Turkistondagi jadid taraqqiyparvarlari ichida Gʻoziy Yunus (1887–1942) alohida ajralib turadi. U dramaturgiya sohasida ham sermahsul ijod qilgan boʻlib, qariyb 30 ga yaqin asarlar yozgan va oʻzga tillardan tarjimalarni amalga oshirgan. Gʻoziy Yunusning sahna asarlari ichidan “Jaholat qurboni”, “Hoy Sharq”, “Farzand duosi”, “Johillar” kabi pyesalarni keltirib oʻtish mumkin. Bundan tashqari uning bisotida bir sahna asari borki, unga Firdavsiyning “Shohnoma”si asos qilib olingan.
Maqola avvalida yana bir muhim maʼlumotni aytib oʻtishim kerak: Tadqiqotlarda Gʻoziy Yunusning ismi shu paytgacha “Gʻozi Yunus” shaklida xato qayd etib kelingan. Uning oʻgʻli Toʻlqin Gʻoziyevning shaxsiy arxivida saqlanib qolgan qoʻlyozma shaklidagi hujjatlar, maktublar, qolaversa adibning milliy va davriy matbuot sahifalarida eʼlon qilingan maqolalarga qoʻygan imzolarida adibning taxallusi “Gʻoziy Yunus” – غازى يونس shaklida ekanligi aniqlangan. Keyingi tadqiqotlarda bu siymoning ismini asliga muvofiq – “Gʻoziy Yunus” shaklida yozish toʻgʻri boʻladi. Endi maqolamizning asl maqsadiga qaytsak.
Gʻoziy Yunus ijtimoiy hayotdagi oʻzgarishlarning sabab va ildizlarini tarixiy jarayonlardan topishga intildi. Turkiston oʻlkasida yuz berib kelayotgan uzluksiz jaholat va qoloqlikni ikki-uch asrdan beri tizimli tarzda davom etib kelayotgan notoʻgʻri “formula”ning natijasi deb bildi. Gʻoziy Yunus ana shu formulani toʻgʻrilashga, jabr-zulm, zoʻravonlik va haqsizlikka qarshi xalqda immunitet hosil qilish yoʻlida koʻplab pyesalar yaratdi, oʻzga tillardan tarjimalarni amalga oshirdi. “Zahhoki moron” asari ana shunday sahna asarlaridan biri edi.
Gʻoziy Yunusning “Zahhoki moron” pyesasi 1918-yilda Turkiston davlat nashriyoti tomonidan bosilib chiqqan. Pyesaga asos qilib olgan “Shohnoma” Eronning milliy dostoni va fors adabiyotining eng buyuk asarlaridan biri sifatida muhim oʻrin egallagan. Abulqosim Firdavsiy ushbu asarini 980–1018-yillar orasida yozgan. Dostonda Peshdodiylar, Kayoniylar, Ashkoniylar va Sosoniylar davriga oid voqealar yoritilgan. Jamshid, Zahhok va u bilan kurashgan Kova, Faridun, yettita qiyin ishni uddalagan Rustam, Turon mamlakatining hukmdori Afrosiyob (Alp Ertoʻnga), Kaykovus, Kayхusrav, Isfandiyor, Doro va Iskandar kabi qahramonlar toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud.
1
“Zahhoki moron” asarining muqovasi.
Garchi, Gʻoziy Yunus oʻzining “Zahhoki moron”iga “Shohnoma” asarini asos qilib olgan boʻlsa-da, biroq uning oʻzi doston muallifi boʻlmish Firdavsiyga nisbatan tanqidiy qarashlarga ega boʻlgan. U “Bilim oʻchogʻi” jurnalida chop etilgan “Qingʻir tarixchilar” nomli maqolasida Firdavsiy toʻgʻrisida quyidagi tanqidiy mulohazalarini keltirib oʻtgan: “Firdavsiy “Shohnoma”ni yozib oʻzini tanitmasa, uning kim ekanini bilmas edik, bugun Firdavsiyning “Shohnoma”sini oʻqub uning Eron millatchisi ekanini Kayyoniy tojini dunyo turguncha saqlashni istovchi, Eroniston uchun arab, turk xalqlari qurbon boʻlsa boʻlsun, Eronning butunligi uchun tirishuvchi bir kishi ekanligini “Mana men” deb koʻrsatish bilan bilduk. Firdavsiy Eron xalqining jangovаrligini Eron paxlavoni Rustamni qancha koʻtarib maqtaydir, Turon jangovarlarining boshligʻi boʻlgʻon Afrosiyob bilan arab pahlavoni Saʼd Vaqqosning kuch-quvvatini eʼtirof etgan holda, quturib ularni soʻkadir. Turoniylar bilan arablarning dunyoda yashash uchun haqqi yoʻq degan daʼvolarni qiladir”.
