Mamlakatimizning bu yilgi mustaqillik toʻyi ham Yangi Toshkentdagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida oʻtkazildi. Bayram tadbirini maydonda turib kuzatmagan boʻlsam-da, barcha yumushlarimni yakunlab, shodiyonani oilaviy oynayi jahon orqali oʻzgacha bir zavq bilan tomosha qildim.

Maydondagi tantanali muhit, yurtdoshlarimizning koʻtarinki kayfiyati, yangrayotgan kuy-qoʻshiqlar va sahna koʻrinishlaridagi milliy ruh goʻyo bayramni ekran orqali xonadonlarga ham olib kirdi. Bogʻda oʻtayotgan shodiyonani kuzatar ekanman, nomida mujassam maʼno haqida oʻyladim: yangi davlat, yangi imkoniyatlar, yangicha tafakkur va eng muhimi – oʻz kelajagini oʻzi bunyod etayotgan xalq.

Ana shu oʻylar ogʻushida Prezidentimizning tabrik nutqini tinglar ekanman, bugungi taraqqiyotimizning mazmun-mohiyatini ifodalaydigan jumlalar eʼtiborimni tortdi. “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli boʻlamiz. Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli bir haqiqatni koʻrsatdi: xalq va davlat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq”, – dedi davlatimiz rahbari.

Darhaqiqat, bugungi kuch-qudratni kechagi kun bilan qiyoslamasdan turib, ertangi marralar haqida soʻz yuritib boʻlmaydi. Oʻtgan yillar davomida mamlakatimiz hayotida yuz bergan oʻzgarishlar, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlar, xalqimizning turmushi va dunyoqarashidagi yangilanishlar “Yangi Oʻzbekiston” tushunchasiga mazmun bagʻishlayotganini koʻrsatmoqda.

Inkor etib boʻlmas haqiqat mavjud: davlat va xalq bir maqsad atrofida birlashsa, har qanday marrani zabt etish oson. Bunday el dunyoda cheksiz kuch-quvvatga ega boʻladi. Bir el, yagona vatan boʻlib birlashishga esa adolatli boshqaruv orqali erishiladi. Buni Yangi Oʻzbekiston bosib oʻtgan qisqa, lekin zalvorli yoʻl misolida yaqqol koʻrib turibmiz.

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi. Xalqimizning yillar davomida yigʻilib qolgan muammoli masalalari birma-bir hal etila boshladi. Ana shunday qizgʻin yangilanishlar pallasida Uchinchi Uygʻonish davri poydevorini yaratishday katta marra oldik. Uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega va jahonga ikki marta Renessansni taqdim eta olgan xalqqina shunday katta marra olishga haqli! Muhimi, bu shunchaki orzu emas, balki aniq reja asosida bosqichma-bosqich bosib oʻtilayotgan taraqqiyot yoʻlidir!

Islohotlar koʻlami, natijadorligi, xalqaro maydondagi yirik ekspert va siyosatchilarning Oʻzbekiston siyosatini eʼtirof etib, davlatimiz rahbarini kuchli yetakchi deya tan olishi zamirida mana shunday hayotiy haqiqatlar bor. Ha, bugun Oʻzbekiston, uning xalqi kechagidan koʻra kuchli, ertaga bundan ham qudratli boʻlishiga yuksak ishonch bor. Kechagi niyatlariga yetgan xalqimiz bugun yanada katta orzu va maqsadlar bilan yashamoqda.

Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Uygʻonish davrini yaratish maqsadida xalqimiz uzoq yoʻl bosib oʻtdi. Nihoyat qalbimizdagi ezgu niyat soʻzga koʻchib, katta marralar belgilab olindi. Ana shu ezgu soʻzlar amal bilan birlashdi. Dastlab “paxta asorati”, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berildi. Kecha paxta dalasida yurgan oʻqituvchi va oʻquvchilar bugun bor kuch va salohiyatini faqat ilmga qaratadigan boʻldi.

Bundan tashqari, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi. Oʻz Vatanining poytaxtida arzimas hujjat sabab jarimaga tortilgan, yurak hovuchlab panalab yurgan yurtdoshlarimizning qoʻrquvi yoʻqoldi. Uning oʻrnini katta maqsadlar, baland marralar, ishonch va xotirjamlik egalladi.

Yana bir ogʻriqli nuqtalardan biri – ilgari bitiruvchilar qoʻlida diplomi boʻla turib, ish tajribasi va amaliy koʻnikmalari yoʻqligi tufayli ishga joylasha olmasdi. Ish beruvchilar esa doimiy ravishda kadrlar taqchilligidan shikoyat qilardi. Nazariya va amaliyot oʻrtasidagi bu ulkan jarlik bartaraf etildi va Germaniya, Avstriya, Shveysariyada oʻzini toʻliq oqlagan dual taʼlim tizimi Oʻzbekistonda joriy etila boshladi. Taʼlim va mehnat oʻrtasidagi bogʻliqlik mustahkamlanib, yoshlar hali qoʻliga diplomini olmasdan turib oʻz sohasi boʻyicha ishlash va daromad topish imkoniyati yaratildi.

Kuchli siyosiy iroda sabab Oʻzbekiston dunyoga keng quloch ochdi. Yaxshi qoʻshnichilik degan ibora hayotiy haqiqatga aylandi. Markaziy Osiyo – yagona kuch, yaxlit mintaqa degan qarash shakllandi. Bunday oʻzgarishlarni sanayversak, oxiriga yeta olmaymiz. Ana shu oʻzgarishlar va ularga ishonch yurtdoshlarimizni yagona xalq sifatida birlashtirdi.

Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonasida ushbu ishonch, orzu ezgu soʻzga koʻchdi. Davlatimiz rahbari “Bugun biz tarixning yanada masʼuliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻymoqda. Kelgusi oʻn yillik biz uchun milliy yuksalish davri boʻladi”, – deya taʼkidladi.

Darhaqiqat buni faqat va faqat xalqimizning aql zakovati, mehnati va birdamligi orqali oʻzimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dastur amalga oshirilishi belgilandi.

Unga koʻra, birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat boʻladi. Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovi qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bogʻcha tashkil qilish boʻyicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi. Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan toʻliq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro taʼlim standartlari joriy etiladi va ularda yoshlarni yuqori daromadli kasblarga oʻqitish yoʻlga qoʻyilib, qamrov 1 millionga yetkaziladi. Bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Sodda qilib aytganda, bugun davlat bayrogʻini Vatan deya anglay boshlagan avlod ertaga yuksak salohiyatli va muhimi, vatanparvar kadrlar sinfini yaratadi. Ana shu maqsadga erishishda ikkinchi milliy dastur uning toʻldiruvchisi boʻladi. Yaʼni ushbu dastur xalqimizning sogʻlom boʻlishi va uzoq umr koʻrishini taʼminlashga xizmat qiladi. Aholi salomatligi bilan bogʻliq davlat xarajatlari kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi. Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga oʻtiladi. Davlat tibbiy sugʻurtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi mamlakatimizga olib kelinadi.

Umuman olganda keyingi yillarda yurtimiz zamonaviy tibbiyot, farmasevtika, biotexnologiyalar va tibbiy taʼlim taraqqiy etgan maskanga aylantiriladi.

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga oʻtkazishdan iborat. Shu oʻrinda bir muhim jihatni eslash kerak. Yangi Oʻzbekistonda tadbirkorlarga juda katta imkoniyatlar yaratildi. Shu oʻrinda bir haqiqatni aytish kerak. Kecha qanday qilib jon saqlab qolish haqida qaygʻurgan tadbirkorlar bugun faoliyatini kengaytirish, xorijdan sarmoya olib kirib, xalqaro bozorlarga oʻz brendi bilan kirib borish haqida oʻylayapti. Ana shunday shiddatli oʻzgarishlar iqtisodiyotimiz uchun katta marralarni olishni oʻrgatdi. Kelgusi oʻn yilda 450 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori oʻsish surʼatini saqlagan holda, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish maqsad qilindi. Sanoatda esa 2 millionta yuqori daromadli ish oʻrni ochiladi.

Bularning barchasi texnologiya, sanoatlashuvni talab qiladi. Inson qadrini ulugʻlayotgan mamlakat esa texnologik rivojlanish bilan birga tabiatni asrash haqida ham qaygʻuradi.

Toʻrtinchi milliy dastur – suv va tabiatga munosabatni tubdan oʻzgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovi 100 foizga olib chiqiladi va bu – umummilliy marraga aylanadi.

Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning masʼuliyati va taraqqiyotning sifat koʻrsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakati yangi sifat bosqichiga olib chiqiladi. Maktab, bogʻcha, shifoxona va koʻp qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik koʻlami 30 foizga yetkaziladi. Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy oʻsish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Har biri alohida katta tahlillarga arziydigan ushbu dasturlar yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻlini toʻla qamrab olgan. Masalan, beshinchi milliy dastur sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini taʼminlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat. Buning uchun huquqiy tarbiya maktabdan boshlab aniq tizim asosida yoʻlga qoʻyiladi. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha islohotlar qatʼiy davom ettiriladi. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish boʻyicha choralar yanada kuchaytiriladi. “Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurash yangi bosqichga olib chiqiladi.

