“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida yangi — “Tamaddun tafakkuri” loyihasi yoʻlga qoʻyildi. Endilikda har haftaning juma kunida gazetada “Tamaddun tafakkuri” nomli maxsus qoʻshimcha sahifalar taqdim etib boriladi.
Roʻznomaning 20-martdagi 54-sonida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi “Zakovat va yuksak madaniyatning mustahkam ildizlari” nomli maqolasi chop etildi. Quyida ushbu maqola bilan tanishishingiz mumkin.
Alloh taologa behisob hamdu sanolar boʻlsinkim, yurtimizda keyingi yillarda maʼnaviy hayotimiz yuksak pogʻonalarga koʻtarilib, muqaddas dinimiz qadriyatlariga eʼtibor tobora ortib bormoqda.
Ana shunday ulug‘ va tarixiy voqealardan biri – Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirilishi xalqimiz uchun chinakam ulkan maʼnaviy bayram, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Bu muhtasham maskan yurtimizning boy tarixi, bebaho maʼnaviy merosi, asrlar davomida shakllangan ilm-ma’rifat anʼanalarining yorqin timsoli sifatida barpo etildi. Zero, muqaddas dinimiz insonni doimo ilmga, maʼrifatga, ezgulik va komillikka chorlab keladi. Qurʼoni karimning ilk nozil boʻlgan oyatidayoq “Iqro!”, yaʼni “Oʻqi!” deb amr qilingani ham bu yoʻlning naqadar ulug‘ va sharafli ekanini koʻrsatadi. Markazning Ulugʻbek darvozasi peshtoqiga ushbu muborak oyat muhrlab qoʻyilgani zamirida ham mana shunday chuqur maʼno- mazmun mujassam.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, taʼlim va yana bir bor taʼlim degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Shu maʼnoda, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni oʻrganish va targʻib etishga xizmat qiladigan ilmiy-maʼrifiy dargoh, ayni vaqtda oʻtmish va bugunni, anʼana va taraqqiyotni, maʼnaviyat va zamonaviylikni oʻzaro uygʻunlashtirgan nodir maskan boʻlishiga iymonimiz komil.
Yurtimiz zamini azal-azaldan ilm-ma’rifat, zakovat va yuksak madaniyat beshigi oʻlaroq dunyo tamaddunida alohida oʻrin tutadi. Movarounnahr diyorida yetishib chiqqan buyuk allomalar, muhaddislar, mufassir va mutafakkirlar insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qoʻshganlar. Ularning ilmiy merosi asrlar davomida nafaqat islom olami, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan taʼsir koʻrsatgan. Ayniqsa, hadis ilmining sultoni boʻlgan Imom Buxoriy, buyuk muhaddis Imom Termiziy, aqida ilmining zabardast namoyandasi Imom Moturidiy, shuningdek, astronomiya, tibbiyot, matematika va boshqa fan sohalarida yuksak natijalarga erishgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek kabi ulug‘ zotlarimiz nomi jahon ilm osmonida yorqin yulduzlar kabi porlab turibdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ilm izlash har bir musulmon uchun farzdir”, degan muborak hadislari ham bu yoʻlning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, yurtimizda ilmga hurmat, ulug‘ zotlarga ehtirom va ular qoldirgan ulkan merosni asrab-avaylash azaliy qadriyatlarimizdan. Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani esa ajdodlarimiz qoldirgan ana shu bebaho ilmiy va maʼnaviy durdonalarni yanada chuqur oʻrganish, keng targʻib etish, jamoatchilikka va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Muhtasham maskanga qadam qoʻygan har bir inson, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros, ularning beqiyos ilmiy va maʼrifiy faoliyati, bu yerda jamlangan manbalar, qoʻlyozmalar va ilmiy ekspozisiyalar bilan tanishar ekan, qalbida oʻziga xos iftixor va masʼuliyat tuygʻusi uygʻonishi tabiiy. Prezidentimizning “Ushbu markaz maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza boʻladi. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda oʻqiydi, oʻqituvchi-domlalar esa oʻz bilim va malakasini oshiradi. Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulugʻbeklar, fargʻoniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam maʼnaviy maydon boʻlishi kerak”, deya ishonch bildirishi bejiz emas, albatta. Demak, markaz oʻz mohiyati va mazmuni bilan oʻtmish va bugunni oʻzaro bogʻlab turgan maʼnaviy koʻprik vazifasini bajarmogʻiga shubha yoʻq. Ayniqsa, markazda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid boy tarixiy va ilmiy manbalar jamlangani yurtimiz zaminida kechgan buyuk Uygʻonish davrlarining mazmun- mohiyatini chuqur anglash imkonini beradi. Bu, oʻz navbatida, bugungi kunda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans gʻoyasi naqadar mustahkam ildizlarga ega ekanining yaqqol namoyonidir.