Haqiqatdan ham, Firdavsiy Eron pahlavon va shohlarini tasvirlashda oʻta mubolagʻaga yoʻl qoʻygan. Masalan, u Rustamni tasvirlar ekan u boʻkirsa togʻlar larzaga kelishini, yurganida zalvori sabab oyogʻi yerga botib ketishini, oʻtirgan chogʻida boʻyi hammadan baland boʻlishini, tun-u kun ot chopib charchamasligini, bir kunda ikki kunlik yoʻl bosib oʻtishga qodir ekanligini yozgan (Ehtimol, shu boisdan ham Mahmud Gʻaznaviy Firdavsiyga yetarlicha iltifot koʻrsatmagandir).
“Zahhoki moron” ikki boʻlak va toʻrt pardadan iborat. Oʻz navbatida pyesa pardalari “majlis” deb ataluvchi kichik pardalarga boʻlinib ketgan. Bu XX asrning 20-yillaridagi pyesalarga xos boʻlmagan holat hisoblanadi. Mazkur jumboqning javobini asarning kirish qismida muallifning oʻzi bergan. Adibning yozishicha teatr binolarining jihozsizligi, sahna koʻrinishiga mos va xos boʻlgan turli hil asbob-uskunalarning yetishmasligi va eng muhimi chiroqlarning tez-tez oʻchib turishi uni shunday yoʻl tutishga majbur qilgan. Shuning uchun ham Gʻoziy Yunus asarni ikki boʻlak va toʻrt pardadan iborat holda yozishga majbur boʻlgan.
Adib asarda Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” dostoni tarkibidagi “Zahhok va uning otasi haqida qissa”, “Iblisning oshpazlik qilgani”, “Zahhok va temirchi Kova” dostonlaridan foydalangan va unga zimdan Turkiston xalqining erksizligi va buning natijasida yuzaga kelgan xoʻrlik hissini badiiy yoʻsinda urgʻulab, ulug‘ fors shoirining shoh asarini sahna asari koʻrinishida “milliylashtirgan”.
Adibning oʻzi ushbu asarni yozishdan boʻlgan maqsadini quyidagicha ochiqlaydi: “Bu teatru kitobini yozuvdan maqsudim bizning orqada qolgʻon sanoyi nafisamizga (teatr – M.Alijonov) xizmat qiluv bilan birga hozirgi vaqtda oʻz turmushimizdan olinib, yozuvchilarimiz tarafindan yozilib, sahnalarda koʻrsatilib turgʻon asarlarga bir tarixiy asar qoʻshuvdir”.
Umuman pyesada Zahhok, bosh vazir, birinchi va ikkinchi vazir, birinchi umaro, ikkinchi umaro, Kova, Kovaning xotini Mehrnoz, oʻgʻillari Ashkash, Shopur, inqilobchi Mehros, boy, boyning xotini Gulbod, ularning bolalari, Nosihi amin oshpaz, tabib qiyofasida koʻrinuvchi Shayton, jallod, yasovullar boshligʻi, bogʻbon – hammasi boʻlib yigirma nafar personaj ishtirok etadi. Gʻoziy Yunusning aytishicha ushbu pyesa ilk bor 1919-yil 27-sentyabrda Toshkentda, “Kolizey” binosida tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilingan. Ushbu spektaklda Zahhok rolini Mannon Uygʻur, Temirtoshni Gʻoziy Yunus, bosh vazirni Qayum Ramazon, Kovani Fathulla Umarov, uning xotini Mehrnozni Maʼsuma Qoriyeva, Iblisni Abror Hidoyatov oʻynagan.
