Yevrosiyo oʻtmishida chuqur iz qoldirgan boʻlsa-da, keyinchalik oʻz dovrugʻini butkul yoʻqotgan oz sonli elatlardan biri “xun”lardir. Miloddan avvalgi III–II asrlardan boshlab xitoy yilnomalarida “Hsiung-nu” koʻrinishida tilga olinib, milodning ilk asrlarida lotincha yozma manbalarda “Hun”, “Un”, III–IV asrlarga tegishli sugʻdcha bitiklarda “Xun” oʻlaroq eslatilgan ushbu elat bugungi turkiy ellarning ilk ota-bobolaridan biri sanaladi. Deyarli 1000 yilcha Yevrosiyo kengliklarida yetakchilik qilgan xunlar tilidan bir necha yuzlab soʻz va atamalar yetib kelgan boʻlsa-da, ular boʻyicha keng qamrovli izlanishlar olib borilmagan. Ayniqsa, oʻzbek tilida xun tilini tanituvchi ishlar koʻngildagidek emas.
Bundan 1,5–2 ming yil ilgari turk el-uluslariga beshik boʻlgan bugungi Moʻgʻuliston yerlaridagi keng dalalarda yashagan koʻplab elat va urugʻlarning birlashuvidan tugʻilgan bu ulug‘ koʻchmanchi elat “Xan-shu” (Xan sulolasi oʻtmishi), “Shi-ji” (Oʻtmishdan esdaliklar) kabi xitoycha yozma manbalardan anglashilishicha, miloddan avvalgi 209-yilda xunlar yetakchisi Touman Shanyu (Tuman Yabgʻu)ning oʻgʻli Maodun Shanyu (Bahodur Yabgʻu) boshchiligida qattiq intizom ostida Oltoy, Sayan, Sibir va Oʻrxun yaylovlarini birlashtirgan yirik kuchga aylandi.
Ushbu xunlar oʻz boshqaruvining eng yuqori choʻqqiga chiqqan kezlarida Xitoyning yuqorisidagi Ordos oʻlkasi (bugungi Ichki Moʻgʻuliston), Manjuriyaning sharqi bilan Oltoydagi turk ellarigacha choʻzilgan keng yerlarga 500 yilcha egalik qilib, oʻnlab yirik koʻchmanchi uyushmalarni oʻz qoʻl ostida birlashtirdi. Gʻarbga yurish chogʻida Yettisuv – Gʻarbiy Oltoy oraligʻidagi Yuechji, ularning gʻarbida – Tyan-Shan (Tangritog‘) etaklaridagi Usun uyushmalari boʻysungach, Sharqiy Turkistondagi oʻtroq boshqaruvlar Xun yabgʻusiga qaram boʻldi. Yettisuv tegralaridagi yerlar – Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi hududlar, ayniqsa, Sirdaryoning yuqori oqimidagi Fargʻona (Dovon), oʻrta oqimlaridagi Qang‘, Zarafshon – Qashqadaryo qirgʻoqlaridagi Sugʻd oʻlkasi Xun boshqaruvini tan oldi.
Xunlar bosimiga chiday olmagan Yuechji boshqaruvchilari yangi yurt izlab gʻarbga koʻchib, Amudaryoning yuqori oqimidagi Baqtriyani qoʻlga kiritdilar va bu yerda Yuechji – Toʻxor eli, keyinroq esa Kushonlar atamasi ostida tanildilar. Shu yoʻsin Xun eli yolgʻiz Sharqiy Osiyo emas, butun Yevrosiyo geosiyosiy qiyofasini oʻzgartirdi.
Miloddan avvalgi II–I asrlarda Xitoydagi Xan eli bilan uzoqqa choʻzilgan urushlardan soʻng, oradan koʻp oʻtmay, miloddan avvalgi 53-yilda Xun boshligʻi Xuhanye xitoyliklarga boʻysundi. Oradan 5 yil oʻtib, miloddan avvalgi 48-yilda Xun boshqaruvi ikkiga – Shimoliy (Oltoy – Sayan Sibir – Oʻrxun) va Janubiy boʻlakka boʻlindi. Janubiy xunlar Xan yurti yerlari ichida, Ordos tegrasida oʻrnashib, asrlar oʻtgach xitoyliklarga singib ketdi. Xitoylasha boshlagan ushbu qatlamdan 304-yilda Liu Yuan boshchiligida Xan-Chjao elati, soʻngra Jie (Qir) urugʻidan boʻlgan Shi Lo boshchiligida Chao elati yuzaga keldi. Ushbu elatlar tilidan bir necha oʻnlab soʻz va atamalar yetib kelgan boʻlib, quyida toʻxtalib oʻtiladigan xuncha soʻzlarning bir boʻlagi oʻsha davrga tegishlidir.
