xorazm viloyatida yoshlarni kitobxonlikka chorlash va ularning kitob oʻqishga qiziqishini yanada oshirish yoʻlidagi yangi tashabbus ekan. Chindan ham, insoniyat kashf qilgan eng buyuk ixtiro – bu kitob. Bashariyat asrlar osha qanday yutuq va marralarga erishgan boʻlsa, albatta, buning zamirida kitob va mutolaa mujassam.

Xullas, safar chogʻida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasidagi saʼy-harakatlar Xorazmning chekka hududlarida ham yangicha ruhda kuchayib borayotganiga guvoh boʻldim. Umid qilamizki, bu yangi tashabbus quloch yoyib, mamlakatimizning barcha hududlariga keng tarqaladi.

Kitobsiz uy ruhsiz tanaga oʻxshaydi

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator:

– Kitobsiz uy ruhsiz tanaga oʻxshaydi. Jahonda ijtimoiy-siyo­siy, iqtisodiy taraqqiyot lokomotivi boʻlgan mamlakatlarda kitobga munosabat rivojlanmagan yoki taraqqiyotga endigina qadam qoʻyayotgan davlatlardagidan ancha ijobiy. 2022-yilda aholisi kitob oʻqishga koʻp vaqt sarflaydigan davlatlar reytingida Hindiston, Tailand, Xitoy yetakchilik qilgan. Hindlar bir haftada 10 soatdan koʻp vaqtini kitob oʻqishga sarflar ekan.

Yurtimizda azaldan har bir xonadonning kitob javoni – kichik kutubxonasi boʻlgan. Unda har turli kitoblar saqlangan. Chunki kitob uyning muhitini oʻzgartiradi, pozitivlik keltiradi. Albatta, xonadonida katta kutubxonasi boʻlgan ziyolilarimiz koʻp. Biroq ular 36 millionli xalq ichida juda kamchilik. Dunyo boʻyicha har bir odamga 15 ta kitob toʻgʻri kelishi taxmin qilinayotgan bir vaqtda Buyuk Britaniyada bu raqam 150 tani tashkil etar ekan.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, uning hududiy boʻlimlari hamda hamkor tashkilotlar tomonidan “Farzandimga kitob sovgʻa qilaman”, “Qadrdon maktabimga sovgʻam”, “Birinchi kitob javonim”, “Maʼrifatli kelajak”, “Bobom, buvim va men kitobxon” singari aksiyalar oʻtkazish, turli tanlovlarda kitob toʻplamlarini sovgʻa sifatida taqdim etish orqali aholida kitob va kitobxonlikka ishtiyoq va mehrni kuchaytirishga harakat qilinmoqda. Bu tashabbuslar kitobxonlikni targʻib qilishning bir yoʻnalishi deb hisoblasak, hali oldimizda qiladigan ishlarimiz nihoyatda koʻp. Zero, Gruziyada kelinning sepiga Shota Rustavelining “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” kitobi, albatta, qoʻshilar, qaysiki oilada bu unutilsa, malomat qilinar ekan. Kitobsevarlikning qad­riyatga aylanishi singari bunday tashabbuslar, jumladan, Xorazm viloyatida ota-onalar farzandlariga, yosh oilalarga, kelin-kuyovlarga kitob va kitob javonlari tuhfa qilishi singari anʼanalarning yuzaga kelayotgani bizni quvontiradi.

Eng katta va eng nodir xazina

Bekzod ABDIRIMOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari:

– Xorazmdagi har bir xonadonda kitob javoni boʻladi! Buning uchun esa turli usullardan foydalanmoqdamiz. Turli tanlov va musobaqalar gʻoliblariga, bayram va tantanalarda sovgʻa sifatida kitob toʻla javonlar hadya qilinmoqda. Biz bugungacha turli tanlovlarda maishiy jihoz, telefon va planshet, hatto televizorlar berdik. Xonadonlarimizda ikkitadan koʻp televizor, har kimda smartfon bor, endi ularni bu kabi buyumlar bilan ajablantirib, quvontirib boʻlmay qoldi.

