“Dalaga tashlangan asirlarning koʻpi Sarioʻzak quyoshi tigʻida dahshatli qiynoqlarga bardosh berolmay halok boʻlgan. Besh-oltita mangqurtdan[1] bitta yoki ikkitasigina tirik qolgan. Boshqalari ochlikdan emas, hatto tashnalikdan ham emas, kallaga qoplangan terining quyosh issigʻida qovjirab, qoq miyani chidab boʻlmas darajada siqishi natijasida jon taslim qilar edilar. Olov purkab turgan quyosh ostida teri qalpoq shafqatsiz ravishda torayib, qulning qirilgan boshini temir chambarak singari jingirtob qilib qisardi. Oradan bir kun oʻtishi bilan jabrdiydalarning taqir boshida soch nish ura boshlaydi. Osiyoliklarga xos tikanday tik dagʻal sochlar baʼzida xom terini teshib chiqardi, koʻp hollarda esa, chiqishga yoʻl topolmay yana qaytadan qayrilib, bosh terisiga qarab oʻsardi va avvalgidan ham battar azob berardi. Soʻnggi sinov davomida tutqunlar es-hushlarini butkul yoʻqotar edilar. Oradan besh kun oʻtgachgina jungjanglar kelib tutqunlardan qay biri tirik qolganini koʻzdan kechiradi. Aqalli bitta tutqun tirik qolgan boʻlsa ham, maqsadga erishilgan hisoblanardi. Bunday qulni qiynoqdan boʻshatib, suv berib, asta-sekin kuchga kiritib, oyoqqa turgʻizishardi. Biroq u endi baribir odam sanogʻidan chiqardi, zoʻrlab es-hushidan judo etilgan qul – mangqurtga aylanardi, xuddi shuning uchun ham bunday qullar oʻnta sogʻlom tutqundan koʻra qimmatroq turardi.

...Mangqurt oʻzining kim ekanini, qaysi urug‘-aymoqdan ekanini, ismini, bolalik kezlarini, ota-onasining kimligini butunlay yoddan chiqargan boʻlib, odamligini ham unutib yuboradi. ...Qochaman-qoʻyaman degan xayol uning tushiga ham kirmaydi. Quldor uchun eng dahshatli narsa – qullarning isyoni. Har bir qul siymosida isyonkorlik ruhi yashiringan. Yolgʻiz mangqurtgina bundan mustasno, isyon koʻtarish, boʻyin tovlash unga butunlay yot. Unga soqchi qoʻyishga, ayniqsa, buzuq niyatli kishi sifatida undan gumonsirashga hojat yoʻq. Mangqurt xuddi it kabi faqat oʻz egasini taniydi. Boshqalar bilan ishi yoʻq. Uning fikri-zikri qorin toʻygʻazishda... Insonning insonlik fazilati, yaratilganda birga yaratilib, oʻlganda yana oʻzi bilan birga ketadigan va boshqa mavjudotlardan ajratib turadigan birdan bir noyob fazilati – xotirasi, aql-idroki boʻlsa-yu, uni tag-tomiri bilan yulib olsalar, axir, bu qanday yovuzlik, qanday bedodlik?!

...Yerdan mahrum etish mumkin, mol­dunyodan mahrum etish mumkin, hatto insonni yashashdan mahrum etish ham mumkin, – derdi ona oʻz-oʻzicha gapirib, – biroq odamni xotirasidan mahrum etishni kim oʻylab topdi ekan, bunga kimning qoʻli bordi ekan?! Yo Rabbiy!”

Bu rivoyat Chingiz Aytmatovning “Asrni qaritgan kun” romanida keltirilgan. Darhaqiqat, dushman qabilaning barcha odamlari oʻldirilsa, muammo hal boʻlmaydi: xoʻjalik daromad keltirishi uchun kimdir ishlashi, chorva mollarini boqishi kerak. Qirgʻin uyushtirganlar magʻlub qabilaning barcha aʼzolarini oʻldirmay, ishga yaraydigan yosh yigitlarni qoldirib, ularni shunchaki qul emas, mangqurt qilishga tushgan...

Har bir odam hur boʻlib tugʻiladi va shunday yashashni istaydi, deydilar. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ham qatʼiy taʼkidlangan. Ammo menga qolsa, koʻplarga erk emas, erksizlik yaxshi, qul boʻlib yashash qulayroq, deb aytgan boʻlar edim. Bu fikr oʻta keskin va biryoqlama boʻlib tuyuladi, albatta. Unga eʼtiroz bildiruvchilar ham lak-lak boʻlsa ajab emas, lekin bor gap. Nega deysizmi?

Odamlar erkini tortib olgan kimsani koʻklarga koʻtarib maqtaydi, unga sajda qiladi. Qadimda qullar “falonchining quli” ekanidan faxrlangan. Qulligiga shukr qilibgina qoʻymay, kim oʻzini shu ahvolga solgan boʻlsa, uni eʼzozlaydi ham. Ayrim manbalarda hatto isyonkor shoir Mashrab ham Ofoqxoʻjadan norozi boʻlmagani, balki oʻsha pushtini mahv etgan xanjarchani bir umr ardoqlab yonida olib yurgani yoziladi. Ajabki, inson ruhiyatining bu xil puchmoqlari hali-hanuz toʻliq inkishof etilgan emas.

Xojani, zolimni, zoʻravonni maqtash, unga sigʻinish “Stokholm sindromi” deb ataladi. Xoʻsh, bu sindrom qanday paydo boʻladi? Oʻz-oʻzidan yuzaga chiqadimi? Yoʻq, albatta.

Aksar xojalar quloq qoqmay boʻysunadigan, oʻzicha fikr-mulohaza aytmay, buyruqni soʻzsiz bajaradigan xodimlarni yaxshi koʻradi. Mustaqil fikrli, vaqti kelsa “bosh koʻtarishi” mumkin boʻlgan shaxslarni choʻqilab-turtkilab, idoradan, tashkilotdan, mahkamadan, vazirlikdan... chetlatish, izini quritish payida boʻladi. Bu sharoitda erkin fikrli odamlar ham kun koʻrish uchun “bajaruvchi”likka koʻnadi. Bora-bora, koʻplarining dilidagi haqqoniyat tuygʻulari oʻlib, byurokrat, olchoq bir kimsaga aylanib ketadi. Dunyo bilan ishi yoʻq, faqat shu ishxonani, shu rahbarni biladi, xolos.

Misol deysizmi?

Bilasiz, mustaqillikdan soʻng chorak asr qoʻshni davlatlar bilan aloqa susayib, muomalalar taranglashib turdi. Oqilona ishlar oʻrniga mantigʻini tushunib boʻlmaydigan munosabatlar kun tartibiga chiqdi. Qoʻshni el vakillari tugul, oʻsha yurtlarda azaldan yashab kelayotgan oʻzbeklarga ham ishonchsizlik bilan qarala boshladi. Atrofimizda yashaydigan qariyb besh million nafar oʻzbeklarning farzandini Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlariga qabul qilish toʻxtadi, kimdir bir amallab oʻqishga kirsa, xuddi italyan yo yapon bolalari kabi aqcha toʻlashi shart edi...

Hozir sharoit oʻzgardi, ammo hanuz ayrim amaldorlarning ongi oʻzgarishi qiyin kechyapti. Yangilanishlardan ilhomlanib, “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston” doʻstlik jamiyati har yili yuz nafar qirgʻizistonlik oʻzbek yigit-qizlarini Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlariga qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Bu taklif maʼqullandi ham, ammo bizning oliy taʼlim vazirligimiz uch yildan beri ijroni paysalga solib keladi. Nihoyat, “muz koʻchdi” boʻlib, Qirgʻiziston tomoni bilan kelishilgach, biznikilar u yoqqa “yuz nafar qirgʻiz abituriyenti” yuborishni soʻrab xat yozibdi. Tushunyapsizmi, oʻzbek bolalarini soʻragan emas! Oqibat, 2022-yilda yetti qirgʻiz abituriyenti kelib, tayyor oʻringa joylashgan, soʻng ikkitasi yurtiga ketib, hozirda besh nafari oʻqimoqda ekan.

Qirgʻiziston esa 1992-yildan boshlab “Oʻzbekistonlik etnik qirgʻiz bolalari uchun” deb aniq koʻrsatib, har yili oʻttizta oʻrin ajratadi, buning uchun Oʻzbekiston bilan kelishib ham oʻtirmaydi (toʻgʻrida, bilim olish, bilim berish uchun ham qandaydir shartnomalar shartmi?). Ular oʻqib bitirgach, “Mana, qirgʻizimning bolasi, oʻqiding, diploming muborak boʻlsin, xohlasang yurtingga qayt, xohlasang oʻzimiz ish beramiz”, deb eʼzoz qiladi.

Bizdagi xodimlarning koʻpi esa bu gaplarni fahmlamaydi, hatto qirgʻizistonlik oʻzbekni ham qirgʻiz deb tushunadi. Bunday idoralarga ariza koʻtarib borsangiz, qay birovi yarim soatdan soʻng xoʻmrayib chiqib kelib qabul qiladi, ammo gapingizni eshitmay turiboq, aql oʻrgatishga tushadi. Bafurja gap uqtiray desangiz, iloji yoʻq – “qimmatli vaqt”lari tugagan boʻladi.

Chunki... ularda milliy tuygʻu oʻlgan. Tugʻilmay turiboq nobud boʻlgan.

Shunday holga duch kelganda (vatanparvarlik... kerak albatta, ammo undan ham avval) yoshlarga millat tuygʻusini, millatsevarlikni singdirish lozim ekan, deb oʻylar ekansiz. Axir, vatan degani avvalo ona xalqimiz-ku! Xalq boʻlmagan joyda vatan yoʻq. Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” sheʼri ham shu haqda...

Xulosam shundayki, qulda, joʻn bir qulda emas, balki mangqurtlikka yetgan qulda xalq, millat sezgisi boʻlmas ekan. Demak, milliylik sezgisidan mahrum odamni mangqurt desak ham yanglishmaymiz.

Mayli, boyagi savolga qaytaylik: qullikning nimasi qulay?

Qullikning “gashti” shundaki, koʻplar oʻylashdan, fikr qilishdan qochadi. Topshiriqni bajarish esa ham oson, ham begʻalva. Oʻsha ishni qilayotganida qiynalib fikrlamaydi, oqibatini oʻylab oʻtirmaydi ham. Buyruqni bajardimi, tamom-vassalom, endi u javobgar emas. Mabodo ish oʻxshamasa – “yuqori”ning xatosi. Shunday deb yengil tortadi. Qullik mana shu, aslida. Qul buyurilgan vazifadan chetga chiqmaydi. Savol bersangiz, xojasiga havola etib qutuladi. Oʻzining “tepa”ga aloqador ekanini his etib, yana quvonadi.

Kishilarning ichkilik, fahsh, giyohvandlikka berilib qolishining tub sababi ham... bu dunyoni unutish, hech narsaning tashvishini qilmay, bir oz boʻlsa-da, miyani zoʻriqtirmaslik, dam olish istagidan boʻlsa ajab emas.

Rasuli akram (s.a.v.) – dunyoda qullikka qarshi kurashgan birinchi odamlardan. Qullarni ozod qilish qanchalik ezgu amal ekanini uqtirish uchun yillab harakat qilganlar. Ulug‘ savobli amallarning darajasi falon nafar qulni ozod qilgan bilan teng degan qiyoslar ham oʻsha zamonda urf boʻlgan.

Billohki, ayrim odamlargina emas, butunboshli xalqlar ham inon-ixtiyorini oʻzgalarga topshirib, ularning izni bilan yashashga moyil boʻlarkan. Oʻzligini yoʻqotishdan xavotir olmaslik, boshqa yurtlarning jirini aytib, kiyimini kiyish, oʻshalarning tutumini namuna deb bilish, boʻlak el kishilari bilan oila qurishning ommalashishi bunga misol.

Odamning tabiati oʻzi shunday. Millionlab nemislar fashizm dohiysining palapartish buyrugʻini eshitiboq, “Hayl Hitler!” deya qoʻl sermab, jangga joʻnaganini yoki qarshidan pulemyot yo tank otib turgan pallada ming-ming odam “Stalin uchun!” deb koʻkragini oʻqqa tutib yugurganini eshitganmiz. Hozir ham Stalin zamonini sogʻinayotgan odamlar lak-lak. Aynan unga taassub qilaroq, yuz minglab odamlar bir umr galife shim, etik, gimnastyorka kiyib oʻtdi. Bugun esa ayrim ellarning hovliqma vakillari Chingizxonni alqab koʻklarga koʻtarayotganiga, u asli moʻgʻul emas, bizlardan, deb talashayotganiga, mislsiz qirgʻinlarning boshida turgan bu vahshiyni dohiy deb atayotganiga guvohmiz.

Bugun ham “oʻtmishdagi paradoks”lardan uzoqqa ketganimiz yoʻq. Axir, har bir tashkilot jamoasi kamtarin, odamshavanda rahbarni emas, aksincha qattiqqoʻl, dagʻal “xoʻjayin”ni koʻproq yaxshi koʻrishini bilamiz-ku!

Bilimi oʻrta maktab darajasida, ammo taqdir gʻaroyibotlaridan biri oʻlaroq, millionlagan xalqqa bosh boʻlib qolgan kimsalarning bosgan izini koʻziga surtayotgan, oʻzidan, hatto bola-chaqasidan, el­yurtidan ham andisha qilib oʻtirmay, “Sendan ulug‘ inson dunyoda yoʻq! Buyur, shahanshohim!” deya tiz choʻkib turgan ne-ne savlatli odamlarni televizorda koʻrib qolamiz. Yoki bir imoga boʻysunib, yap-yangi tuflisi, ohorli shimi bilan ariqdagi suvga tushib ketadigan vallomatlar bor: suv ichida ham qoʻlida ruchka-yu daftar – biron gap aytilsa, yozib olishga shay. Fikr qilmaydi, eslab ham qolmaydi, yozib olsa boʻldi. Chunki bu kallalar yuqorining buyrugʻini quyiga yetkazishga dasturlangan, boshqasiga yaramaydi.

Aytadilarki, qiyomat kuni har bir odam oʻzinigina oʻylab tik turarkan: na ota-ona, na bola-chaqa, na qavm-qarindosh, na doʻst-yor, faqat oʻzining gʻamini yer ekan. Bu dunyoda topgan ulfat va anislar u kunda habata boʻlarkan.

Yodingizda boʻlsa, mangqurt Joʻlomon uchun eng qoʻrqinchli narsa – ongining uygʻonishi. Undan koʻra buyurilganini bajarish qulay, oson. Xojasi amr qiladi – oʻz onasini otib oʻldiradi. Sobitjon – oʻsha mangqurtning bugungi nusxasi ham “yuqori” belgilagan instruksiyalar doirasidan chetga chiqmaydi, kimdir dadillikka chorlasa, dushman qatori koʻradi. Shundoq donishmand otasi oʻlsa, uni ajdodlari yotgan qabristonga eltib dafn etish malol keladi – biron doʻngroq yerdan chuqur qazib, koʻmib ketaqolish payida.

