Toshkentning uchta tumaniga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Abdulaziz Axatovich Abdulxakov Toshkent shahrining Yashnobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. U 1980-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida hokimlik tizimida qurilish, arxitektura va kommunal xoʻjalik sohalarida bir qator masʼul lavozimlarda ishlagan.
2025-yildan buyon Toshkentdagi UET Construction MCHJda ijtimoiy obyektlarni qurish departamenti direktori lavozimida ishlab kelgan.
Lazizbek Poʻlatovich Temirov Toshkent shahrining Yangihayot tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
U 1989-yilda Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanida tugʻilgan. 2012-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bakalavriat, 2021-yilda esa magistraturasini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida iqtisodiyot va davlat boshqaruvi tizimida qator masʼul lavozimlarda ishlagan.
Tayinlovga qadar, 2024-yildan buyon Yashnobod tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Inogamov Hayot Ilyasovich Chilonzor tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Hayot Inogamov 1986-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy. 2006-yilda Toshkent avtomobil yoʻllari institutini, 2008-yilda esa mazkur institut magistraturasini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida transport va yoʻl infratuzilmasi hamda davlat boshqaruvi tizimida qator masʼul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2020-yildan Yangihayot tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan.