“Yangi qurilishlar shaharni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak” — Saida Mirziyoyeva

Toshkent shiddat bilan kengayib bormoqda. Shaharsozlik va ekologiya bilan bogʻliq bugungi vaziyat esa uning kelajagiga har qachongidan ham jiddiy eʼtibor va tahlilni talab qilmoqda.

Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva yirik loyihalar tashabbuskorlari, mustaqil mutaxassislar va urbanistlar, yetakchi ixtisoslashgan ijodiy studiyalar hamda oliy taʼlim muassasalari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy obʼyektlar zimmasiga katta yuk tushayotganidan tortib, elektr hamda suv taʼminoti muammolarigacha boʻlgan masalalar muhokama qilindi.

“Yangi qurilishlar shaharni rivojlantirishga xizmat qilishi, qoʻshimcha nomutanosiblik keltirib chiqarmasligi va hududiy tizimlarni ortiqcha zoʻriqtirmasligi kerak”, — dedi Saida Mirziyoyeva.