Xun eli tarqalib, koʻpchiligi gʻarbga – Sharqiy Yevropaga, sezilarli bir boʻlagi esa Gansu oʻlkasi – Sharqiy Turkiston orqali janubdan gʻarbga, bundan 500 yilcha ilgari Yuechji – Toʻxorlar borib yerlashgan Amudaryoning yuqori oqimiga yoʻl oldilar. Xunlarning bu koʻchishiga turtki boʻlgan qardosh el – Syanbi (Sarbi, “Sabir / Suvor”) elatlar birlashmasi Oltoy bilan Ordos oʻlkalarida yetakchi kuchga aylandi. Ushbu koʻchmanchi uyushma ichidan ajralib chiqqan Tʼopa (Tabgʻach) elati 386–534-yillar oraligʻida Shimoliy Xitoyda hukmronlik qilib, Shimoliy Vey ulusini qurdi va “Toba” (Toʻba) atamasi ostida tanila boshladi. “Tabgʻach” soʻzi orqali Oʻrxun bitiklarida tilga olingan bu elat tiliga tegishli soʻzlar shuni koʻrsatadiki, Syanbi – Suvorlar, ularning bir tarmogʻi boʻlmish Toba – Tabgʻachlar tili, hech boʻlmaganda ularning bir boʻlagi turk tilida soʻzlashgan.
Xun, Oʻgʻur, Oʻn-Oʻgʻur, Avar, Suvar, Bulgʻor kabi etnik atamalar ostida gʻarbga – Qora dengiz boʻylari va Sharqiy Yevropaga koʻchgan el-uluslarning bir boʻlagi, ayniqsa, Suvar va Bulgʻorlar Volga boʻyida oʻrnashdilar. Keyinchalik chuvashlarning tub-bobolari sanalgan bulgʻorlar Ordos tegrasidagi turk ellari bilan yaqin qarindosh edilar. Dunay boʻyiga koʻchib borgan bulgʻorlar bilan Panonniyagacha yetib borgan Attila hunlari Oltoy tegralaridagi xun elatining izdoshlari edilar.
Xunlar va ularning tarmoq ellari tiliga oid soʻzlarga toʻxtalishdan oldin, bugungi izlanuvchilar orasida keng tarqalgan metodologik yondashuvlardan biriga eʼtibor qarataylik.
Ayrim tilchilar Xunlarni turkiy emas, Sibirning qadimgi elatlaridan biri – ket (paleosibirlik)lar bilan tenglashtirib, xitoy yilnomalaridagi oʻnlab soʻzlarni boshqa ildizlardan qidiradilar. Biroq ular tayga va sovuq oʻlkalarda yashab, tirikchiligi asosan bugʻuchilik va baliqchilikdan iborat boʻlgan, keng koʻlamli migratsiyalarga unchalik aralashmagan paleosibirliklar Ordos oʻlkasiga, hatto Xitoy ichkarilariga qanday qilib kirib borganini izohlay olmaydilar. Eng muhimi, ular Gansu, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Sirdaryo va Amudaryo oraligʻi, Volga-Uralboʻyi, Qora dengiz shimoli hamda Sharqiy Yevropa kabi ulkan hududlarni qanday siyosiy kuch va qudratga tayanib boshqarganini mantiqan asoslab berolmaydilar.
Qolaversa, xunlar turk ekaniga qarshi chiquvchilar nega xitoyliklar turk el-uluslarining ilk ota-bobolari boʻlmish “Di”, “Dingling”, “Tele”, “Gyangun” (Qirgʻiz), “Gaoche” (Uygʻur) tillarining bir-biriga yaqinligini taʼkidlaganligi haqidagi maʼlumotlardan koʻz yumishadi? Shuningdek, ular eski chogʻlarda xunlarni, ilk oʻrta asrlarda Ashina turklarini yaqindan tanigan sugʻdlar nega har ikkala elatni “Xun” atamasi ostida tilga olganliklariga eʼtibor qaratishmaydi?!
