SI texnologiyalarining ilmiy tadqiqot jarayoniga kirib kelishi adabiyotshunoslik sohasida ham muhim muammoni yuzaga chiqardi: ilmiy maqola, dissertatsiya va boshqa akademik matnlarni tayyorlashda SIdan foydalanishning maqbul chegarasi qayerda? Tadqiqotchining mustaqil ilmiy hissasi qanday belgilanadi? SI ishtirokini aniqlashga qaratilgan texnik vositalar ham har doim qatʼiy xulosa berish imkoniga ega emasligi bu savollarni yanada murakkablashtiradi. Shu bois ilmiy mualliflik, originallik, akademik halollik va natija uchun shaxsiy javobgarlik masalalari yangi texnologik sharoitda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Endilikda masala SI adabiyotshunosga yordam bera oladimi yoki yoʻqmi, degan savol bilangina cheklanmaydi. Balki “SI ishtirokidagi tadqiqotda inson-olimning oʻrni qaerda, uning mustaqil fikri va talqin qilish vakolati qanday saqlanib qoladi?” degan muhim savol oʻrtaga chiqadi. Muammo SIning ilmga kirib kelayotganida emas, undan foydalanishning aniq ilmiy mezonlari va metodologiyasi yetarlicha shakllanmaganidadir. Bunday metodologiya, aksincha, mavjud muammolarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Raqamli tahlildan sunʼiy intellektgacha
Adabiyotshunoslikda texnologiyalardan foydalanish yaqinda paydo boʻlgan emas. Badiiy matnni raqamli texnologiyalar yordamida oʻrganish anʼanasi Digital Humanities (raqamli gumanitar fanlar) va Computational Literary Studies (kompyuter adabiyotshunosligi) doirasida ancha avval shakllangan. Katta matn korpuslarini statistik tahlil qilish, stilometriya, mualliflik atributsiyasi, tematik modellashtirish kabi usullar anʼanaviy close reading – matnni sinchiklab oʻqish va talqin qilish bilan bir qatorda adabiy jarayonni keng miqyosda oʻrganish imkonini berdi.
Bu borada Franko Morettining distant reading (masofaviy oʻqish) konsepsiyasi alohida ahamiyatga ega. Olim alohida asarlarni batafsil tahlil qilish bilan cheklanmasdan, adabiy jarayonni janrlar, adabiy shakllar va tarixiy tendensiyalar doirasida kengroq oʻrganish zaruratini ilgari surdi. Moretti bu yondashuv mohiyatini “Distant reading: where distance ... is a condition of knowledge” – “masofaviy oʻqishda masofa bilishning shartidir”, degan fikr bilan ifodalaydi (Moretti, 2013, p. 48). Bu yerda “masofa” badiiy matndan butunlay voz kechishni emas, balki alohida asar doirasidan chiqib, janr, shakl va adabiy tizimlarni kengroq miqyosda koʻrish imkoniyatini anglatadi. Bu yondashuv adabiyotni katta miqyosda tahlil qilishga asoslangan yangi va ayni paytda bahsli yoʻnalishning rivojlanishiga taʼsir koʻrsatdi.
Biroq bugungi generativ sunʼiy intellekt avvalgi raqamli vositalardan jiddiy farq qiladi. Ilgari kompyuter, asosan, katta hajmdagi matnni qayta ishlash, statistik qonuniyatlarni aniqlash va materiallarni tasniflashga yordam bergan boʻlsa, bugun SI matnni umumlashtirmoqda, asarlarni qiyoslamoqda, tahlil yoʻnalishlarini taklif qilmoqda va hatto akademik uslubda matn yaratmoqda. Demak, u tadqiqotchining faqat texnik mehnatiga emas, fikrlash va matn yaratish jarayoniga ham yaqinlashmoqda.
Soʻnggi xalqaro tadqiqotlar bu imkoniyatlar koʻlami kengayib borayotganini koʻrsatadi. Katta til modellari adabiy matnni tahlil qilish, qahramonlar munosabatini aniqlash, uslub va mualliflik xususiyatlarini farqlash, metafora va ritorik vositalarni talqin qilish, umumlashtirish va tarjima kabi vazifalarda sinovdan oʻtkazilmoqda. 2026-yilda N.Mozaffari, B.Mehrangmarani va A.Khorramrouz tomonidan amalga oshirilgan keng qamrovli tadqiqotda dastlab beshta yirik ilmiy bazadan 1075 ta material aniqlangan. Shundan 325 ta takroriy material chiqarib tashlanib, 750 ta manba dastlabki saralashdan oʻtkazilgan, 180 ta maqola toʻliq matn asosida koʻrib chiqilgan va yakunda 48 ta tadqiqot tahlil uchun tanlab olingan (Mozaffari et al., 2026, p. 5). Mualliflar tahlil natijalarini umumlashtirib, “LLMs have been applied to eight major literary tasks” – katta til modellari adabiyotshunoslikning sakkiz asosiy vazifasida qoʻllanilganini qayd etadilar (Mozaffari et al., 2026, p. 1). Ular kompleks adabiy tahlil va interpretatsiya, personajlar munosabati va xususiyatlarini aniqlash, uslub va mualliflik atributsiyasi, metafora va ritorik vositalarni talqin qilish, adabiy matnni baholash va generatsiya qilish, personaj replikalarini aniqlash, matnni umumlashtirish hamda adabiy tarjimani qamrab oladi.
Bu natijalar SIning adabiyotshunoslikdagi ishtiroki endi faqat nazariy ehtimol emas, balki turli yoʻnalishlarda sinovdan oʻtkazilayotgan real ilmiy amaliyotga aylanganini koʻrsatadi.
Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: agar SI qisqa vaqt ichida oʻnlab manbalarni umumlashtirsa, nazariy qarashlarni qiyoslasa, badiiy matn yuzasidan talqinlarni taklif qilsa va bularni ravon ilmiy matnga aylantira olsa, adabiyotshunos olimning vazifasi nimadan iborat boʻlib qoladi?
Matn yaratish hali ilmiy fikr yaratish emas
SI katta hajmdagi maʼlumot bilan insondan tezroq ishlashi mumkin. Ammo tez ishlash chuqur bilishni anglatmaydi. Badiiy asarni oʻqish matndagi soʻz va jumlalar maʼnosini tushunishdangina iborat emas. Adabiyotshunos asar ortidagi davrni, ijtimoiy va madaniy muhitni, yozuvchining badiiy niyatini, obrazlar ruhiyatini, ramz, kinoya va ishoralarni, baʼzan ochiq aytilmagan maʼnolarni ham anglashga harakat qiladi. Eng muhimi, u asar haqida mustaqil ilmiy pozitsiya shakllantiradi.
Zamonaviy tadqiqotlar ham aynan shu nuqtada SIning jiddiy cheklovlari saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Mozaffari va hammualliflar tahlil qilgan 48 tadqiqotdan atigi ikkitasi bevosita adabiy metaforalarni interpretatsiya qilishga bagʻishlangan. Mualliflarning xulosasiga koʻra, LLMlar nisbatan odatiy va strukturalashgan metaforalarni tahlil qila olsa-da, ijodiy, koʻp qatlamli va murakkab metaforalarni anglashda “significant limitations” – jiddiy cheklovlarga duch keladi (Mozaffari et al., 2026, p. 12). Tadqiqotda katta til modellari matn osti maʼnolari, emotsiyalar va murakkab munosabatlarni aniqlash, koʻp bosqichli mantiqiy tahlil, uzun matnlarni yaxlit tushunish hamda implitsit va metaforik aloqalarni anglashda ham qiyinchiliklarga duch kelayotgani qayd etiladi (Mozaffari et al., 2026, p. 10).
