Bolalar xavfsizligi: Yevropa ijtimoiy tarmoqlar uchun yosh chegarasini kuchaytirmoqda
17-sentabr, 2026Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula von der Leyen bolalarni ijtimoiy tarmoqlardagi xavflardan himoya qilish bo‘yicha yangi yondashuvni ma’lum qildi. Yevrokomissiya “Kids Act” doirasida 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash, 15 yoshgacha shaxsiy akkaunt ochishni taqiqlash, 13–15 yoshdagilar uchun esa ota-ona nazoratidagi cheklangan “mini-akkaunt”larni joriy etishni taklif qilmoqda.
Bunday akkauntlardan foydalanish kuniga bir soat bilan cheklanishi, 15–18 yoshdagilar uchun esa platformalarda “safe design” talabi qo‘llanishi ko‘zda tutilmoqda. Von der Leyen texnologik platformalarning bolalarga ta’siri haqida gapirar ekan, qaramlikka olib keluvchi funksiyalar, tobora ekstremal kontentga tortilish va qizlarning fotosuratlaridan sun’iy intellekt orqali jinsiylashtirilgan soxta tasvirlar yaratishni qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
“Biz qaramlikni keltirib chiqaruvchi funksiyalarni qabul qilishga majbur emasmiz. Bolalarning tobora ekstremal kontentga tortilishiga ham rozi bo‘lmasligimiz kerak.” Yevrokomissiya rahbari yana bir muhim tamoyilni ilgari surdi: platformalar o‘z xizmatlari bolalar uchun xavfsiz ekanini isbotlashi kerak.
Uning ta’kidlashicha, masala faqat bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishida emas, balki ijtimoiy tarmoqlarning bolalar hayotiga qachon va qanday kirib kelishida. Bolalarni raqamli muhitda himoya qilish — faqat texnologiya masalasi emas.
Bu ota-ona, jamiyat va platformalar zimmasidagi umumiy mas’uliyatdir. Bolalarimizning ongi va shaxsiy daxlsizligi algoritmlar ixtiyorida qolmasligi kerak.
Raqamli erkinlik xavfsizlik va mas’uliyat bilan birga bo‘lishi shart.


