Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvidagi nutqidan asosiy fikrlar

➖ Ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda;

➖ Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi o‘zaro hamkorligimizni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda;

➖ Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish uchun tarixiy imkoniyat ochilmoqda;

➖ Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam poydevor yaratishimiz zarur;

➖ Mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga o‘tish vaqti keldi;

➖ Savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik mustahkamlanadi, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlar kengaytiriladi, umumiy raqamli xizmatlar va investisiya platformalari rivojlantiriladi;

➖ Markaziy Osiyo ta’lim, ilm-fan va katta ma’lumotlar sohasida innovatsiyalar bo‘yicha raqobatbardosh xabga aylanishi kerak;

➖ Ekologik tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi, shunday ekan, ularga javob choralari ham umumiy bo‘lishi kerak;

➖ Gumanitar aloqalar Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi;

➖ Zamonaviy hamkorlik chuqurlashgani sari umummintaqaviy o‘ziga xoslik va xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik yanada mustahkamlanmoqda;

➖ Bizning umumiy kuchimiz – birlik, o‘zaro ishonch va birgalikdagi yaratuvchanlikka qat’iy sadoqatimizdadir.