Elbek – Mashriq Yunusov (1898–1939) sheʼriyat, doston, hikoya va tarjima sohalarida jadid adabiyotining taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshgan. Ayniqsa, bolalar adabiyotini shakllantirish va rivojlantirish yoʻlidagi xizmatlari alohida eʼtiborga loyiqdir. Uning pedagogik faoliyati va yozgan darsliklari nomoddiy madaniy meros doirasida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Elbek tomonidan boshlangʻich maktab oʻquvchilari uchun tuzilgan “Yozuv yoʻllari”, “Oʻrnak” (I, II, III sinflar uchun), “Boshlangʻich maktab ona tili”, “Bilim” (I, II, III sinflar uchun), “Goʻzal yozgʻichlar” darsliklari zamonaviy pedagogikaning ilgʻor tamoyillariga mos kelgan. Bu darsliklarda faqatgina grammatik qoidalar emas, balki bolalar ongiga taʼsir etuvchi badiiy asarlar, xalq ogʻzaki ijodi namunalariga ham keng oʻrin berilgan. Ularda keltirilgan sheʼrlar, hikoyalar va masallar orqali bolalarga mehnatsevarlik, halollik, mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlar singdirilgan.

Nomoddiy madaniy meros xalqning maʼnaviy boyligi, qadimiy urf-odatlari, ogʻzaki ijodi, axloqiy-meʼyoriy tushunchalarini oʻz ichiga oladi. Elbekning pedagogik faoliyati va asarlarini ham ana shu boy merosning uzviy davomi sifatida baholash mumkin. Uning darsliklarida xalq ertaklari, maqol va matallar, xalq qoʻshiqlari hamda milliy qadriyatlar oʻz aksini topgan. Xususan, “Bilim” darsligidagi masallar va hikoyalar orqali bolalarga xalq ogʻzaki ijodining eng yaxshi namunalarini yetkazish maqsad qilingan.

Elbekning boshlangʻich maktablarning 1, 2 va 3-sinflari uchun tuzgan “Oʻrnak” oʻqish kitoblari 1925-yilda chop etilgan boʻlib, ular oʻz davrining ilgʻor pedagogik va metodik yondashuvlari asosida yozilgan. Ushbu darsliklar oʻzbek tilida, arab alifbosida yozilgan boʻlib, har biri alohida didaktik va vizual konseptsiyada ishlab chiqilgan. Xususan, I “Oʻrnak” kitobi muqovasida qizil (olov rang), II “Oʻrnak”da sariq, III “Oʻrnak”da esa yashil rang aks ettirilgan boʻlib, bu ranglar bolaning idroki va eʼtiborini jalb etish, oʻquv jarayonini ruhan va estetik jihatdan uygʻunlashtirishga xizmat qilgan.

Elbek darslikning soʻz boshida quyidagilarni taʼkidlaydi: “Oʻzbekiston maʼorif komissarligi qoshida tuzilgan “Oʻzbekiston bilim kengashi”ning menga topshirishi boʻyicha, boshlangʻich maktablarimizning I, II, III boʻlimlari uchun ushbu qoʻlingizdagi “Oʻrnak” otli asarni tuzdim. Buni tuzishda Oʻzbekiston bilim kengashining “Taʼlim va tarbiya” komissiyasining koʻrsatgan yoʻli bilan harakat etishga tirishdim”.

Ilmiy nuqtai nazardan, Elbekning pedagogik merosi XX asr boshidagi oʻzbek taʼlim tizimining rivojlanish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Uning bolalar psixologiyasini inobatga olib ishlagan didaktik tamoyillari bugun ham taʼlim jarayonini modernizatsiya qilishda ahamiyatli boʻlishi mumkin. Shu sababli, Elbekning darsliklari va pedagogik qarashlarini oʻrganish, ularning zamonaviy taʼlim jarayoniga tatbiq etish masalasi nafaqat ilmiy, balki madaniy merosni asrash tomonidan ham dolzarb hisoblanadi.

Elbek tomonidan boshlangʻich maktablarning I oʻquv yili uchun tuzilgan “Oʻrnak” oʻqish kitobi 98 sahifadan (shundan 12 sahifasi boʻsh) iborat boʻlib, 1925-yili oʻzbekcha, arab alifbosida 25000 nusxada chop etilgan. Kitob mustahkam, qattiq muqovada nashr qilingan boʻlib, muqovada tabiat qoʻynida kitob mutolaasi bilan band boʻlgan ikki nafar oʻquvchi tasviri va turli bezak elementlari joylashtirilgan. Ushbu badiiy bezaklar kitobning nafaqat didaktik, balki estetik va madaniy qiymatini ham oshirgan.

Mazkur darslik “Maktab”, “Uy”, “Uy ichi” (oila), “Jonivorlar”, “Qushlar”, “Kishi”, “Sogʻliqni saqlash yoʻllari”, “Qurt-qumursqalar”, “Fasllar”, “Oʻsimliklar”, “Maʼdanlar”, “Kashshoflar” kabi 12 ta bobi orqali bolalarga hayotiy va ilmiy tushunchalarni shakllantirishga xizmat qilgan. Ushbu boʻlimlarda umumiy hisobda 85 ta matn, jumladan, ertaklar, hikoyalar, masallar va sheʼrlar jamlangan boʻlib, ular oʻquvchilarning nafaqat savodxonligini oshirish, balki axloqiy va estetik tarbiyalashga yoʻnaltirilgan.

Boshlangʻich maktablarning 2-oʻquv yili uchun moʻljallangan “Oʻrnak” oʻqish kitobi 1925-yilda 5000 nusxada chop etilgan, bu oʻz davri uchun salmoqli adabiy-pedagogik hodisa hisoblanadi. Darslik 98 sahifadan iborat boʻlib, shundan 12 sahifasi boʻsh qoldirilgan. Kitob mazmunan “Ilm va el tirikchiligi”, “Jonivorlar va ularning tirikchiliklari”, “Fasllar”, “Maʼdanlar” hamda “Suv va havo” kabi besh bobga boʻlingan, har bir boʻlimda tabiiy-mavjudotshunoslik, atrof-muhitni anglash va insoniy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan materiallar jamlangan. Ushbu manbada boblar I–VI tarzida rim raqamlari bilan belgilangan boʻlsa-da, tartiblashda III bob raqami tushib qolgan. Bu holat ilmiy izlanish olib borish zarurligini koʻrsatadi.

Darslik tarkibida 86 ta matn keltirilgan boʻlib, ular sheʼrlar, hikoyalar, masallar va ertaklar asosida shakllantirilgan. Ushbu asarlar nafaqat bolalarning savodxonligini oshirish, balki ularni axloqiy va maʼnaviy jihatdan tarbiyalashga xizmat qilgan. Xususan, Elbekning “Ola qargʻa bilan qurbaqa”, “Ikki tulki”, “Qurbaqa ila sichqon” kabi masallari orqali bolalar ongida axloqiy tushunchalar shakllantirilgan, kishilar orasida uchraydigan turli salbiy odatlarga nisbatan tanqidiy munosabat uygʻotilgan. Muallif ushbu masallar orqali yosh avlodni rostgoʻylik, halollik, toʻgʻrilik va odob-axloq meʼyorlariga rioya qilish kabi fazilatlarga daʼvat etgan.

Elbek tomonidan boshlangʻich maktablarning III oʻquv yili uchun tuzilgan “Oʻrnak” oʻqish kitobi 1925-yilda 12 000 nusxada chop etilgan boʻlib, oʻz davrida oʻquv jarayonini ilmiy-metodik asosda tashkil etishga xizmat qilgan muhim manbalardan biri hisoblanadi. Kitob 98 sahifadan iborat, shundan 5 beti boʻsh qoldirilgan. Darslik oʻzbek tilida, arab alifbosida yozilgan, oʻsha davr taʼlim tizimi va savodxonlik rivojlanishining muhim koʻrinishi sifatida baholanadi.

Mazkur darslik quyidagi 7 bobdan iborat: “Maktab va kishilik turmushi” – jamiyat, taʼlim va madaniyat masalalarini oʻquvchilar ongida shakllantirish; “Fasllar” – tabiatning mavsumiy oʻzgarishlari va ularning inson hayotiga taʼsiri; “Jonivorlar” – hayvonot olami, ularning xususiyatlari va hayot tarzi; “Oʻsimliklar turmishidan” – oʻsimliklarning rivojlanishi va tabiat ekotizimidagi oʻrni; “Paxta va undan yasalaturgʻon narsalar” – paxta sanoati, uning iqtisodiy hamda ijtimoiy ahamiyati; “Inqilobiy bayramlar” – oʻsha davrdagi ijtimoiy-siyosiy hodisalar va ularning ahamiyati; “Fanniy maʼlumotlar” – tabiiy va texnik fanlarga oid ilmiy tushunchalar.

Darslik tarkibida jami 66 ta matn keltirilgan boʻlib, ular masallar, hikoyalar, ertaklar va sheʼrlar asosida shakllantirilgan. Ushbu asarlar orqali oʻquvchilarga nafaqat savod oʻrgatilgan, balki ularning mantiqiy tafakkurini shakllantirish, estetik didini rivojlantirish va axloqiy tarbiya berish maqsad qilingan.

Elbek oʻqish kitoblariga kiritilgan sheʼrlari orqali bolalarning istaklari, qiziqishlari, ularning hayoti, turmushida sodir boʻlayotgan voqealar, yangiliklar va his-hayajonlarini aks ettirib ularni milliy qadriyatlar, vatanparvarlik, tabiat va ilm-fanga boʻlgan qiziqishni oshirish ruhida tarbiyalagan.

