Tabiatda shunday qonuniyatlar borki, hayvonot olamidagi vaziyatlar baʼzi koʻrinishda bashariyat olamida ham takrorlanadi. Shulardan biri – mobbing.

Mobbing – bir turdan tashkil topgan jamoa oʻzidan biroz farqli boshqa tur vakilini taʼqib ostiga olishi, bosim oʻtkazishi, zugʻm qilishi natijasida yuzaga keladigan kontrast (ziddiyatli) holatga nisbatan aytiladi.

“Mobbing” atamasidan ilk bor Konrad Lorenzning “Agressiya haqida” (“On Aggression”. 1966) nomli kitobida qushlarning jamoaviy hujumini yoritish jarayonida foydalangan. Muallif hayvonot olamidagi bu hodisani instinktlarga bogʻlaydi. Shuningdek, insonlar orasidagi xuddi shu vaziyatga tugʻma impulslarni sabab qilib keltiradi.

Yevropada “mobbing” atamasi faqat ishxonadagi vaziyat uchungina qoʻllaniladi. Muassasadagi mobbing mutaxassisi oʻtkazgan anonim soʻrovnomasi orqali tashkilotda mobbing bor-yoʻqligi aniqlanadi va vaziyatga koʻra ish tutiladi.

Mobbing belgilari:

• Tazyiq

• Bosim

• Haqorat

• Ayblov

• Kamsitish

• Mensimaslik

• Ayirmachilik

• Qoʻshimcha ish yuklamalari

• Kamchilik topish

• Mish-mish/gʻiybat

• Haydash/haydalish

Mobbingning yuzaga kelish sabablari

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, mobbing – bir turdan iborat jamoa boshqa tur vakilini oʻz safiga qoʻshilishiga turli yoʻllar bilan toʻsqinlik qilishi. Bunga sabablar quyidagicha boʻlishi mumkin:

• Diniy farqlanish;

• Irqiy farqlanish;

• Milliy farqlanish;

• Yoshdagi farqlanish;

• Jinsdagi farqlanish;

• Ijtimoiy kelib chiqishi yuzasidan farqlanish (tabaqalanish);

• Moliyaviy holati yuzasidan farqlanish (kasodga uchraganlik);

• Ijtimoiy cheklanganlik sabab farqlanish (yetim, sudlangan, ajrashgan…);

• Salomatlik darajasi boʻyicha farqlanish (yuqumli kasallikka chalinganlik);

• Ijtimoiy holati boʻyicha farqlanish (ruhiy kasal, nogironlik);

• Ruhiy holati boʻyicha farqlanish (travma olganlik darajasi);

• Aqliy faoliyati boʻyicha farqlanish (axborotni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va uzatish darajasi);

• va boshqa holatlar.