Oliy taʼlimdan keyingi PhD va DScʼga kirish talablarida oʻzgarishlar boʻlganini aytib qolishdi. Qarorlar chiqibdi. Oʻqib chiqmadim. Hamkasblarning noroziligidan tushundim.
Biz hamma narsada originallikka, oʻziga xoslikka intilamiz. Bu safargi oʻzgarishlardan ham ajablanmadim.
DScʼga kirish uchun talabgor – u endi rosmana olim, ilmiy darajali, xorijda uni doktor deb chaqirishadi – ingliz tilidan imtihon topshirishi kerak ekan. Imtihon Davlat Test Markazida olinarkan. 400 ming soʻmdan ziyodroq toʻlovi bor ekan...
Bu safar ham originallikka harakat qilishganmi, degan oʻy koʻnglimdan oʻtdi. Bu narsa, tajribamdan kelib chiqib aytsam, xorijda yoʻq.
DSc xorijda Postdoctoral bosqich hisoblanadi va PhD ilmiy darajasi borlar qabul qilinadi. Bizdagi PhD va DSc esa, mohiyatan, sobiq Ittifoqdan qolgan, OAK isloh qildim degan, amalda mohiyat saqlangan, nomi oʻzgargan bir tizim. Sobiq Ittifoq davridagi fan nomzodi (PhD) va fan doktori (DSc), aslida, boshqa nomlarda saqlanib qolgan.
Xorijda Postdoctoral bosqichini davom ettirish – postdok qilish uchun hech qanday til sertifikati soʻralmaydi. Oʻzim ikki marta postdok boʻlganman. 2015-2016, 2017-2018-yillarda. Xorijlik boʻlganim uchun talab qilishsa, haqli boʻlishardi. Ammo birortasida til sertifikati talab qilingan emas. Bu amaliyot butun dunyoda amalda. Hatto, ingliz tili ustuvor boʻlgan AQSh yoki Britaniyada, keng qoʻllaniladigan Yevropada... va hatto, Xitoyda ham.
Xoʻsh, bizda qaysi sabablar bilan xorijiy til sertifikati talab etilyapti?
Faraz qiling, fan nomzodi – domla ingliz yoki nemis tilidan DTMga imtihon topshirgani boryapti. Balki u talabgor bir necha yil xorijda faoliyat yuritgan yoki universitetlarda maʼruzalar oʻqigandir, zoʻr-zoʻr maqolalar eʼlon qilgan, monografiyalar, kitoblar yozgan (shundaylarni bilaman). Endi oʻsha olimlarga talab qoʻyilyapti-da: “boring, domla, imtihon topshirib keling!”
Xoʻsh, bu talab izzat-nafsi bor, gʻururi oʻlmagan olimga qanday taʼsir qiladi?
Agar menga shunday deganlarida bunday “postdoktorantura”dan voz kechardim. Nega?
Doktoranturada oʻqiyotgan vaqtimizda yana oʻzimizga xos talablar paydo boʻldi. Doktorlik dissertatsiyasi himoyasidan oldin chet tili, Oʻzbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi... yana allaqanday fanlardan imtihonlar topshirish talab etildi. Faraz qiling-a, katta-katta domlalar hali u institutga, hali bu institutga borib imtihon topshirganmiz. Agar oʻsha vaqtda chet eldan biror kishi bilib qolsa, kulardi, sharmandamiz chiqardi. Lekin ilojimiz qancha, doktorlik dissertatsiyalar yozilgan, himoya qilishimiz kerak. Mikrobiolog yoki neyroxirurg, aytaylik, demokratik jarayonlar, yana allaqanday siyosiy jarayonlarni oʻqishimiz kerak edi. Oʻqiganmiz ham. Faqat vaqtimiz va naqdimiz ketgan.
Oʻshanda bir xarakterli suhbat boʻlgandi. Yoshi kattaroq aka biz bilan imtihon topshirardi. Undan keyin mening navbatim. Oʻshandagi tortishuv eʼtiborimni tortgandi:
– Bu yogʻi endi 3 baho, hafa boʻlmaysiz!
– Nega uch?!
– Bu narsalarni bilishingiz kerak. Mana, aytyapsiz, Germaniyada ishlayman, deb. Germaniyada soʻrab qolishsa, “Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi qanday?” deb. Siz nima javob berasiz?
– Domla, Germaniyada bunaqa narsalarni soʻramaydi. Men neyroxirurgman! Neyroxirurgiyadan doktorlik qilyapman. Mendan nemislar demokratik jarayonlardan emas, neyroxirurgiyadan maʼruza oʻqishimni soʻraydi, chunki men neyroxirurgiya boʻyicha mutaxassisman!
Shu bilan bahs uzilgandi. Aniqrogʻi, bahsga nuqta qoʻyilgandi. Toʻgʻrida, neyroxirurgdan neyroxirurgiyani, matematikdan matematikani talab qilish kerak.
Eng achinarlisi, yana qandaydir qaror chiqdi, talablar oʻzgardi, imtihonlarni topshirib boʻlganimizda bular bekor boʻldi. Olgan sertifikatlarimiz kerak boʻlmay qoldi.
Xullas, bu safargi oʻzgarish va talabni umuman yoqlamayman. Bu ham kelib, men oʻtgan bosqichdagi oʻzgarishlar kabi bekor boʻladi. Bu ishlarda mantiq koʻrmayman.
Qatʼiy fikrim shuki, jamiyatning ziyoli elitasi ustidagi tajribalarda ehtiyotkorlik lozim. Masalaga mantiqan yondashish kerak. Yangilik qilaman deb, boshqalarni ovora qilmaslik kerak, hurmatli mutasaddilar. Xorij tajribasini olaylik, sayqallanib bu kungi holatiga keldi. Ilm-fan rivojiga qanday qilib xalaqit bermasak boʻladi, degan masalani bir necha oʻn yillar avval yechib qoʻyishgan. Dunyodan ayri yashay olmaymiz. Dunyo fani va oʻzbek fani degan narsa yoʻq. Hammasi bir qozonda qaynaydi.
Mendan hech kim ingliz tilini talab qilmagan. Lekin Scopus bazasidagi 11 maqolamning hammasi inglizchada. Chunki, olim boʻlish va inglizcha bilish, aslida, parallel kechadigan tabiiy holat.
Baxtiyor ABDUGʻAFUR