Gʻoziy Yunusning ushbu pyesasi Zahhokning qanday qilib otasining taxtini egallash haqidagi xayollari bilan boshlanadi. Zahhok bunga erishishning yagona yoʻli sifatida otasini oʻldirish deb biladi. Biroq Zahhok otasini oʻldirib taxtga egalik qilish borasida ikkilana boshlaydi. Uning ushbu ruhiy kechinmalari asarda quyidagicha tasvirlanadi:
Zahhok (oʻz-oʻziga) – Podshoh boʻlmoq uchun dunyoda men qilmagʻon makr-u hiylalar qolmadi. Lekin ming afsuski xalq kaminaning oʻrniga otamni podshoh qilib shohlik tojini uning boshiga kiydirdi. Xalq esa otamning yuritayotgan toʻgʻri siyosatidan gʻoyatda mamnundur. Otam xalqning xohishini yaxshi tarafdan oʻziga tortadir, xususan otamning adolati butun katta-yu kichikka qilgʻon ibrati va bundan boshqa shohlarda boʻlmagʻon gʻayrat va matonat xalqning mehrini otamgʻa mahkamlashtiradur. Ish mundog‘ boʻlgʻondan keyin otamning tirikligi chogʻida hech vaqt podshohliq menga nasib boʻlmaydir. Fikr yuritib chora topishim kerak. Topdim! Bir ish qilib otamni oʻldirmoq kerak. Chunki otam oʻlsa xalq albatta meni podshoh qilib koʻtarar. Chunki bu holatda podshohliqgʻa mendan munosib bir kishi topilmas. Tabiiyki, xalq oʻz shahzodalari boʻla turib ikkinchi bir kishini podshoh qilmaylar. Har holda dunyo muboraza (kurash, jang-jadal – M.Alijonov) hayotidir. Xalq mendan boshqani podshoh qilaman deb taxtni agʻdarmoq yaramaydir. Mana otam ham toj-taxtga ega chiqmoq uchun qancha gʻayrat, jahd sarf etdi. Odam koʻtara olmaydigan ogʻir mashaqqatlar bilan oʻringʻa oʻtirib butun dunyoga hukmronliq qilib tarixni qilgʻon ishlari bilan ziynatladi. Otam ham toj-taxtni osonlik bilan qoʻlgʻa kiritmadi. Otam tomonidan koʻrsatilgan favqulodda gʻayrat va matonat orqasidan toj-taxt otamgʻa nasib boʻldi. Bu yoʻlda men ham yoʻlimda uchragan har narsani yakson qilib maqsadimga erishaman. Hozirda menim qarshimda birgina zoʻr mone bor, u har qandog‘ monelardan ortiqdir”.
Biroq, Zahhok oʻzining oʻylaridan qoʻrqib ketadi va taxtni otasini oʻldirib egallash qattiq gunoh va jinoyat ekanligini oʻz-oʻziga taʼkidlaydi. Shunda unga “yordam”ga Shayton keladi va otasini oʻldirish toj-taxt yoʻlida oddiy ishligini aytib uni gij-gijlaydi.
Shunday qilib, Shayton Zahhokka taxtni nihoyatda goʻzal tarzda koʻrsatib, uni egallash otaga boʻlgan muhabbatdan ham ortiqroq zavq berishiga ishontiradi. Natijada, Zahhok Shaytonning firibiga uchib otasini oʻldiradi va taxtni egallaydi. Gʻoziy Yunus ushbu asarida insonlar feʼl-atvoridagi mol-dunyo va saltanatga boʻlgan muhabbatning nihoyatda kuchliligi va bu yoʻlda har qanday razillikdan ham tap tortmasligini ochib berishga harakat qilgan va aytish mumkinki, buni mohirona tarzda uddalagan.
Asarda qayd etilishicha, Zahhok taxtga oʻtirgach shayton oshpaz qiyofasida uning saroyiga tashrif buyurib, oʻzini Nosih deb tanishtiradi va shoh uchun shirin taomlar pishirib Zahhokning mehrini qozonadi. Bir kuni Zahhok oshpazni (yaʼni Shaytonni) mukofotlamoqchi ekanligini aytib uni oʻz huzuriga chorlaydi:
Zahhok – Yo Nosih! Sening qilgʻon taoming har birimizga maqbul boʻldi. Shuning uchun davlat huzurida har qanday talabing boʻlsa soʻragil, hech qaytarmasdan qabul qilurman.
Ayyor Shayton shohning ushbu gapiga javoban:
Shayton – Bu kungi taom u darajada maqtaydurgʻon emas, ertaga bundan ham lazzatli taom tayyorlayman. Bu xizmatim uchun hech mukofot soʻramasman. Mening birgina iltimosim sendek podshohi odilning salomatligidur.
Zahhok – Ey Nosihi Amin! Sadoqatingdan mamnunman. Lekin shu soat mendan bir narsa talab etmasang xursandligimdan yorilarman.
Shayton – Podshohi olam! Boʻlmasam menim istagim, agar ruxsat bersangiz, ikki kaftingizga yuz va koʻzimni surib oʻpsam (Arkoni davlat hayron boʻlub bir-biriga boqar).
Zahhok – (Taajjub yuzi bilan) Yo Nosih! Bu ishdan senga nima foyda bor? Bir narsa soʻragilki, oʻtkan podshohlardan hech biri raiyatga bunday karambaxshlik qilmagʻon boʻlsun.
