
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida bildirilgan fikrlar oila institutini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish va inson qadrini yuksaltirish masalalariga alohi…
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida bildirilgan fikrlar oila institutini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish va inson qadrini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Darhaqiqat, bugun oila haqida so‘z yuritganda, avvalo, bizga berilgan tinch va osoyishta hayot, xonadonlarimizdagi xotirjamlik, farzandlarimizning sog‘-omon ulg‘ayayotgani, yaqinlarimiz bag‘rida yashab kelayotganimiz kabi ulug‘ ne’matlarni qadrlash va ularga shukr qilish tuyg‘usini mustahkamlash muhimdir.
Shukronalik — insonning bor ne’matni qadrlay bilishi, hayotidagi yaxshiliklarni ko‘ra olishi va mavjud imkoniyatlarga munosib munosabatda bo‘lishidir. Oilada shukronalik muhiti qaror topsa, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik ham mustahkamlanadi. Bunday xonadonda har bir a’zo o‘zini qadrlangan va kerakli inson sifatida his qiladi.
Bugun yurtimizda oilalarning farovon va munosib hayot kechirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ilgarigi davrlar bilan qiyoslaganda, bugungi oilalarning turmush sharoiti, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, mehnat qilish, zamonaviy uy-joy va infratuzilmadan foydalanish imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oila institutiga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Albatta, taraqqiyot faqat moddiy sharoitlar bilan emas, insonning ma’naviy dunyosi, oilaviy munosabatlari va hayotga bo‘lgan munosabati bilan ham belgilanadi. Zamonaviy sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanish bilan bir qatorda, oilada milliy qadriyatlar, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, sadoqat va mas’uliyat kabi fazilatlarni asrab-avaylash ham muhim vazifadir.
Oilada tinchlik bo‘lsa, uning har bir a’zosi hayotdagi imkoniyatlarni xotirjamlik bilan ro‘yobga chiqara oladi. Tinch xonadonda farzand ta’lim oladi, kasb egallaydi, orzu qiladi va kelajakka ishonch bilan intiladi. Shuning uchun oila tinchligi — oddiy maishiy masala emas, balki jamiyat taraqqiyoti va kelajak avlod kamolotining muhim shartidir.
Shu nuqtai nazardan, oiladagi ma’naviy muhitning barqarorligi alohida ahamiyat kasb etadi. Er-xotinning bir-biriga hurmati, o‘zaro ishonchi, muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishi, bir-birining mehnatini va hissasini qadrlashi oila mustahkamligining asosiy omillaridan.
Bugungi oilalarda ham zamon bilan birga yangi munosabatlar, yangi imkoniyatlar va yangi qarashlar shakllanmoqda. Bu jarayonda zamonaviylik bilan milliy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish, oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat va mas’uliyatni saqlash muhim. Chunki zamonaviy oila — faqat zamonaviy uy-joy yoki qulay sharoit emas, balki bir-birini tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan, birgalikda qaror qabul qiladigan va kelajak uchun mas’uliyatni his qiladigan oiladir.
Ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasida mavjud tinchlik va totuvlikni asrash, bor ne’matlarga shukr qilish, oila qadrini anglash muhim ma’naviy omildir. Har qanday kelishmovchilikni ajrim bilan hal etishdan oldin, birgalikda qurilgan oila, farzandlar taqdiri, yillar davomida shakllangan mehr va ishonch haqida o‘ylash, muammoni muloqot va murosa orqali hal etish madaniyatini shakllantirish zarur.
Shu bois oilaviy ajrimlarning oldini olish ishlari faqat muammoli oilalar bilan ishlashdan iborat bo‘lib qolmasligi kerak. Barcha oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, oilaviy munosabatlarga ijobiy qadriyatlarni singdirish, shukronalik, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini kuchaytirish ham profilaktikaning muhim yo‘nalishidir.
Farzand tarbiyasida ham oiladagi ana shu muhitning ta’siri beqiyos. Ota-ona bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lsa, farzand ham hurmatni o‘rganadi. Xonadonda tinchlik va shukronalik hukm sursa, farzand hayotning qadrini, oila va Vatan ne’matlarini anglab ulg‘ayadi. Demak, farzand tarbiyasi avvalo ota-onaning shaxsiy namunasidan boshlanadi.
Nigora Qashqaboyeva
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari
