Ayni vaqtda davlat rahbari Yangi Toshkentda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.
Rejaga koʻra, hudud zamonaviy biznes, taʼlim, tibbiyot, turizm va xizmat koʻrsatishni oʻziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerak. Lekin hozirgacha ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga toʻgʻri kelmoqda.
“Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xabarga koʻra, investorlarga berilgan 28 ta lotda faol qurilish boshlanmagan. Prezident buni sarmoyadorlarda mablag‘ yoki xohish yoʻqligi bilan izohlash toʻgʻri emasligini aytdi. Taʼkidlanishicha, eskicha talablar, choʻziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor oʻrniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga toʻsiq boʻlmoqda.
“Investor esa kutmaydi. U koʻmak va kafolat sezmasa, mablagʻini boshqa bozorga yoʻnaltiradi”, dedi mamlakat yetakchisi.
Shu bois, tadbirkorga yer ajratishdan tortib, loyihani ishga tushirishgacha boʻlgan jarayon qayta koʻrib chiqilishi zarurligi aytildi.
Maʼlumot uchun, hozirda Yangi Toshkentda yerga talab ortib bormoqda. Bir gektarning oʻrtacha qiymati 2024-yilda 10 milliard soʻmga yetmagan boʻlsa, ayni paytda 19 milliard soʻmga chiqqan.