SI ishonchli va ravon koʻrinadigan talqinni taklif qilishi mumkin. Ammo ravon yozilgan har qanday tahlil asoslangan ilmiy talqin boʻla olmaydi. Bu holat 2025-yilda ACL doirasida amalga oshirilgan KRISTEVA tadqiqotida yanada aniq raqamlar bilan namoyon boʻldi. Tadqiqotda SIning close reading – matnni sinchiklab oʻqish va dalillarga asoslangan interpretatsiya qilish qobiliyati real universitet mashgʻulotlari materiallari asosida tuzilgan 1331 ta savol orqali sinovdan oʻtkazildi. Natijada zamonaviy til modellari 49,7 foizdan 69,7 foizgacha aniqlik koʻrsatgan. Eng muhimi, ular 11 ta vazifaning 10 tasida tajribali inson ekspertlaridan ortda qolgan (Sui et al., 2025, p. 32829).
Demak, bugungi SI badiiy matn haqida talqin yaratish qobiliyatiga ega boʻlsa-da, bu talqinning oʻzi uni adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan chuqur va ishonchli qila olmaydi. SI va inson oʻrtasidagi asosiy farq maʼlumotni qayta ishlash tezligida emas, balki maʼnoni kontekstda anglash, dalillarni oʻzaro bogʻlash va ular asosida mustaqil ilmiy pozitsiya shakllantirishda namoyon boʻladi. Shuning uchun SI davrida ilmiy matn yaratish bilan ilmiy fikr yaratish oʻrtasidagi farq yanada muhimlashadi.
Adabiyotshunosning oʻrni qayerda qoladi?
SI davrida ilmiy mualliflikni faqat “matnni kim yozdi?” degan savol bilan belgilash yetarli boʻlmay qolmoqda. Undanda muhimroq savollar yuzaga kelmoqda: Muammoni kim koʻrdi? Savolni kim qoʻydi? Ilmiy qarorni kim qabul qildi? Natija uchun kim javob beradi?
Ana shu savollar adabiyotshunosning mustaqil ilmiy pozitsiyasini belgilaydi. Bu holatni “adabiyotshunosning ilmiy subyektligi” tushunchasi orqali ifodalash mumkin. Ilmiy subyektlik tadqiqotchining tayyor fikr ortidan ergashmasdan, badiiy matn bilan mustaqil munosabatga kirishishi, muammoni oʻzi koʻrishi, savol va gipotezani shakllantirishi, dalillarni baholashi hamda yakuniy ilmiy qarorni oʻzi qabul qilishi demakdir.
SI turli talqinlarni taklif qilishi mumkin, ammo ulardan qay biri matnga yaqin, qay biri nazariy jihatdan asosli yoki bahsli ekanini tadqiqotchi hal qiladi. Bundan tashqari, SI notoʻgʻri manba koʻrsatishi, mavjud boʻlmagan iqtibos keltirishi yoki ishonchli koʻringan, ammo matn bilan tasdiqlanmaydigan xulosa taklif qilishi mumkin. Ilmiy ishda esa “bu maʼlumotni SI bergan edi” degan izoh muallifni javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Shu maʼnoda SI va olimning munosabatini shartli ravishda “asimmetrik intellektual hamkorlik” deb atash mumkin. Chunki ularning vakolati teng emas: SI qiyoslaydi, variantlar taklif qiladi va maʼlumot bilan ishlashni tezlashtiradi; tadqiqotchi esa ilmiy maqsadni belgilaydi, natijani baholaydi va yakuniy qaror uchun javob beradi.
SI bilan qanday ishlash kerak?
Masalani “SIdan foydalanish mumkinmi yoki mumkin emasmi?” degan tanlovga bogʻlash bugungi vaziyatni toʻliq ifodalamaydi. Muhimi, undan qayerda, qanday maqsadda va qaysi chegaragacha foydalanish mumkin? Bizningcha, SI ishtirokidagi adabiyotshunoslik tadqiqotini shartli ravishda besh bosqichda tashkil etish mumkin.
1. Mustaqil oʻqish. Hamma narsa badiiy matndan boshlanishi kerak. Tadqiqotchi asarni dastlab SIning tayyor talqinisiz oʻqishi, obrazlar, til, kompozitsiya, ramzlar va ichki ziddiyatlar haqida shaxsiy kuzatuvlarini shakllantirishi lozim. Agar u asarni oʻqishdan oldin SIdan tayyor tahlil olsa, keyingi oʻqish beixtiyor oʻsha talqin taʼsirida kechishi mumkin. Tadqiqotchi matnda oʻzi koʻrishi mumkin boʻlgan yangi maʼnoni emas, mashina avvaldan koʻrsatib qoʻygan maʼnoni izlay boshlaydi. Shuning uchun birinchi qoida oddiy: avval matnni olim oʻqiydi, keyin SI jarayonga kirishadi.
2. Muammo va gipotezani shakllantirish. Ilmiy izlanish “asarda nima bor?” degan tavsifiy savoldan “nega?”, “qanday?”, “nima uchun aynan shunday?” kabi savollarga oʻtganda boshlanadi. Masalan, asarda ramz mavjudligini qayd etish hali ilmiy natija emas. Muhimi, bu ramz badiiy tizimda qanday vazifa bajarayotgani, qahramon ruhiyati yoki davr manzarasini qanday ochayotganini koʻrsatishdir. Shu bosqichda tadqiqotchining shaxsiy kuzatuvi ilmiy gipotezaga aylanadi.
3. SI bilan intellektual muloqot. Bu jarayonda SIni jarayonga faol kiritish maqsadga muvofiq. Lekin unga “asarni tahlil qilib ber” degan umumiy vazifani topshirishdan koʻra, tadqiqotchining oʻzi shakllantirgan gipotezani sinovdan oʻtkazish samaraliroq. Masalan: “Mening gipotezamning zaif tomoni nimada?”, “Unga zid qanday dalillar bor?”, “Bu masalaga boshqacha yondashish mumkinmi?”, “Qaysi nazariy qarash mening xulosamni shubha ostiga qoʻyadi?”, “Men eʼtibor bermagan jihat bormi?” va h.k. Bunday muloqotda SI tayyor matn ishlab chiqaruvchi emas, balki intellektual opponent vazifasini bajaradi.
4. Tekshirish. Bu bosqichning qoidasi oddiy: SI aytgani uchun biror maʼlumot ilmiy faktga aylanmaydi. Asardan iqtibos keltirilsa – badiiy matndan; olimning fikri bayon qilinsa – asl ilmiy manbadan; kitob yoki maqola koʻrsatilsa – bibliografik maʼlumotlar orqali tekshirilishi shart. SI manbaning oʻrnini bosmaydi. U manbaga olib boruvchi va u bilan ishlashni tezlashtiruvchi vosita vazifasini bajaradi.
5. Mustaqil talqin va xulosa. Yakuniy qaror yana tadqiqotchiga qoladi. Olim SI taklif qilgan fikrlarning ayrimlarini qabul qilishi, baʼzilarini oʻzgartirishi, boshqalarini esa rad etishi mumkin. Tadqiqotning ilmiy qiymati SI qancha material bergani bilan emas, balki bu materialni qanday saralagani, tekshirgani va mustaqil ilmiy xulosaga aylantira olgani bilan belgilanadi. Shu tariqa anʼanaviy: manba → tahlil → xulosa yoʻli SI ishtirokida: mustaqil oʻqish → ilmiy muammo → gipoteza → SI bilan muloqot → tekshirish → mustaqil xulosa koʻrinishiga keladi. Ushbu modelning maqsadi SIdan foydalanishni cheklash emas. Aksincha, uning imkoniyatlaridan foydalangan holda adabiyotshunosning mustaqil fikri va ilmiy javobgarligini saqlashdir.
Oʻzbek adabiyotshunosligi uchun qanday imkoniyatlar bor?
SIdan toʻgʻri foydalanish oʻzbek adabiyotshunosligining xalqaro ilmiy maydon bilan muloqotini sezilarli darajada kengaytirishi mumkin. Jahon adabiyotshunosligidagi koʻplab zamonaviy nazariy tadqiqotlar ingliz va boshqa xorijiy tillarda eʼlon qilinmoqda. SI ilmiy maqolaning dastlabki tarjimasini olish, asosiy tushunchalarni aniqlash, turli nazariyalarni qiyoslash va tadqiqotchiga zarur manbalar doirasini belgilashda katta koʻmak berishi mumkin. Bu zamonaviy narratologiya, kognitiv poetika, retseptiv estetika, intermediallik, raqamli gumanitar fanlar va kompyuter adabiyotshunosligi kabi yoʻnalishlarni milliy adabiyotshunoslik bilan faolroq muloqotga kiritish imkonini beradi.
Biroq bu yerda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratish kerak. Yaʼni, xorijiy nazariyani tarjima qilish uni oʻzlashtirish degani emas. Masalan, Focalization, narrator, discourse, mimesis, defamiliarization kabi tushunchalarning tarjimasini olish mumkin, lekin ularning nazariy mazmunini anglash va milliy adabiy materialga qay darajada tatbiq etish mumkinligini belgilash tadqiqotchining vazifasidir. Aks holda xorijiy nazariyani tez topish uni milliy adabiyotga mexanik tatbiq qilish xavfini tugʻdiradi. Holbuki, nazariya asarni tushunishga xizmat qilishi, asar esa nazariyani tasdiqlash uchun tanlangan misolga aylanmasligi lozim.
Ilmiy ishni baholash mezonlari oʻzgaradimi?
SI akademik uslubda matn yaratish, reja tuzish, maʼlumotlarni umumlashtirish va nazariy qarashlarni bir-biriga bogʻlash imkoniga ega boʻlgan sharoitda ilmiy ishning tashqi mukammalligi uning haqiqiy qiymatini belgilash uchun yetarli boʻlmay qolmoqda. Maqola ravon yozilgan, dissertatsiya zamonaviy atamalarga boy, manbalar roʻyxati katta boʻlishi mumkin. Ammo ilmiy ekspertiza uchun asosiy savol boshqa: Tadqiqotchi qanday yangilik qildi? U qanday muammoni koʻrdi? Qanday yangi savol qoʻydi? Uning mustaqil gipotezasi nimadan iborat? Qaysi natija bevosita badiiy matn tahlilidan kelib chiqdi? Mavjud adabiyotshunoslikka qanday yangi fikr qoʻshildi? Shu maʼnoda SI ilmiy matn yozishni osonlashtirgani sari muallifning mustaqil ilmiy hissasini aniqlash muhimlashib boradi. Bu, ayniqsa, yosh tadqiqotchilarni tayyorlashda eʼtiborga olinishi kerak. Ularga faqat SIga yaxshi prompt yozishni emas, SI javobiga shubha qilish, asl manbani topish, muqobil qarashlarni qiyoslash va mashina taklif qilgan xulosani rad eta olishni ham oʻrgatish lozim. Chunki SIga yaxshi savol berish texnologik koʻnikmani, hali boshqalar qoʻymagan ilmiy muammoni yechish esa tadqiqotchilik mahoratini bildiradi.
SIdan foydalanishni yashirish kerakmi?
