#munosabat

Bolaning koʻz yoshini hech bir sud qarori ortga qaytara olmaydi. Ammo adolatli qonun boshqa bir bolaning koʻz yosh toʻkishining oldini olishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bu borada muhim huquqiy qadam boʻldi.

Mazkur qonun Konstitutsiyamiz hamda BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasida belgilangan tamoyillarga hamohang boʻlib, bolalar huquqlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlaydi.

Eng muhim yangilik — bolalarga nisbatan ogʻir jinoyatlar uchun javobgarlikning kuchaytirilishi.

Jumladan, 14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan ayrim ogʻir jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish kafolatlari kengaytirildi.

Bugun zoʻravonlik faqat jismoniy muhit bilan cheklanmaydi. Raqamli makonda ham bolalar xavfsizligi ustuvor boʻlishi shart. Shu sababli bolalar oʻrtasida tarqatilishi taqiqlangan axborotni internet orqali tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanayotgani alohida ahamiyatga ega. Bu esa raqamli savodxonlikni oshirish va zararli axborotlardan himoyalanish madaniyatini shakllantirish zarurligini koʻrsatadi.

Nazarimda, qonunning haqiqiy kuchi jazoning ogʻirligida emas, balki uning oldini olish imkoniyatidadir. Buning uchun oila, mahalla, taʼlim muassasalari va davlat organlari yagona maqsad yoʻlida harakat qilishi lozim.

Amirjon Mardonov

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha maslahatchisi

Rasmiy sahifalarimiz👇

Veb-sayt |Telegram | Facebook |YouTube | Instagram