Bugun xalqimiz hayotida ulkan sifat oʻzgarishlari yuz bermoqda. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi bilan “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”ning qabul qilinishi mamlakatimizda tub demokratik islohotlar, transformatsion oʻzgarishlar davrini boshlab berdi. Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan, oshirilayotgan ishlar barcha sohalarni qamrab oldi. Eng asosiysi, mamlakatimizda insonning huquq va erkinliklarini, shaʼnini, qadr-qimmatini, manfaatlarini, davlat organlarining jamiyat oldida hisobdorligini taʼminlash islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.
Ayniqsa, xalq bilan muloqot qilish, majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etish borasida qilingan ishlar, fuqarolarga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan Davlat xizmatlari agentligi faoliyati, valyuta bozorining liberallashtirilishi, propiska tizimining bekor qilinishi va tashqi siyosatda salmoqli yutuqlarga erishilgani eʼtiborga loyiq.
Joriy yilning sentabr oyida Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Oʻzbekistonning yaqin besh yildagi taraqqiyot strategiyasidan koʻzlangan maqsadlar, belgilangan vazifalarni amalga oshirish tamoyillarini jamlagan “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” nomli kitobi chop etildi. Unda Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessansni qurish boʻyicha qilinayotgan ishlar va milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritilgan. Ushbu asar “Yangi Oʻzbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan gʻoyaviy-maʼnaviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng koʻlamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”, soʻzlari bilan boshlanadi.
“Harakatlar strategiyasi”ning mantiqiy davomi sifatida nashr etilgan ushbu kitob konseptual ahamiyatga ega boʻlib, unda mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar aniq bayon etilgan. Mazkur kitob oʻquvchilarda Yangi Oʻzbekistonning zamonaviy demokratik qiyofasi qanday yaratilayotgani, mamlakatni yangi rivojlanish bosqichiga koʻtarish uchun belgilab olingan strategik yoʻl toʻgʻrisida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan boʻlib oʻtgan saylovoldi uchrashuvlarida bildirilgan fikr-mulohazalar, amaliy taklif va tashabbuslar Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasini yanada takomillashtirishga xizmat qildi.
Yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisida “Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yoʻlini qatʼiy davom ettiramiz” mavzusida soʻzlagan nutqida kelgusi besh yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar haqida soʻz yuritildi.
Unda davlatimiz rahbari “El-yurtimiz biz boshlagan xalqchil islohotlarga bugun xayrixohlik va qatʼiy ishonch bilan qarab, ularning hosili va samarasini tezroq koʻrishni istamoqda. Ana shu haqli talabni inobatga olgan holda, biz Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqib, saylov jarayonida uni oʻziga xos umumxalq muhokamasidan oʻtkazdik. Bu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini taʼminlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qoʻyildi”, deya taʼkidladi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Bundan buyon jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi faoliyat “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etiladi.
Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi 7 ta yoʻnalishdan iborat:
Birinchi yoʻnalish erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etishga qaratilgan. Buning uchun kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga oʻtkaziladi. Har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi. Tuman byudjeti qoʻshimcha manbalar bilan taʼminlanib, mahallaning alohida jamgʻarmasi shakllantiriladi. Markaziy idoralar transformatsiya qilinib, ixcham va samarali boshqaruv tizimi yaratiladi, bir xil yoʻnalishdagi vazifalarni amalga oshirayotgan idoralar optimallashtiriladi;
Ikkinchi yoʻnalish adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson qadr-qimmatini taʼminlash vazifalarini qamrab olgan. Bu borada sudlov tizimi va advokatura instituti, huquq-tartibot organlari faoliyati takomillashtiriladi. Tadbirkor va mulkdorlar huquqlarining himoyasi kuchaytiriladi. Korrupsiyaga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalari safarbar etiladi. Bunda aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, korrupsiyaning sabablarini oldindan bartaraf etish choralari koʻriladi;
Uchinchi yoʻnalish milliy iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi rejalarni qamrab oladi. Bu borada 2030-yilga borib, jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga chiqish maqsad qilingan boʻlib, bunga xususiy sektorni ragʻbatlantirish va uning ulushini oshirish hamda toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishiladi. Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlab, inflyatsiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish choralari koʻriladi. Shuningdek, aholini uy-joy va toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, zamonaviy yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti hamda hududlararo qatnovlarni yaxshilash boʻyicha ham yirik loyihalar amalga oshiriladi;
Toʻrtinchi yoʻnalishga asosan adolatli ijtimoiy siyosat yuritish hamda inson kapitalini rivojlantirishning eng muhim omili hisoblangan sifatli taʼlim-tarbiya masalasi bundan buyon ham doimiy eʼtibor markazida boʻladi. Bu borada oliy toifali oʻqituvchilarning oylik maoshini 2025-yilga borib, ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Yangi maktablar qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaning barcha bosqichlari oʻrtasida uzviylikni taʼminlashga qaratilgan Milliy taʼlim dasturi ishlab chiqiladi.
Aholi salomatligini mustahkamlash uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshi ham ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkaziladi. Viloyat, tuman va shaharlarda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar koʻlami kengaytiriladi. Davlat tibbiy sugʻurta tizimi ishga tushirilib, mablag‘ aniq bemorga bogʻlangan holda ajratiladi. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish muhim vazifa boʻlib qoladi;
Beshinchi yoʻnalishga asosan maʼnaviy va maʼrifiy sohalarda islohotlar amalga oshiriladi. Shu maqsadda “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Madaniyat va sanʼatni yuksaltirish, yoshlarni sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalash, millatlararo hamjihatlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Zero, bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona va ahil oila boʻlib yashayotgani, fidokorona mehnati bilan mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgani eʼtiborga loyiq. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti: “Bizning davlat siyosatimizda bundan buyon ham barcha millat va elat vakillarining milliy oʻzligini, ona tili va madaniyatini, dini, urf-odat va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beriladi”, deya alohida taʼkidlab oʻtgani bejizga emas;
Oltinchi yoʻnalishga asosan global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish, bu boradagi barcha saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirishga eʼtibor qaratiladi. Xususan, Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida rivojlantirish, Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish masalalari diqqat markazida boʻladi.
Mamlakatimizda boʻlib oʻtgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyada qabul qilingan qaror va hujjatlarning izchil bajarilishi uchun xalqaro hamkorlar bilan zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
Yettinchi yoʻnalishda mamlakatimizdagi tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi vazifalar oʻz ifodasini topgan. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining qudratini yanada oshirish, harbiylarning jangovar shayligi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini kuchaytirishga eʼtibor qaratiladi. Xalqaro hamkorlikda pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat, iqtisodiy diplomatiya davom ettiriladi. Avvalo, qoʻshni mamlakatlar va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan oʻzaro manfaatli va koʻpqirrali aloqalar kengaytiriladi.
Umuman olganda, “Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi”da aks etgan maqsad va vazifalar mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish – davlatimiz rahbarining ezgu saʼy-harakatlarida bosh mezon boʻlib qolganligidan dalolat beradi.
Sanjarbek DAVLETOV,
Urganch davlat universiteti prorektori,
tabiiy fanlar doktori