Yana bir masala oʻrtaga chiqadi: ilmiy shaffoflik. Agar SI faqat imloviy yoki oddiy texnik vazifalarda ishlatilgan boʻlsa, masala bir qadar sodda. Ammo u xorijiy manbalarni izlash, tarjima, nazariy qarashlarni qiyoslash, gipotezani sinovdan oʻtkazish yoki jiddiy tahrir jarayonida ishtirok etgan boʻlsa, uning tadqiqotdagi vazifasini koʻrsatish maqsadga muvofiq. Bu SIni “hammuallif” deb tan olish degani emas. Aksincha, tadqiqotchi texnologiyadan qayerda va nima maqsadda foydalanganini ochiq koʻrsatadi. Kelajakda ilmiy maqolalarda “qaysi SI vositasi qanday vazifada qoʻllanildi va natija qanday tekshirildi” degan qisqa metodologik izohning berilishi ilmiy shaffoflikning bir qismiga aylanishi mumkin.
Xulosa
Sunʼiy intellektning adabiyotshunoslikka kirib kelishi kelajakka oid taxmin emas, u bugungi ilmiy jarayonning bir qismiga aylanib ulgurdi. Shu sabab asosiy masala texnologiyani qabul qilish yoki rad etishda emas, uning ilmiy tadqiqotdagi oʻrni va chegarasini toʻgʻri belgilashdadir. SI maʼlumotni tez topadi, katta hajmdagi materialni qiyoslaydi, tarjima qiladi va ehtimoliy talqinlarni taklif etadi. Bu esa tadqiqotchi uchun vaqtni tejash imkoniyatini beradi. Ammo ilmiy muammoni koʻrish, original savol qoʻyish, gipoteza shakllantirish, dalillarni baholash va yakuniy xulosa uchun javob berish adabiyotshunosning vazifasi boʻlib qoladi. Shu sababli inson va SI munosabatining samaradorligi ularni tenglashtirishda emas, vazifalarni toʻgʻri taqsimlashda namoyon boʻladi. Buni quyidagi formula bilan qisqacha ifodalash mumkin: SI imkoniyatlar maydonini kengaytiradi – adabiyotshunos maʼnoni tanlaydi, asoslaydi va u uchun javob beradi.
Oʻzbek adabiyotshunosligi uchun ham bu yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. SI xalqaro nazariy maydon bilan muloqotni tezlashtirishi, til toʻsigʻini qisqartirishi va tadqiqotchining izlanish doirasini kengaytirishi mumkin. Biroq bu jarayon mustaqil ilmiy tafakkur hisobiga kechmasligi lozim. Shu bois kelajak adabiyotshunosi SIdan foydalanmaydigan olim emas, balki undan foydalana turib ham mustaqil oʻqiydigan, yangi savol qoʻyadigan, shubha qiladigan, tekshiradigan va oʻz ilmiy pozitsiyasi uchun javob beradigan tadqiqotchi boʻlishi kerak. Masalaning mohiyati ham shunda, yaʼni sunʼiy intellekt adabiyotshunosning oʻrnini egallamaydi; u adabiyotshunos boʻlish uchun zarur intellektual mezonlarni oʻzgartiradi.
Yuqoridagilardan shunday umumiy xulosa kelib chiqadi:
SIdan nazoratsiz foydalanish – xavf.
SIdan butunlay voz kechish – imkoniyatni boy berish.
SIdan aniq metodologiya asosida foydalanish – ilm taraqqiyotining yangi imkoniyati.
Obidjon SHOFIYEV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Moretti, F. (2013). Distant Reading. London: Verso.
2. Mozaffari, N., Mehrangmarani, B., & Khorramrouz, A. (2026). Applications, Performance, and Research Gaps of Large Language Models in Literary Studies: A Scoping Review. Human Behavior and Emerging Technologies, 2026, Article 8695447. DOI: 10.1155/hbe2/8695447.
3. Sui, P., Rodriguez, J. D., Laban, P., Murphy, J. D., Dexter, J. P., So, R. J., Baker, S., & Chaudhuri, P. (2025). KRISTEVA: Close Reading as a Novel Task for Benchmarking Interpretive Reasoning. Proceedings of the 63rd Annual Meeting of the Association for Computational Linguistics, 32829–32849. DOI: 10.18653/v1/2025.acl-long.1577.