Shayton – Shoh! Mening bundan hech talabim yoʻq edi. Modomiki bir nima talab qil deb zoʻrlading. Men shunigina talab qildim. Umid qilurmankim menim bu talabimni qaytarmaysan. Chunki bu vasiyla bilan xalq orasida mening obroʻyim ziyoda boʻlur. Sen bilan mening oramizda boʻlgʻon doʻstlik robitalari oshkor boʻlur.
Zahhok – Ey Nosih! Muroding shul boʻlsa kel!
Shundan soʻng Zahhok kaftini ochadi, shayton taʼzim qilib suyunch bilan shohning qoʻliga yuz-koʻzini surtib asl qiyofasida saroy ahliga oʻzini namoyon qiladi va qah-qah urib kulgan holda koʻzdan gʻoyib boʻladi. Devon ahli esa yuz bergan bu holdan qattiq qoʻrqib sakrab tushadi.
Shayton koʻzdan gʻoyib boʻlgach Zahhokning yelkasi qichishib uning ikki yelkasidan ikkita ilon oʻsib chiqadi va u shohga qattiq azob bera boshlaydi. Zahhok bu dardning daʼvosini izlab butun dunyo hakimlarini oʻz huzuriga chorlaydi, biroq tabiblarning birortasi ham bu gʻaroyib kasallikka daʼvo topolmaydi. Ana shunda saroyga yana Shayton tashrif buyuradi, bu safar tabib qiyofasida. Tabib qiyofasidagi Shayton Zahhokka ogʻriqlarini aritish maqsadida quyidagicha maslahat beradi:
Tabib (shayton) – Podshohi olam! Sening darding gʻoyat xavflidur. Bunga hech bir iloj qilib boʻlmas, buni oʻzing ham bilursan? Bir chora bor, biroq bu juda qiyindur. (Zahhokning chehrasida gʻazab alomati) Buning uchun birgina yoʻl bor.
Zahhok – Ul qaysi yoʻl, tez soʻyla!..
Tabib (shayton) – Har kun ikki odam [goʻdak] ning miyyasini chaqib, bu ilonlargʻa berasan. Bular taskin topmasa oʻzingni yemoqgʻa boshlaydilar, u vaqtda halok boʻlursan. Bundan boshqa iloj yoʻq. Har kuni ikki raiyatning qoni sening hayoting uchun haloldur.
Albatta, Gʻoziy Yunus yomonlik ustidan yaxshilik va ezgulikni gʻolib qilish maqsadida Kova personajini oʻz asariga olib kiradi. Kova temirchi boʻlib, Zahhokning dardini yengillatish yoʻlida uch farzandidan ayrilgan edi. Va tabiiyki alamzada ota shohga qarshi isyon koʻtaradi. Bu paytga kelib xalq ichidan jami 17 nafar goʻdak Zahhokning nafsil-amri uchun qurbon qilingan edi. Shu boisdan xalq ham Kovaning atrofida toʻplanadi. Pyesaning oxirida temirchi Kova xalqni oʻz atrofida uyushtirib Zahhok ustidan gʻalaba qozonib, xalqni undan halos qiladi.
“Zahhoki moron” asariga ishlangan surat.
Bir soʻz bilan aytganda, “Zahhoki moron” asari zulm va istibdodga, diktaturaga qarshi ochilgan sahnaviy urush edi. Bundan tashqari Gʻoziy Yunus Zahhokni yoʻldan ozdirgan va keyinchalik bedavo dardga yoʻliqtirgan narsa Shayton tomonidan unga berilgan taom ekanligini urgʻulab, bolsheviklar tomonidan Turkiston xalqiga singidirilayotgan sotsialistik va kommunistik mafkura ham ana shu “taom”ga juda oʻxshashligini, bu “taom”dan zaharlangan siyosiy elita kelgusida oʻz xalqining boshiga juda katta balo-yu ofatlarni olib kelishini kosa tagida nimkosa tarzida ifodalab bera olgan. Lekin kosa tagidagi nimkosani bolsheviklar ham yaxshi ilgʻagan edi. Shu boisdan ham Gʻoziy Yunusning “Zahhoki moron”i sahnadan olib tashlandi. Hatto, Choʻlponning: “Endi bu bir qoʻyilib oʻtkan va qoʻshilib, butunlanib bostirilgan oʻrtoq Gʻoziy Yunusning “Zahhoki moron”ini koʻrishga tilaymiz. Bu asarning qoʻyilgʻonigʻa koʻp boʻldi. Xalq sogʻingʻondir” deb yozgani ham eʼtiborsiz qoldirildi.
Keyinchalik esa Gʻoziy Yunus millatchilik va aksilinqilobchikda ayblanib 1937-yil 6-avgustda qamoqqa olinib qatagʻon etildi.
Gʻoziy Yunus qamoqxonada (1937-yil).
Muslimbek ALIJONOV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori