Turkiston va Onadoʻli oʻrtasidagi maʼnaviy-madaniy aloqalar tarixi asrlarga tutashgan boʻlib, bu rishtalarning eng yorqin va unutilmas siymolaridan biri shubhasiz Sayyid Shamsiddin Muhammad al-Buxoriydir. Islom olamida “Amir Sulton” nomi bilan shuhrat qozongan bu ulug‘ zot nafaqat Buxoroi sharifning ilmiy muhitida kamol topgan zabardast olim, balki Usmonli imperiyasining eng shonli davrlarida sultonlarga yoʻlboshchilik qilgan maʼnaviy rahnamo hamdir.
Uning hayot yoʻli Buxorodan boshlanib, Madinai Munavvara orqali Bursaga tutashgani ramziy maʼnoga ega. Amir Sulton nafaqat Sulton Yildirim Boyazidning kuyovi va maslakdoshi, Usmonli xonadoni vakillarining maʼnaviy piri boʻlgan tariqat peshvosidir. Uning Onadoʻli tuprogʻiga naqshbandiya tasavvuf maktabining nafasini olib kirishi oʻsha davrdagi siyosiy va ijtimoiy hayotda tub oʻzgarishlarga olib keldi.
Shayx Shamsuddin Muhammad ibn Ali Husayniy taxminan 1369-yilda tavallud topgan. Buxoroda tugʻilganligi uchun “Muhammad Buxoriy”, Yildirim Boyazidning kuyovi boʻlganligi uchun “Amir Sulton” hamda sayyidlar avlodidan boʻlganligi sabab “Amir Buxoriy” nomlari bilan mashhur boʻlgan. Otasining ismi Ali Husayn. Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy 1390-yilda Bursaga koʻchib keladi va Yildirim Boyazidning qizi Hundi Xotun bilan turmush quradi.
Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy yoshlik chogʻida ulug‘ mashoyixlar xizmatida boʻlgan. Soʻng Rum (Anadolu) oʻlkasiga kelib, Bursa shahrida qoʻnim topgan. Shayx Sadriddin Qonaviy hazratlarining “Miftoh ul-gʻayb” (Gʻayb kaliti) nomli kitobi orqali tasavvuf ilmini Mavlono Fanoriydan oʻrgangan.
Usmonli manbalarida keltirilishicha, Yildirim Boyazidxon qizi oʻzining xos bogʻi tarafiga ketayotib, arava pardasining orasidan u kishini koʻrib qoladi. Bu payt Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy Bursaga ilk kelgan kezlari boʻlib, hozirda dafn etilgan joyi oʻrniga chodirlarini qurayotgan palla edi. Shunda qiz oʻz enagasiga quyidagicha xitob qiladi: “Tushimda Faxri Olam (sollallohu alayhi va sallam) meni ushbu zotga nikohladilar va “Sening dunyo va oxiratdagi jufting budur”, deb buyurdilar”, deya koʻrsatdi.
Malikaning koʻnglida shayxga nisbatan bir tuygʻu gʻolib kelib, bogʻga borishdan koʻra saroyga qaytishni afzal koʻradi. Otasi Sulton Boyazid Valaxiya tomonlarda yurishda boʻlgani sabab, u qaytib kelguncha sabr qilolmay, ertasi kuni vakilini shayx huzuriga yuboradi. Shundan soʻng hidoyat shiorli shayx bilan shariat qoidalariga koʻra nikohlandilar. Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy ham tabassum qilib, xuddi ushbu voqea qissasi oʻziga ham ayon boʻlganini soʻzlaydi. Ilohiy yoʻl bilan maʼlum boʻlgan ushbu sirni oʻz muridlariga ham bildiradi.
Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy nasabining ulugʻligi haqida hikoya mashhur boʻlib, moʻtabar kitoblarning birida shunday bitilgan:
Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy haj qilgan yillarida Hazrat Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam)ning Ravzai Mutahharalariga (pokiza qabrlariga) boradi. “Surra” (yuborilgan ehsonlar) va sadaqalarni taqsimlash vaqtida Madina sayyidlari bilan birga hozir boʻladilar. Lekin ular (Madina sayyidlari) ulug‘ shayxning oddiy darveshona xirqasiga boqib, goʻyo uning nasabi toʻgʻriligiga shubha qilgandek boʻldilar va tenglik yuzasidan ehsondan bahramand boʻlishiga rozi boʻlmaydilar.