Bizningcha, bu kabi chigalliklar oʻz yechimini topmay kelayotganining bir necha sabablari bor:
1. Xun tili boʻyicha oʻzimizdan yetuk izlanuvchilar yetishib chiqmagan;
2. Tilchilar tarixda boʻlib oʻtgan voqeliklarni yetarlicha tushunib yetishmagan;
3. Turli tillardagi bilgilar oʻzaro solishtirilmagan;
4. Xunlarning turk ekanligi ataylab yashiriladi.
Xunlarday yirik elatning oʻz tilida yozgan biror bitik bugungacha aniqlanmagani uchun bunday chigalliklar yechimsiz qolmoqda. Oʻz vaqtida Xitoy – Xan elini titratgan bu elatning tili ularga kuchli yov boʻlmish xitoylik yilnomachilar qoldirgan iyerogliflar ichiga “qamalib” qolgan. Eng achinarlisi shundaki, biz oʻz dovrugʻini yitirgan elning soʻzlarini butunlay boshqa tuzilishga ega til orqali tiklashga urinamiz.
Bugungi kunda xun tili boʻyicha oʻndan ortiq bir-biriga qarshi qarash keng yoyilgan. Ular orasida “Turkiy qarash” eng koʻp qoʻllovchiga ega [Doerfer 1973]. Tilchilar qoʻlida xun tilini tiklash uchun bor-yoʻgʻi xitoy yilnomalaridan ajratib olingan 190 taga yaqin soʻz bilan milodning 329-yiliga tegishli atigi 10 belgili bitta xuncha toʻrtlik bor [Pulleyblank 1962].
Joʻmboqning tub oʻzagi esa xitoy iyeroglif tizimining tuzilishiga borib taqaladi. Eski xitoy yozuvi koʻchmanchi elatlar tiliga tegishli /l/–/r/, /ö/–/ü/ kabi kerakli tovushlarni ajratib olishga yoʻl bermaydi, ularni bir-biriga qorishtirib yuboradi. Shuning uchun yilnomalardagi belgilar turli izlanuvchilar tomonidan butunlay boshqacha oʻqilib, turlicha ochiqlangan. Ushbu til jumboqini yechish, iyerogliflar ortiga yashiringan oʻzaklarni erkin qilish uchun bugungi tilshunoslikda ikki yirik oqim yuzaga keldi.
Ulardan biri – Rossiyaning taniqli tilshunos olimasi Anna Dybo boʻlib, u qadimgi xitoy tilining eng qattiq tovushlari (Starostin oqimi) negizida soʻzlarning tovush koʻrinishini qayta tiklashga intiladi. Dybo xun soʻzlarini qattiq tovush qoliplari negizida qatlamlarga ajratadi va unda turk, qadimgi eroncha, moʻgʻulcha, toʻxor izlari borligini ham koʻrsatadi. Shu bilan birga, u Pulleyblank ilgari surgan “Xunnu = Yenisey tili” qarashiga qattiq ishonchsizlik bilan qaraydi.
Ikkinchisi – taniqli turk tili bilimdoni Talat Tekin boʻlib, u xun tilini toʻgʻridan-toʻgʻri eski turkcha va chuvash tillari orqali ichki oʻzak soʻzlar solishtiruvi yoʻlidan boradi. Tekin oʻzidan oldingi Shiratori, Ramstedt, Bazin, Gabain, Boodberg, Doerferlarning oʻqishlarini bittalab koʻzdan kechirib, yangicha oʻqishni oʻrtaga tashlaydi. Oʻz tekshiruvlarini kuchaytirish uchun Tekin Tʼopa (Toba) atamalarini ham koʻrib chiqadi.
Har ikkala yetuk tilchi – Tekin va Dyboning qarashlaridagi yaqinlik shundaki, ular bir-biridan ayri, butunlay boshqa yoʻl tutgan holda deyarli bir toʻxtamga keladilar: xun tilining soʻz boyligida kuchli, koʻz yumib boʻlmaydigan darajada turkcha qatlam bor. Izlanuvchilar butun xun tilini “tub turkcha til” deb atashdan tiyilishsa-da, uning tayanch soʻz boyligi turkiy oʻzakka egaligiga urgʻu berishadi. Quyida biz ushbu izlanuvchilarning qarashlaridan kelib chiqib, xun tilining eng ishonchli 10 ta soʻz koʻrsatkichini, shuningdek, 329-yilgi xuncha toʻrtlikning bugungi turk tillarida, ayniqsa, oʻzbekchada saqlanganiga toʻxtalgan holda koʻrib chiqamiz.