Keksa temiryoʻlchi Qozongʻapni koʻmish uchun “Onabayit” qabristoniga olib ketayotgan kishilarning gʻamgin va tajang kayfiyati tasvir etilgan oʻrinda bosh qahramon Edigeyning xayollari tarzida mangqurtlar haqidagi boyagi rivoyat keltiriladi. Asarda mangqurt hatto oʻz fojiasini ham sezmasligi fojia ekani dalillangan. Joʻlomon – qul. Qul boʻlganida ham ong-shuurdan mosuvo bir tirik jon, sharpa. Xojasi buyurgan, aqliga joylab qoʻygan bir zayldagi ishni qiladi: dashtda tuya boqib kun oʻtkazadi.

Bizga uqtirishlaricha, jamiyat tarixan ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va kommunizmdan iborat. Balki rostdir. Ammo yana, har qanday jamiyat hokim va tobe kishilarga boʻlinadi. Qanday atalishidan qatʼi nazar, har bir davrda, har qanday jamiyatda yaxshi-yomon, oriq-semiz, boy-kambagʻal odamlar boʻlgani singari, ikki toifa – fikrini oʻtkazuvchilar va oʻzganing fikriga itoat qiluvchilar ham mudom mavjud. Ana oʻsha itoat qiluvchilar – oʻylamaydiganlar, mohiyatan – qullar toifasidir.

Eski bir naql bor. Qurilishda uch binokor ishlayotgan ekan. Birov ulardan birining oldiga borib, nima qilyapsan, deb soʻrasa, qarab ham qoʻymay, “Gʻisht teryapman”, debdi. Ikkinchisi “Bola-chaqamni shu ish orqali boqyapman”, debdi. Uchinchi kishiga shu savol berilgan ekan, boshini koʻtarib, faxr bilan, “Ibodatxona quryapman”, deb javob qaytaribdi. Koʻryapsizki, bir ishga uch odamning munosabati uch xil.

Ana shu uchovidan kim koʻproq oʻylanib, koʻproq qiynaladi? Albatta, uchinchisi. Yoki kimsasiz choʻlda karvon ketib borayotgan boʻlsa, kimga qiyin, qisqa, bexavotir yoʻl topib, odamlarni manzilga sog‘-omon yetkazishni oʻylagan karvon yetakchisiga. Chunki u har on ikkilanadi, mudom mushohada qiladi. Izlanish – mashaqqat. Ammo qurayotgan imoratini, yetib borar yoʻlini oʻylagan kishigina oʻsib yuksaladi.

Nazarimda, bolasini oʻz ona tilida oʻqitmaydiganlarning ruhiyatida ham qullik mavjud. Ular – oʻzga madaniyat shaydosi. Oʻzi ham oʻsha millat ichida tugʻilmaganidan afsusda. Ular hamma narsadan voz kechsa kechadi, ammo qulligini tark eta olmaydi, chunki bu – ularning mohiyati.

Qul buni tark etishi uchun hech boʻlmaganda oʻzidan kattaroq qul, toʻgʻrirogʻi, sobiq qul unga yoʻlboshchi boʻlib hurlikka chiqish yoʻlini koʻrsatishi kerak. Oʻzbek elining soʻnggi yuz yillik tarixida yuzlab, minglab katta-kichik mansabdorlar, shoir-u olimlar, shifokor-u muhandislar oʻzining “sodiq” ekanini koʻrsatish uchun baynalmilal oila qurgan. Bunday duragay oila bolalari esa oti – oʻzbekcha, ruhi – oʻrischa boʻlib voyaga yetarkan.

Hur insonni mangqurtga aylantirish olis zamonlardagi mudhish, yovuz amaliyot edi, ammo u keyin ham tamom yitib ketmay, turli shakllarda davom etavergan. Chunonchi, shoʻro zamonida bizda mangqurtlarning bir necha avlodi shakllangani bor gap.