Mazkur dasturda koʻrsatilgan har bir band mustaqillikning tayanch nuqtalaridir. Zotan, sud mustaqil boʻlsa, adolat qaror topadi. Adolatli jamiyatda oʻsish ham, oʻzgarish ham boʻladi. Ana shunday jamiyat vakillari qonunlarga qadriyat darajasida qaraydi.

Aslida ham qonunlar qadriyat boʻlishi kerak. Tarixda ajdodlarimiz mahalla oqsoqolining gapini qonundek qabul qilgan. Chunki ular mahallada saylanib, saralanib chiqqan haqiqatparvar, elsevar va vatanparvar insonlar boʻlgan. Ana shunday jihatlar sabab mahalla dunyoda oʻxshashi yoʻq boshqaruv tizimiga aylangan.

Yangi Oʻzbekistonda ilm va maʼrifatga tayanib ish koʻrilmoqda. Buni mahallaning imkoniyatlaridan toʻgʻri va oqilona foydalanishda ham koʻrish mumkin. Keyingi yillarda mahalla tizimi tubdan oʻzgardi. Shunchaki isloh qilish bilan cheklanilmadi, balki davr ruhiga mos shaklga keltirildi. Kelgusi oʻn yillikka moʻljallangan dasturda mana shu islohotlar davom etadi. Yaʼni oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yoʻnaltiriladi.

Birdamlik, ahillik haqida qancha koʻp gapirsak, shuncha oz. Hozir ahillik har doimgidan ham koʻra dolzarb. Dunyo toʻfondagi qayiq misoli chayqalib turibdi. Ana shunday murakkab geosiyosiy vaziyatda mamlakatning harbiy, iqtisodiy qudrati xalq birdamligi bilan yanada mustahkamlanadi. Shu maʼnoda, yettinchi milliy dastur – Oʻzbekistonning tinchlik va doʻstlik diyori, bagʻrikeng oʻlka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat etib belgilangani ayni muddao.

Hozir yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya aʼzolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligi ekaniga shubha yoʻq. Yangi Oʻzbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosati sabab Markaziy Osiyoda ahil qoʻshnichilik, strategik sheriklik va doʻstlik aloqalari mutlaqo yangi bosqichga chiqib, yagona mintaqa boʻlib birlashdik.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yoʻnalishlari ochildi.

Umuman olganda, mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat oʻrnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi. Bunga erishish oson kechmadi. Uning ortida uyqusiz tunlar, xalq dardida tinim bilmay qilingan mashaqqatli mehnat va vatanparvarlik ruhiga yoʻgʻrilgan komil ishonch bilan olgʻa intilish bor. Natijada Oʻzbekiston xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylanib bormoqda. Bugun dunyo davlatlari Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish maqsadida bizga talpinmoqda.

Belgilangan vazifalarning har biri alohida bir sohani qamrab olgandek koʻrinsa-da, ularning barchasini birlashtirib turgan yagona maqsad bor. Bu – insonning munosib hayoti uchun zarur sharoit yaratish.

Farzandlarimiz sifatli taʼlim olsa, yoshlarimiz zamonaviy kasb egallasa, talabalarimiz raqobatbardosh mutaxassis boʻlib yetishsa, inson salomatligini asrashga qaratilgan tibbiy tizim samarali ishlasa, bu oʻzgarishlar oxir-oqibat butun jamiyat hayotida namoyon boʻladi.

Shu bois “milliy yuksalish davri” degan tushuncha faqat balandparvoz shior emas, balki har bir inson hayotida sezilishi kerak boʻlgan aniq natijalarni anglatadi. Uning mazmuni maktab oʻquvchisidan tortib talabagacha, kasb oʻrganayotgan yoshdan tortib sogʻligʻini asrashga intilayotgan insongacha boʻlgan har bir fuqaroning kelajagi bilan bogʻliq.

Eng muhimi, bu vazifalarning amalga oshishi faqat davlatning saʼy-harakatlariga emas, jamiyatning faolligi va xalqning birdamligiga ham bogʻliq. Zero, taraqqiyotning eng mustahkam poydevori – insonning oʻzi. Insonga berilgan bilim, yaratilgan imkoniyatlar esa mamlakatning ertangi qudratiga aylanadi.

Shu maʼnoda bugun qoʻyilayotgan marralar ertangi kunimizning poydevori boʻlib xizmat qiladi. Ularning har biri amalga oshgani sari mamlakatimiz nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki inson kapitali, ilm-fan, taʼlim va salomatlik borasida ham yangi bosqichga koʻtariladi. Milliy yuksalishning eng katta maʼnosi ham shunda – kuchli davlatni kuchli, bilimli, sogʻlom va oʻz kelajagiga ishonch bilan qaraydigan insonlar barpo etadi.

Mansurbek JABBOROV