Uyaldim, sharmanda boʻldim, aybim ochilib qoldi, odamlar koʻziga qarolmay qoldim, xijolat boʻldim.
“Yuz shuvut boʻldi” deganda taxminan yuqoridagi maʼnolarni tushunamiz. Xoʻsh, “shuvut” nima oʻzi? “Shuvut” (baʼzi shevalarda “chuvut”) soʻzi faqat “yuz shuvut” iborasida saqlanib qolgan va bizgacha yetib kelgan. Biroq bu soʻzning oʻzi alohida qanday maʼnoga egaligi, kelib chiqishi haqida hozirgi lugʻatlarda maʼlumot yoʻq. Xoʻsh, yuz shuvut boʻlish holati qanday kechadi: deylik, yuz qizarib ketadi yoki sharmandalik darajasi juda yuqori bo‘lganda kishi yuzi koʻkarishi, boʻzarishi, hatto oqarishi mumkin. Xullas, hayajondan kishi yuzida rang oʻzgarishi sodir boʻladi.
Aslida, “shuvut” (“chuvut”) juda qadimiy soʻz boʻlib, maʼnosi “rang” ekanligi haqida bobomiz Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit-turk”da shunday maʼlumot beradi: “qїzїl ǰoʻvoʻt – qizil rang, al ǰoʻvoʻt – ol rang, kök ǰoʻvoʻt – koʻk rang, jashїl ǰoʻvoʻt – yashil rang, sarїg‘ ǰoʻvoʻt – sariq rang, zirnix (oltingugurt kukuni). Bilgilki, ǰoʻvoʻt (chuvut) soʻzi bu ranglarning hammasi uchun umumiy soʻz boʻlib, soʻng unga ayrim ranglarni anglatuvchi soʻzlar qoʻshilib, farq qilinadi” (DLT. III tom. T.: “Fan”. 1963. 176-bet).
Demak, qadimgi turkiyda “chuvut” ham “tus” kabi rang maʼnosini bildirgan. Keyinchalik koʻpgina turk lahjalariga forscha “rang” oʻzlashgan, ammo “chuvut” unutilgan, faqat “yuz shuvut”da saqlanib qolgan.
Abduvohid HAYIT