Toʻgʻri, mangqurt qilingan odam xotirasini yoʻqotganini oʻzi bilmay, yangi xojalari eʼtiqodiga oʻtadi, bu jihatdan uni ayblash ham nojoizday. Ammo mangqurt ojizligi sabab yovuzlar qoʻlida qurolga aylanadi va oʻzinikilarga qarata oʻq ota boshlaydi. Hazrat Alisher Navoiy ham “Badoeʼul vasat” devonida mangqurtlarni qoralagan:

Falak boshinggʻa qoplab it terisin,

Sen oni jahldin deb kish-u sinjob.

Ajab yoʻq, odamiyligʻni unutsang,

Oʻzungni buyla it charmida asrob.

(Bu falak boshingga it terisini qoplab qoʻyibdi, sen esa johilligingdan uni qunduz, olmaxon poʻsti, deysan. Oʻzingni it terisi ichida asrab-avaylay berib, odamiylik neligini unutsang ham ajab emas.)

Xalq – barcha olimlardan dono, donishmandlardan aʼlo. Necha ming yillik moziysida behisob shoʻrishlarni koʻrib, baridan ibrat olib, tarixiy tajriba toʻplab kelayotgan el manqurtlarni faqat qoralab oʻtavergan emas. “Asl aynimas” deydilar. Palagi toza odamlarning farzandlari qul etilgan boʻlsa, haqiqat baribir tantana qilib, ular mangqurtlikdan qutulishi folklor asarlarida tasvirlangan. Xususan, oʻzbek dostonlarida, bir qancha ertaklarda mangqurtning asliga qaytib, solim va ozod bir odamga aylanganini koʻramiz. Toʻgʻri, ularda aynan mangqurt degan soʻz ishlatilmagan. Ammo mangqurtning oʻzi bor, uni ham ilgʻab olish dafʼatan mushkulroq. Mana, “Yozi bilan Zebo” dostoni. Yozi – mangqurt, lekin bu holat “badiiy parda”ga oʻrab berilgan: “Yozining onasi ikki tilladan kokili bilan tuqqan ekan. Buni hech kim bilmasin deb, bir qoʻzining qornini Yozining boshiga yopib qoʻyib, men kal tugʻdim, degan ekan. U katta boʻlganida ham bu sirni hech kim bilmasin, meni nazarga ilmasin, choʻtqori kal desin, deb boshiga jumur – echkining qornidan yasalgan teri kiyar, peshonasiga tuproq surtib qoʻyar edi”.

Bu oʻrinda qadim inonchlardan yana biriga – yangi tugʻilgan bolaga “koʻz tegmasin” uchun juldur latta-puttalarga oʻrab, bosh-koʻzi koʻrinmasligi uchun xunuk qalpoq yopib oʻstirishga duch kelib turibmiz. Ammo Yozi – avvalo mangqurt edi, Zebolar xonadonida qul boʻlib xizmat qilardi.

Dostonda Yozi mangqurtlikdan butkul qutulmaydi (chunki qul qulligidan oʻzi ozod boʻla olmaydi). Shuning uchun ham asar oxirida u tulki terisini boshiga yopib, gʻorga kirib ketadi. Uning ortidan Zebo ham yetib boradi, ikkovi bir umr gʻorda birga yashab oʻtadi. Uning hur insonga aylanishi uchun bir rahnamo yoʻq edi.

Albatta, barcha qul mangqurt emas va hamma mangqurt ham ovsar emas. Yillar osha aqlini yigʻib, xotirasini tiklab, oʻzining kimligini anglab yetgan mangqurtlar ham boʻlgan, albatta. Ularning ongida evrilish yuz bergan, oʻzini bu holga tushirgan yovuzlarga qarshi kurasha bilgan.

“Alpomish” dostoni personaji Qalmoqshohning quli Kayqubod asli Chin-Mochindan. Boshi jumur kal – mangqurt. Alpomish avvalo Kayqubodning kelajakka umidini tiklaydi. Qalmoqshohning qizi Tovka oyimga uylantirishini aytib, ruhlantiradi. Kayqubodning oʻzi ham asli yurakli yigit edi, shu darajadaki, jonini xatarga qoʻyib, Alpomish yotgan choh ustidan “juppay boʻlib irgʻib” oʻtaveradi. Alpomish hatto choʻchib, “Yozgan kal, sen ham tushib ketarsan”, deb xavotirlanadi. Alqissa, Alpomish zindondan qutuladi, Kayqubodni tarbiyalab, ozod insonga aylantiradi, qalmoq yurtiga podshoh qilib, Tovka oyimga uylantiradi. Oʻsha asnoda Kayqubodning mangqurtlikdan qutulishi jarayoni yuz beradi:

Bul ishlarni bildi nomdor Kayqubod,

Podsho boʻlib muna yurtda turadi,

Biron korson issiq suv keltiradi,

Boshini korsonga solib turadi,

Qotgan jumur ivib tushib qoladi,

Asli kal emasdi, shunday boʻladi,

Jumur qoplab surati kal yuradi,

Asli oʻzi Chin-Mochindan keladi...

Tovkaning ishqida kal boʻp yuradi,

Jamoli oqshomni yorug‘ qiladi,

Kokillari och beliga keladi,

Tovka oyim koʻnmay shunday qaradi,

Kayqubodning jamolini koʻradi.

Koʻrgan vaqtda bu ishqiboz boʻladi.

Boshdan jumurning ketishi – mangqurtning hur kishiga aylangani ramzi. Bunday tasvirlar turkiy xalqlarning doston-u ertaklarida bisyor. Chunki mangqurt qilish tarixda koʻp boʻlgan... Ammo-lekin, qul qulligini tark etishi uchun “ozod boʻlding, mustaqilsan endi”, deb uqtirishning oʻzi yetarli emas ekan, uning hayotida oniy emas, doim davom etadigan shodlik holatlari roʻyobga chiqishi shart ekan.

Boya, shoʻro tuzumi bir necha avlod mangqurtlarni shakllantirdi, deb aytgan edik. Xoʻsh, ular bugun fikr va shuurda oʻsha oʻtmish iskanjasidan qutulib, ozod boʻla oldimi, olyaptimi? Bu savolga javobimiz “ha” boʻladimi?

Nevlay! Avvalo, oʻsha bir necha avlodga mansub kishilarning hammasi ham ruhan qul boʻlgan emas. Qullik psixologiyasini eʼtiqod qilib olganlar esa oʻzining mangqurt ekanidan xabari ham yoʻq. Qolaversa, bizga hurriyat iqtisodiy qiyinchiliklar bilan qoʻsha keldi va bu hol uzoq choʻzildi. Nima qilib boʻlsa ham yashab qolish, kun koʻrish uchun jon olib-jon berib kurashish kishilar dilidagi insoniy tuygʻularni avvalgidan ham kamaytirib yubordi – odamlar bozor iqtisodiyoti shunaqa boʻlar ekan, deb qoldi. Birovning haqqiga xiyonat qilish, oʻgʻrilik, poraxoʻrlik ommalashib, oriyat va hayo kun tartibidan tushib qoldi. Yuz oʻttiz yillik mutelikning asorati hali bartaraf boʻlmagani ham uning piligini balandlatib turibdi.

Ana endi asosiy gapga keldik. Mangqurt faqat ertaklarda (Joʻlomon), badiiy asarlarda (Sobitjon) uchraydimi yo bugun ham bormi?