Shunda Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy bu tuhmatdan or qilib: “Ehsonni olsak, barobar olamiz. Agar shubhangiz boʻlsa, sizlar bilan birga Ravzai Mutahharaga borib salom beraylik. Qaysi birimizning salomimizga javob qaytarsalar, oʻshaning nasabi sobit boʻlur. Aks holda daʼvongiz shunchaki takabburlik boʻlib qolur”, dedi-da, ittifoq boʻlib sayyidlar bilan birga Nabaviy alayhissalomning munavvar qabrlariga boradilar. U yerda yigʻilgan barcha sayyidlar bir-bir bandalik arzi bilan salom berdilar. Ammo Hazrat Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam) ulardan hech birining salomiga javob bermadilar. Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy salom berib, yaʼni “Assalomu alaykum ya jaddi” (Assalomu alaykum, ey bobojonim) deganlari hamonoq pokiza qabrdan “Va alaykumassalom ya valadi” (Va alaykum assalom, ey farzandim) degan sado eshitildi. U zotning shon-sharafi ulugʻligini bilib, Makka va Madina sayyidlari taʼzim va ehtirom koʻrsatishga kirishdilar.
Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriyning hayotida roʻy bergan voqealardan biri Usmonli sultoni Yildirim Boyazidning hidoyat yoʻliga qaytish voqeasidir. Munjimboshi Ahmad ibn Lutfullohning “Jome’ ad-duval” asarida yozilishicha, Sulton Boyazid 1396-yil Nikopol shahri yaqinida Venger qiroli Sigizmund boshchiligidagi fransuz, italyan, ingliz, ispan, chex va boshqalardan iborat boʻlgan salibchilar ustidan ulkan gʻalabaga erishadi. Bu gʻalabadan keyin Sulton Boyazid Bursada katta jome masjidi qurishni buyuradi. Hali qurilishi yakunlanmagan jomeʼni koʻzdan kechirgani borganida, yonida kuyovi Shamsiddin Muhammad Buxoriy ham bor edi. Sulton shayxdan: “Ushbu bino sizning tabiatingizga muvofiq va maʼqul keldimi?” deb soʻraydi. Shunda Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriy: “Bino nihoyatda goʻzal va mustahkamdir, biroq uning har toʻrt tarafida bittadan mayxona qurilsa, komil boʻlar edi’, deb javob berdi.
Sultonning rangi oʻzgarib: “Bu Allohning uyi-ku! Qanday qilib uning yonida sharob va fisq-u fujur maskani boʻlishi mumkin?” deydi. Shunda shayx dedilar: “Ey Sulton! Haqiqat shuki, Allohning uyi moʻminning qalbidir, uni turli gunohlar va sharob ichish bilan ifloslantirmadingizmi?”. Shayxning ushbu tanbehona javobidan soʻng sulton gʻaflat uyqusidan uygʻonib, oʻsha zahoti tavba va inobat qildi. Shundan soʻng Sulton Boyazid sharob ichishni va koʻngilochar majlislarga borishni toʻxtatib, gunoh ishlardan tiyildi.
Shayx Shamsuddin Muhammad Buxoriyning xayrli ishlaridan yana biri Sulton Boyazid huzuriga kelgan Amir Temur elchilarining hayotini saqlab qolganidir. Amir Temur va Sulton Boyazid oʻrtasidagi elchilik aloqalaridan birida Sohibqiron Sulton Boyazidga quyidagi mazmunda maktub yuboradi: “Turkman Qora Yusuf hojilar yoʻlida cheksiz buzgʻunchiliklar qilgani uchun, uni qoʻlga olib, munosib jazo berish qatʼiy qaror qilingan edi. Mazkur Qora Yusuf va sobiq Bagʻdod hokimi Ahmad Jaloyir bir muddat Misr sultoniga panoh izlab bordilar. Endi esa ittifoq boʻlib, sizning huzuringizga sodiqlik tushunchasi bilan ketdilar. Rum viloyatini fath qilishni kechiktirib, sizga ixtiyor beramiz-ki: yo mazkur Qora Yusuf va Ahmad Jaloyirning kallalarini olib, odamlarimizga topshirasiz, yoki ikkisini ham kishanlab, mahbus holda yuborasiz. Agar “Ular bizga panoh soʻrab kelganlar, sultonlarning oliyjanob odatlariga koʻra ularni himoya qilish bizga lozimdir” deb javob qaytarsangiz, u holda ularni oʻz tasarrufingizdagi Rum mulkidan quvib chiqaring. Toki bizning talabimizga yordam berib, shiddatli qoʻshinlarimizning fitna va fasod yoʻliga kirishining oldini olgan boʻlasiz.
Shuningdek, Arzinjon hokimining oʻz merosiy mulkini tortib olib, qalʼasini zabt etibsiz. Bu tomonga samimiyat bilan uning kalitini yuboring. Toki “Mulkni Oʻzimiz xohlagan kishiga beramiz” xitobiga duchor boʻlmagaysiz. Mabodo, qahrli askarlarimiz urush oʻtini yoqsa, nogahoniy chaqmoq kabi ofat obod mamlakatlaringizga yetsa, keksa-yu yosh “Biz Allohnikimiz va Unga qaytguvchimiz” deyish bilan ovora boʻlib, oʻzingizda xotirjamlik topolmay qolasiz. Va Arzinjon voliysi ham oʻzining pokiza tabiati bilan davlatimiz kunlarida oʻz merosiy mulkiga ega boʻlib, madh-u sano yoʻlidan yursin. Aks holda, u tomonga azimatimiz muqarrar va u yerlarni fath etib, gʻorat qilishga harakatimiz takroriy boʻlishini biling”.
