Oʻtgan yoz ota uyimga bordim. Hovli boʻm-boʻsh, huvillab yotibdi. Bu yer bolalarga toʻla, ari iniday qaynar edi. Ichimdan bir nima uzilganday boʻldi, koʻnglim buzildi. Oʻzimga sigʻmay ketdim. Mungli xotiralardan chalgʻish niyatida koʻchaga chiqdim. Hech kimni tanimadim. Bari yosh-yalanglar. Birovi salom berib, boshqasi xayollari bilan andarmon oʻtib ketadi. Qoʻshnilarimizning darvozalariga termildim: Xursand xola, Momoxol xola, shaharlik boʻlgani uchun hamma tojik yanga deb chaqiradigan Minovar xola, Sanobar yangam, Qoʻysinoy yangam... Hozir ularning hech biri hayot emas. 

Ular bilan meni bogʻlagan onam yo ota hovlimmi? Oʻylasam, bizni bogʻlovchi rishtalar koʻp ekan. Momoxol xolam sepim uchun quroq yostiq tikib bergan. Ularning ichiga gulpaxta solingan, bir necha oʻn yil mobaynida rangi ham oʻngmadi. Xolamning oʻzi oʻngib, toʻzib, bir parcha vatanga aylanganiga ancha boʻldi. Sanobar yangam rassom edi. Oq, qizil, sariq mato olib, ichiga uch-toʻrt soʻm solib, uyiga tashlab kelinardi. Turmush tashvishlaridan ortib, kashta uchun gullar, naqshlar chizardi. Ularga qanday rangli iplar ketishini ham yozib qoʻyardi. Oʻta injiq qaynonasi, ikki qayinsinglisi, oʻnga yaqin bolasi bor edi. Ish qaynab yotadigan qishloqda bunday nafis ishlarga qanday ulgurdi ekan?

Qoʻysinoy yangam keng koʻylaklar tikardi. Ona qadrdonlarimizning hammasi ham hunarli boʻlgan. Oldinlari chachvonsiz paranjiga oʻxshab ketadigan boyjelaklar bor edi. Keyinchalik eskilik sarqiti deb sottirilmay qoʻydi, ayollar oʻzi tikib oladigan boʻldi. Bora-bora urfdan ham qoldi. Chekka-chekka qishloqlardagina saqlangan. Boshingiz, yelkangizdan toʻpiqqacha tushib turadigan boyjelakda ayollar allaqanday xushqad, sirli, salobatli koʻrinardi... 

***

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtida “Balli, ayollar” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Undagi bitta shart ilgak bilan roʻmolcha toʻqish edi. Shart bajarilayotganda bilim yurti boshligʻi oʻtirgan joyidan turib kelib:

– Bolalikni yodga solarkan, oʻquvchiligimizda shunday roʻmolcha hadya qilishsa qanchalar quvonardik, – deya yoshlikning begʻubor pallasini esladi. Qancha suvlar oqib oʻtgan, ammo toʻqilgan roʻmolcha uni hamon hayajonga solayapti!

U nimaning ramzi, qanday hikmati bor?

Abdulla Oripov shunday yozadi:

Quyosh ham falakda bamisli roʻyo,

U endi yondirmas. Yaltirar faqat.

Doʻstlar, u ham endi quyoshmas aslo,

U olis yoshlikda qolgan muhabbat.

Toʻqilgan roʻmolcha yoshlikning ramzi. Rang-barang, sirli tovlanuvchi pistonlarda, jimjimador toʻqimalarda goʻzal sevgi qissalari, izhori dillar, umidlar mujassam. Toʻqiyotgan qizni hech kuzatganmisiz? Koʻzlaridagi yolqinlar, lab burchidan chiqishga hozir sirlar, naqshlarga nimtabassum bilan singib borayotgan suluvning oʻzini bir dostonga mengzash mumkin.

Rassom boʻlganimda dala ishlaridan soʻng salqin ariqlar labida tushlik qilayotgan qishloq qizlarini, chakki, koʻkat, pomidor, bugʻdoynondan iborat kamtarin dasturxonlarni, tin olar-olmas roʻmolcha toʻqishga, jiyak tikishga tushgan oftobjamollar rasmini chizgan boʻlardim. Qizlar roʻmolcha toʻqimay qoʻydi. Bugun ularni band qiladigan narsalar koʻp. Toʻqilgan roʻmolchalar, naqshlarga ingan sassiz izhorlar yoʻq. Afsus...

Yoʻqolgan boʻgʻjoma

Koʻrpa-toʻshaklarni demasa, avloddan avlodga oʻtib kelayotgan koʻp narsalardan voz kechdik. Seplar turk mollari bilan toʻldi, ichida nimalar yoʻq deysiz? Oldinlari uylar tokchali boʻlardi. Hozir qoldimikan? Yoshlar alohida chiqib ketgach, keksalar qolgan uylarda boʻlishi mumkin. Toʻrda maxsus joy qilinib, ustiga koʻrpa-toʻshak taxlanardi. Bu taxmon deyiladi. Kelin-kuyovning uyidagi taxmonlar sanʼat darajasida boʻlgan.

Har ikki tomon qilgan koʻrpa-toʻshaklar orasida kelin tomonniki ajralib turgan – kashtali bolishlar, katta oynalar uchun yarim burchak bezakli kashtalar. Tekis taxlangan koʻrpa-toʻshaklar kashtali, konvert shaklida tepadan tushib turadigan boʻlagining uchi shokila bilan bezak berilgan boʻgʻjomaga oʻrab, taxmonga qoʻyilgan. Ham goʻzallik, ham kemiruvchilardan asrovchi vazifasini bajargan. Boʻgʻjomalardan foydalanmay qoʻydik. Qoʻrqamanki, bu soʻz yoshlar tilida unutilib ketmasa...

Taxtapopukdan kultuvshakka oʻtish

Ayol-qizlarning soch oʻrimlariga boqib yoshi, ijtimoiy mavqeini bilish mumkin edi. Hozir bir xillik koʻp. Uzun, qirq oʻrim sochlar uy yumushlarini bajarganda xalal beradi. Qizlar uni tekis bir chiziq qilib, ipga tizib qoʻyganlar. Bu chilvir sochlarning tartib bilan orqada turishini taʼminlagan. Ayni holat turmushga chiqmagan qizlargagina xos.

Kelinchaklar uchun boshqacharoq, hashamdorroq taxtapopuklar boʻlgan. Oldinlari ana shu popuklar hunarmandlik rastalarida sotilardi: uchlari bir tekis, rangli ipak ip, piston va munchoqlar bilan bezak berilgan. Mayda oʻrilgan sochlarga bir yarim qarichcha pastdan taqilgan. Kelinchaklarning nafosatini oshirgan, nafis shildirashi yuraklarga gʻulu solgan, yurganda qomatni tik tutgan. Insonning ulgʻayish pallalari boʻladi: bolalik, yoshlik, oʻrta yosh, keksalik. Oʻrta yoshga oʻtishning oʻziga xos marosimlari boʻlgan. Bu Qashqadaryo viloyatining koʻpgina joylarida haligacha saqlangan. Nomi – soch ikkita qilish. Asosan ayollar ishtirok etadi.

Bu goʻyo yoshlik bilan xayrlashuvga oʻxshaydi. Ayol kelinlikda kiyilgani kabi keng, zar koʻylaklar bilan orolanadi. Bir necha qavat toʻshalgan koʻrpachalarda elning kayvoni, unib-oʻsgan momosi ayolning sochlarini goʻzal tilaklar, duolar, baʼzan xalq qoʻshiqlarini aytib, ikkita qilib oʻradi. Oʻsha asnoda qarindoshlar ularni turli siyliqlar bilan siylaydi. Oʻrta yoshga qadam qoʻygan ayol shu marosimdan soʻng kelinlik taʼzimlarini qiladi.

Unga onasi beradigan sovgʻalar orasida albatta boshkiyim – kultuvshak boʻlishi shart edi (koʻpdan beri shu boshkiyimda yurgan keksalarni uchratmadim). Rahmatli onam “oʻlimlik bisoti”da kultuvshak boʻlishi shart deb qattiq ishonardi. Shundan keyin ayolning sochlari ortiq qirq oʻrim qilib oʻrilmaydi. Ikki oʻrim soch yoshlikdagi kabi toʻpiqqacha boʻlmaydi. Yillar davomida siyraklashadi, kalta boʻla boshlaydi. Biror harakatingizdan biri oldinda biri orqada turib qolgan soch ivirsiq koʻrsatadi, yoshiga yarashmagan qiliqdek koʻrinadi. Boshi dumaloq qalpoqqa oʻxshaydigan kultuvshakda yelkadan sochni solish uchun biroz ochiq joyi boʻladi. Choʻmichga ham oʻxshaydi. Dastaga oʻxshash joyidan soch chiqib turadi. Jiyak kattaligidagi chetlariga oddiygina naqshlar solib tikilgan. Kultuvshak sochni batartib saqlash barobarida boshni ham asraydi. Bu boshkiyimda qishning sovugʻi, yozning jaziramasi pisand emas. Afsus, kultuvshak ham oʻtmishda qoldi.

***

Yevropa madaniyatiga havas qilmaslik mumkin emas. Tan olish kerak, ayollari koʻp narsalarda bizdan oʻzib ketgan. Oʻtmishda alloma ayollarimiz boʻlgan deya eʼtiroz bildirishingiz tabiiy. Ha, boʻlgan. Saroylarda muruvvati, ishbilarmonligi bilan dunyoga ibrat boʻlgan poshshoqizlar oʻtgan. Hammaga ham boy xonadonlar, saroylarda dunyoga kelish nasib etmaydi.

Ularning oʻtmishi va buguni bilan bizni, toʻgʻrirogʻi, oʻzimni koʻp taqqoslayman. Odamlar va madaniyatlar, anʼanalar oʻta keskin farq qilmasligiga amin boʻlaman. Qanday qilib? Tillar, dinlar farqli-ku? Insoniyatni oila degan goʻsha, farzand koʻrish istagi birlashtirib turadi. Yevropada musiqa rivojlangan deb havas qilamiz. Rassomchilik haddi aʼlosiga yetganini taʼkidlaymiz. Aslida ham shunday. Bu borada birovdan kam emasmiz. Xalq hunarmandchiligida musiqa yoʻq deb oʻylaysizmi? Qizlar tikkan kashtalar-chi? Ularda aks etgan falsafani anglab yetganmisiz? Ular oddiy bezaklar emas.

 – Shu joyini men tikib qoʻya qolay, ozgina qolibdi, buzib qoʻymayman, – deb onamning qoʻlidagi yakuniga yetay deb qolgan kashtaga qoʻl uzataman.

 – Yoʻq, shunday qoladi, bu dunyoga ishora, qizim, dunyoning chegarasi, ishlarining oxiri yoʻq...

Onamning savodi yoʻq, oʻqish-yozishni bilmasdi, ammo hayot darsini obdon oʻrgangandi. Ipak iplarni oʻzi tayyorlardi, eshardi, boʻyardi. Kashtalar hech oʻngib ketmasdi, boʻyoqlari hozirgina qoʻldan chiqqandek. Ular bugun... sandiqlarda qoldi.

Kashtaning bir turiga zardevol deyilardi. Uyning shiftga tutash yeridan qoqilardi. Tekis tursa, barq urgan gullari yaqqolroq koʻrinishi uchun besh santimetr uzunlikda mayda munchoqlar qoʻshib toʻqilardi. Eʼtibor berganmisiz? Kashtaga koʻproq anor va gullari tikiladi. Anor tiriklik, hayot ramzi! Tikishni har bir qiz bilishi kerak edi. Kashtalar yangi hayotga qadam qoʻyayotgan qiz uchun jiddiy sinov boʻlgan. Kuyovning uyiga oʻz qoʻlingiz bilan tikkan jiyaklar, pardalar, yengkashtalar va barchaga koʻz-koʻz qilinadigan, mahoratingizga, bekaligingizga baho beradigan kashtalar bilan borishingiz kerak boʻlardi. Boʻy qizlar sirlashib kashta tikadigan ul goʻzal damlar allaqachonlar ortda qoldi, oʻtmish xotiralariga aylandi.

Bugun istalgan chiroyli naqsh va gullarni mashinalar zudlik bilan tikib beradi. Biroq ayol qoʻlining harorati, qalbining qoʻri singgan kashtalar boʻlakcha! Unda goʻzal orzular, umidlar aks etgan sevgi iforini his qilasiz. Sekingina siypalasangiz, oʻsha oliiis yoshlikka, dugonalar davrasiga, hech kimga aytolmagan siringiz... shirin armonning xayollariga gʻarq boʻlasiz. Nimani boy berganimizni anglayapman, ammo nimaning evaziga?!

Inobat IBROHIMOVA

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 3-son.

“Oʻrni toʻlmas xazina” maqolasi

Foto: Xolida MUSULMON