“Oʻrnak” oʻqish kitoblari bolalar ruhiyati, ularning bilim saviyasi va qiziqishlari hisobga olingan holda yaratilgan boʻlib, oʻzbek bolalar adabiyoti rivojida muhim oʻrin tutadi. Elbek ushbu kitoblarni tuzishda bolalarbop sheʼr, hikoya va xabarlarni jamlagan, shuningdek, xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan, boshqa xalqlarning adabiyotidan tarjimalar qilib kiritgan. Bu esa darslikning madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlash, oʻquvchilarning badiiy tafakkurini rivojlantirish va estetik dunyoqarashini shakllantirishga xizmat qilgan.

Muallifning quyidagi fikrlari uning darslik yaratish jarayonidagi yondashuvlarini yaqqol aks ettiradi: “Mundarijasiga olingʻon materiallar tub ravishda uch turli yoʻl bilan toʻplanmishdir. Birinchisiga, rus adabiyoti va oʻqish kitobidan tarjimalar; ikkinchiga, turkiy tillardagi turli oʻqish kitoblaridan oʻzgartmalar; uchinchisiga millatlar orasida oʻrtoqliq boʻlib yuritilgan hikoya va masal kabi narsalar. Men bu kitobdagi hikoya va masallarni sharq adabiyotidan (arabcha, forscha) koʻrganim kabi, rus adabiyotidan ham koʻp uchratdim”. Bu yondashuv bolalar adabiyotida milliy va umumbashariy qadriyatlarning uygʻunlashuvi jarayonini koʻrsatib turibdi. Tarjimalar va xalq ogʻzaki ijodining integratsiyasi bolalar uchun nafaqat maʼlumot beruvchi, balki ularning badiiy didi va madaniy ongini shakllantirishga xizmat qiluvchi manba yaratgan.

Shunisi diqqatga sazovorki, “Oʻrnak” oʻqish kitoblarida bolalar uchun tanlangan matnlar fasllarga boʻlingan holda tuzilgan. Bu yondashuv oʻquvchilarning atrof-muhitni anglashini osonlashtirish, tabiat va uning qonuniyatlarini chuqurroq tushunishlariga xizmat qiladi. Bahor, yoz, kuz va qish fasllari tabiatdagi oʻzgarishlarni aks ettirish bilan birga, bolalarning real hayotiy tajribasi bilan bogʻlangan holda tushuntirilgan. Bu mavsumiy jarayonlarni kuzatish, taqqoslash va sabab-oqibat munosabatlarini anglash koʻnikmasini rivojlantirgan.

Darsliklar hozir ham shu shaklda yozilayotgani Elbekning metodik yondashuvi zamonaviy taʼlim standartlari bilan uygʻun ekanini koʻrsatadi. Demak, muallif pedagogika va psixologiya fanlari talablarini yaxshi bilgan va darslikni ilmiy asosda yaratgan.

Bugungi kunda ham Elbekning darsliklari oʻz dolzarbligini saqlab qolmoqda. Ular taʼlim tizimining tarixiy asoslarini oʻrganishda va zamonaviy darsliklar yaratishda bebaho ilmiy manba boʻlib xizmat qiladi. Shu bois, uning pedagogik merosini chuqur tahlil qilish, zamonaviy taʼlim tizimiga moslashtirish va nomoddiy madaniy meros sifatida ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish muhim ilmiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Mashhuraxon DARMONOVA,

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros

ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim mudiri,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:

1.                 Oʻrnak II [Matn] / Elbek (Mashriq Yunusov); Tuzuvchi va masʼul muharrirlar: M.Darmonova, B.Murodov. Тоshkent. 2025. – 164-b.

2.                 Elbek. I Oʻrnak (Boshlangʻich maktablarning birinchi yili uchun tuzilgan oʻqush kitobidir. Oʻzbekiston bilim kengashi qaramogʻindan oʻtgan. Birinchi bosmasi). Toshkant: Oʻzbekiston davlat nashriyoti. 1925.  98 sahifa.

3.                 Elbek. II Oʻrnak (Boshlangʻich maktablarning 2 nchi yili uchun tuzilgan oʻqush kitobidir. Oʻzbekiston bilim kengashi qaramogʻindan oʻtgan. Birinchi bosmasi). Toshkant: Oʻzbekiston davlat nashriyoti. 1925. 3-b.

4.                 Elbek. III Oʻrnak (Boshlangʻich maktablarning 3 nchi yili uchun tuzilgan oʻqush kitobidir. Oʻzbekiston bilim kengashi qaramogʻindan oʻtgan. Birinchi bosmasi). Toshkant: Oʻzbekiston davlat nashriyoti. 1925. 98 sahifa.

5.                 Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti. Saqlov raqami – 20961, 20962, 2551.