1. tängri – “koʻk, tangri”. Xitoycha yozuvi: 撐犁 ç’eng-li (< tʼeng-li). Xun boshligʻining toʻliq atogʻi “ç’eng-li ku-tʼu şan-yü” bu soʻzni eski turkiy tängri “koʻk – osmon, koʻk yuzi, tangri” bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlaydi [Tekin 1993]. Doerfer soʻz ichidagi -ñr- tovush birikmasiga ishonchsizlik bilan qarab, bu holat uning turkiy boʻla olmasligini koʻrsatishini ilgari surgan edi. Tekin esa bu eʼtirozga yoqut (saxa) tilidagi tañara, chuvashcha turı (< tañrı > tağrı > turi) oʻrnaklarini keltiradi. Unga koʻra, bu oʻzgarish tizimli va izchil. Dybo bu soʻzni turkiy qatlamga kiritadi va uning deyarli barcha turk tillarida uchrashiga urgʻu beradi. Oʻzbek tilida bu soʻz “tangri” (täŋri) koʻrinishida eski turkchaga uygʻun shaklni saqlab qolgan.
2. sü – “qoʻshin, cherig”. Bu soʻz uch ayri yilnomada yozib qoldirilgan boʻlib, eng koʻp uchraydigan xuncha soʻzlardan biridir. Birinchisi, Jie (Qir) urugʻining 310-yilgi toʻrtligida uchrab, Ramstedt bilan Doerfer oʻqishida “šaw” koʻrinishida tiklanib, eski turkcha “sü” (qoʻshin) bilan tenglashtirilgan [Dybo 2007]. Ikkinchisi, Tekin tekshirgan 329-yilgi xuncha qoʻshigʻining birinchi belgisi – 秀 siu. Tekin buni sü:kä “qoʻshinga” deb oʻqiydi [Tekin 1993]. Uchinchisi, Pulleyblank tomonidan xitoychada uchraydigan oʻzga tillarga tegishli soʻz va atamalar tizmasida koʻrsatib oʻtilgan. Oʻrxun bitiklarida, eski uygʻurcha va qoraxoniylar davri qoʻlyozmalarida sü soʻzi “qoʻshin, urush” maʼnosida keng ishlatilgan.
3. qut / qutı – “qutlug‘, tangri qoʻllovi, inʼomi”. Xitoycha yozuvda: 孤塗 ku-tʼu (< kuo-dʼuo). Tekin bu soʻzni F.W.K.Müllerning tushuntirishiga tayanib, eski turkiy “qut” soʻzi bilan bogʻlaydi [Tekin 1993]. Clauson ham bu oʻqishni toʻgʻri deb biladi. Oʻrxun va uygʻurcha bitiklarda “qut” soʻzi xonlar bilan beklarga yuzlanish yoʻsinida ishlatilgan: qang-ım qut-ı “qutlug‘ otam” yoki “otam ulugʻi”. Bundan kelib chiqib, tängri qut-ı yabgu – “Yabgʻuning tängri (bergan) quti (ulugʻligi)” koʻrinishida qayta tiklanadi. Bu soʻz barchasidan ham salmoqli boʻlib – xun unvonlar tizimi bilan eski turkiy el boshqaruvi tushunchasi oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlikning yorqin oʻrnaklaridan biridir.
4. yabgʻu – unvon (atoq). Xitoycha yozuvda: 單于 şan-yü (< dʼian-giwo = dʼabgu/jabgu). Doerfer boshqa yozuvlarini ham keltiradi: 翕侯 hiep-ho (< ğiep-gu) bilan 葉護 çe-hu (< jebgu) [Doerfer TMN IV]. Xitoy yozuvida keltirilgan turlichalik ushbu soʻzning ikki oʻtmishdagi bosqichini – “jabgu” bilan “yabgu” bosqichlarini koʻrsatadi. Arman, arab va fors yozma manbalarida “yabgu”, “jabgu”, “jebu”, “jibu” koʻrinishlari ham saqlanib qolgan. Soʻzning turli tillardagi koʻrinishlari bir-birini qoʻllab-quvvatlab, uning eski turkcha tovush tizimi oʻtmishini yoritishda qoʻl keladi.