Biz kitob oʻqish haqida koʻp va xoʻb gapirdik. Odamlarimiz kitob olmoqda. El orasida yurar ekanmiz, xonadonlarda barcha maishiy jihozlar, mebellarning zamonga moslashganini, turmush sharoitimiz yaxshilanganini kuzatamiz-u, lekin kitob javonlari yangilanmagani, eskirib omborxonadan joy olgani guvohi boʻlganmiz.

Shuning uchun kitobxonlik targʻiboti yoʻlida yangi usul – xonadonlarimizni yangi kitob javonlari bilan boyitish borasida bosh qotira boshladik. Avvalambor, viloyat darajasidagi rahbarlar bilan tanlovlar gʻoliblariga kitob toʻldirilgan ixcham javonlar sovgʻa qilishga kelishib oldik. Ikkinchi yoʻnalishda mahallalar kayvonilari bilan yangi turmush qurayotgan yoshlarga ­ona-onalari, yaqinlari tomonidan toʻy sovgʻasi sifatida shunday moʻjaz javonlar sovgʻa qilish borasida maslahatlashdik. Ularning oʻzlari shunday xayrli tashabbusni boshlab bergani bizni xursand qildi.

Axir farzandlarimizga toʻy qilsak, bir lahzalik avtokarvoniga 10–20 million soʻmni, “Love story”siga 5–10 million soʻm, yana qandaydir amallarga mablagʻimizni ayamaymiz-u, ularning maʼrifati, zehni uchun ikki millionni qimmat koʻrmasak kerak? Xorazmliklar ilgari surgan bu ibratli tashabbus bugun urfga kirib, ertaga zamonaviy urf-­odatga aylansa, nur ustiga nur boʻlar edi. Bu qadriyat kun kelib yoshlarimizga qoldirilgan eng katta va eng nodir ­xazina boʻlardi. Buning uchun nafaqat barcha ziyolilar, xalqimizning eʼtiborida boʻlgan rahbarlar, mashhur zamondoshlarimiz ham maʼnan masʼuldir. Avvalo, bu tashabbusni labbay deb qoʻllab-quvvatlashimiz, farzandlarimiz toʻylarida qimmatbaho mebellar, tilla taqinchoqlar, oʻtkinchi hoy-u havasga berilmay, kitob toʻla javonlar sovgʻa qilishni boshlashimiz, oʻrnak boʻlishimiz kerak! Shundagina bu tashabbus umummilliy harakatga aylanadi. Yaqin 3-4 yil ichida nafaqat Xorazmdagi, balki butun Oʻzbekistondagi barcha xonadonlar kitob javoniga ega boʻladi. Yangi chaqaloqlar kitoblar taratayotgan maʼrifat hididan nafas olib ulgʻayadi. Aynan shu avlod Uchinchi Renessansni barpo qiladi. Zotan, kitob millatning qanotidir!

Soʻnggi soʻz oʻrnida

Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining “... hammamiz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan masala, yaʼni kitobxonlikni keng yoyish va yoshlarimizning kitobga boʻlgan muhabbatini, ularning maʼnaviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi ­turibdi”, degan soʻzlari kitob va kitobxonlikni targʻib etish nechogʻliq muhim ­ekanini yana bir bor teran anglatgandek boʻladi.

Har bir xonadonni kitob javonli qilish boʻyicha Xorazmda boshlangan ezgu ­tashabbus bugun viloyatning barcha mahallalarida anʼanaga aylanib bormoqda. Yosh kelin-kuyovlarga ota-onalari tomonidan taqdim etilayotgan kitob toʻla javonlar yangi Oʻzbekistondagi yangi oilalarning kitobxon boʻlishiga qoʻshilayotgan ulkan hissadir.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2023-yil 13-sentabr, 186-son.