Mana shunday mazmundagi maktublar bilan ikki marta elchilar kelib, Amir Temurning istaklarini Sulton Boyazidga yetkazdilar. Bu kabi maktublar Sultonning jahl otiga minishiga sabab boʻladi. Hatto, elchilarni qatl qilish haqida farmon berish darajasiga yetdi. Ammo Sayyid Shamsuddin Muhammad Buxoriy, Sayyid Muhammad Fanoriy va boshqa nufuzli vazirlar hamda amirlar ittifoq boʻlib, elchilarni oʻlimdan qutqarib qoldilar va “Hukmdorlar odatiga kirmagan bunday ishning, yaʼni elchilarni oʻldirishning xotimasi xayrli boʻlmaydi” deya sultonning qatl hukmiga monelik qildilar.
Manbalarda Shayx Shamsuddin Buxoriy Amir Temur elchilari hayotini saqlab qolgani kabi Amir Temur qoʻshini Bursaga yetib kelganida bu xalqni talon-taroj va qatldan qutqarib qolganligi bayon qilinadi. Bursa xalqi Amir Temur qoʻshinidan qoʻrqib, Shayx Shamsuddin Buxoriy huzuriga odam yuborib, Amir Temurdan omonlik tilashni iltimos qiladi. Shayx Shamsuddin Buxoriy bir muridini Sohibqiron huzuriga yuborib, Bursa xalqiga omonlik soʻraydi. Amir Temur ham shayx hazratlarining muborak xotiri uchun Bursa xalqiga omonlik beradi.
Shayx Shamsuddin Buxoriy 1429-yilda vafot etadi. Qabri va maqbarasi Bursadagi Amir Sulton jomeʼsi yaqinida joylashgan. Onadoʻli darvishlarining ulug‘ piri boʻlgan shayx vafotidan keyin uning maqbarasi asrlar davomida darvishlarning asosiy ziyorat maskanlaridan biriga aylanadi. Shayx Shamsuddin Buxoriy hayotlik chogʻlarida ham toʻrt tomondan minglab darvishlar kelib, ilm istab uning dargohida xizmatda boʻlgan.
Shayx Shamsuddin Buxoriy vafotidan keyin bir moʻjizaviy voqea sodir boʻladi. Shayx Bobo Yusuf haj ibodati uchun Madinai Munavvaraga borib, Paygʻambar alayhissalom qabrlarini ziyorat qilgan vaqt Ravzai Mutahharaning tashqarisida bir hassa turar, uni xizmatchilar doim muhofaza qilar edilar. Tasodifan, Olamlar Faxri (Muhammad s.a.v.) tushlarida yoki maʼnaviy holatda oʻsha hassani Shayx Bobo Yusufga berdilar va shunday buyurdilar: “Ushbu hassani olib, uni uch boʻlakka boʻlgin. Bir boʻlagini Bursadagi Sayyid Muhammad Buxoriy (Amir Sulton) mozoriga, birini Anqaradagi Shayx Hoji Bayram Valiyning nurafshon marqadiga (qabriga), uchinchi boʻlagini esa falon ulug‘ shayxning latif qabriga olib borib qoʻygaysan”.
Xulosa qilib aytganda, Amir Sulton Shamsiddin Buxoriyning hayoti va faoliyati Turkiston hamda Onadoʻli oʻrtasidagi maʼnaviy birlikning eng yuksak choʻqqisidir. U shunchaki sultonning maslahatgoʻyi yoki kuyovi boʻlib qolmay, balki Turkistonning ilmiy salohiyati va tasavvufiy maktabini Usmonli davlatida keng yoygan avliyolardan. Uning sharofati bilan turk sultonlarining maʼnaviy kamoloti yuksaldi, koʻplab musulmonlarning jon-u moli saqlab qolindi. Bugungi kunda ham Bursa shahridagi Amir Sulton majmuasi ziyoratchilar bilan gavjumligi, u zot qoldirgan merosning asrlar osha oʻz qadrini yoʻqotmaganidan dalolat. Bu ulug‘ zotning merosini oʻrganish, nafaqat tariximizni boyitadi, balki qardosh xalqlar oʻrtasidagi mushtarak ildizlarni anglashda ham muhim mayoq boʻlib xizmat qiladi.
Abdullajon USMONOV,
OʻzR FA Tarix instituti tayanch doktoranti