5. qingʻiraq – “qingʻir, egri pichoq, yoʻsin qilichi”. Xitoy yozuvida: 徑路 keyh-räh. Bu soʻz Hirth tomonidan 1900-yillarda ilgari surilib, Mahmud Koshgʻariy lugʻatidagi “qıngıraq” – ikki yoqlamali egri pichoq bilan tenglashtirilgan [Dybo 2007]. 徑路 king-lu (< king-lak) soʻzi teleutcha kıngırak “ikki yuzli pichoq”, qirgʻizcha kıngırak va Karlgrenning “king-lak” qayta tiklashi bu soʻzning eng eski turkcha soʻzlardan biri ekanini koʻrsatadi [Tekin 1993]. Tekin va Dybo bu soʻzni “qıngır” – egri, qiyshiq oʻzagiga bogʻlaydi. Oʻzbekchadagi “qingʻir” (egri) soʻzi ham shu negizdan kelib chiqqan.
6. äpçi / äbçi – “xonning xotini, xotun”. Xitoycha: yen-çi (< yem-çi = ebçi). Tekin bu soʻzni yapon tilshunosi Shiratori izohiga tayanib, uygʻurcha äpçi / ävçi “xotun, urgʻochi” bilan bogʻlaydi [Tekin 1993]. Codex Cumanicusʼda epçi – frau (urgʻochi/xotin), bugungi qirgʻizcha epçi, xakascha ipçi koʻrinishlarida shu oʻzak saqlanib qolgan. Tekinga koʻra, bu soʻz keyinchalik eski turkchadagi “qatun” (“el boshligʻining xotuni”)ga oʻrnini boʻshatib bergan.
7. ordu / ordo – “oʻrda, turgʻoq yer”. Xitoy yozuvida: eu-ta, wo-lu-to, ao-tʼot (mil. avv. II asr). Tekin bu soʻzni chuqur tekshirib, toʻgʻridan-toʻgʻri tub turkcha soʻz deb biladi [Tekin 1993]. Codex Cumanicusʼdagi or – “oʻr, chuqur”, “Qutadgʻu bilig”dagi oro – “qorongʻi oʻra”, Oltoy turklaridan shorchada ora – “teshik, quduq”, xakascha ora – “yer osti uyi” – bularning barchasi bitta oʻzakka borib taqaladi. Tekinning fikricha, ordu / ordo “oʻrda” soʻzining tub maʼnosi “yer osti boshpana, uy” boʻlib, u keyinchalik koʻchma maʼnoda “el boshligʻining oʻrdasiga” aylangan. Bu soʻz soʻng Yevropa tillariga ham oʻtgan – nemischa “Horde” shu oʻzakdan olingan. Oʻzbek tilidagi “oʻra” (chuqur, sabzavot saqlash uchun qazilgan yer) soʻzi ham shu negizga borib taqaladi.
budurçin – “bedana”. Xitoycha yozuvi: 佛圖澄 bwit-dö-dhiy. Dybo bu otni eski turkiy budurçin “bedana” soʻzi bilan bogʻlaydi [2007]: chuvashcha pŭrjăgan, xakascha pudurçun / püdüçün, qoraxoniylar davridagi buδursin (Mahmud Koshgʻariy). Bu soʻz xuncha va eski turkchani solishtirishda eng qoʻl keladigan atamalardan biridir. Atoqli ot emas, kundalik nom (atama) boʻlgani uchun maʼno jihatidan tub koʻrsatkichlardan biri sanaladi. Qadimgi turklarda shomonlar “qam” deb yuritilgan. “Buduçin” soʻzining ularning laqabi oʻrnida qoʻllanilishi qamlarning oʻz alqovlarini qoʻshiq yoʻsinida kuylaganidan, qolaversa, ularning ovozi bedananing sayrashiga oʻxshatilganidan dalolat beradi.
8. tämir – “temir”. Xitoy yozuvida: 鐵伐 tʼieh-fah (< tiet-bat / tieba = tebär). Dybo va Tekinning qarashlari bu soʻzda bir-biridan biroz farq qiladi – ikki tilshunos orasidagi kamdan-kam uchraydigan qarama-qarshi tutumlardan biridir. Dybo bu soʻzni qadimgi xitoycha “tiet-mhwit” orqali turkcha “temür”ga bogʻlaydi. Tekin esa bu soʻzni eski turkcha tämir (temir) bilan solishtirib, shor va lebed dialektlaridagi täbir, sagaycha tebir koʻrinishlari tämirdan emas, balki undan-da eski täbär koʻrinishidan kelib chiqqanini ilgari suradi. Ikkala izoh ham bu soʻzning turkcha oʻzakka egaligini inkor etmaydi. Oʻzbekcha “temir” soʻzi Oʻrxun bitiklaridagi “temir”, “tämir” negiziga borib taqaladi.
9. Xuncha toʻrtlik (329-yil)
秀支 替戻岡 僕谷 劢禿當
siu-kʼi – tʼi-li-kang – puh-koh – kü-tʼu-tang
Bu toʻrtlik milodiy 329-yilda Chin-shu yilnomasida keltirilgan boʻlib, Shimoliy Xitoyda xun avlodidan chiqqan Shi Loning budist shoiri Fotuçeng tilidan aytilgan. Shiratori (1902), Ramstedt (1922), Bazin (1948), Gabain (1950) va Doerfer (1973) bu toʻrtlikni turlicha oʻqishgan: Doerfer hatto hazil yoʻli bilan uni “akkadcha ham oʻqisa boʻladi” degan. Tekin barcha oldingi oʻqishlarni birma-bir koʻzdan kechirgach, oʻzining toʻliq grammatik tizimga ega yangi oʻqishini oʻrtaga qoʻyadi [Tekin 1993]:
sü:g(i)ti tılıkang, bugukgı tuktang.
“Qoʻshinni saflantirib tashiqing (chiqing), Bugukni tuting!”
Grammatik koʻrsatkichlar: tıl-ıkang – taşı- (“chiqmoq”) feʼlining l-shevadagi koʻrinishi + 2-shaxs koʻplik buyruq qoʻshimchasi -ang; -gı – belgili toʻldiruvchi kelishigi; tuk-tang – tut- (“tutmoq”) feʼlining buyruq shakli. Bu toʻrtlik shunchaki soʻzlar yigʻindisi emas, balki mukammal grammatik tuzilishga ega butun bir matndir. Shu bois u Xun tilining turkiy tillar oilasiga mansubligini isbotlovchi eng salmoqli ilmiy dalillardan biri sanaladi.
|
Huncha |
xitoycha oʻqilishi |
oʻzbekcha koʻrinishi |
|
tılıkang |
tʼi-li-kang |
Tashiqing (chiqing)! (buyruq) |
|
tuktang |
kü-tʼu-tang |
tutib oling |
|
Şanyü |
şan-yü |
Yabgʻu; keng va ulug’ |
|
qut |
ku-tʼu |
Qutlug‘, hazrat, ilohiy ulugʻlik |
|
sü:kä |
siu-kʼi |
qoʻshinga |
|
Tängri |
ç’eng-li |
koʻk, tangri |
|
Orun |
roy/lung |
Oʻrin, joy, taxt (toponim) |
|
Sü |
šaw / siu-kʼi |
qoʻshin, lashkar |
|
qingraq |
keyh-räh |
egri pichoq, qingʻir |
|
güd-tüg |
suruv, toʻda |
|
|
budurçin |
bwit-dö-dhiy |
Bedana, bitbildiq |
|
qarsaq |
kwan cjí |
dasht tulkisi, qarsoq |
|
duruk/durak (turoq) |
d(h)wäh räk |
qabr, dafn joyi |
|
äpçi/äbçi |
yen-çi |
xonning xotini, xotun |
Yuqorida koʻrib chiqilgan soʻzlar va 329-yilgi xuncha toʻrtlik bir narsani aniq koʻrsatadi: xun tili toʻgʻrisidagi jumboq toʻla-toʻkis yechilmagan boʻlsa-da, uning soʻz boyligida turkcha oʻzakka ega qatlam mavjudligi aniq va bu holat xun tili boʻyicha ilgari surilgan boshqa qarashlarga qaraganda ancha asosliroqdir.
Ikkala tilshunos olim – Anna Dybo (Rossiya solishtirma tilshunoslik maktabi) va Talat Tekin (turkologiya oqimi) butunlay boshqa-boshqa uslubiy yoʻnalishlar va tadqiqot metodlaridan foydalangan holda bir xil toʻxtamga kelishgan. Bu oddiy tasodif emas, balki ikki mustaqil ilmiy yoʻlning bir nuqtada kesishuvi boʻlib, ilmiy ishonchlilik uchun eng kuchli dalil sanaladi. Tängri, sü, qut, yabgʻu, qingʻiraq, äpçi, ordu, budurçin, tämir kabi soʻzlar yagona til ildizlariga borib taqalishini yaqqol koʻrsatadi.
Shu bilan birga, Dyboning izlanishlari xuncha soʻz boyligida yolgʻiz turkiy izlar emas, balki eroncha, toʻxor va moʻgʻulcha qatlamlar ham borligini koʻrsatadi. Bu holat xun elining “bir til – bir elat” shaklida emas, balki koʻplab elatlar va tillarni oʻz ichiga olgan yirik siyosiy uyushma boʻlganini tasdiqlaydi. Shuning uchun “xun tili” deyishdan koʻra, “xun birlashmasi tili” atamasini qoʻllash ilmiy jihatdan toʻgʻriroqdir.
Milodiy 329-yilga oid xuncha toʻrtlik ushbu tadqiqotlarning choʻqqisi hisoblanadi. U shunchaki alohida soʻz yoki unvon emas, balki mukammal grammatik tuzilishga ega butun bir matndir. “Sü:g(i)ti tilikang, bugukgi tuktang” – yaʼni “Qoʻshinni saflantirib chiqing, Bugukni tuting!” – deb tarjima qilinuvchi mazkur misradagi buyruq shakllari, belgili tushum kelishigi va feʼl oʻzaklari turkiy tillar qoidalariga toʻla mos keladi. Fonetik va morfologik jihatdan yaxlit turkcha tuzilishga ega ushbu toʻrtlik xun tilining turkiy tabiatini isbotlovchi eng salmoqli dalillardan biri boʻlib qolmoqda.
Xun eli shonli dovrugʻi bilan tarix tub qatlamlariga singib ketgan boʻlsa-da, xitoy iyerogliflari ortida yashirinib qolgan tängri, sü, qut, ordu kabi soʻzlar aslo unutilgani yoʻq. Ular bugungi turkiy tillarda, Oʻrxun bitiklarida, Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻati turk”ida, hatto Yevropa tillaridagi “horde” soʻzida ham oʻz hayotini davom ettirmoqda.
Alparslon BOBOYOROV
Qoʻllanilgan adabiyotlar roʻyxati
Birlamchi manbalar:
Shi-ji (史記) – Sima Szyan. Qadimgi Xitoy tarixi (Oʻtmishdan esdaliklar).
Xan-shu (漢書) – Xan sulolasi tarixi.
Chin-shu (晉書) – Chin sulolasi tarixi.
Ikkilamchi manbalar:
1. Bazin, L. (1948). Un texte oghouz du IVe siècle.
2. Boodberg, P. A. (1936). The Language of the Tʼo-pa Wei.
3. Clauson, G. (1972). An Etymological Dictionary of Pre-Thirteenth-Century Turkish. Oxford University Press.
4. Doerfer, G. (1973). Zur Sprache der Hunnen. Central Asiatic Journal.
5. Doerfer, G. (1963–1975). Türkische und mongolische Elemente im Neupersischen (TMN). Band IV. Wiesbaden: Harrassowitz.
6. Dybo, A. V. (2007). Lingvisticheskie kontakty rannikh tyurkov: Leksicheskiy fond. Pratyrkskiy period. Moskva: Vostochnaya literatura.
7. Gabain, A. von (1950). Alt-Hunnisches.
8. Hirth, F. (1900). Die Ahnentafel der Attila-Hunnen. München.
9. Mahmud Koshgʻariy (XI). Devonu lugʻatit-turk.
10. Pulleyblank, E. G. (1962). The Hsiung-nu Language / The Consonant System of Old Chinese. Asia Major.
11. Tekin, T. (1993). Hunların Dili. Ankara: Türk Dil Kurumu Yayınları.