Bu savolga har kim oʻzi bilganicha javob beradi, albatta. Lekin men uchun bugungi eng katta mangqurt – “katta”larning har qanday amriga “labbay” deya qoʻl qovushtirib, oʻylab-netib oʻtirmay bajarishga tushib ketadigan, bu ishini vatanparvarlik, fidoyilik deb xaspoʻshlaydigan, “pastdan kelgan” kishilarni esa nazar-pisand qilmaydigan kimsalardir. Ular uchun muhokama, mulohaza degan narsa yoʻq, fikrlashga chorlasangiz, “yov”ga aylanasiz-qolasiz. Eng bilarmanlari esa, qozixonaning aʼlamiga oʻxshab, har qanday “tashabbus”ga fatvo topish bilan band.

Har bir kishi oʻz mustaqil fikriga ega boʻlsin. Binobarin, mustaqil fikrga ega boʻlgan odamlardan tashkil topgan yurtgina mustaqildir. Haqiqiy erk bir dekret yo deklaratsiya bilan roʻyobga chiqishi, amalga oshib qolishi amrimahol.

Bizda hozir eng katta daʼvat – shukrona boʻlib qoldi. Ziyoli ahli ham, din ulamolari ham odamlarni shukr qilishga undagani undagan. Albatta, bizga hayot bergan, odam qilib yaratgan, farzand va oila neʼmati bilan siylagan, sog‘-omon asragan Parvardigorga shukrimizni aytib tugata olmaymiz. Ammo jamiyat hayotidagi har qanday oʻzgarishga shukr qilaversak, bizda mustaqil fikr degan narsa qiyomatgacha ham paydo boʻlmaydi. Eʼtibor qilsangiz, fuqarolarning fikrlashidan choʻchimaydigan, gʻoyalariga yoʻl ochib beradigan yurtlar eng mutaraqqiy mamlakatlardir.

Maʼnaviy tarbiya oʻssin, axloq targʻiboti taʼsir qilsin desak, tadbirbozlik, stadionlarda shior hayqirib, bayroq silkitish bilan murod hosil boʻlmasligini nihoyat anglab yetishimiz kerak. Halollik va adolat jamiyatda ustuvor boʻlishiga odamlarda ishonch paydo boʻlsa, hokimiyat esa vakolatini ishga solib, haromxoʻr va zolim kaslarni jilovlab tura olsa, koʻp narsa joyiga tushadi.

Odamlar ruhlansin, fozil kishilar jamiyati albatta barpo boʻlishiga ishonsin. Chunki kelajakdan umidi yoʻq odam halol yashashga intilmaydi. Yana bir gap shuki, Xudodan qoʻrqqani uchungina yomonlik qilmaydigan inson yaxshi odam emas, vijdoni, dilidagi ezgulik tuygʻulari yovuzlik qilishga qoʻymaydigan, bunday yomon narsalar hatto xayoliga ham kelmaydigan kishi – farishta. Buni jamiyat miqyosiga koʻchirib aytsak, prokuror-u melisadan hadiksiragani uchun jinoyatga qoʻl urmayotgan kimsa bilan pok niyatli, hur tuygʻuli, erkin, halol odam orasida yer bilan osmoncha farq bor.

Biz yuqorida, yuz oʻttiz yil mute boʻlib yashadik, baʼzi odamlardagi fikriy mangqurtlik shuning natijasi, deb aytdik. Undan xalos boʻlish uchun ham... aftidan, yana shuncha davr oʻtishi kerakka oʻxshab turibdi.

Mayli! Oʻshanga ham rozimiz!..

Zuhiriddin ISOMIDDINOV

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Qullik qasirgʻasi” maqolasi



[1] Roman ruschadan oʻgirilgani uchun bu soʻz bizda ham “manqurt” shaklida qoʻllanadi. Qirgʻizchada – mangqurt. Asliyatga koʻra “mangqurt” deb yozish toʻgʻriroq. “Mang” forsiy “bang” – nasha soʻziga bogʻliq boʻlib, garang, aqldan ozgan maʼnosini beradi.