Istaymanki, qalamni qoʻlumgʻa olub koʻrganda, eshitgan soʻzlarimdan “Oyina” majallasining oʻquvchilarigʻa bir necha gʻalatirogʻini yozayin. Lekin xushim kelmaydur...

Istaymanki, yozayin: bu yaqin vaqtlarda katta kishilarimizdan biri katta toʻy qilib, necha shaharlardan davlatmandlarni toʻyigʻa daʼvat aylab, alargʻa necha ming soʻmlar sarf qilganda, faqir odamlarni va benavo talabalarni yodigʻa ham solmadi. Lekin xushim kelmaydur...

Istaymanki, yozayin: mashhur tojirlarimizdan bir necha nafari oʻz oralarida juma kunlarini taʼtil qilub, doʻkonlarini bogʻlamoqgʻa qaror berib, soʻngra ahdlarini sindurdilar va hozirda “musichai begunoh”dek juma kunlari savdo qiladurlar, xushim kelmaydur...

Istaymanki, yozayin: boylarimizdan biri talabamiz uchun 5 soʻm iona tilaganda bermay, har bayramda rus xonimlarini ziyofat qilub, 100 soʻm-100 soʻm xarj qiladur-da, oʻzini eng muqaddas va mutadayyin odam hisob qiladur, oh, xushim kelmaydur...

Istaymanki, yozayin: merosiy boybachalarimizdan birisi maktabgʻa ikki soʻm bermoqni isrof bilub, fahshxonalargʻa necha ming soʻmni nobud qilub, oxirda sinub, mayda-mayda boʻldi, xushim kelmaydur...

Istaymanki, yozayin: baʼzilar yana dini shia va sunniy masalasini oʻrtagʻa solub, ogʻzigʻa kelgan xurofotni soʻylab, avomlarni jonigʻa kelturub yurubdur, xushim kelmaydur...

Istaymanki, yozayin: haqiqiy mullalarimizdan biri bir necha xilof sharʼiy odatlarni, vahshiyona rasmlarni barham beraman deganda, bir necha maftxoʻrlar va qodin quli nimchalar oni raddi maʼraka va tard majlis qildilar, ay qoʻy, xushim kelmaydur...

Xulosa har nima qilamanki, xushim kelsun, kelmaydur, yana kelmaydur!

Agar “Oyina” idorasi ushbu jafangyotimni aynan majallagʻa darj qilsa, shoyadki xushim kelsun!

“Xushyoqmas”

Idora: Ey, odamlargʻa tosh otmoqgʻa xushingiz keladur-ku! Astaroq oting, “Oyina”gʻa tegmasun.

“Oyina”, 1914. №11. – B. 262-263